Albatta, Kaspiy dengizini harbiylashtirish yirik davlatlar orasidagi geopolitik o'yinlarning oqibati hamdir. AQSh NATO tashkiloti orqali Yevrosiyodagi muhim strategik nuqtalarni egallaganidan so'ng, Kaspiy dengizini harbiylashtirishda ham asosiy katalizator rolini o'ynadi. Bu strategik manevr orqali u Kaspiybo'yi mamlakatlaridagi yoqilg'i resurslarni G'arbga chiqarish uchun ularni Rossiyaning harbiy gegemonligidan xalos qilishni ko'zda tutgan edi. Senario bo'yicha Kaspiybo'yi mamlakatlari o'z harbiy flotlarini rivojlantirish orqali Rossiyaning shantaj qiluvchi bosimlaridan soqit bo'lishlari mumkinligi nazarda tutilgan edi. Bundan tashqari dengiz flotlarini yaratish va rivojlantirishda Kaspiybo'yi mamlakatlari faqatgina Rossiya va AQSh texnika-texnologiyalarini sotib olishga majbur bo'lishardi.
2006-2007 yillar oralig'ida O'rta Osiyo mamlakatlarining harbiy byudjetlaridagi o'sish 50% dan oshib ketdi, bunda Kaspiy dengizining harbiylashtirilishining hissasi katta. Chunki O'rta Osiyo mamlakatlari orasida hali yechilmagan bir qancha chegara va resurslar taqsimlanishi muammolari mavjud. Bir davlatning byudjetidagi harbiy sanotga beriladigan mablag'ning oshishi domino effektida butun O'rta Osiyoga yashindek tarqalib ketdi. Bundan tashqari Kaspiy dengizi ham yuridik, ham strategik jihatdan nozik zona bo'lib, Rossiya, Qozog'iston va Ozarbayjon uni dengiz sifatida uch qismga taqsimlashni taklif qilsa, Eron esa uni ko'l sifatida besh qisimga bo'lish lozimligini ta'kidlaydi. Agar bu hol yuz bersa Eron Kaspiy dengizning janubidagi 20% hududda o'z suverentetini o'rnatish huquqini qo'lga kiritadi. Bundan tashqari Kaspiy dengizi Eron va Turkmaniston orqali kirib keladigan narkotraffikning o'chog'idir. Dengizdagi yer osti (neft, gaz) va suv (biomassa) resurslari esa masalani yanada chigallashtirmoqda.
Shunday muammolarga qaramasdan 2000-yillargacha beshala sohil mamlakati Kaspiyni harbiylashtirishdan soqit qilishga kelishib kelgandilar. Hozirda Kaspiy dengizini harbiylashtirish davr talabiga aylana boshladi. Yuqorida ko'rsatilgan muammolardan tashqari AQShning hududga shiddat bilan yaqinlashishi va Turkmaniston, Qozog'iston va Ozarbayjonga o'z harbiy flotlarini qurish uchun ajratayotgan katta yordamlari Moskva va Tehronni bu hududga o'z diqqatlarini qaratishga majbur qildi. O'z navbatida Rossiya ham Kaspiy dengizida Eronning hukmronligini hazm qila olmasligini bir necha bor namoyon qildi. Natijada Rossiya o'zining sobiq ittifoqdoshlari bo'lmish Turkmaniston, Qozog'iston va Ozarbayjon bilan harbiy flotlarini qurish uchun ko'maklarni ko'zda tutuvchi bitimlarni imzolashga kirishib ketdi. Hozirda Kaspiy dengizida uch tomonlama raqobat yuzaga keldi Eron bilan Rossiya, Rossiya bilan AQSh va Eron bilan AQSh. Shuningdek Xitoy ham Kaspiy dengizida G'arb kuchlarini o'rnashishiga qa'tiy qarshiligini bildirgan.
Kaspiy dengizi - Geopolitik maqsadlar markazi
Kaspiy dengizi dunyodagi eng katta yopiq dengiz bo'lib (374000km²), bu geografik landshaft uning uchun katta talofatlar olib kelgan. Sobiq Sovet Ittifoqi davridayoq dengizning Volga daryosining quyilish qismida sanoat chiqindilari oqibatida suvning katta miqdordagi ifloslanishi yuz bergan edi. Hozirga qadar bu vaziyatni yahshilash uchun ko'zga ko'rinarli ishlar qilingani yo'q, Volga daryosi hali hanuz turli kimyoviy moddalarga boy sanoat chiqindilarini dengizga quyishda davom etmoqda. Bundan tashqari dengizdagi Qozog'iston, Ozarbayjon va Eron tomonidan yangi barpo qilingan burg'ulash minoralari, neft va gaz konlari dengizni ekologik ahvolini yanada yomonlashtirishda davom etmoqda.

