• Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda
Geopolitika
30 Apr2016

Sovet soyasi va Biz

30 Aprel 2016. Muallif: Axmed Rahmanov Rukn: MDH va Rossiya

Shu yilning avgust oyida XX-asrda dunyo tarixida markaziy rol o’ynagan va o’ziga xos siyosiy tajriba bo’lgan Sovet Ittifoqining parchalanganiga 25 yil to’ladi. Sovet Ittifoqi o’zining yer maydoni, iqtisodiy rivojlanishi, harbiy salohiyati va mafkurasi bilan butun XX-asr jahon geopolitikasining eng asosiy aktyori sifatida iz qoldirdi desak mubolag’a bo’lmaydi. Uning ko’p tomonlama ustunligi va tushunarsizligi uning raqobatchisi bo’lgan G’arb mamlakatlarida doimo qo’rquv va ishonchsizlik kayfiyatini tug’dirib, bu mamlakat bilan munosabatlarga ular juda ehtiyotkorlik bilan yondashishga majbur bo’lganlar. Tashqaridan Sovet Ittifoqi uning dushmanlarida kechib bo’lmas qal’a misoli kuchli taasurot qoldirgan edi.

Lekin hammani hayron qoldirgan holda va buni ustiga hech qanday tashqi aktyorlarning to’g’ridan-to’g’ri aralashuvisiz Sovet Ittifoqi kutilmaganda dunyo yuzidan mamlakat sifatida yo’q bo’lib ketdi. Uning qulashi katta miqyosdagi urushlarsiz va tartibsizliklarsiz amalga oshdi, hatto ittifoqning ayrim mamlakatlaridagi aholi Sovet Ittifoqi haqiqatdan ham yo’q bo’lganini va qayta qurilmasligini bu voqeadan bir nechta yillar o’tib tushunib yetishdi.

Sovet Ittifoqining sezilmasdan qulashining sabablari ko’p edi, lekin ularning asosiylari ichki sabablar edi. Avvalambor Kremldagi Gorbachev va Yelsin o’rtasidagi hokimyat uchun kurashlar Sovet Ittifoqining qulashi uchun oxirgi tamal toshi bo’ldi. Lekin unga qadar ham mamlakatdagi iqtisodiy o’sishning sekinlashishi, korruptsiya va siyosiy elitaning oddiy aholidan alohida sinf bo’lib ajralib chiqishi va ular orasida o’zaro ikkitomonlama munosabatning yo’qligi, Sovet Ittifoqi doimo bayroq qilib kelgan Kommunizm mafkurasini obro’sini to’kib uni faqat qog’ozda qolganligini ko’rsatib qo’ygan edi. Mafkuraning bunday siyosiy obro’sizlanishi Sovet Ittifoqi yillar davomida butun ittifoq aholisni « Sovet fuqarosi » - Homo Soveticus millati ostida birlashtirishga qilgan urinishlarini chippakka chiqardi va mamlakatdagi respublikalarda Sovet natsionalizmi bilan qorishgan mahalliy millatchilikni kuchayishiga olib keldi. Bundan tashqari tashqi siyosatdagi keskin o’zgarishlar ya’ni 2-jahon urushidan keyingi butun davr davomida AQShni birinchi raqamli dushman deb ko’rsatib kelinishi va endilikda esa u bilan yaqinlashish ko’pchilik konservator aholi va siyosatchilar orasida Gorbachev siyosatiga qarshi kayfiyatni yuzaga keltirgan edi. Ushbu faktorlarning barchasi yig’ilgan holda Sovet Ittifoqining parchalanishi yuz berdi.

Sovet Ittifoqining parchalanishiga guvoh bo’lgan va u bilan aloqador asosiy 4-ta guruh bor edi.

Birinchi guruh bu chet-el, ayniqsa G’arb davlatlari. Ular uchun bu vaziyat kutilmagan siyosiy holat edi, bunday voqea ularda dastlab  xursandchilikdan ko’ra xavfsirash kayfiyatini uyg’otdi, chunki Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi va uning oqibatida keng ko’lamdagi fuqarolar urushini boshlanish ehtimoli nafaqat Sovet Ittifoqi hududi uchun, balki butun dunyoning havfsizligiga tahdid tug’dirar edi. Sovet Ittifoqidagi atom bombalarining turli xil kuchlar qo’lida tarqalib ketishi G’arblik siyosatchilarni dahshatli senariolarni tasavvur qilishga undagan edi.

Ikkinchi guruh Kremldagi rasmiy siyosatchilar va Qizil Armiyaning yuqori lavozimdagi harbiy mansabdorlar. Ushbu guruh a’zolari Sovet Ittifoqida ichki siyosiy inqiroziga guvoh bo’lgan va bu haqda bilgan kishilar bo’lgan. Ayni paytda mamlakatni qaytadan uni buyukligiga qaytarish uchun ancha kech bo’lganini tushunganlar ham o’shalar bo’lgan. Lekin ushbu guruh ichidagi Ittifoqning kelajagi yuzasidan turli xil qarashlarning to’qnashuvi, nafaqat uni buyukligiga qaytarishga yordam bermadi, balki uni bo’linib ketishiga sabab bo’ldi.

Uchinchi guruh kishilariga Ittifoqning ziyolilari kirgan bo’lib, Sovet Ittifoqida shakllangan ziyolilar va siyosatchilarni alohida qatlamlar sifatida ajratish odati hamda ular orasida to’g’ridan-to’g’ri munosabatlar yo’qligi, bu ziyolilarni ittifoq parchalanishida faqat tomoshabin bo’lib qolishlariga sabab bo’ldi. Ziyolilar orasida ham 80-yillarga kelib katta tafovutlar paydo bo’lgan bo’lib, endilikda « Perestroyka » reformasi tufayli ular Marksist-Leninist mafkurasiga tanqidiy yondashuv imkoniga ega bo’lgan edilar. Bu esa nafaqat Marksizm mafkurasini balki butun Sovet Ittifoqini mavjudligini savol ostiga qo’yadigan bahs-munozaralarni keltirib chiqargan edi. Keyinchalik ittifoqning to’laligicha parchalangani e’lon qilinganidan so’ng ushbu ziyolilarning ko’pchiligi Sovet Ittifoqidan so’ng paydo bo’lgan yangi jamiyatlarni Marksizmning kuchli ta’siridan qutqarish uchun ishlatiladi.

