Hozirgi kunning eng asosiy mavzusi rubl qadrining keskin tushib ketishi va buning ortidan Rossiya iqtisodiyotining ehtimoliy qulashi bo’lib turmoqda. Dunyodagi eng yetakchi tahlil va axborot manbalaridan tortib mahalliy hamda sariq matbuot sahifalarini ham shu mavzu egallagan. Biroq ushbu holatning asosiy sababchilaridan biri – Rossiya hukumati, tom ma’noda, Vladimir Putinga nisbatan mamlakat ichida biror qarshi reaksiyaning guvohi bo’lmadik (Muholif qarashlar borligini inkor etib bo’lmasada). Rus xalqi nazdida “Putin Rossiyaning ustuni”, “Putin Rossiyaning xaloskori”. Aslida ham shundaymi? Putin butun rus xalqining ishonchini qozonishning uddasidan qanday chiqdi va chiqmoqda? Bugun shu masalani ko’rib chiqamiz.
Biror mamlakat yoki xalqning lideriga aylanish, uning ishonchini qozonish haqida gap borar ekan, avvalo, ko’z oldimizga liderlikka da’vogarning shaxsiy sifatlari hayolimizga keladi. Putinning shaxsiy sifatlari, qat’iyati va xarizmasini tilga olib o’tmaslik esa bizni noxoslik tomon og’diradi. Biroq dunyodagi eng katta mamlakat, jahonning yarmini nazorat etgan imperiyaning vorisi bo’lmish rus xalqini o’z izniga solish uchun ozmuncha shaxsiy sifatlar talab qilinmaydi, balki shaxsiy sifatlarning o’zi kamlik qiladi. Xo’sh, u holda Putinning muvaffaqiyat siri nimada? Buning bir necha omillarga ajratish mumkin. Demak, birinchisi va asosiysi:
Geografik joylashuv. Putin rus xalqining yagona sevimli lideri emas. Azaldan, ruslar qattiqqo’l hukmdorga nisbatan moyil bo’lib kelishgan. Shu sababli ularning tarixi davomida mavjud bo’lgan deyarli har bir hukmdor Putin kabi xalq tayanchiga ega bo’lgan. Buning asosida ruslar yashab kelayotgan hududning geografik jihatdan o’ziga xos joylashuvi yotadi.
“Geografik determinizm” nazariyasi 19-asr oxiri 20 asrning boshlarida olimlarning davlat mohiyatini shaxs orqali tushunishga urinishlari ortidan yuzaga keldi va geopolitika fanining evolutsiyasida dastlabki bosqichni boshlab berdi. Elsvort Hantington, Fridrix Ratsel kabi namoyondalar o’zlarining asarlari orqali ushbu nazariyani geopolitikaning bir qismiga aylantirishdi.
Geografik determinizmga ko’ra, shaxs tabiati, dunyoqarashi va xulq-atvori o’zi yashab turgan atrof-muhit ta’sirida shakllanadi, ya’ni geografiya asliyat (reality)ni belgilaydi. Kengroq tushunchada butun boshli millatning ongi (subconscious) mamlakatning geografik joylashuviga bog’liq bo’ladi.
Ushbu nazariya tarafdorlari geostrategik qulay orolda joylashgan inglizlarning dunyoni boshqarish imkoniga ega dengiz qudratiga ega bo’lganligi va ularda imperialistik-konservativ ruh yuqoriligi; Yevropaning markazida joylashib, asrlar davomida o’zini mudofaa qilishga majbur bo’lib kelgan nemislar xulq-atvori tajovuzkor-urishqoqlikka moyilligi; biror bir potensial tajovuzkor qo’shniga ega bo’lmagan amerikaliklar o’zlarini doimiy xavf ostida xis qilmaganliklari tufayli anchayin liberal qarashlarni shakllantirganliklari va yana boshqalarni misol qilib keltirishadi.
Globalizm so’nggi bir asr davomida masofalarni yaqinlashtirib, turli madaniyat va muhitlarni qorishtirib tashlashi orqali dunyoda geografik joylashuvning ong shakllanishiga nisbatan ta’siri sezilarli kamayib, o’ziga xos globallashgan avlod yuzaga kelgan bo’lsada, ayrim izolyatsiyada qolgan xalqlar globallashgan muhitga ko’nika olmay, o’zlarida geografik determinizmning asoratini yaqqol namoyon qilmoqdalar. Shu jumladan, rus xalqi ham.
Rossiya aholisining tub qatlami o’rnashgan Moskva va uning atrofidagi hududlarni biror tabiiy mudofaa vositasi bilan muhofazalanmagan. Uning har tomoni ochiq bo’lib, asrlar davomida rus xalqi o’zini ko’plab tajovuzkor kuchlardan himoya qilib kelishga majbur bo’lgan. Shu sababli rus tarixi ketma-ket bosqinlarga qarshi kurashishdan iboratdir. Tajovuzkor xalqlar bosqinidan omon qolish ruslarning madaniyati va ruhiyatida chuqur iz qoldirgan va ular doimo og’ir vaziyatda millatni birlashtirib, dushmanga qarshi tura olish salohiyati hamda qobiliyatiga ega xukmdorga muhtoj bo’lib kelishgan. Bu omil tufayli xukmdorlarning deyarli barchasi o’zining qattiqqo’l siyosati va repressiyalari bilan ajralib turadi.