Arab mamlakatlaridagi notinchliklar va G'arb-Fors ko'rfazi mamlakatlari orasidagi sovuqchiliklar dunyo hamjamiyatini yangi energetik manbalarga diqqatini jalb qilishga majbur qildi. Kaspiy dengizi dunyoda resurslarga boyligi bo'yicha Fors ko'rfazidan so'ng ikkinchi o'rinda turadi. Hisob-kitoblarga ko'ra Kaspiy neftining 55% Qozog'istonga, 32% Ozarbayjonga va 6,5% esa Rossiya va Turkmanistonga (har qaysisi) to'g'ri keladi.
Tarixga nazar solsak 90-yillargacha Kaspiy dengizi Sovet Ittifoqi va Eron o'rtasida tuzilgan bitimlarga ko'ra boshqarilib kelinmoqda edi. Sovet Ittifoqining qulashi bilan esa Rossiya dengizda yangi suveren davlatlarning o'rnini hisobga olib qayta chegaralash taklifini kiritadi. Rossiya bu taklifni kiritishiga qaramasdan, Kaspiy dengizida Sovet Ittifoqi davridagi nazoratini to'laqonlicha saqlab qoldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Turkmaniston, Qozog'iston va Ozarbayjon o'zlarining dengiz flotlariga ega bo'lmaganligi va 90-yillarning boshlaridagi iqtisodiy muammolari tufayli, Kaspiy dengizi nazorati haqida hech qanday talab qo'ya olmadilar. Dastlabki bitimlarga ko'ra Rossiya Ozarbayjon flotini Astraxandagi harbiy flot markazi orqali boshqarishga kelishildi. Qozog'iston va Turkmaniston esa o'zlariga tegishli bo'lgan Kaspiy dengizidagi hududlarini 25%ini Rossiyaga ularni xavfsizligini ta'minlash evaziga bo'shatib berishlarini bildirdilar. Shunday qilib Kaspiy dengizi norasmiy jihatdan Rossiya va Eron o'rtasida bo'lib olindi.
Dastlab beshala davlat ham Kaspiy dengizini harbiylashtirishga o'zlarining qattiq qarshiliklarini bildirdilar, bu hududni tinchlik va iqtisodiy maqsadlarda foydalaniladigan zona sifatida qoldirishga kelishib olindi. Lekin bu kelishuvni sekin-asta Rossiya va Eron birinchilardan bo'lib buza boshlashdi.
Rossiya
2000-yillarga kelib Rossiya birin ketin Kaspiy dengiziga ko'zga ko'rinarli harbiy kemalarni kirita boshladi. Kaspiy dengizidagi Rus flotining aksariyat qismi Sovet flotining eskirgan harbiy kemalaridan tashkil topgan edi. Yangi kemalar harbiy havo hujumlariga va kemalarga qarshi torpedalar bilan qurollangan bo'lib, 2010-yilga kelib Rossiya Kaspiy dengiziga o'zining Bastion himoya raketalar tizimini ham o'rnatdi. 2011-yilda Rus dengiz flotlari qo'mondoni Vladimr Vitsotskiy, 2020-yilgacha Kaspiy dengiziga yangi, 16 rus harbiy kemalari tushirilishini e'lon qildi. Agar bu hodisa yuz bersa Rossiya o'zining 148 muhim ahamiyatga ega bo'lgan harbiy kemalari bilan Kaspiy dengizida mutloq harbiy ustunlikka ega bo'ladi. Rossiya Kaspiy dengizidagi ta'sirni saqlab qolish bilan, o'zining sobiq ittifoqchilarini tashqi kuchlarga og'ib ketmasligini nazorat qilishga harakat qilmoqda. Kaspiy dengizini yopiqligi va Rossiyaning harbiy qudratini ustunligi bu maqsadlarni amalga oshirishda unga qo'l kelishi mumkin.