Oxirgi guruh a’zolari Sovet Ittifoqining siyosatdan uzoq bo’lgan oddiy aholisi bo’ldi. Ushbu qatlam asosan ishchi va dehqonlardan tashkil topgan bo’lib, ittifoqning eng ko’p sonli kishilarini tashkil qilgan. Siyosatda va proletariat propogandasida ushbu qatlam asosiy afisha sifatida qo’llanilgani tufayli, paradoksal ravishda « proletariat » kommunistik prinsiplarga ko’ra mamlakatni asosiy boshqaruvchi kuchiga emas, balki hukumat tepasidagi siyosatchilarning manipulyatsiya quroliga aylantirilgan edi. Shu sababdan ham jamiyatdagi oddiy aholi va siyosiy qatlam orasida kechib bo’lmas jarlik paydo bo’lgan bo’lib, na hukumat bu aholini siyosiy qarashlari bilan va na oddiy aholi hukumatda bo’layotgan siyosiy o’zgarishlarga katta e’tibor bilan yondashmas edi. Ushbu e’tiborsizlik oqibatida Sovet Ittifoqining parchalanishi oddiy aholi uchun tushunarsiz va « ko’rinmas » bo’ldi. Keyinchalik bu yo’qotishni anglab yetgan ko’pchilik, Sovet Ittifoqi nostalgiyasi bilan bir necha yillar yashashga mahkum bo’ldilar.

Bugungi kunga kelib Sovet Ittifoqi yo’qotilgani barcha tomonidan tan olinadi, garchi hali xozirgacha Sovet davri haqida nostalgiya qiladigan kishilar ko’plab uchrasada, ular bu tuzumni qaytarish uchun emas, balki hozirgi mavjud hayot bilan solishtirish uchun eslaydilar. Shu o’rinda bir qator savollar tug’iladi, nega insonlar oradan shuncha yillar o’tgan bo’lishiga qaramasdan Sovet Ittifoqini qo’msaydilar, nima uchun insonlar orasida va jamiyatlarda Sovet Ittifoqiga yondashuvda ikki lagerga, ittifoqni sog’inuvchilar va uni qoralovchilarga duch kelamiz ? Aslida qanday edi Sovet Ittifoqi va bugungi kunda bizga undan nima meros qoldi yoki uni qanday salbiy tomonlari hali ham hayotimizga soya solib kelmoqda ? Ushbu maqola orqali yuqoridagi savollarga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

Eng avvalo shuni eslatib o’tish kerakki Sovet Ittifoqining qulash davri dunyodagi texnologik burilish va globallashuvning yangi bosqichga ko’tarilishi davriga to’g’ri kelgan. Dunyoda kompyuterlashtirish va savdo-sotiqning rivoji avjiga chiqqan bir davrda Sovet Ittifoqi qulashi oqibatida paydo bo’lgan mamlakatlar endigina o’zlarining noaniq kelajaklari sari birinchi qadamlarni qo’ymoqda edilar, ulardan katta ko’pchiligi hali « Katta Og’a »ning yo’qotilganini hazm qilib ulgurmagan edilar. Bunday tarixiy tasodif post-Sovet davlatlarining dunyodagi yangi zamonaviy rivojlanish bosqichidan chetda qolib ketishlariga sabab bo’ldi. Keyinchalik bundan hosil bo’lgan qoloqlikni sababini tushuntiruvchi ikki guruh kishilari paydo bo’ldi. Birinchi guruh kishilari uchun ushbu qoloqlik Sovet Ittifoqining qulashi oqibati bo’lsa, ikkinchi guruh kishilari uchun esa Sovet Ittifoqi yo’lga qo’ygan tizim tufayli jamiyatlarni qoloqligi hali ham davom etmoqda degan mantiqqa tayangan edilar. Boshqacha qilib aytganda Sovet Ittifoqining qulashining texnologik burilish davriga to’g’ri kelishi u haqidagi tasavvurlarga ham ijobiy va ham salbiy tarzda kuchli ta’sir o’tkazdi.

Shunisi aniqki Sovet Ittifoqining kutilmagan qulashi yangi paydo bo’lgan mamlakatlarda ulkan siyosiy bo’shliq, iqtisodiy va ijtimoiy inqirozlar hamda diplomatik oqsoqlikni keltirib chiqardi. Uning oqibatlari hali bugungacha davom etmoqda. Sovet Ittifoqi « yaxshi » yoki « yomon » bo’lganmi, bu haqda bir narsa deyish qiyin, chunki Sovet Ittifoqi bu bir xillikdan iborat bo’lgan qisqa davrda mavjud bo’lgan davlat emas, balki 70-yildan ko’proq davom etgan va bu davrda katta siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o’zgarishlarni boshidan kechirgan mamlakat edi. Bundan tashqari falsafiy jihatdan « yaxshi » va « yomon » tushunchalari o’ta nisbiy bo’lib, ular kishilarning dunyoqarashlarining mahsulidir. Lekin Sovet Ittifoqi bu tarixiy fakt, tarixni esa o’zgartirib bo’lmaydi yoki u haqda turli xil variantlar qilish esa bema’nilik bo’lgan bo’lardi. Asosiysi shundaki bu insoniyat tarixidagi kamdan-kam qilingan tajribalardan biri bo’ldi va bugungi kunda ittifoqning qulashidan hosil bo’lgan mamlakatlar undagi xatolardan va erishilgan yutuqlardan saboq olishlari lozim. Lekin ming afsuslar bo’lsinki, biz hali ham ko’r-ko’rona Sovet Ittifoqi qilgan xatolarni qaytarishda va u mavjud bo’lgan davr va siyosiy sharoit uchun moslangan siyosiy-iqtisodiy konsepsiyalarni Sovet Ittifoqi mavjud bo’lmagan bugungi kunda qo’llashda davom etmoqdamiz. Ushbu qoidalar o’sha davr va ittifoq mavjud bo’lgan davrda qo’llanilsagina o’z mantig’i yoki kuchiga ega bo’lishi mumkin edi, endilikda esa nafaqat ular zamon va sharoitga moslashmagan, balki Sovet Ittifoqining murdasi ustiga qurilgan mustaqil respublikalar da’vo qilayotgan yangi tuzumlarga ham qarama-qarshidir.

