21 iyun 2013 yil Rossiya va Xitoy o'rtasida neft eksporti haqida yirik bitim imzolandi. Unga ko'ra Rossiya kelgusi 25 yil davomida Xitoyga umumiy bahosi 270 milliard AQSh dollarlik miqdorda neft yetkazib berishi darkor. Bu bitim Rossiyaning umumiy neft eksportini 2 barobarga oshiradi va uni G'arb iste'molchi mamlakatlariga qaramligini sezilarli darajada kamaytiradi. Tarixdan hammamizga ma'lumki Rus-Xitoy aloqalari juda ham nozik ahamiyatga ega bo'lgan, 1969-yildagi Amur daryosidagi kichik orol ustidagi boshlangan bahs, ikki dunyoning yirik kommunistik davlatlari - Xitoy Xalq Respublikasi va Sovet ittifoqining "abadiy do'stligiga" chek qo'ydi. Hatto Sovet Ittifoqi parchalanib ketgan bo'lsada bugungi kunda ikki mamlakat o'rtasidagi siyosiy aloqalar do'stona holatga qaytganicha yo'q. Albatta, ikki mamlakat G'arbning yoyiluvchan siyosati qarshisida bizga "umumiy ittifoqchilar"day ko'rinishi mumkin. Lekin geopolitik nuqtai nazardan Rossiya va Xitoy bir biriga kuchli raqobatchilardir.
Rossiyadan Xitoyga neft eksport qilinishini yo'lga qo'yilishiga bir nechta omillar sabab bo'lgan.
1. Rossiya xom-ashyo mahsulotlarini sotib oluvchilar ro'yxatini kengaytirmoqchi, ayniqsa bir biri biridan siyosiy jihatdan tubdan farq qiluvchi mijozlar bilan.
2. Mamlakatning juda sust rivojlangan sharqiy va markaziy hududlarini rivojlantirish, infrastrukturalar tashkil qilish, aholi o'sishini ta'minlash va shu orqali Xitoyning demografik xavfiga "damba" yasash.
3. Xitoy bilan aloqalarni kengaytirib Rossiya iqtisodini turlicha tarmoqlar bilan ta'minlash va massiv eksportdan keladigan daromadni mamlakat ichkarisidagi ishlab chiqarish bilan muvozanatlashtirish.
4. Mamlakat resurslarini "Shardan-G'arbga" bo'lgan masofasini qisqartirish, transport chiqimlarini kamaytirish.
5. Arktikadagi tabiy resurslarni qazib olishni yo'lga qo'yish va bunda AQSh, Kanada va Yevropa mamlakatlari bilan bo'ladigan hududiy bahslarda Xitoyning diplomatik jihatdan qo'llab quvvatlashiga suyanish.
6. Mamlakatdagi Gazprom monopoliyasini kamaytirish va boshqa tarmoqlar orqali cheklash.
7. Yevropa va G'arb mamlakatlaridan farqli o'laroq o'ziga doimiy va barqaror sherik topish.
Bitimga ko'ra Rossiya 25 yil davomida Xitoyga neft yetkazib berishi ko'zda tutilgan. Umumiy bahosi 270 milliard AQSh dollari bo'lgan bu eksport o'zida 365 million tonna neftni jamlagan. Neftni yetkazib berish Sharqiy Sibir - Tinch okeani quvur transporti orqali amalga oshiriladi. Ushbu neft quvur transporti Rossiyaning neft mahsulotlarini Xitoyga va Tinch okeani orqali AQSh, Yaponiya kabi mamlakatlarga eksport qilishni mo'ljallab qurilgan bo'lib, uni qurilishiga Xitoy, 2009-yilda o'zining 25 million AQSh dollar miqdoridagi sarmoyasini kiritgan edi.
Hozirda neft yetkazib berish allaqachon boshlab yuborildi. Moskva hozircha Xitoyga yiliga 15 million tonna miqdorda neft yetkazib berishni mo'ljallamoqda. Lekin bu ko'rsatkich yillar o'tib o'sishi kutiladi, ya'ni 2014-yilda 17 million, 2015 yilda 20 million tonna neft yetkazib beriladi. Bu esa hozirda Rossiyaning birinchi raqamli neft iste'molchisi bo'lmish, Germaniyaning neft importiga tengdir.

Shu o'rinda eslatib o'tish lozimki ushbu bitim Eronning hozirgi vaziyatiga kuchli ta'sir etishi mumkin. Shu davrgacha Eron uchun Xitoy eng katta sotib oluvchi mamlakat bo'lib kelgan, Xitoyning 10-16% importini Eron yoqilg'i mahsulotlari tashkil etar edi. Lekin so'ngi yillardagi Xalqaro sanktsiyalar birinchilardan bo'lib bu ikki mamlakatni sherikchiligiga putur yetkazgan bo'lsa, ikkinchi tomondan Arab dunyosidagi qo'zg'alishlar va ayniqsa Yaqin Sharqdagi tartibsizliklar - Xitoyda kelajakda Eron uning uchun barqaror sherik bo'lib qolishiga shubha uyg'otdi. Forz ko'rfazidagi Arab-Fors (Sunniy-Shia) ideologik raqobatlari esa bu hududni kelajakda to'qnashuvlar o'chog'iga olib kelishi mumkin. Shularni hisobga olgan holatda, Xitoy ham o'ziga barqaror eksportchi mamlakatni izlashga tushib ketdi.