Eron

Turkmaniston
2011-yilda Turkman dengiz floti Rossiyadan "12418-Molniya" rejasi bo'yicha ishlab chiqarilgan ikkita harbiy kemani qabul qilib oldi. Kemalarning har biri 450 tonna harakatlanish og'irligiga ega bo'lib, uzunligi 60 metrdir.Ularning har biri 16ta suv osti torpedalari, ikkitomonlama havo hujumlariga qarshi artileriyalar va qisqa masofali havo hujumiga qarshi raketalar bilan jihozlanishga mo'ljallangan bo'lib, agar Turkmaniston bu kemalarni to'la jihozlay olsa Kaspiy dengizidagi Rossiyadan keyingi ikkinchi o'rindagi o't ochish kuchiga ega mamlakatga aylanishi mumkin. Bundan tashqari Turkmaniston, Ukrainaning Kalkan-M, Grif-T, AQShning Poin Jackson va Eronning jangovar qo'riqlash patrul katerlarini harbiy hamkorlik sifatida o'zlashtirib oldi. Yaqin kelajakda Turkmaniston, Turkmanboshi shahrida Harbiy-Dengiz floti akademiyasini tashkil qilishni ko'zda tutmoqda. Turkmaniston harbiy flotini butunlay tashkil qilinishi 2015 yilgacha tugatilishi ko'zda tutilgan.
Mamlakatni o'zini neytral davlat deb e'lon qilinganligini hisobga olgan holda, harbiy flotni rivojlanishiga e'tiborimizni qaratsak. Turkmaniston Kaspiy dengizini osonlikcha qo'ldan berishni hohlamasligini guvohi bo'lishimiz mumkin. Mamlakatning asosiy iqtisodiy asosi bo'lmish gaz va neft mahsulotlarining chetga eksporti va qazib olinishi, Turkmaniston uchun Kaspiy dengizi bilan uzviy bog'liqdir.

Qozog'iston
Qozog'iston ham o'z navbatida harbiy flot kuchlari safini to'ldirishga kirishib ketgan. 2009 yilgacha AQSh Qozog'istonga kichik turdagi 15 Aerobot, 3 SAFE Boats International va 4 desant qo'shinlariga mo'ljallangan o'rtacha hajmdagi katerlarni taqdim qilgan. AQSh va Qozog'istonning o'zaro harbiy hamkorligidan xavotirga tushgan Rossiya, o'z navbatida unga o'zining "Tornado" rejasiga kiruvchi 6 ta raketa kuchlariga ega bo'lgan kemalarini taqdim qiladi. Bundan tashqari Qozog'iston NATOning tinchlik va hamkorlik dasturi doirasida, Turkiya va Germaniyadan patrul xizmatlari uchun katerlar, Ispaniyadan esa Kaspiy dengizini havodan kuzatish uchun qo'riqlash samoletlarini qo'lga kiritdi. Iqtisodiy hamkorlikni yahshilash maqsadida Janubiy Koreya Qozog'istonga o'zining o'rta hajmdagi 3ta patrul kemalarini taqdim qiladi. Bundan tashqari Qozog'iston "Uralsk" va "Zenit" zavodlari yordamida o'zining milliy harbiy kemasini ishlab chiqardi.
Milliy kemaning harakatlanish og'irligi 250 tonna bo'lib, suv usti-osti, havo hujumlariga qarshi raetalar bilan qurollangan. Zamonaviy radar tizimlari va GPS tizimi bu kemaning faolligini yanada oshirgan. Kelajakda Qozog'iston shu kabi milliy kemalarni yana ishlab chiqarishni e'lon qilgan. O'zining texnologiyasi bilan cheklanib qolmasdan Qozog'iston Janubiy Koreyadan 3 ta yirik qo'riqlash hizmatiga mo'ljallangan harbiy kemalarni sotib olish haqida bitim imzolagan. Bundan tashqari ikki mamlakat o'rtasidagi matroslarni tayyorlash uchun hamkorliklar ko'zda tutilgan. Turkiya ham Qozoq matroslarini o'qitib berishga tayyorligini bildirgan.
Ko'rib turganimizdek Qozoq harbiy flotining tarkibi o'zining xilma-xilligi va asosan himoyaga mo'ljallanganligi bilan ajralib turadi. Chunki G'arb mamlakatlari bilan harbiy hamkorlikka qaramasdan, Qozog'istonning har jihatdan birinchi sherigi Rossiya bo'lib qolmoqda. Rossiya va Qozog'iston Kaspiy dengizida bir nechta bor hamkorlik mashqlarini o'tkazdilar. Mashqlar asosan terrorizm, qaroqchilikka qarshi qaratilgan bo'lishiga qaramasdan ikki davlatning Eron harbiy floti kuchlarini cheklash uchun hamkorliklarini ko'rsatayotganlarini ilg'ash qiyin emas.
AQSh o'zining harbiy bo'lmagan takliflari bilan Kaspiy dengiziga suqulib kirishga harakat qilmoqda, jumladan 2013 yil may oyida Qozog'iston prezidenti Nursultan Nazarbayevning NATO qo'shinlarini Afg'onistondan olib chiqib ketilishi uchun Aktaudagi NATO tranzit markazini harbiy baza sifatida bo'shatib berishga tayyor ekanligini bildirishi, ikki davlat o'rtasidagi muzokaralar davom etayotganidan dalolat beradi. AQShning bu tarzda Kaspiy dengiziga o'rnashib olishi Eronni havotirga solmoqda. Rossiya esa bu taklifni jiddiyga olmayapti.
Qozog'istonning bu vaziyatdagi geopolitik o'rni muhim bo'lishiga qaramasdan, uning xalqaro siyosatdagi yo'li oldindan belgilanib bo'lingan. O'zining 40% dan oshiq rus aholisi va tashqi savdo balansining asosini tashkil qiluvchi Rossiya hamkorliklari bilan Qozog'istonni AQSh bilan yaqinlashishini tasavvur qilish qiyin. Lekin Rossiyaga to'laqonli siyosiy va iqtisodiy qaram bo'lib qolmaslik uchun Qozog'iston Kaspiy dengizidagi o'zining mustaqilligini saqlab qolishga intilmoqda. Chunki mamlakatning eng katta miqdordagi yer osti boyliklari hamda ularning tranziti shu dengiz bilan uzviy bog'liqdir.

Ozarbayjon
Rossiyadan farqli o'laroq Ozarbayjon barcha Sovet harbiy kemalarini faol holatda ushlab qola oldi, kemalarga e'tibor va ularning ta'mirlanib turilishi hozirda o'z mevasini ko'rsatdi. Chunki Ozarbayjon hozirgacha Kaspiy dengizida Rossiyadan keyin eng kuchli harbiy qo'shin egasi o'rnini ushlab turibdi. Kaspiy dengizini harbiylashtirish bilan Ozarbayjon bir nechta harbiy kema qurilishlarini boshlab yubordi, lekin ommaviy axborot vositalarida ular haqida aniq ma'lumotlar berilmagan. Lekin shu narsa aniqki Ozarbayjon dengizda Eron bilan o'ta ehtiyotkorona munisabatda bo'lmoqda, deyarli Ozarbayjon dengiz flotining 80%dan ko'proq kuchlari Eron-Ozarbayjon dengiz chegaralarida yig'ilgan, hududining boshqa zonalarida esa asosan qo'riqchi kemalar va transport tankerlari harakat qiladi.
2012 yil aprel oyida Ozarbayjon Isroil bilan qiymati 1,6 milliard AQSh dollariga teng bo'lgan harbiy havo kuchlari hamkorligi shartnomasini imzoladi. Unga ko'ra, Isroil Ozarbayjonning Kaspiy dengizidagi neft-gaz burg'ulash hududlarini nazorat qilish va kuzatishga mo'ljallangan Dronlarni (uchuvchisiz samoletlar) yetkazib berishi lozim. Shartnomaning ikkinchi qismida esa, Isroil Ozarbayjonga harbiy kemalarni yo'q qilishga mo'ljallangan Gabriel5 raketalarini yetkazib berishi aytilgan.
Shundan ko'rinadiki Ozarbayjon ham o'z navbatida Kaspiy dengizida o'z ulushini saqlab qolishga intilmoqda. Bu masalada uning asosiy dushmani Eron bo'lishi mumkin.

Xo'sh, kelajakda Kaspiy dengizini taqdiri qanday bo'lishi mumkin? Albatta mazkur davlatlar orasida urush chiqishi mumkin degan bashorat haqiqatdan ancha yiroq bo'ladi. Lekin shu hududdagi neft va gaz resurslari davlatlar orasidagi diplomatik aloqalarni yanada sovutishiga olib kelishi mumkin. Chunki haligacha Kaspiy dengizini dengiz yoki ko'l statusi aniq belgilanmagan va undagi chegaralanish ham muvaqqat ahvoldadir.