Siyosiy ta’sir

Sovet Ittifoqi dunyodagi eng siyosiylashgan mamlakatlardan biri bo’lgan. Ittifoq qurilishining dastlabki kunlaridanoq siyosat kundalik hayotning barcha jabhalariga va aholining barcha qatlamlariga kirib kelgan edi. Ittifoqning Marksizmga asoslangan modeli, ya’ni oddiy aholi – proletariatni siyosiy kuchga aylantirib uni sinflararo kurashda g’alabalik tomon yetaklashiga harakati, oddiy ishchi dehqonning ham siyosiylashishiga olib kelgan edi. Ayni paytda ushbu siyosiylashish juda ham jo’n va yuzaki edi. Partiyaning a’zolari bo’lgan oddiy aholini ko’pchiligi Karl Marks qo’lyozmalari bilan tanish bo’lmagan va Kommunizm haqida juda sodda qarashlarga ega edilar. Bir tomondan Partiya uchun bu holat qo’l kelardi, chunki oxir oqibat hech kim Partiya qabul qilayotgan qarorlarni Marks g’oyalari bilan mos yoki qarama-qarshiligini tushunmas edi. Ittifoqning dastlabki 20-yili davomida amalga oshirilgan repressiyalar esa barcha respublikalardagi Partiya siyosatini savol ostiga qo’yuvchi ziyolilar qatlamini yo’q qilgan edi.

Yuqoridagi barcha sabablar yig’ilib Marks ta’kidlab o’tgan Kommunistik jamiyat o’rniga mamlakatda Sovet jamiyati yoki boshqacha qilib aytganda Sovetizm siyosiy konsepsiyasi vujudga keldi. Ushbu siyosiy qarashning asosida Sovet natsionalizmi turgan bo’lib, unga ko’ra Sovet ittifoqi dunyo mamlakatlari orasida adolat o’rnatuvchi, quyi sinflarni manfaatlarini himoya qiluvchi va Kommunistik mafkurani dunyoga yoyuvchi missioner kuch sifatida ko’riladi. Sovet Ittifoqining o’ziga xos siyosiy boshqaruv tizimi, iqtisodi, turli « qardosh » respublikalaridan tashkil topganligi va nihoyat kapitalist G’arb lageriga bas keluvchi yagona kuchligi mamlakat ichkarisida Sovetizmga asoslangan natsionalizmni kuchaytirgan edi.

Sovet Ittifoqining qo’qqisdan qulashi unda yashovchi kishilarda juda katta siyosiy bo’shliqni vujudga keltirdi. Yangi paydo bo’lgan respublikalarning ko’pchiligi mustaqillikni faqatgina Sovet Ittifoqining qulashi sababligina « qo’lga kiritgan » edilar. Keng ko’lamli siyosiy o’zgarishning yuz bermagani va Sovet Ittifoqidan merosxo’r bo’lib  hukumatlarda qolgan kuchlarning hokimyatni qo’ldan bermaslik uchun  olib borgan kurashi, yangi paydo bo’lgan millatlarni o’z mafkurasiga va siyosiy yo’nalishiga asos solishlariga yo’l bermadi. Natijada Sovet Ittifoidan meros qolgan Sovetizm va uning asosi bo’lgan natsionalizm yangi davlatlarda qaytadan boshqa nom va yorliqlar ostida milliy model bo’lib o’rnashib oldi. Boshqacha qilib aytganda Sovet ittifoqi quladi, lekin u yaratib ulgura olmagan Sovetizm yashab qoldi hamda mahalliy tarixiy ildizlarga ega bo’lgan milliy mafkuralar bilan aralashib ketdi.

Sovet natsionalizmi yangi paydo bo’lgan respublikalar tomonidan mahalliy natsionalizm bilan qorishtirib yuborildi. Oqibatda post-sovet mamlakatlarining konservator jamiyatlarida mafkuraviy turg’unlik yuz berdi, ular Sovet Ittifoqi va G’arb orasida paydo bo’lgan « Sovuq Urush » tugagan bo’lishiga qaramasdan G’arbdan nafratlanishda davom etdilar, ayni paytda esa ular o’zlarining sobiq « qardosh » qo’shnilari bilan raqobatchi mamlakatlarga aylandilar. Boshqacha qilib aytganda yagona va ulkan Sovet Ittifoqi o’rnida bir qancha mini-Sovet respublikalari vujudga keldi.

Paradoksal ravishda ushbu mamlakatlarning deyarli barchasining rasmiy hukumatlari Sovet Ittifoqi xotirasiga qarshi urush ochganlar. Ittifoqdan qolgan haykallar, yodgorliklar va hatto kitoblar ham yo’q qilingan. Lekin ko’pchiligi aynan Sovet hukumatining merosxo’rlari bo’lgan bu hukumatlar, ular boshqarayotgan jamiyatlar ham qaysidir ma’noda Sovet jamiyatining davomi ekanini unutib qo’ymoqdalar. Bunday siyosiy xatolikdan Vladimr Putinga o’xhagan siyosatchilar ustalik bilan foydalanmoqda. Sovet merosini xurmat qiluvchi va qadrlovchi hukumat sifatida bugungi kunda Rossiya, uning nostalgiyasini qurol qilib olgan holda sobiq Sovet respublikalaridagi ko’pchilik aholi qatlamlarini o’ziga qaratib olmoqda. Aslida esa bugungi Rossiya Sovet Ittifoqi mafkurasiga va u yaratgan iqtisodiy modeliga qarama-qarshi davlat tuzumidir.