Kiyev Rusidagi ichki boshboshdoqliklar uning zaiflashuviga sabab bo’lib, undan ajrab chiqqan Vladimir-Suzdal knyazligi va Novgorod Respublikasi hozirgi Rossiya davlatining asosiga aylandi. Biroq hozirgi Moskva va unga yondosh hududlarda joylashgan bu davlatlar hali shakllanib ulgurmasdan mo’g’ullar bosqiniga uchradi. Garchi mustaqilligini saqlab qolgan bo’lasada, Novgorod Respublikasi keying ikki asr davomida Oltin O’rda xonlarining ta’sirida bo’ldi. Ushbu ikki asr rus xalqining ruhiyati va dunyoqarashida jiddiy asorat qoldirdi. Ruslarning deyarli yarmi urushlar, genodsidlar va ocharchilik oqibatida qirilib ketdi. Natijada ruslarda tashqi xavflarga nisbatan keskin qo’rquv shakllandi.
1380-yil Kulikovo jangida mo’g’ullarga jiddiy zarba berilishi va 1480-yil Ugra daryosi bo’yidagi jangdan so’ng ikki asrlik bosqinchi Rossiyadan haydab chiqarilishi rus xalqiga to’laqonli mustaqillik olib kelmadi. Endilikda shimoliy-g’arbdan nemislar, polyaklar, Boltiqbo’yi xalqlari va shvedlar bostirib kirishni boshladilar. Keyinchalik Qrim tatarlari, kavkazliklar, Usmoniylar va Napaleon armiyasi bilan og’ir urushlar boshlandi. Bu bosqinlar ko’lam jihatdan katta bo’lmasada, ularning har birida tabiiy to’siqlarsiz geografik kenglik va ochiqlikda jang qilgani sabab rus aholisining katta qismi qirilib ketdi.
Rossiyaning tabiiy “Axilles tovoni”ni anglab yetgan Ivan IV (Grozniy) sharqqa qarab chekinishni ko’zda tutuvchi “Ehtiyot chorasi strategiyasi” (Backup Strategy)ni ishlab chiqdi. Bu strategiyaga ko’ra, Rossiya atrofida buffer zonalar yaratilishi va bu hududlar dushmanlar yoki potensial dushmanlar hamda ruslar o’rtasida neytral maqom olishi lozim edi. Ushbu strategiyaning uzviy davomi sifatida Rossiya sharqqa qarab shiddat bilan kengayib borib, bu hududlardan tayanch sifatida foydalanishi ko’zda tutilar edi. Strategiyaning amaliy natijasi sifatida Qozon, Astraxan va Sibir xonliklarini bo’ysundirilishini ko’rsatish mumkin.
Markazlashgan boshqaruv tizimi. Odamlar yashamasligi yoki aholi o’ta siyrak tarqalganligi omili oqibatida Rossiya qisqa vaqt ichida Oxotsk dengiziga chiqib bordi. Janubda esa, Kavkaz va Markaziy Osiyoga qadar kengaydi. Bunday ulkan hudud Rossiya uchun katta imkoniyatlar yaratib berdi. Tabiiy zahiralarga ehtiyojning to’la qondirilishi, biror mahsulotda importga qaram bo’lib qolmaslik natijasida Rossiya o’z-o’zini ta’minlovchi ulkan imperiyaga aylandi. Asrlar davomida bosqinlarga uchragan va faqat mudofaaga asoslanganlik omili, oqibatda, bu imperiyani o’zini tashqi dunyodan izolyatsiya qilib olgan ulkan natural xo’jalikka aylantirdi. Shu tariqa ruslarda o’ziga xos ksenofobiya (xorijliklarga ishonmaslik yoki ulardan nafratlanish) shakllandi.
Ulkan hududlarning kamchiliklari ham anchayin edi. Turli yerlarni egallab olish natijasida turli xalq, elat va din vakillari ham majburan imperiya tarkibiga kiritildi. Rossiyaning tub hududidan boshqa yerlarda aholi posyolkalarining siyrak joylashganligi va ulardagi anti-rus kayfiyat imperiyani yahlit ushlab turishga to’sqinlik qilardi. Rus hukmdorlari oldida ikkita tanlov bor edi: 1) hududlarni knyazliklarga bo’lib, ularga o’z-o’zini boshqarish huquqini berish, ya’ni federatsiya;
2) o’ta markazlashgan boshqaruv tizimi yaratib, eng chekka hududni ham markazga so’zsiz bo’ysunuvini ta’minlash.