Ma’muriy meros

Sovet Ittifoqi o’z hududining kattaligi va undagi ma’muriy xilma-xillik bilan ajralib turgan. Dunyo quruqligining oltidan bir qismini egallagan ushbu ulkan hududni Moskvadan turgan holda to’la nazorat qilish juda mushkul ish edi. Shu sababdan Sovet ittifoqi nazoratni ushlab turish uchun juda ham ko’p qatlamlarga ega bo’lgan ma’muriy-hududiy nazoratni yo’lga qo’ygan edi. Birinchidan butun ittifoq 15 ta ittifoqdosh respublikalardan tashkil topgan bo’lib, bu mamlakatlarning katta ko’pchiligi aynan Sovet ittifoqining siyosati asnosida tashkil qilingan edi. Jumladan O’rta Osiyo mamlakatlarning bugungi hududiy ko’rinishiga Sovet adminstratsiyasi asos solgan. Bu davlatlarning poytaxtlari o’z navbatida markazga bo’ysungan bo’lgan. Lekin nafaqat poytaxtlar, balki markazga bo’ysinuvchi bir qancha ketegoriyaga kiruvchi maxsus-hududlar ham tashkil qilingan. Agar bu ma’muriy boshqaruvga yanada chuqurroq nazar solsak yopiqlik darajasiga ko’ra bir qancha turlarga ajratilgan hududlar va shaharlarni tashkil qilinganini ko’rishimiz mumkin bo’ladi. Shaharlar misolida oladigan bo’lsak Yashirin (masalan - Baykonur), To’la yopiq (Severomorsk), Yopiq (Sevastopol), Chet elliklar kirishi ta’qiqlangan (Murmansk), To’la nazorat ostidagi (Moskva) Sanoat kengayishi cheklangan (Olma-ota) va Ochiq (Buxoro) shaharlar turini ajratishimiz mumkin bo’ladi. Har bir kategoriyaga kiruvchi shaharlarning boshqaruv usulida o’ziga hos nazorat metodlari o’rnatilgan bo’lib, bular shaharga kirishga administrativ cheklashlar (propiska) qo’yishdan tortib unga kirishni harbiy qo’shinlar bilan nazorat qilishgacha borgan. Ushbu nazorat metodi ayni paytda Moskvaga ittifoqning har bir hududida o’z « ko’zi » va « qo’liga » ega bo’lishida asqotgan bo’lsa, ayni paytda shaharlardan ularning o’z mutaxassisligiga ko’ra turli xil harbiy va siyosiy tajriba labarotoriyalari sifatida foydalanishga imkon bergan. O’z navbatida bu shaharlarning maxsus statuslariga ko’ra jamiyatdan alohida ajralib qolishlariga sabab bo’lgan. Mamlakatning hududiy nazorati Sovet Ittifoqidagi iqtisodiy dinamikaga katta salbiy ta’sir ko’rsatmagan, chunki har qanday iqtisodiy operatsiyalar davlat nazorati ostida amalga oshirilgan bo’lib tovar almashinuviga hududlarning nazorat qilinishi katta ta’sir ko’rsatmagan.

Sovet ittifoqidagi chet elliklar kirishi ta'qiqlangan hududlar
Sovet ittifoqidagi chet elliklar kirishi ta'qiqlangan hududlar

Yuqorida aytilgandek Sovet ittifoqiday mamlakatni Sovuq Urush holatida nazorat qilish uchun ushbu hududiy nazorat muhim bo’lgan. Lekin Sovuq Urushning tugashiga va Sovet Ittifoqining qulashiga qaramasdan biz o’sha davr va o’sha mamlakat uchun yaratilgan hududiy nazoratni saqlab qoldik. Nafaqat saqlab qoldik, balki uni har bir mamlakat o’zining miqyosida amalga oshirildi. Masalan Sovet ittifoqi davrida ittifoqdoshlar orasidagi chegaralar deyarli shaffof bo’lgan, endilikda har bir mamlakat o’zining chegaralarini Sovet ittifoqi chegaralari bilan bir xil tarzda kuchaytirishga kirishib ketdi. Muammo shundaki, Sovet ittifoqidan ajralib chiqqan hech qaysi bir mamlakat hududining kattaligi, iqtisodining va aholisining turli-tumanligi bo’yicha unga teng kela olmaydi, hatto Rossiya ham. Shunday ekan kichkina davlatlarning o’z manfaatlarini himoya qilish uchun o’z chegaralarini yopishi ular uchun foydadan ko’ra ko’rpoq zarar keltiradi.

Shaharlar miqyosidagi nazorat ham huddi shu ahvolda. Sobiq Sovet ittifoqi davlatlarning ko’pchilik poytaxtlari va rivojlangan davlatlarida aholini ro’yxatga olish tartibi saqlanib qoldi. Bu davlatga ichki – qishloqlardan shaharlarga bo’lgan migratiyani nazorat qilishga imkon beradi. Shu orqali mamlakatlar o’z davlatining « yuzi » bo’lgan markazlarni qishloqlardan yoprilib kelayotgan aholisidan himoya qilishni ko’zda tutishgan. Lekin muammo shundaki o’z iqtisodiy yo’lini Bozor iqtisodiyoti deya tanlagan mamlakatlar uchun bu metod o’ta xavflidir. Chunki birinchidan ichki immigratsiya fenomeni bozor iqtisodiyoti uchun xos holat bo’lib, uni nazorat qilish resurslarni ortiqcha sarflashga va iqtisodiy dinamikani bo’g’ishga olib keladi. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlarda qishloq aholisining shaharlarga qarab intilishi tabiiy hol, chunki Sovet kolxozlarining merosi bo’lmish qishloqlar aholisining katta ko’pchiligi endilikda ishsizlikdan qiynaladi, ular uchun ichki va tashqi migratsiya yashab qolish uchun yagona yo’l bo’lib qoladi. Ichki migratsiyani bo’g’ish esa, hali shakllanib ulgurmagan millatning asosiy faol va yosh aholisini o’zga davlatlarga chiqib ketishiga, o’z navbatida esa o’sha chiqib ketgan mamlakatlar siyosatiga qaysidir ma’noda xayrixoh bo’lishlariga va u mamlakatlardan o’z davlatining manfaatlariga zid va mos bo’lmagan siyosiy qarashlar bilan qaytib kelishlariga sabab bo’ladi. Bu esa jamiyatda parokokandalikni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari katta sonli faol va yosh aholisi o’zga davlat immigrantlariga aylangan mamlakat o’sha davlatga qaysidir ma’noda qaram bo’lib qoladi, chunki u davlat qonunlari, siyosiy kayfiyati yoki iqtisodidagi o’zgarish tufayli bir kun kelib immigrantlarni yoppasiga qaytishi kuzatilishi mumkin. Yillar davomida faqat immigrantlarni jo’natish bilan shug’ullangan mamlakat esa bunday katta miqyosdagi ishchilarning qaytishiga hech qachon tayyor bo’lmaydi, bu esa mamlakat ichida iqtisodiy va ijtimoiy inqirozlarni keltirib chiqaradi. Faol va yosh ishchi kuchini o’zga mamlakat infrastrukturasini qurilishi uchun vaqtinchalik ko’chib ketishi, o’z o’zidan ular ketgan mamlakatdagi mavjud strukturalarning ham buzilishiga va rivojlantirilmasligiga sabab bo’ladi, boshqacha aytganda mamlakat immigrantlardan kirib keluvchi moliya evaziga yashovchi boqimanda davlatga aylanib qoladi.