Tabiiyki, rus hukmdorlari ikkinchi yo’lni tanlashdi. Markazlashgan tizim tashkil qilindi, ushbu tizim mavjudiyatini saqlash maqsadida qudratli maxfiy hizmat shakllantirildi. Albatta, bunday tizim uchun qat’iyatli va qattiqqo’l rahbar lozim edi. Har bir rahbar markazlashgan tizim va maxfiy hizmatlarni kuchaytira bordi. Xalq ommaviy deportatsiyalar, genotsidlar, boshqariladigan ocharchiliklar, otuvlar va boshqa usullar orqali manipulyatsiya qilindi. Bularning sababi sifatida so’zsiz ravishda “vatanga xiyonat” birinchi o’ringa qo’yildi va qudartli propaganda mashinasi yordamida bu termin xalq ongiga singdirildi. Natijada hukumat xalqning yagona najotkori, rahbar esa iloh darajasiga ko’tarildi.
Ruslar tarixida millatni birashtirish va vatanni yovuz kuchlardan himoya qilish da’vosi bilan chiqqan har bir rahbar xalqning cheksiz qo’lloviga ega bo’lardi. Avtoritar hukmdorlarning izolyatsiyasi natijasida globalizatsiya jarayoniga qo’shila olmagan rus xalqi mentalitetida ksenofobik qarashlar zamonaviy davrgacha yetib keldi.
Propaganda mashinasi G’arbiy Yevropa va AQShdagi demokratik tamoyillarni buzib ko’rsatishga, odamlar ongiga konservatik qarashlarni singdirishga zo’r berdi. Hukumatning ahamiyatini eng yuqori darajaga qadar ko’tarib ko’rsatdi. Maxfiy hizmatlar esa o’zgacha fikrdagi har bir shaxs yoki shaxslar guruhini ayovsiz jazolar va bu holat propaganda mashinasi orqali ibrat sifatida ko’rsatilar edi. Oqibatda Rossiyada biror mustaqil fuqarolik instituti yoki muholifat shakllanmadi. Liderlar barqarorlikni saqlab qolishning yagona yo’li sifatida o’ta guruh boshqaruvi (inner circle)ni ko’rishardi. Natijada shaxsga sig’inish davlat darajasiga ko’tarildi.
Tabiiy zahiralar. Yuqorida aytilgandek, Rossiya tabiiy zahiralarga boy va birlamchi hayotiy zarur mahsulotlar bilan o’zini bemalol ta’minlay oladi. Hukumat hayotning har bir sohasini qattiq nazoratga olganligi qatorida tabiiy zahiralarni o’zlashtirish va ularning taqsimoti ham to’la rahbariyat ixtiyoriga o’tdi. Sadoqat va barqarorlikni saqlab turish uchun hukumat xalqning birlamchi mahsulotlarga nisbtan ehtiyojini deyarli to’liq va o’ta arzon narxda qondirdi. Bu o’z navbatida xalqning hukumatga nisbatan ishonchi va qo’llovini olib keldi. Shubhasiz, bunday o’ziga xos “jannat” birinchi rahbarlarning shaxsiyatiga bog’lanar edi.
Bundan tashqari Rossiya zamonaviy dunyodagi eng qudratli strategik “qurol”: energetika resurslari bilan qo’shni hududlarni o’z ta’siriga o’tkaza boshladi. 20-asr oxiriga kelib deyarli butun Sharqiy Yevropa va G’arbiy Yevropaning salmoqli qismi Rossiyaga energetik qaram bo’lib qoldi. Putin erasida bu strategiya navbatdagi bosqichga ko’tarildi. Putin butun Yevropani quvurlar yordamida iskanjaga olish uchun turli loyihalarni ishlab chiqdi. Bu omil rus xalqida o’z vatanlarining naqadar qudratliligi borasida ham haqli va ham soxta illuziyani shakllanishiga olib keldi.
Harbiy qudrat. Hammaga ma’lum, Rossiya Sovuq Urushning va qurollanish poygasining asosiy ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Harbiy qudrat va G’arb tajovuzi borasidagi qarashlar Sobiq Ittifoq davrida xalq ongiga shunchalik singdirilganki, ittifoq parchalanib ketgandan so’ng ruslarda nostalgiya va tashqi ta’sirlardan qo’rquv kayfiyati o’ta kuchayib ketdi.
Ayni vaqtda rus armiyasi, hukumat ta’biri bilan aytganda, shiddat bilan zamonaviylashtirilmoqda. Rossiyaga yondosh bo’lgan Serbiya, Ukraina va Gruziyadagi rangli inqiloblar G’arb tajovuzidan qo’rquvni qanchayin kuchaytirgan bo’lsa, Gruziyaga nisbatan agressiya va Qrim anneksiyasi hamda Ukrainadagi pro-vestern kayfiyatga qarshi propagandalar Putinning obro’sini keskin oshirib yubordi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsam, rus mentalitetida shaxs ozodligidan ko’ra omon qolish (survival) birinchi o’rinda turadi. Asrlar davomida jahonning boshqa xalqlariga qo’shilmagan, har qanday yot qarashga qarshi o’zini filtrlashga o’rganib qolgan va hukumat, aniqroq qilib aytadigan bo’lsak, yakka shaxsni xavfsizlikning asosiy tayanchi sifatida ko’ruvchi xalqqa boshchilik qilish omili Putin muvaffaqiyatining asosiy kalitidir.