Yuqoridagi sabablar tufayli bugungi post-Sovet hududida ko’pchilik davlatlar iqtisodiy potensiali kuchli davlatlar Rossiya, Turkiya va Yevropa ittifoqiga immigrantlar eksport qiluvchi mamlakatlarga aylandilar, ayni paytda esa bu mamlakatlar immigrantlarning arzon ishchi kuchlari bilan yaratilgan boylik bilan iqtisodining tezkor rivojlantirishga muvaffaq bo’lishmoqda. Ushbu ikki tomonlama zararli bo’lgan holatdan qutulish uchun, post-Sovet mamlakatlari Sovetizmdan qolgan nazoratni eng muhim siyosat deb oqlaydigan qarashdan chiqishlari lozim, Sovet ittifoqining nazorat siyosatining o’ziga xos sabablari va sharoitlari bore di, endilikda bu siyosatni davom ettirish faqat mamlakatlar uchun zararli bo’lishi mumkin. Mamlakatning Sovet modelidan qolgan, markazdan boshqarilish siyosatini ham susaytirib, administrativ va iqtisodiy jihatdan markazdan boshqa hududlarga erkinlik berilishi ushbu mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanishni kuchayishiga olib kelgan bo’lardi.

Madaniy meros

Deyarli hammamiz Sovet davrida yaratilgan qo’shiqlar yoki filmlarga bee’tibor qarab keta olmaymiz. Sabab bu madaniy merosning « Sovet » ekanligida emas, balki ushbu madaniy meros bizning madaniy tariximizning aynan o’zida ekanligidadir. Haqiqatdan ham Sovet ittifoqi o’z hududida madaniy inqilobni amalga oshirdi desak xato bo’lmaydi. Chunki SSSR ko’pchilik mamalakatlarning o’zining feodal tarixidan yangi zamonaviy davrga o’tish davriga to’g’ri keldi yoki ushbu jamiyatlarni feodal tizimdan zamonaviy tizimga o’tishga undovchi kuch bo’ldi. Natijada deyarli barcha post-Sovet mamlakatlarning bugungi zamonaviy madaniyatining asosi bo’lib Sovet davrida yaratilgan madaniy supa xizmat qildi.

Masalaning ijobiy tomonlari ko’p, teatrni ommalashishi, turli ittifoqdosh respublikalarida yaratilgan filmlar, adabiyotlar, tarix va ular orasidagi o’zaro madaniy almashinuvning tezligi Sovet ittifoqi respublikalarida o’zaro qardoshlik hissini paydo qilgan edi. Bundan tashqari Sovet ittifoqi davrda erishilgan madaniy yutuqlar va o’zgarishlar e’tibordan chetda qoldirib bo’lmas darajada ulkan bo’lgan.

Lekin ushbu madaniy merosning ijobiy jihatlari bilan bir vaqtda post-Sovet mamlakatlari Sovetizmning madaniyatni siyosiy qurol sifatida ishlatish metodini ham meros qilib oldi. Quroldan ko’ra madaniyatni kuchliroq deb hisoblagan Sovet hukumati har qanday madaniy yoki ijtimoiy eshittirish, teatr, film va adabiy asarlarni siyosiylashtirishga va ulardan o’z manfaati yo’lida ishlatishga erishgan edi. Shu darajaga borib yetganki propoganda bilan madaniyat bir-biriga shunchalik qorishganidan, oxir-oqibat ularni ajratib olish mushkul yumushga aylandi. O’z-o’zidan post-Sovet mamlakatlari siyosiy jihatdan juda katta kuchga ega bo’lgan ushbu metoddan voz kechishni istamadilar va bugungi kunda post-Sovet mamlakatlari dunyodagi eng keng ko’lamli va kuchli propogandani yoyish bo’yicha oldingi o’rinlarda turadilar. Alternativ axborotga yo’l yo’qligi va oddiy sayoz syujetli film yoki seriallarda ham siyosatni suqilib kirishi bu mamlakatlarda fuqarolar jamiyatini yoki boshqacha qilib aytganda o’z qarashlariga ega bo’lgan kuchli millatlarni yaralishiga halaqit bermoqda. Siyosatdagi yo’nalishning yillar davomida o’zgarishi esa avlodlararo to’qnashuvlar hamda tushunmovchiliklarga sabab bo’lmoqda, ya’ni o’z-o’zini boshqaruvchi aholi o’rniga fikrlash chegaralari propoganda bilan chegaralab qo’yilgan tor fikrli, davlat yaratgan natsionalizmga botgan jamiyatlar vujudga keldi.

Sovet nostalgiyasi va undan qutulish

Yuqorida ta’kidlangan fikrlarga asoslanadigan bo’lsak, bugungi post-Sovet jamiyatlarida ko’pchilikning Sovet ittifoqi haqida nostalgiyada yashashi tabiiy hol. Chunki Sovet ittifoqining parchalanishi va bugungi jamiyatlar ular uchun Sovet ittifoqidan yaxshiroq hayot yoki hatto erkinlik taqdim qila olmadi. Bir tomondan olib qaraganda « Dunyoda kommunizmni o’rnatish uchun » Sovet ittifoqida mehnat orqali kurashish va ayni paytda hukumat tomonidan ham iqtisodiy va ham ijtimoiy tomondan himoyalanish jamiyatdagi katta ko’pchilik uchun ma’qul kelardi. Bugun nafaqat siyosiy qarashlarda bo’shliq hosil bo’ldi, chunki bugungi post-Sovet davlatlarining siyosiy yo’nalishlarini jamiyatda katta ko’pchilik tushunmaydi, masalaga real qaralsa esa ko’pchilik mamlakatlarda hatto siyosiy yo’nalish mavjud emasligini va mavjud hukumat hokimiyatni o’z qo’lida saqlab qolish uchungina bir biriga qarama-qarshi bo’lgan opportunistik siyosat olib borayotganini guvohi bo’lamiz. Bu esa aholi orasida o’z davlati to’g’risida mavjud bo’lgan barcha ideallar va orzularga kuchli zarba berib, bir paytlar dunyoni o’z prinsiplari va kuchi bilan titrata olgan Sovet ittifoqi haqida bir eslab olishga majbur qiladi.

Iqtisodiy va ijtimoiy sohada ham ahvol siyosatdagidan battar bo’lsaki battardir, lekin yaxshilanmadi. Sovet ittifoqi o’z aholisni kuchli ekspulatatsiya qilishiga qaramasdan ularni to’laligicha ish bilan va to’liq ijtimoiy himoya bilan ta’minlay olgan. Bu esa kishilar hayotida barqaror moliyaviy vaziyatni ushlab turishga hamda kelajak uchun ishonib yashashga sabab bo’lgan. Endilikda esa Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat o’z ma’suliyatlarini keskin qisqartirgan, lekin ayni paytda mo’may daromad keladigan sohalarni qo’ldan bermayotgani mamlakatlarda korrupsiyaning rivojlanishiga sabab bo’lmoqda. Aholi esa bunday iqtisodiy xaos sharoitida ertangi kunga bo’lgan ishonchni yo’qotmoqda. Korrupsiyaning hatto eng poydevor ijtimoiy sohalarga (shifoxona, maktab va universitetlar) kirib kelishi va moliyaviy jihatdan ojiz bo’lgan aholini borgan sari o’z holiga tashlab qo’yilayotgani butun post-Sovet mamlakatlarida davlatga va siyosatga bo’lgan ishonchni to’laligicha yo’qotishga sabab bo’ldi. Aholining o’rta va yuqori tabaqalari ham opportunistik ravishda hukumatlardan faqat boylik orttirish obekti sifatida foydalanib uning ichidan zil ketishiga hissa qo’shayotgani, ko’pchilik orasida xaosdan tartibga va moliyaviy beqarorlikdan barqarorlikka qaytish hoxishini uyg’otib, o’z-o’zidan bu davrni Sovet ittifoqini eslash bilan baholashiga sabab bo’lmoqda.

Bunday jamiyat ishonchsizligidan qutulish uchun avvalombor post-Sovet mamlakatlari o’z aholisi bilan bevosita muloqotga kirishishni boshlashi lozim. Lekin buni Vladimr Putinning « To’g’ridan-to’g’ri aloqa » deb nomlangan propoganda shou bilan adashtirmaslik kerak. Boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda davlat va aholi o’zaro to’g’ridan-to’g’ri kelishuvlarga erishishi juda qiyinligini eslatib o’tish lozim, chunki ko’pincha ikki tomonning qarashlari, qiziqishlari va manfaatlari bir biriga mos kelmaydi, bundan tashqari davlatning doimo aholidan kuchliroq bo’lishi to’g’ridan-to’g’ri kelishuvda davlat o’z xohishlarini aholiga majburan o’tkazishi ko’p uchraydi. Shu sabablar tufayli aholi va davlat muloqotini yaxshilash maqsadida nodavlat tashkilotlari tuzilib, ular haqiqatda ham davlatdan mustaqil bo’la olishi va aholini hoxishlarini davlatga ochiqchasiga va qo’rqmasdan yetkaza bilishi kerak. Chunki muammo davlatlarning ahvolni yaxshilashga bo’lgan xohishida emas, balki davlat va uning elitasi o’z xalqi va millatidan juda uzoqlashib ketganligidan hamda ular orasidagi o’zaro muloqotni yo’qligi hukumatlarning aholi manfaatlariga va qiziqishlariga mos kelmaydigan siyosiy hamda iqtisodiy reformalarni amalga oshirishlariga sabab bo’lmoqda. Agar davlat o’z aholisi bilan muloqotga kirishsa, muammolarni yechilishi osonlashadi. Bunday siyosat davlatlarni kelajakda kutilmagan va tushunarsiz tarzda aholi bilan to’qnashuvga kirishishidan asraydi, chunki faqatgina nazoratni kuchaytirish jamiyatni ikki yuzli bo’lishiga va ichidan zil ketishiga sabab bo’ladi. Bu esa davlat nazorat orqali ushlab turilgan deya ishongan jamiyatni o’z-o’zidan portlashiga sabab bo’lishi mumkin.

Umuman olganda Sovet ittifoqining qulagani va yo’q bo’lib ketganini hisobga olsak, endilikda undan ajralib chiqqan mamlakatlar uning ko’pchilik xatolaridan saboq chiqarishlari va u qo’l urgan xatolarni takrorlamaslikka harakat qilishlari kerak. Siyosiylashtirish – Sovet ittifoqining eng kuchli quroli bo’lgan bo’lsa, ayni paytda o’z siyosiy idealining o’zining realligidan boshqaligi aynan uning qulashiga asosiy sabab bo’lgan. Shunday ekan hozirgi post-Sovet hukumatlari ham har bir jabhaga siyosatni tiqishtirishdan voz kechishlari va jamiyatni o’zining siyosiy bo’lmagan, ya’ni madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda o’z fikrlari va qarashlarini bildirishga yo’l ochib berishlari lozim. Faqat shu yo’l orqaligina biz Sovet soyasida Sovet ittifoqisiz yashashdan chiqa olamiz va kelajak sari odimlashimiz mumkin.

 

 

Yorliq so'zlar: Shaharlar geopolitikasi, Mafkuralar geopolitikasi

O'xshash maqolalar

  • Sivilizatsiyalar oxiri: Yo'qlikka yuz tutish yoki O'zgarish?
  • Dunyo yuzini o'zgartirgan siyosiy-ijtimoiy revolyutsiyalar
  • Kalashnikov: Afsonaviy qurol va "Qora bozor"
  • Yadro qurollari tarixi va bugungi vaziyat

Android dastur

Agar sizda Android uskuna bo'lsa, siz ushbu sayt maqolalarini maxsus Android dastur yordamida ham o'qishingiz mumkin.

Dasturni Google Play Market orqali yoki to'g'ridan-to'g'ri yuklab olishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar

Maqolalar arxivi

  • ► 2020 (3)
    • ► May (2)
      • • Rossiya - Global kuchmi?
      • • Usmoniylar imperiyasi – tugallanmagan mozaika
    • ► Aprel (1)
      • • Usmoniylar imperiyasi - yaratilish tarixi
  • ► 2017 (10)
    • ► Dekabr (1)
      • • Rossiyaning Suriyadagi tuganmas urushi
    • ► May (2)
      • • Katta urush: Yaqin Sharqda kim kimga qarshi jang qilmoqda
      • • Dunyodagi Uyg’ur diasporasi – mustaqillik uchun kurashning mag’lubiyati
    • ► Aprel (2)
      • • Terrorisme : pourquoi voit-on autant d’Ouzbeks dans les attentats ?
      • • 21-asrda populizm – demokratiyaning qasosi (1-qism)
    • ► Fevral (3)
      • • Vayronkorlik “San'ati”
      • • Turkmaniston – abadiy barqaror mamlakat(?)
      • • Le terroriste d'Istanbul, reflet de la riche filière djihadiste d'Asie centrale
    • ► Yanvar (2)
      • • Sinzyan - Xitoyning katta g'arbi
      • • Uyg‘ur muammosiga nazar – Tarix va Geografiya
  • ► 2016 (17)
    • ► Noyabr (1)
      • • A new hope for Uzbekistan?
    • ► Oktyabr (2)
      • • TTIP - Dunyodagi eng katta erkin savdo zonasi
      • • Xalqaro savdoning mutatsiyasi - TTIP, CETA, TPP, RCEP
    • ► Sentyabr (1)
      • • Mourning Islam Karimov
    • ► Iyul (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (3-qism)
    • ► Iyun (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (2-qism)
    • ► May (6)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : avenir (3/3)
      • • Obama va Yaqin Sharq (1-qism)
      • • La diaspora ouighoure en Turquie : islamisation (2/3)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : origine (1/3)
      • • Har qanday urushda mag'lublar ikkita bo'ladi
      • • La route de l'info passe aussi par l'Asie centrale
    • ► Aprel (1)
      • • Sovet soyasi va Biz
    • ► Mart (1)
      • • L'Asie centrale sous le prisme de la crise russo-turque
    • ► Fevral (1)
      • • Rossiya strategiyasini ifoda etuvchi 10 xarita
    • ► Yanvar (2)
      • • Rossiyaning navbatdagi "do'sti" kim?
      • • O'zbekiston-AQSh: Geopolitika.uz blogi asoschisi bilan intervyu
  • ► 2015 (20)
    • ► Dekabr (3)
      • • Rossiya va Turkiya - azaliy raqobat
      • • Demokratiya: anglashilmovchilik tarixi
      • • Turkiya siyosiy falokat yoqasida
    • ► Oktyabr (2)
      • • Suriya inqiroziga qayta nazar – Kuchlar nisbati (1-qism)
      • • Siyosiy Islomning radikal Islom hisobiga mag'lubiyati
    • ► Sentyabr (1)
      • • L’enseignement des sciences politiques interdit en Ouzbékistan
    • ► Avgust (3)
      • • Sivilizatsiyalar oxiri: Yo'qlikka yuz tutish yoki O'zgarish?
      • • ISHID Afg'onistonda - Propoganda yoki Haqiqat?
      • • Geopolitika va Din: Pravoslaviya va Rossiya
    • ► Iyun (1)
      • • Dunyo yuzini o'zgartirgan siyosiy-ijtimoiy revolyutsiyalar
    • ► May (1)
      • • Amerika Imperiyasi haqida
    • ► Aprel (3)
      • • Pourquoi la Turquie fait fausse route en Asie centrale
      • • Yaman - Yangi geopolitik front?
      • • Yaman - geopolitik tarix
    • ► Mart (2)
      • • Usbekistan – Die unterschätzte Landflucht
      • • Suriyadagi Jihodchilar kimlar?
    • ► Fevral (1)
      • • L'islamisme: nouvelle gangrène du Kirghizistan
    • ► Yanvar (3)
      • • Turkiyasiz Yevropa
      • • Putin hokimiyati nega mustahkam?
      • • Sharli Hebdodan keyingi Geopolitik to'lqin
  • ► 2014 (28)
    • ► Dekabr (3)
      • • Ouzbékistan : l'exode rural négligé
      • • Узбекские исламисты в Сирии
      • • Les islamistes ouzbeks: quel Jihad?
    • ► Noyabr (2)
      • • Afg'on muammosi yechimi Qatarning qo'lidami?
      • • Turkiya va Islom - Moziyga nazar
    • ► Oktyabr (4)
      • • Afg'oniston saylovlari: Etnik ajralishlarga qaytish?
      • • Les obligations en Ouzbékistan : arnaque ou malentendu ?
      • • Moynaq, ou le désastre de la Mer d’Aral
      • • L'Ouzbékistan sur liste rouge : un choix justifié ?
    • ► Iyun (5)
      • • Iroq Inqirozi: Kim aybdor?
      • • Dunyoning eng kichik lekin katta ta'sirga ega bo‘lgan 10 ta mamlakati
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Actualité d’un débat (2/2)
      • • Beijing’s pragmatism and energy demand serve it well in Central Asia
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Héritage d’un débat (1/2)
    • ► May (4)
      • • Osiyo taqdirini o'zgartirgan hafta
      • • CICA : un pas supplémentaire vers « l’orientalisation » des relations internationales ?
      • • Dronlar: Tinchlik yoki Urush quroli?
      • • AQSh Rossiyaga qarshi besamar sanksiyalar qo'llamoqda
    • ► Aprel (3)
      • • AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidan ola mushuk o‘tdimi?
      • • Bo’lajak Afg’on prezidentining eng qiyin vazifalari
      • • Demokratiya yoki Tinchlik?
    • ► Mart (4)
      • • Ukraina krizisi va Axborot urushi
      • • Средняя Азия и украинский кризис
      • • Rossiya – Ukraina krizisi, uzoq tarixdan bugungi kungacha
      • • Asie centrale: la position ambivalente vis-à-vis de la crise ukrainienne
    • ► Fevral (3)
      • • Turkmaniston qachon "ochiladi"?
      • • Zamonaviy davrning pragmatik davlatlari
      • • Nazarbayev veut changer le nom du Kazakhstan
  • ► 2013 (35)
    • ► Dekabr (1)
      • • Ukraine not mired in second Color Revolution
    • ► Oktyabr (2)
      • • Xaroba shaharlar geopolitikasi
      • • Geopolitika... aslida nima?
    • ► Sentyabr (2)
      • • Ukraine, Russia battle in chocolate war
      • • Suriya mojarosi - xalqaro tizimning yemirilishi?
    • ► Avgust (1)
      • • Dunyo tarixidagi eng katta yolg'on qurboni - Iroq
    • ► Iyul (3)
      • • Tojikiston - yakkalantirish siyosatining qurboni?
      • • Rossiyaning Xitoyga neft sotish bitimi - dunyo energetika muvozanatini o'zgarishi?
      • • Mo'g'uliston - yangi "Eldorado"?
    • ► Iyun (2)
      • • Kaspiy dengizining harbiylashtirilishi - Kaspiybo'yi geopolitikasining tubdan o'zgarishi
      • • Alloh nomi bilan... So'ngi yo'l - Islomizm propoganda mashinasi (4-qism)
    • ► Aprel (4)
      • • Imperializm: Harbiy-Sanoat kompleksining gegemoniyasi
      • • Alloh nomi bilan... Jihodning mag'lubiyati - Mardonavor kurashdan Terrorga (3 qism)
      • • Alloh nomi bilan... Jihod - Anti-kommunizmdan Anti-Amerikanizmga (2-qism)
      • • Alloh nomi bilan... Islomizm - Qayta tug'ilish (1-qism)
    • ► Mart (3)
      • • Urush san'ati
      • • 3-Jahon Urushidan ehtiyot bo'ling. Sabab: "Moviy Oltin"
      • • Urush va Tinchlik
    • ► Fevral (9)
      • • Dunyodagi AQSh harbiy bazalari
      • • Quel multiculturalisme en Ouzbékistan?
      • • Pxenyan navbatdagi yadro sinovini amalga oshirdi
      • • Geopolitika va Din: Sivilizatsiyalar To'qnashuvi
      • • Geopolitika va Din: Dunyo dinlari
      • • Suriyaga xorijiy intervensiya uyishtiriladimi?
      • • Geopolitika va Din: Islom
      • • Anarxiya va Gegemoniya
      • • Yovvoyi, ojiz va ahmoqona: Shimoliy Koreyacha strategiya
    • ► Yanvar (8)
      • • Isroil va Turkiya munosabatlari - Ajralish yoki Diplomatik o'yin?
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (2-qism)
      • • Yadro qurollari tarixi va bugungi vaziyat
      • • Sahara Inqirozi: Xronika
      • • Qozog'istonda haqiqatan islomiy tahdid mavjudmi?
      • • Kalashnikov: Afsonaviy qurol va "Qora bozor"
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (1-qism)
      • • Anklavlar, eksklavlar: Markaziy Osiyoning "olovli nuqtalari"(mi?)
  • ► 2012 (26)
    • ► Dekabr (6)
      • • Afg'on fojeasi: Afg'oniston geostrategik o'yinlar qurbonimi?
      • • Kvant Mahfiyligi: Ko`rinmas Armiya xaqiqatga aylanadi
      • • Eron-2013: Kim g`olib chiqadi?
      • • Boko Haram har doimgidan ham xavfliroqmi?
      • • Xitoyda qudrat almashinuvi: Xo`sh?
      • • Kurd muammosini anglash
    • ► Noyabr (9)
      • • G'azo va Isroil to'qnashuvlari, voqealar ustidan qisqa tahlil
      • • Kurd muammosiga tarixiy nazar
      • • G`azo inqirozi Iordaniya va G`arbiy Qirg`oqda ham aks-sado bermoqda
      • • Isroil geosiyosati: O`tmishdan bugungacha
      • • Isroil va G'azo: oldin va hozir
      • • Afg'on fojeasi: G'arbning eng katta ahmoqliklari
      • • AQSh-Rossiyaning Markaziy Osiyodagi raqobati inkor qilib bo`lmasdir
      • • Misr, G'azo va Sinay yarimoroli
      • • Haqiqatda Sharqdagi urushlar neft uchunmi?
    • ► Oktyabr (6)
      • • Birma Rohingyasi
      • • Markaziy Osiyoda suv mojarolari
      • • Sinay yarimoroli: Misrning Vaziristonimi?
      • • Suriya - siyosiy krizisning regional ta`sirlari
      • • Afrikada islomiy fundamentalizm
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 2-qism
    • ► Sentyabr (5)
      • • Putinning Yevroosiyo Ittifoqi: Gegemoniyaga intilishmi?
      • • Suriya - Siyosiy krizisning asl sabablari
      • • Moskva chechenlar rahnamosini jilovlashga urinmoqda
      • • O'rta Osiyo - Farg'ona Vodiysi
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 1-qism
Powered by mod LCA
O'zlik Sari Yetti Qadam

7Qadam

Minglab kitobxonlar olqishiga sazovor bo'lgan asar.

Batafsil

© 2012 - 2023 www.geopolitika.uz
  • Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda