• Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda
Geopolitika
21 Iyul2016

Obama va Yaqin Sharq (3-qism)

21 Iyul 2016. Muallif: Avaz Takhirov Rukn: Yaqin Sharq

AQSh nega Yaqin Sharqda?

Oldingi maqolalarda ma’lum bo’lganidek, Obama Yaqin Sharqqa nisbatan oldingi AQSh rahbarlaridan farqli tarzda turli strategiyalar va taktikalarni qo’llashni ma’qul ko’rdi yoki qo’llashga majbur bo’ldi. Mazkur harakatlar va siyosiy qarorlar mohiyatini anglash uchun Obama ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosatini chuqur tahlil qilib chiqish talab qilinadi.  

Obama prezident sifatida qasamyod keltirayotgan paytda AQSh tashqi siyosatiga o’zgartirishlar kiritishini ma’lum qilgan edi. Barak Obama birinchi muddati davomida garchi Yaqin Sharqqa nisbatan turli taktikalarni qo’llagan bo’lsada, ular mohiyatan AQShning tub strategik maqsadlariga zid kelmadi yoki katta o’zgarishlarga sabab bo’lmadi. Qisqacha aytganda, Barak Obama AQShning uzoq muddatli Yaqin Sharq siyosatini ma’lum o’zgartirishlar bilan davom ettirdi. 

Obama prezidentligining birinchi davrida davomida o’zini ko’proq realist ekanligini namoyon qildi. Undan farqli o’laroq sobiq prezident Jorj Bush idealist siyosatchi edi. Obama Bushning butun dunyo bo’ylab demokratiyani liberal harbiy kuch bilan yoyish doktrinasidan anchayin farqli pragmatik siyosat olib bordi.

Mavjud vaziyat Obamadan shunday pragmatik qadamlar tashlashni talab qildi. Obamaning Islom Dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilishi, Liviya Inqiroziga aralashishdan o’zini tiyishi va Arab Bahoridagi jarayonlarga harbiy ta’sir o’tkazmaslikka urinishi kabi taktikalarni pragmatik realizm doirasida amalga oshirilgan qadamlar, deb baholash mumkin.

Sobiq AQSh prezidenti Bill Klintonning internatsional yondashuvi kabi Obamaning tashqi siyosati xalqaro munosabatlarda umumiy xavfsizlik manfaatlari, hamkorlik va ko’p tomonlama aloqalarni mustahkamlash tamoyillariga asoslandi. Tashqi siyosiy faoliyatni tahlil qilish orqali ko’rish mumkinki, Obama bu tamoyillarga amal qilish orqali Amerikaning Yaqin Sharqda yana bir inqirozga aralashib qolmasligiga harakat qilgan, strategik vektorlarni esa tobora raqobat o’sib borayotgan Osiyo-Tinch okeani tomon yo’naltirishdan manfaatdor bo’lgan.

Masalan, Eron masalasida AQSh odatdagidek yetakchilikni qo’lga olmadi, balki P5+1 kabi muzokara doiralari orqali xalqaro hamkorlikni mavjud muammoni hal qilish uchun jalb qilishga harakat qildi.

Obamaning pragmatik realizmga asoslangan doktrinasi mavjud masaladagi vaziyatlar turliligini nazarda tutishga qaratilgan. Bu Bushning barcha omillarni umumlashtirish – uniletarist qarashidan keskin farq qiladi. Obama 2011 yilda “Dunyodagi mavjud vaziyat murakkabliklarini hisobga olmasdan siyosat yuritar ekansiz, aniq muammoga duch kelasiz”, deb ta’kidlagan edi. Obama tashqi siyosiy faoliyatni yuz berayotgan voqealar rivojiga qarab shakllantirib bordi. Agar mavjud vaziyat qandaydir darajada o’zgargudek bo’lsa, milliy manfaatlarga mos ravishda mavjud tashqi siyosatni ham o’zgartirib bordi.  

Masalan, Muammar Kaddafi ko’p yillar davomida AQSh manfaatlariga zid siyosat olib bordi va mintaqadagi amerikaparast kayfiyatdagi boshqa arab rahbarlari bilan ham sovuq munosabatda bo’ldi. Arab Bahori davrida Kaddafiga qarshi ko’tarilgan ichki qarshilik fonida Obama uning rejimiga qarshi intervensiya uyushtirish orqali mamlakatda qudratga keladigan navbatdagi hukumat bilan aloqani mustahkamlab olishi mumkin edi. Biroq u ko’plab omillarni hisobga olgan holda intervensiya mas’uliyatini ittifoqdoshlarga yuklash va qisqa muddatli havo xujumlari bilan cheklandi.

Pragmatik realizm nuqtayi-nazaridan Suriya prezidenti Bashar al-Assadning hokimiyatdan ketishi Eronning mintaqadagi ta’sir doirasiga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatib, uning o’z muhofazasi uchun yadroviy dastur doirasidagi jarayonlarni shiddat bilan rivojlantirishi, shuningdek, AQSh-Rossiya munosabatlarining o’ta sovuqlashishiga sabab bo’lar edi. Shu sababdan Liviya Inqiroziga qaysidir darajada aralashgan Obama Suriya masalasiga kelganda ko’proq tiyilish siyosatini ma’qul ko’rdi.

Bundan tashqari, Obamaning pragmatizmini Bushning “do’st yoki dushman” tamoyiliga asoslangan tashqi siyosatidan voz kechganligida ham ko’rish mumkin. Eron masalasida, Obama Tehron rejimini AQShning bir necha o’n yillik dushmani emas sifatida ko’rmadi, balki diplomatik resurslar yordamida bu davlat bilan mavjud ziddiyatni yumshatishga urindi. Mintaqadagi AQShning eng asosiy ittifoqchisi bo’lmish Isroil Eronning uranni boyitish markazlariga xujum uyushtirishni rejalashtirganda esa, Obama mazkur harakat nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda navbatdagi urushga sabab bo’lishi mumkinligi sababli Tel-Avivni harbiy va siyosiy tomondan dastaklamadi.

Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosati ko’plab noo’xshashliklar va qarama-qarshiliklar hamda qo’sh standartlarga boyligini ham ko’rish mumkin. Aaron Miller o’zining Foreign Policy jurnalidagi maqolasida “Obamaning Yaqin Sharq siyosati haqidagi bizga ma’lum bo’lgan yagona aniq narsa – bu ushbu siyosatning noaniqliklardan iboratligidir”, deya Obama ma’muriyatining olib borgan siyosatini tanqid qilgan edi. Obamaning o’z Yaqin Sharq siyosati borasidagi bayonotlarda ta’kidlangan gaplar va amalga oshirilgan harakatlardagi qarama-qarshiliklarni uch aspektda kuzatish mumkin:

Birinchidan, ta’kid va amalga oshirilgan harakatning mos kelmasligi. Obama prezidentlik faoliyatiga kirishishi bilan tashqi siyosiy faoliyatda amalga oshirish lozim bo’lgan maqsadlarni doim yuqori qo’yib kelgan, lekin amalda real qiyinchiliklarga duch kelgandan so’ng u tilga olgan maqsad-vazifalar hayotda o’z tasdig’ini topmasdan qolib ketgan. Birinchi muddati boshlangan paytda uning Yaqin Sharqqa nisbatan shakllanajak siyosat haqidagi optimistik fikrlari, ayniqsa, 2009 yildagi Qohira nutqi davomida ko’p bor ta’kidlagan AQSh mintaqada bundan keyin “yangi boshlanish” bilan faoliyat yuritishi borasidagi va’dalariga ko’plar ishonch bildirgan edi, lekin xech qanday vaqt o’tmay mintaqada navbatdagi inqiroz davri boshlanib ketdi. 2011 yil yanvarida boshlangan demokratik talablar va norozilik namoyishlari fonida Obama “AQSh o’z ixtiyoridagi iqtisodiy, diplomatik va strategik resurslar yordamida” namoyishchilarni qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Biroq voqealar rivoji va mavjud vaziyat ushbu ta’kidlarni amalga oshishiga imkon bermadi. Yaqin Sharqdagi  Demokratiya bo’yicha Loyiha (Project on Middle East Democracy)ning “2013 fiskal yili bo’yicha federal byudjet va uning muvofiqlari” yuzasidan tayyorlagan hisobotiga ko’ra, AQSh hukumati Arab Bahoridan davrida va undan keyin mintaqadagi demokratik fondlar hamda boshqa harakatlarni qo’llab-quvvatlash uchun federal byudjetdan ajratiladigan mablag’ni keskin qisqartirgan.

Sobiq prezident Jimmi Karter hukumatida milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan Zbignev Bjezenski Obamaning tashqi siyosiy faoliyatiga to’xtalar ekan, uning ta’kidlari va amalga oshiradigan harakatlari o’rtasida bog’liqlik mavjudmasligi haqida “uning dunyoqarashi va tushunchalarini hurmat qilaman, lekin unda ushbu tushunchalar va ta’kidlarni amalga oshiruvchi aniq bir siyosat mavjudligiga ishonmayman”, deya fikr bildiradi.

Ikkinchidan, Obama birinchi ma’muriyati davomida ma’lum bir masala haqida turli vaqtlar davomida turlicha fikrlar bildirib kelgan. 2009 yilda yangi prezident sifatida AQSh tashqi siyosatidagi eng muhim obyekt bo’lmish Yaqin Sharq davlati – Misr poytaxti Qohiradagi nutqida Obama Isroil-Falastin mojarosi yechimida tomonlar huquqlari tengligini ta’minlash zarurligi, shundagina tinchlik va xavfsizlikka erishish mumkinligini ta’kidlaydi. Lekin oradan ikki yil o’tib, 2011 yil sentyabrida BMT Bosh Assemblyasidagi nutqida Isroil manfaatlarini himoya qilib, xavfsizlik nuqtayi-nazaridan Isroil falastinliklarning o’z taqdirini hal qilish huquqini tan olmaslikka haqqi borligini ma’lum qiladi. Qohira va BMT qarorgohida so’zlangan nutqlardagi bunday qarama-qarshiliklarga o’xshash holatlarni Obamaning prezidentlik faoliyati davomida ko’plab kuzatish mumkin. Ushbu masaladan Isroil lobbisi AQSh tashqi siyosatiga ta’sir ko’rsatishda katta kuchga ega ekanligini ko’rish mumkin.

Ma’lum masala yuzasidan Obama tomonidan amalga oshirilgan qarama-qarshiliklar, ayniqsa, Suriya Inqirozi davrida ko’p kuzatildi. 2013 yil avgustida Assad hukumati tomonidan kimyoviy qurollar ishlatilgandan so’ng Obama, avvaliga, “qizil chiziq” bosib o’tilgani va AQSh zudlik bilan harbiy intervensiya uyushtirishini ma’lum qildi; keyinroq esa harbiy intervensiya uchun Kongressdan ruhsat so’rashini aytdi; so’ngra muammoni diplomatik yo’l bilan hal qilish lozimligini ta’kidladi.

Misrda o’tish hukumatidan keyin hokimiyatga kelgan Mursiy atrofidagi vaziyat keskinlashgandan so’ng Obama demokratik talablarni qo’llashda qo’sh standlarga amal qilishini namoyon qilib qo’ydi. Sababi Mursiy hukumati AQSh manfaatlariga mos kelmas, Misrdagi hukumatparast va anti-hukumat namoyishchilarni quvvatlashda demokratiya tamoyillariga emas, balki siyosiy manfaatlarga qarab yo’l tutdi. Uning demokratiyaga tayanib emas, balki tarafkashlik bilan ish tutishi Yaqin Sharqdagi odamlarda AQShga bo’lgan ishonchni keskini susayishiga sabab bo’ldi.

Uchinchidan, Obama ham demokratiya, ham ittifoqchi avtoritar rejimlarni qo’llab-quvvatlashdagi farqni inkor qilishga urindi. Huan Kole ta’kidlagandek bir tomondan “dunyodagi eng qudratli davlat sifatida Amerika ittifoqdoshlarini yo’qotishdan manfaatdor emas, lekin demokratik qudrat sifatida har qanday demokratik harakatlarga qarshilik qilish unga bo’lgan ishonchni yo’qqa chiqaradi". Tahlillardan anglash mumkinki, Obama qadriyatlar va manfaatlar tanlovi dilemmasiga duch kelganda, ko’p hollarda, manfaatlarni amalga oshirish uchun qadriyatlarni qurbon qilishga tayyor bo’ladi. Jorj Bush hukumati Yaqin Sharq davlatlariga nisbatan umumiy-uniletar siyosat yuritgan bo’lsa, Obama mintaqadagi har bir davlatga alohida munosabatda bo’lib, individual xarakterga ega diplomatik faoliyat olib bordi. Bunday siyosat bir tomondan ijobiy natijalarga olib kelgan bo’lsa, boshqa tomondan ko’plab tarafkashliklar va qo’sh standartlardan iborat bo’ldi. Bu holni Obama yuritgan siyosatdagi deyarli har bir masalada ko’rish mumkin. Masalan, Obama ma’muriyati Liviyada muholif kuchlarni qo’llab quvvatlash uchun Liviyada parvozdan holi hududni tashkil qilish tashabbusini ilgari surdi, lekin Suriyada ham o’xshash vaziyat yuzaga kelganda Suriya Ozod Armiyasiga yordam berish fikridan voz kechdi. Oqibatda, harbiy kuch muvozanati assimetrik ko’rinish kasb etib, Assad hukumati o’zini saqlab qoldi, vaqtida yechim topmagan va ko’pga cho’zilib ketgan fuqarolik urushi mamlakatda boshqa kuchlar, ayniqsa, jihodiy guruhlar paydo bo’lishiga sabab bo’ldi.

Misr va Tunisdagi demokratik harakatlar AQSh tomonidan turli darajada qo’llab quvvatlandi, lekin Bahraynda boshlangan o’xshash demokratik to’lqinni Obama hukumati milliy manfaatlarga zid deb hisoblagani uchun dastaklashni istamadi. Sababi Bahraynda Eronni kuzatib borish va mintaqadagi ta’sirni ushlab turishga yo’naltirilgan AQShning Beshinchi Floti xizmat qiladi. Bundan tashqari AQShdan moliyaviy ko’mak oladigan inson huquqlari tashkiloti Bahrayndagi demokratik namoyishlarni bostirish uchun mamlakatga intervensiya uyushtirgan Saudiya Arabistoni harakatlarini imkon qadar tanqid qilmaslikka urindi. Qaytanga Saudiya Arabistoni va AQSh hukumatlari Bahrayndagi jarayonlarga Eron “shia aholisini gijgijlashga urinish orqali o’z geostrategik manfaatlarini amalga oshirish” maqsadida aralashayotganini ta’kidlab, Tehron hukumatini tanqid qildi.

Isroil tomonidan amalga oshirilgan kimyoviy quroldan foydalanish holatiga AQSh jamoatchilik e’tiborini tortmaslikka harakat qildi, lekin o’xshash holat Assad hukumati tomonidan amalga oshirilganda Obama harbiy intervensiya uyushtirish bilan tahdid qildi.

AQShning tashqi siyosiy faoliyati Barak Obama davriga kelib uslub va ritorika jihatidan sezilarli o’zgardi. Obama ma’muriyati Yaqin Sharqqa nisbatan harbiy ta’sirdan ko’ra, ko’proq diplomatik resurslardan foydalanishni ma’qul ko’rdi. Obama prezident sifatidagi ilk intervyusini Al Arabiya telekanaliga bera turib AQShning Yaqin Sharq mintaqasida o’zaro hurmat va manfaatga asoslangan yangi hamkorliklarni shakllantirish siyosatini yuritishini ma’lum qildi. Oldingi AQSh hukumatlaridan farqli tarzda Obama Yaqin Sharq mintaqasidagi musulmon jamiyatlar bilan til topishishga harakat qildi. Uning bu mavzudagi ta’kidlari va nutqlari Islom Dunyosida yangi umidlarni paydo qildi, oddiy odamlar va tahlilchilar nazdida Obama Yaqin Sharqni o’zining olib borajak tashqi siyosatining asosiy prioriteti sifatida belgilaydigandek tuyildi. Lekin AQSh va Islom Dunyosi o’rtasidagi mavjud ziddiyatni yumshatishga urinish va aloqalarni ittifoqchilik darajasiga olib chiqishi lozim bo’lgan harakatlar aslida AQShning mintaqa hamda dunyodagi imidjini yaxshilash, tashqi siyosat vektorlarini Osiyo-Tinch okeani tomon yo’naltirish va milliy qudratni qayta tiklash uchun ma’lum sharoit yaratish uchun xizmat qildi.

Haqiqatan, Obama qanchalik yangi o’zgarishlar haqida nutqlar so’zlamasin, uning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosati oldingi hukumatlarnikidan ko’rinishan farqli bo’ldi, asosiy harakatlar mohiyati esa o’zgarmasdan qoldi. Obama AQSh tashqi siyosatini ko’plab uslublar va taktikalar orqali ma’lum darajada o’zgartirgan bo’lsada, transformatsion diplomatiyadan foydalanishga urinmadi. U Yaqin Sharqqa nisbatan pragmatik realizmga asoslangan siyosat joriy qildi, lekin bu siyosat AQShning ana’anaviy siyosiy orientatsiyasidan chetlashmadi:

Birinchidan, Obama Vashington siyosiy doiralari tomonidan yillardan beri shakllantirib kelingan tashqi siyosiy faoliyatning strukturaviy-institutsion asosini davom ettirdi. Obama nutqlari, suhbatlari va intervyulari orqali Yaqin Sharqqa nisbatan qanday siyosat yuritishga harakat qilganini anglash mumkin va bu harakatlar institutsion, byurokratik va ichki siyosatdagi ziddiyatlar tomonidan to’siqqa uchradi.  Alohida manfaatdor guruhlar, ayniqsa, Isroilparast lobbichilar, shuningdek, Kongress Obamaga bosim o’tkazib, uni Isroil-Falastin muammosi yuzasidan o’zi oldin ta’kidlagandek siyosat yuritishiga imkon bermadilar. Natijada Obama ushbu mojaroda Isroil manfaatlarini yuqori qo’yishga majbur bo’ldi.

Avvaliga Isroil tomonidan Falastindagi egallab olingan yerlarda qurilayotgan yahudiy aholi posyolkalari qurilishini tanqid qilib, zudlik bilan to’xtatishga chaqirishi Vashington siyosiy doiralarida qarshilikka uchradi. Oradan ko’p o’tmay Obama Isroilni tanqid qilish siyosatidan voz kechib, Tel Avivga keyingi o’n yil mobaynida 30 milliard dollarga teng harbiy ko’mak ajratish haqidagi qarorga imzo chekdi, BMT minbaridan turib Isroil manfaatlarini himoya qildi. Ko’rinib turibdiki, Obama Vashingtondagi siyosiy irodani o’z izmiga bo’ysundira olmadi, balki uning o’zi Vashington siyosiy doiralari qonun-qoidalarini qabul qilishga majbur bo’ldi. 

Ikkinchidan, Obama ma’muriyati davrida ham AQShning Fors ko’rfazi davlatlariga nisbatan siyosati o’zgarmasdan davom etdi. Ushbu davlatlar bilan aloqalar Eronning mintaqaviy ta’sirini kamaytirish, terrorizmga qarshi kurash va neft resurslariga erishish imkoniyatini muhofazalash doirasida kechdi. Milliy manfaatlarni amalga oshirish maqsadida, Obama ma’muriyati, Bush davridagidek, Fors ko’rfazi davlatlarida havo xujumidan mudofaa tizimlarini o’rnatish ishlarini jadallashtirish, harbiy mavjudiyatini oshirish va bu davlatlar bilan qurol-yarog’ savdosini kuchaytirish siyosatini olib bordi. Bu harakatlarning barchasini Eron rejimiga qarshi tura oladigan amerikaparast Arab ittifoqdoshlarni shakllantirish va qo’llash yo’lidagi eski siyosatning davomi sifatida baholash mumkin.

Uchinchidan, iqtisodiy manfaatlar, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Obama ma’muriyati Yaqin Sharq mintaqasidagi uzoq muddatdan beri hokimiyatda o’tirgan, repressiv va demokratik tamoyillarga zid bo’lgan avtoritar rejimlarni qo’llashga harakat qildi. Uning ma’lum vaqt davomida Misr prezidenti Husni Muborakni dastaklashi, unga qarshi norozilik to’lqini paydo bo’lganda, namoyishchilarni qo’llab-quvvatlashga ro’yxushlik bermagani hamda Fors ko’rfazidagi monarxiyalarning repressiv siyosatiga ko’z yumishini shunday siyosat doirasidagi amallar sifatida ko’rsatish mumkin.

Qisqacha aytganda, avvaliga Isroil-Falastin mojarosida arbitr vazifasini o’tashga tayyorligini ma’lum qilgan Obama, keyinchalik, tinchlikka erishish jarayoni va falastinliklarning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqiga bepisandlik bilan qaradi. Uning tashqi siyosati Ikkinchi Jahon Urushidan so’ng AQShdagi siyosiy doiralarga ta’sir o’tkaza olish qudratiga ega bo’lib olgan guruhlar tomonidan majburan yo’naltirib turildi. Shu sababdan Obama Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatni keskin o’zgartirishning uddasidan chiqa olmadi.

Obama Yaqin Sharq siyosati bo’yicha bildirgan fikrlari va ta’kidlari hamda real amalga oshirilgan harakatlar o’rtasidagi qarama-qarshiliklar uning asl maqsadlarini anglab olishda qiyinchilik tug’diradi. Obama o’zi ta’kidlagandek siyosat olib borishiga, yuqorida aytilgandek, ichki kuchlar katta ta’sir o’tkazganmi yoki bu ta’kidlar shunchaki asl geostrategik maqsadlarni anglashdan chalg’itish uchun bildirilganmi, buni aniqlash anchayin mushkul. Faqatgina Obama ma’muriyati tomonidan amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish orqaligina ushbu siyosat yuzasidan ma’lum aniqliklarga ega bo’lish mumkin.

Tashqi siyosat, harbiy qudratni o’z ichiga olgan holda, tugal jarayon emas. U milliy manfaatlarni amalga oshirish oshirish maqsadida turli resurslar, taktikalar, strategiyalar va nazariy bilimlar bilan qorishgan bo’ladi. Bu nazariyadan kelib chiqish aytish mumkinki, Obamaning ham Yaqin Sharq siyosati bu mintaqada demokratik tamoyillarni ta’minlash emas, balki AQSh milliy manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan. BMT Bosh Assembleyasidagi nutqlaridan birida Barak Obama Yaqin Sharqdagi shunday manfaatlarning to’rttasini tilga olib o’tdi:

  1. Biz bu mintaqadagi ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizga nisbatan paydo bo’lgan tahdidlarga qarshi harakat qilamiz;
  2. Biz ushbu mintaqadagi energetika resurslarining dunyoga erkin chiqishini ta’minlaymiz. Amerika Qo’shma Shtatlari Yaqin Sharqdan import qilinadigan neftga bo’lgan ehtiyojini yildan-yilga qisqartirib borayotgan bo’lsada, dunyo hanuz energetika ta’minotiga muhtoj va bu mintaqadagi resurslarning dunyo bozoriga yetib bormasligi global iqtisodiy tizimni beqarorlashtirib yuborishi mumkin;
  3. Biz fuqarolarimizga tahdid qilgan mintaqadagi terrorchi tarmoqlarni yo’q qilamiz. Bu yo’lda qayerda va qachon imkoni bo’lsa, o’z hamkorlarimizni qo’llab-quvvatlaymiz, millatlar suverenitetini hurmat qilgan holda, terrorning ildizlariga qarshi kurashamiz.  Lekin qachonki Qo’shma Shtatlarga nisbatan terroristik tahdidlar paydo bo’lgan holda, biz bevosita harakat qilishga o’tamiz.
  4. Va nihoyat, biz ommaviy qirg’in qurollarini yaratish va qo’llashga toqat qilib turmaymiz. Suriyadagi kimyoviy qurollarning qo’llanilishini milliy xavfsizligimizga tahdid sifatida qilganimizdek, mintaqada ommaviy qirg’in qurollarini qo’lga kiritishga bo’lgan poygaga sabab bo’luvchi yadroviy dasturga nisbatan qarshiligimizni ma’lum qilamiz. Bunday poyga jahondagi mavjud yadroviy qurollardan holi tizimga putur yetkazadi, deb hisoblaymiz.

Obama tomonidan ta’kidlangan yuqoridagi to’rt manfaatni tahlil orqali uchta kategoriyaga bo’lish mumkin: xavfsizlik, neft va ittifoqdoshlar. Obama tomonidan qo’llanilgan Yaqin Sharq siyosati shu uch omil asosiga qurilgan. Obama demokratiya, ozodlik, inson huquqlari haqida nima demasin, uning hukumati shu uch kategoriyadagi manfaatlarni amalga oshirish va muhofaza qilishga urindi, manfaatlarga nisbatan tahdidlar paydo bo’lganda, vaziyatni o’z foydasi tomon o’zgartirish uchun har qanday siyosiy-iqtisodiy resurslarni ishga soldi.

AQShning mintaqadagi eng asosiy manfaati sifatida xavfsizlikni ko’rsatish mumkin. Yaqin Sharqda yuritilayotgan tashqi siyosatda milliy xavfsizlikni ta’minlash tamoyili birinchi o’rinda turadi. 2010 yildagi AQSh Milliy Xavfsizlik Strategiyasida belgilanganidek “ushbu ma’muriyatning Amerika fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashdan kattaroq mas’uliyati yo’q. Va Amerika fuqarolariga ommaviy qirg’in qurollaridanda xavfliroq tahdid yo’q, ayniqsa, ommaviy qirg’in qurollarini qo’lga kiritishga urinayotgan ekstremist kuchlar va ularning firqalaridan xavfliroq dushman mavjud emas.”

2011 yil 11 sentyabridagi terroristik xujumlardan so’ng terrorga qarshi kurash va ommaviy qirg’in qurollari tarqalashining oldini olish AQSh milliy xavfsizlik manfaatining bosh maqsadiga aylandi.  Yaqin Sharq terroristlar va ekstremistlar yig’ilgan joy sifatida AQSh milliy xavfsizlik strategiyasining muhim qismiga aylandi. Milliy Xavfsizlik Strategiyasida “biz al-Qoida va uning firqalarini parchalaymiz, yo’q qilamiz. Shuningdek, yadro va biologik qurollar tarqalishining oldini olamiz hamda yadroviy materiallar xavfsizligini ta’minlaymiz,” deb belgilab qo’yilgan. Bularning hayotdagi in’ikosi sifatida, Obama ma’muriyati Afg’onistondagi urushga katta e’tibor qarata boshladi, Eronning yadro dasturi va Suriyadagi kimyoviy qurollardan foydalanish holati bo’yicha keng ko’lamli diplomatik amallar olib bordi. Xavfsizlikni ta’minlash manfaatidan kelib chiqib, AQSh Fors ko’rfazi monarxiyalarini qo’llab keldi, terrorizmga kurashish doirasida yordamga muhtoj bo’lgan Obama hukumati Eron va Suriya rejimlari bilan turli darajada bevosita hamda bilvosita aloqalarni kuchaytirib bordi. Suriyadagi vaziyat yanada murakkablashib ketishini istamagan Obama Bashar al-Assadning hokimiyatda qolishiga bayonotlarida qarshilik qilishda davom etsada, amalda buni to’xtatdi. Xulosa qilib aytganda, milliy xavfsizlikni ta’minlash Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosatida eng yuqori darajali manfaati bo’ldi.

Neft resurslarini qo’lga kiritish imkoniyatini nazorat qilish AQSh Yaqin Sharq siyosatidagi navbatdagi manfaatdir. AQSh prezidenti Duayt Eyzenhover dunyodagi neft zahiralarining yarmidan ko’pi joylashgan Yaqin Sharqni “biz uchun strategik jihatdan eng muhim mintaqa”, deb ta’riflagan edi. 2010 yildagi statistik ma’lumotlarga qaraganda, Yaqin Sharq mamlakatlari kuniga 30 million barrel neft qazib olgan va kunlik 86 million barrel bo’lgan global neft ehtiyojining uchdan bir qismini qondirgan. Uch mamlakat: Saudiya Arabistoni (kunlik 10 mln barrel), Eron (kunlik 4 mln barrel) va BAA (kunlik 2,8 mln barrel) hisobiga Yaqin Sharqdagi neft qazib chiqarishning 57 foizi to’g’ri kelgan. 21 asr boshlariga qadar neft AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy manfaati bo’lib kelgan. Biroq ichki neft va tabiiy gaz ishlab chiqarish miqdorining o’sishi ortidan import qilinadigan neftga bo’lgan ehtiyoj 2008 yildagi 57 foizdan 2011 yilga kelib 45 foizga tushdi. Shunday bo’lsada, xorijiy neft hanuz Amerika uchun muhim energetika manbasi bo’lib qolmoqda. Neftga qiymatining xalqaro munosabatlarga ta’sir o’tkazishi omili esa ushbu tabiiy resurs AQSh uchun hali yana uzoq vaqt asosiy manfaatlardan biri bo’lib qolishini anglatadi. Mobodo Yaqin Sharqdagi kunlik neft ishlab qazib olish ma’lum miqdorga kamaysa, jahondagi kunlik ehtiyojning 30 foizga yaqinini ta’minlash uchun O’rmuz bo’g’ozidan o’tuvchi neftning narxi keskin oshib ketadi. Shu sababli AQSh jahondagi siyosiy hamda iqtisodiy tartibotni nazorat qilib turish uchun Yaqin Sarqdagi energetika resurslarini muhofaza qilish, ularga erishish imkoniyatlarini saqlab qolish va energetika mahsulotlari o’tuvchi koridorlar (masalan, O’rmuz bo’g’ozi)larni doimiy o’z ta’sir doirasida tutib turish uchun harakat qiladi.

Mintaqadagi neft resurslarini nazorat qilish manfaatidan kelib chiqib, AQSh yirik neft ishlab chiqaruvchi bo’lgan Fors ko’rfazidagi repressiv monarxiyalarning saqlanib qolinishidan manfaatdordir. AQSh, vaziyat majbur qilsa, O’rmuz bo’g’ozini harbiy kuch bilan himoya qilishga tayyor bo’lishi mumkin.

Isroil mintaqadagi AQSh uchun eng muhim strategik ahamiyatli davlat hisoblanadi. Isroil tashkil topgan vaqtdan boshlab AQSh ushbu yangi davlatni qo’llab-quvvatlashini ochiqdan-ochiq ma’lum qildi. AQSh Isroil xavfsizligini ta’minlashni o’zining Yaqin Sharqdagi eng muhim mas’uliyatlari va manfaatlaridan biri hisoblaydi. Obama BMT Bosh Assembleyasidagi nutqida “Amerikaning Isroil xavfsizligini ta’minlash yo’lidagi maqsadi qat’iydir. Bizning do’stligimiz chuqur ildizlarga ega va davomiydir”, deb ta’kidlagan edi. Obama hukumati ham Isroilga katta miqdorda iqtisodiy va harbiy ko’mak ajratish siyosatini davom ettirdi, uning foydasiga qudratli diplomatik mudofaa joriy qildi. AQShning Isroil bilan o’ziga xos ittifoqchiligining bir qancha sabablar bilan izohlash mumkin:

Birinchisi, muhim geostrategik ahamiyatga ega bo’lgan Isroilning geografik joylashuvi AQShga mintaqadagi ta’sir doirasini saqlab turish uchun geosiyosiy platform vazifasini o’taydi.

Ikkinchisi, harbiy jihatdan qudratli Isroil AQShni mintaqadagi manfaatlari xavfsizligini ta’minlashi mumkin. Harbiy qudrati ta’minlangan Isroil mintaqadagi AQSh manfaatlariga zid bo’lgan kuchlar, masalan, terroristik va ekstremistik kuchlarni tiyib turishga qodir bo’ladi.

Uchinchisi, Isroilni qo’llab-quvvatlash va ta’minlashning AQSh milliy manfaati darajasiga ko’tarilgani mintaqadagi boshqa iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan davlatlarni amerikaparast siyosat yuritishiga undashi mumkin. Uzoq vaqt mobaynida Amerika ta’siri ostida Misrning Arab davlatlari ichida Isroilga ma’lum darajada yon bosgan yagona mamlakat bo’lganligi bundan dalolat beradi. Shu sababli Isroilni dastaklash AQShning mintaqadagi eng uzoq davrdan beri davom etib kelayotgan hayotiy muhim manfaatlaridan biri hisoblanadi.

Iroq Urushi Yaqin Sharqdagi mavjud kuchlar muvozanati tizimini izdan chiqarib yubordi. Urushga qadar mintaqadagi kuchlar muvozanati, asosan, Iroq va Eron raqobati natijasida shakllangan edi. Mazkur muvozanat mavjud bo’lgan vaqtda bu ikki davlat qudrati bir-birinikiga deyarli teng bo’lib, 1980-1988 yillardagi urushdan so’ng ortiq ochiq qurolli nizoga bormaslikka intilar edilar. Lekin 2003 yildagi AQSh boshchiligida xalqaro koalitsiya tomonidan Iroqqa nisbatan uyushtirilgan intervensiya ham Saddam Husayn hukumati ham armiyasining parchalanishiga sabab bo’ldi. Natijada AQShning eng asosiy raqibi bo’lmish Eron Fors ko’rfazidagi eng qudratli davlatga aylandi. Eronning kuchayishi murakkab vaziyatdagi mintaqada ta’sir doirasini kengaytirishga urinayotgan AQShning oldida yanada ko’proq strategik qiyinchiliklarni paydo qildi. Saddam Husayn rejimi ortidan Iroqda eronparast shia siyosatchilari hokimiyatga kelishi Tehronning mintaqadagi ta’sirining sezilarli ortishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari Arab Bahoridan keyin mintaqada Turkiya va Qatarning ta’siri ortishi kuzatildi. Mintaqadagi manfaatdor tashqi kuchlar, jumladan, AQSh ham o’z taktikalariga o’zgartirish kiritishga majbur bo’ldilar.

O’zining geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Qo’shma Shtatlar mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlik himoyachisi vazifasini bajarishga majbur bo’ldi; tarixdan xulosa chiqargan holda, Suriyaga harbiy intervensiya uyushtirish ortidan mintaqaviy kuchlar muvozanatini yana bir bor buzib yubormaslikka urindi; neftdan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishi mumkin bo’lgan mintaqadagi biror neftga boy davlatning mustaqil siyosat yuritishiga yo’l qo’ymaslik uchun kurashdi. Obama ma’muriyati mintaqaviy davlatlar o’rtasida qudrat va ta’sir doirasining o’ta notengligi hisobidan kuchlar muvozanatini qayta tiklash uchun ofshor muvozanatlash strategiyasidan foydalanishga qaror qildi. Biror mintaqaviy davlatning dominant qudratga aylanib ketmasligi uchun xech bo’lmaganda ikki mahalliy davlat o’rtasida teng kuchlar muvozanatini shakllantirish lozim bo’lib, shunda mintaqada yagona gegemon qudrat yoki bir-biri bilan ochiq kurashayotgan davlatlar bo’lgan holat kelmas edi. Bunday vaziyatda AQShning mintaqadagi jarayonlarga harbiy yo’l bilan aralashishiga hojat qolmas, ta’sir o’tkazish uchun mavjud havo va dengiz kuchlarini saqlab qolishning o’zi yetarli bo’lar edi. Mintaqada yagona davlat dominant qudratga ega bo’lmas va kuchlar muvozanati qayta tiklanar ekan, AQShning bu hududda harbiy jihatdan mavjud bo’lishiga ham sabab qolmaydi. Shu sababli Amerika Arab Bahoriga to’g’ridan-to’g’ri aralashishdan ko’ra, parda ortidan harakat qilishni ma’qul ko’rdi.

Bunday strategiya doirasida AQSh Turkiya va Eronning mintaqadagi kuchlari muvozanatini kafolatlash, o’zaro teng raqobatini shakllantirish uchun harakat qilmoqda. Buning ikki muhim sababi mavjud: 1) Turkiya o’zaro manfaatlar sababli AQShga qarshi siyosat yuritmaydi, rasmiy Vashingtonning raqibiga aylanmaydi va, 2) Turkiya va Eronning manfaatlari xech qachon bir joydan kesishmagan. Iroq-Eron raqobatidan so’ng mintaqada Turkiya-Eron ziddiyati avj ola boshladi. Ushbu ikki davlatning mintaqaviy ittifoq tuzish ehtimoli deyarli nolga teng. Shu sababli ular o’rtasida o’zaro teng kuchlar muvozanatini shakllantirish orqali AQSh mintaqani biror bir mahalliy davlatning mutlaq ta’siriga tushib qolishidan saqlashi mumkin. Bundan tashqari Turkiya va Eronning o’zaro raqobat doirasida qo’llashi mumkin bo’lgan siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy resurslar bo’yicha salohiyati o’zaro muvozanatda.

Obama hokimiyat tepasiga kelgan vaqtda Eron sanksiyalar tufayli ancha ojizlanib qolgan edi. Kuchlar muvozanati strategiyasi doirasida Obama ma’muriyati Eronning qudratini Turkiyaniki bilan tenglashtirishdan manfaatdor edi. Turkiya mintaqada dominantlik qilish ambitsiyalariga ega davlat bo’lib, Eron qudratining ortishiga toqat qila olmaydi va shu bilan birga Eronga nisbatan uzoq vaqt davomida raqiblik qilish salohiyatiga ega. Shuningdek, Turkiya Rossiyadan import qilinuvchi energetika resurslariga nisbatan qaramlikni kamaytirish maqsadida Yaqin Sharqdagi neftini qo’lga kiritish uchun harakat qilmoqda. Turkiyaning mintaqada qanday manfaati mavjud bo’lmasin, bu manfaatlar deyarli doimo Eronniki bilan qarama-qarshi chiqadi, shuning uchun turklar Arab Yarimoroli va arab mamlakatlaridagi Eronning ta’sirini susaytirish orqali mintaqa janubidagi neft resurslariga erishishni o’zlarining bosh maqsadlaridan biri deb hisoblaydilar. Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlaridagi davlat institutlari faoliyati izdan chiqar ekan, qudratli Turkiya va Eron navbatdagi mintaqaviy kuchlar muvozanatining asosiy ishtirokchilari bo’lib qolaveradilar. Natijada xaos va anarxiyaga botgan Yaqin Sharqdan ko’ra, ikki qutbli kuch markaziga ega nisbatan barqaror yangi tartibot paydo bo’ladi.

Har qanday diplomatiya va tashqi siyosiy faoliyat poydevori mamlakat ichida quriladi. Yaqin Sharq mintaqasidagi rejimlar, guruhlar va harakatlarni ichki siyosatda “milliy dushman” timsolida gavdalantirish orqali AQShning qator prezidentlari bu hududda faol siyosat imkonini beruvchi xalqning keng qo’llovini olishga erishdilar. Bunday strategiyadan AQSh hukmron siyosiy doiralari Sovuq Urush davrda Sobiq Sovet Ittifoqining eng ashaddiy dushman sifatida ko’rsatish yo’lida foydalanib, katta tajriba to’plagan edilar.

Siyosiy reallikda mavjud bo’lganidek, AQShning milliy manfaatlari ham Amerika xalqining milliy o’zligidan kelib chiqadi. Biror davlatning milliy manfaatlarini aniqlash uchun shu davlat xalqining milliy o’zligini yaxshi anglab olish zarurdir. Tarixan, Amerika xalqining milliy o’zligi to’rt muhim omil asosida shakllanib kelgan: irq, millat, madaniyat va mafkura. Hozirga kelib milliy o’zlik shakllanish jarayoniga irq va millat omili deyarli ta’sir o’tkazmaydi. Amerika millati o’zligida saqlanib qolgan asosiy unsurlar – anglo-protestant madaniyati va ozodlik-demokratiyaga intiluvchi aqida esa hozirda turfa xil mafkuralar, multikulturalizm va kosmopolitanizm bilan qorishib ketmoqda.

Bundan tashqari ispan tilining tez sur’atlarda tarqalishi ortidan Amerika xalqining ingliz va ispan tilida so’zlashuvchi ikki yirik jamiyatga bo’linishi kuzatilmoqda. Umumiy qilib aytganda esa, Amerika xalqi milliy o’zlik inqirozi yoqasida turibdi.

Amerika millatining o’zi turli manfaatlarga ega qutblarga bo’linib ketar ekan, tashqi siyosatning asosiga aylanishi lozim bo’lgan milliy manfaatlarni aniqlab olish ham mushkul masalaga aylanadi. Biroq 2001 yil 11 sentyabr voqealari bu qiyinchilikni anchayin osonlashtirdi. Osama ben Laden Jahon Savdo Markaziga xujum qilish orqali ikki muhim narsani o’zi bilmagan holda yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Birinchisi, u SSSR qulagandan beri mavjud bo’lib qolayotgan “ashaddiy dushman” bo’shlig’ida yangi milliy dushmanga aylandi va, ikkinchisi, u Amerika milliy o’zligida xristianlik unsurining dominant rolni egallashiga turtki berdi. Shunday qilib, 11 sentyabr voqeasidan keyin xristianlik ruhi yetakchiligida islomiy terrorizmga qarshi milliy vatanparvarlik ruhi shiddat bilan o’sib bordi. Bunday ruh va millat birligi Sovuq Urush yakuniga yetgan beri kuzatilmagan edi. Journalist Jorj Peker 11 sentyabr voqeasi haqida fikr bildirar ekan “ushbu voqea bizni biz yagona millatning bir bo’lagi ekanligimiz haqidagi haqiqatni qaytadan yodga olishimizga turtki berdi. Millatning qayta birlashishi, shubhasiz, bunday qonli voqeaning yagona va ijobiy natijasidir,” deb ta’kidlagan edi. 

Obama ham hokimiyatga kelgan chog’dan boshlab milliy o’zlik, milliy maqsad va milliy manfaat tushunchalariga yangi mazmun berish orqali o’z hokimiyatini mustahkamlashga intildi. Obama tashqi siyosat to’g’risidagi nutqlarida milliy qadriyatlar haqida so’zlab, Yaqin Sharqda olib borayotgan harakatlari milliy qadriyatlar – ozodlik va demokratiya tamoyillarini ta’minlashga qaratilganligini ko’p bor ta’kidlab keldi. Vashingtondagi siyosatchilarning Yaqin Sharqdagi manfaatlari qanday bo’lmasin, Amerika millatining aksariyat qismi ular ta’kidlayotgan gaplarni haqiqat sifatida qabul qildi. Hukumat tomonidan bo’rttirilgan dushmanlar timsoli oldidagi qo’rquv va vatanparvarlik hamda jahondagi boshqa xalqlarga ham demokratik imkoniyatlar yaratish yo’lidagi o’ziga xos mas’uliyat hissi Amerika millatining Obama tashqi siyosatini qo’llab-quvvatlashga undab keldi, o’z navbatida milliy o’zlik inqirozi davom etayotganligini ham namoyon qildi.

 

Yaqin Sharq siyosati shakllanishiga ta'sir etgan omillar

Biror tashqi siyosatni shakllantirish ham tashqi ham ichki omillarni hisobga olish asosida amalga oshiriladi. Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosati haqida so’z borar ekan, uning shakllanishiga uch omil asosiy ta’sir ko’rsatganligini ko’rish mumkin: ichki vaziyat, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi holat va mintaqada AQSh manfaatlariga tahdid solishi mumkin bo’lgan tashqi kuchlar.

AQSh tashqi siyosatidagi Yaqin Sharq vektori turli manfaatdor tomonlar, murakkab siyosiy tizim, ommaning siyosatga ta’siri, alohida guruhlar, ayniqsa, isroilparast lobbichilar, harbiy-sanoat komplekslari, shuningdek, doimo prezident vakolatlarini cheklashga urinadigan Kongress kabi ishtirokchilarning ta’siri ostida shakllangan. Oldingi prezidentlar kabi Obama ham bunday murakkab vaziyatda, manfaatdor va qudratli kuchlar o’rtasidagi muvozanatni saqlagan holda Yaqin Sharqqa nisbatan siyosat yuritishga majbur bo’ldi. O’z Yaqin Sharq siyosatini shakllantirishda turli ta’sir o’tkazuvchi kuchlar, manfaatdor tomonlar talablarini hisobga olishiga to’g’ri keldi. Natijada birinchi ma’muriyat tomonidan mintaqaga nisbatan olib borilgan siyosatda turli ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar yuzaga keldi. Shuningdek, Obama uch tomondan ichki bosimga uchradi: ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, manfaatdor guruhlar va saylov.

Iqtisodiy-ijtimoiy muammolar ichki bosimning eng birinchisi bo’ldi. Obama 2009 yilda prezident sifatida qasamyod keltirgandan so’ng moliyaviy inqiroz ortidan yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va iqtisodiyotni qayta tiklash yangi ma’muriyat zimmasidagi eng birinchi vazifalardan biri edi. Obama o’z oldiga iqtisodiyotni rivojlantirish, ishsizlik darajasini pasaytirish, sog’liqni saqlash sohasida islohotlar o’tkazish va muqobil energiya olish imkoniyatlarini kengaytirishni o’zi uchun asosiy maqsad qilib qo’ydi. Iroq va Afg’oniston urushlariga sarflanayotgan katta miqdordagi mablag’lar Obamaning sanab o’tilgan maqsadlariga erishish yo’lidagi imkoniyatlarini keskin kamaytirdi. Obama Iroqdan AQSh harbiylarini olib chiqdi va birinchi prezidentlik muddati davomida mavjud 1,3 trillionga teng moliyaviy kamomadni ikki barobarga qisqartirishni rejalashtirdi. Moliyaviy inqiroz oqibatida ishsizlik darajasining 10 foizdan oshib ketgani ijtimoiy beqarorlik keltirib chiqarayotgan edi. 2011 yil sentyabridagi iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklarga qarshi boshlangan “Occupy Wall Street” (Uoll Stritni egalla) harakati mazkur beqarorlikning yuqori cho’qqisi bo’ldi. Obama global terrorizmga qarshi kurash siyosatiga resurslar ajratishni keskin kamaytirib, asosiy e’tiborni ichki barqarorlikni ta’minlash uchun xalqaro iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni mustahkamlashga qarata boshladi.

Obama uchun ikkinchi ichki bosim manfaatdor guruhlar tomonidan keldi. Bunday guruhlar hukumat yuritayotgan tashqi siyosatga ta’sir o’tkazish va manipulyatsiya qilish orqali o’z manfaatlarini amalga oshirib olishga harakat qiladilar. Yaqin Sharq siyosati misolida manfaatdor guruhlar sifatida isroilparast lobbichilar va harbiy-sanoat komplekslarini misol keltirish mumkin. Amerika-Isroil Ijtimoiy Ishlar Qo’mitasi (AIPAC), Amerika Yahudiylari koalitsiyasi kabi guruhlar Yaqin Sharqda AQShning Isroil manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritishiga katta ta’sir ko’rsatadilar. Isroilga ko’rsatilayotgan katta miqdordagi moliyaviy va harbiy ko’makdan tashqari isroilparast lobbichi guruhlar Vashingtonni Isroil-Falastin mojarosi, Iroq Urushi va Eron yuzasidan o’z manfaatlariga mos siyosat yurishitishi uchun undashga urindilar. Bunday guruhlarning ta’sir o’tkazish yo’llari turlicha, masalan, saylov kampaniyalariga homiylik qilish, ovoz berish jarayonlarida to’siqlar yuzaga keltirish, Kongress faoliyatiga lobbichilik orqali aralashish va h.k. ­­Yaqin Sharq masalasida Kongress faoliyatiga isroilparast lobbichilar aralashgan vaqtda prezidentning mustaqil tashqi siyosat yuritish imkoniyatlari keskin cheklanadi.

Yana bir tashqi siyosatga ta’sir o’tkazuvchi omil – harbiy-sanoat komplekslaridir. Bunday guruhlar yirik miqdordagi qurol-yarog’ savdosi amalga oshiriladigan urushlardan katta foyda oladi. Ularning Yaqin Sharq siyosati va mintaqadagi davom etayotgan beqaror vaziyatdan ham manfaatdorligi shubhasiz. 2011 yil aprel oyida, ya’ni arab mamlakatlarida vaziyat ayni keskinlashgan pallada AQSh sobiq Mudofaa vaziri Robert Geyts Saudiya Arabistonining Bahrayndagi namoyishlarni bostirish uchun uyushtirgan intervensiyasiga nisbatan biror munosabat bildirmasdan, ushbu qirollik bilan Amerika harbiy sanoatida millionlab yangi ish o’rinlari ochilishiga zamin yaratadigan 60 milliard dollarlik qurol-yarog’ savdosi bo’yicha shartnoma imzoladi. Qisqacha aytganda, bunday manfaatdor mavjudligi sababli Obama o’z ta’kidlaridagi siyosatni amalga ko’chira olmadi.

Ichki siyosatdagi uchinchi bosim o’tkazuvchi omil – saylovdir. 2011 yildagi saylovoldi kampaniyalarda ikkinchi muddat uchun kurashayotgan Obama 2008 yilga nisbatan ancha to’siqlarga duch keldi. Birinchi muddat davomida Vashingtondagi siyosiy tartiblarni o’zgartirishga uringan Obama va uning jamoasi bunday faoliyatni davom ettirish ortidan ikkinchi muddat uchun saylovlarni yutib chiqa olmasligini angladi. 2008 yilda deyarli 78 foiz yahudiy saylovchilarning qo’lloviga erishgan Obama 2012 yildagi saylovlarda bunday imkoniyatdan mahrum bo’lish arafasida qolgan edi. AQShdagi saylov jarayonlariga katta ta’sir o’tkazuvchi yahudiy lobbichilar bosimi ostida qolgan Obama saylovdi kampaniyalari davrida o’zining avvalgi Isroilga nisbatan tanqidiy munosabatini o’zgartirishga majbur bo’ldi. Shuningdek, birinchi prezidentlik davri uchun saylovlarda kechganidek, Obama dohil boshqa nomzodlar ham moliyaviy inqiroz tufayli tashqi siyosatga sovuqqon munosabat bildirayotgan saylovchilar e’tiborini jalb qilish uchun ko’proq ichki masalalarga urg’u berishdi. 2011 yilda o’tkazilgan so’rovnoma natijalariga ko’ra, ishtirokchilarning faqat 3 foizi Afg’onistondagi terrorizmga qarshi harakatlarning muhimligini bildirgan bo’lsa, 73 foiz odam Obama ko’proq ichki muammolarni hal qilishi lozimligini ta’kidlagan. Amerika xalqi va siyosiy doiralarida paydo bo’lgan bunday neo-izolyatsianizm kayfiyati Obamaning tashqi siyosiy faoliyatiga ham ta’sir qilmay qoldi. Ichki siyosatda yuqorida sanab o’tilgan ichki bosimlar qarshisida qolgan Obama Yaqin Sharq mintaqasidagi dinamik o’zgarishlarga ta’sir o’tkazishda turli qiyinchiliklarga uchradi.

Etnik va oqimlarning o’zaro kurashi bilan qorishib ketgan murakkab geosiyosiy tuzilmaga ega Yaqin Sharqda doimo joriy qilingan mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlari davomiy beqarorlik bilan yakun topgan. Biroq, paradoksal ravishda, avtoritar rejimlar boshqaruvi ostida mintaqada barqarorlik nisbiy darajada mavjud edi. Iroq Urushi Saddam Husayn rejimini ag’darib, bu mamlakatni parokanda holga tushirib qo’ygan bo’lsa, Arab Bahorida boshqa avtoritar rahbarlarning hokimiyatdan ketishi ortidan deyarli butun mintaqada barqarorlik tizimi izdan chiqdi. “Inqiroz bir qancha frontlar bo’ylab davom etmoqda: sunniylar-shialar, arablar-forslar, sekularistlar-islomistlar, demokratlar-avtokratlar va h.k. Bu inqirozning siyosiy asoslari esa 1919 yildagi Parij Tinchlik Konferensiyasida qo’yilgan edi,” deb fikr bildirgan edi Stiven Volt o’z maqolalaridan birida. Yaqin Sharqdagi bunday murakkab vaziyatni uch asosiy sabab bilan izohlash mumkin:

Birinchidan, geografik yarim oy shaklida joylashgan shialar mintaqada ma’lum noaniqliklar keltirib chiqaradi. Eron-Iroq-Suriya-Livan-Falastin chizig’ida joylashgan shialar Yaqin Sharqda o’ziga xos siyosiy ittifoqni shakllantirib, AQSh ta’siri ostidagi Saudiya Arabistoni, Misr va Isroilga nisbatan raqib kuchga aylanadi. Mintaqadagi shia kuchlarining yetakchisi bo’lmish Eron AQSh va uning ittifoqchilari amalga oshirayotgan terrorizmga qarshi urush oqibatida sezilarli darajada qudratga erishdi. Eron oxir-oqibat yadroviy qurolga erishib, AQShga nisbatan ochiq tahdidga aylanidimi yoki Isroil va AQSh Eronga qarshi  oldini oluvchi xujumlarni amalga oshiradimi yo’qmi, degan savol hanuz ochiq qolmoqda. Suriya masalasidan xulosa chiqargan xalqaro hamjamiyat mintaqa bundan keyin shia va Sunniy Arab Dunyosi o’rtasidagi raqobat maydoniga aylanib qolishidan xavotir bildirmoqda. Bundan tashqari mintaqada yuzaga kelgan biror inqirozga mahalliy kuchlar qanday munosabat bildirishini oldindan tahmin qilish doimo mushkul. Mobodo Assad hokimiyatdan ketgudek bo’lsa, Suriyadagi kuchlar muvozanati keskin izdan chiqib ketadi va inqiroz Livan hamda Falastinga ham tarqaydi, natijada mintaqadagi muhim ittifoqdoshlaridan ayrilgan Eron o’z muhofazasi uchun yadroviy dasturi ustidagi jarayonlarni jadallashtira boshlaydi. Shu sababli shialar yashaydigan geografik yarimoy mintaqada beqarorlik keltirib chiqaruvchi omillar ichida yuqori o’rinda turadi.

Ikkinchidan, Isroilning xavfsizlik nuqtayi-nazaridan kelajagi noaniq. Bir necha Isroil-Arab mojarolaridan keyin Misr kabi mo’tadil arab mamlakatlari tomonidan ta’minlangan tinchlik sharoiti hozirga kelib yo’qqa chiqdi. NATO a’zosi bo’lgan Turkiya ham islomiy partiyaga asoslangan hukumat siyosati ortidan Arab Bahori arafasida Isroil bilan yaqin aloqalarni susaytirdi. 2011 yilda boshlangan inqiroz ortidan arab mamlakatlarida ortib ketgan ekstremistik kayfiyatga harakatlar nazoratdan chiqib ketishi ortidan Isroilning kelajakda bunday kuchlar tahdidiga duch kelmasligi kafolati ham mavjud emas. 1979 yilda Kemp Devid shartnomasi natijasida yuzaga kelgan nisbiy tinchlik shu tariqa hozirga kelib yo’qqa chiqdi. Isroilning xavfsizlik kelajagi savol ostida qolishi AQShning mintaqadagi yagona ittifoqdoshini himoya qilish uchun yanada ko’p mablag’ va resurs sarflashiga sabab bo’ldi.

Uchinchidan,  Fors ko’rfazi davlatlaridagi vaziyat kelajakda qanday bo’lishi bo’lishi noaniq. Bu hududdagi monarxiyalar Arab Bahori davridagi norozilik to’lqinidan qutilib qolishga vaqtincha muvaffaq bo’lgan bo’lsada, bu mamlakatlardagi siyosiy jarayonlar rivoji bir tekisda davom etmasligi tayin. Fors ko’rfazi davlatlari Isroil singari AQShning asosiy ittifoqdoshi bo’lmasa ham, Saudiya Arabistoni kabi arab davlatlari Vashingtonning Yaqin Sharq siyosatidagi muhim ustunlardan hisoblanadi. Ular mintaqadagi har qanday jarayonga ta’sir o’tkaza oladi. Fors ko’rfazi monarxiyalaridagi har qanday ichki siyosiy o’zgarish Yaqin Sharq mintaqasida sezilarli aks etishi mumkin.

Amerika Qo’shma Shtatlarining harbiy va siyosiy ta’sirini Yaqin Sharqdagi izdan chiqqan barqaror holatning asosiy sababi sifatida ko’rsatish har doim ham to’g’ri bo’lmaydi. Amerika Yaqin Sharqdagi manfaatlaridan voz kecha olmaydi, lekin mintaqadagi jarayonlarga chuqur aralashib qolishni ham istamaydi. Murakkab va noaniq geosiyosiy vaziyatni hisobga olib, AQSh mintaqadagi o’zgarishlarda faol ishtirok etishdan tiyilgan holda, mahalliy kuchlar o’rtasidagi kuchlar muvozantini qayta tiklash orqali o’z ta’sirini saqlab qolish Amerika uchun pragmatik strategiyalardan biri sanaladi.

Strategik muhimligi sababli Yaqin Sharq mintaqasida hamisha tashqi kuchlar, qudratli davlatlarning manfaati to’qnashib kelgan. Jumladan, Obama ma’muriyati ham Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi kabi kuchlar bilan mintaqada raqobatlashib kelmoqda. Sovet Ittifoqdan so’ng yuzaga kelgan o’n yillik tanaffusdan so’ng Rossiya yana Yaqin Sharqning raqobat maydoniga qaytdi. Xitoyning Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlarga faol aralashuvi kuzatilmasada, BMT Xavfsizlik Kengashidagi vakolati orqali Suriya va Eron masalasi bo’yicha rezolyutsiyalarga o’z ta’sirini o’tkazib kelmoqda. Mintaqa bilan chuqur tarixiy aloqalarga ega Yevropa Ittifoqi ham katta ta’sir kuchiga ega akter sanaladi.

AQShning mintaqadagi asosiy raqibi Rossiyadir. Obama hokimiyatga kelgan vaqtda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev jahondagi neftga nisbatan belgilangan narx Rossiya iqtisodiy kelajagi uchun o’ta muhim omil ekani, neftga boy Yaqin Sharq esa hayotiy muhim milliy manfaatlar mavjud mintaqaligini ko’p bor ta’kidlagan edi. Yirik energetika eksportchisi sifatida Rossiya jahondagi neft narxini o’z manfaatlariga mos darajada ushlab turish uchun Yaqin Sharqdagi ta’sir doirasini qaytadan kengaytirishga harakat qila boshladi. Bundan tashqari keng savdo aloqalari, ayniqsa, mintaqaning avtoritar rejimlari bilan qurol-yarog’ savdosi bo’yicha kelishuvlarga AQSh tomonidan amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar ortidan jiddiy putur yetdi.

Vladimir Putin Yeltsindan keyin hokimiyatni qo’lga olgandan so’ng mamlakatni inqirozdan chiqarish uchun keng ko’lamli harakatlarni boshladi. Qisqa muddat ichida iqtisodiy va siyosiy jihatdan oyoqqa turib olgan Rossiya endilikda xalqaro jarayonlarga ham aralasha boshladi. Avvaliga, Putin Yaqin Sharq masalasida AQSh bilan hamkorlik qilish va buning evaziga ayrim mintaqaviy davlatlar mustaqil aloqalarni saqlab qolishga yo’naltirilgan pragmatik diplomatiya yo’lini ma’qul ko’rdi. Yetarlicha qudratga erishib, global ta’sirga ega davlatga aylana olgan Rossiya endigina hokimiyat tepasiga kelgan Obama ma’muriyati bilan nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun dunyoda raqobat qilishga kirishib ketdi. Mintaqa bo’yicha bu ikki davlat o’rtasidagi raqobat Rossiyaning asosiy ittifoqdoshlari bo’lmish Iroq va Liviyadagi rejimlar qulashi ortidan yuqori cho’qqiga yetdi. Endilikda Rossiya eng asosiy mintaqaviy hamkori – Suriyadagi Assad rejimini saqlab qolish uchun kurasha boshladi.

Suriya 1960 yillar oxiridan beri Rossiyaning yaqin hamkori bo’lib, armiyasini asosan Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollar bilan ta’minlab kelardi. Tartus portida esa Rossiyaning MDH hududidan tashqari, dunyodagi yagona xorijdagi harbiy bazasi joylashgan. Suriyada fuqarolik urushi boshlangandan so’ng Rossiya Xitoy bilan birgalikda BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida Assad rejimiga qarshi ishlab chiqilgan rezolyutsiya loyihalarga bir necha bor veto e’lon qildi. AQSh va Rossiya hozirga qadar Yaqin Sharq bo’yicha aniq bir umumiy kelishuvga kela olmayaptilar.

Xitoy ham Yaqin Sharqda AQSh bilan raqobat qiladigan qudratli davlatlardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy jihatdan salmoqli qudratga erishib, global davlatga aylangandan so’ng Xitoy dunyoning har bir mintaqasida AQShning raqobatchisiga aylandi. Uchinchi dunyo mamlakatlarini investitsiyalar bilan ta’sir doirasiga olishni ma’qul ko’radigan Xitoy e’tiboridan Arab va Islom Dunyolari ham chetda qolmagan. Xitoy arab monarxiyalari ishlab chiqargan neftning asosiy xaridori bo’lib, ular o’z navbatida Pekin hukumatini xalqaro masalalarda qo’llab-quvvatlashga intiladilar. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, Xitoy 2010 yilda jami 239 million tonna neft import qilgan bo’lib, buning 81 foizini Yaqin Sharq va Afrika nefti tashkil qiladi. Yuqorida ta’kidlangandek, Xitoy Yaqin Sharq mintaqasiga katta miqdorda to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar kiritgan. Misol uchun, Liviyada Kaddafi rejimi ag’darilishi ortidan faoliyat yuritayotgan Xitoyning 75 ta kompaniyasi mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi, 50 ta iqtisodiy loyiha bekor qilindi, ko’rilgan zararning umumiy miqdori 18,8 milliard dollarga teng bo’ldi. Shuningdek, Xitoy Shinjon Uyg’ur o’lkasi, Tibet va boshqa hududlaridagi ayirmachilik harakatidan iborat ichki beqarorlikka qarshi doimo kurashib keladi. Shu sababli dunyodagi hududlar ayirmachiligi, ekstremizm va terrorizm bilan bog’liq har qanday inqiroz Xitoyni befarq qoldirmaydi. Rasmiy Pekin jahonda yuz berayotgan inqirozlar, o’z nazorati ostidagi ayirmachi hududlarga ta’sir o’tkazmasligi uchun, diplomatik yo’l bilan hal qilinishi lozim, harbiy kuchdan foydalanish faqat vaziyat keskinlashishiga sabab bo’ladi, degan qarashni ilgari surib keladi. Isroil-Falastin masalasi bo’yicha Xitoyning munosabati Isroil-AQSh tandemi falastinliklarning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini cheklamasligi zarur, degan qarashdan iborat. BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Xitoy 2011 yildan AQSh va Yevropa davlatlari tomonidan Eronga nisbatan sanksiyalarni qattiqlashtirish harakatlariga qarshilik bildirib keladi. 2012 yilda Xitoy Eronga qarshi sanksiyalar haqida munosabat bildira turib, rasmiy Tehronga qarshi jazo choralari to’laligicha AQShning ichki qonunlariga asoslanib, bir davlatning ichki qonunlari boshqa davlatlarning o’zaro aloqasini cheklashga asos bo’la olmasligini ta’kidlagan holda o’z noroziligini bildirgancha, Eronning o’z neftini eksport qilish huquqi qaytarilishini talab qilgan edi. Umumiy xulosa qilganda, Xitoy Obama birinchi ma’muriyati davomida o’z manfaatlari doirasidan kelib chiqib, Yaqin Sharqda AQShning asosiy raqiblaridan biri bo’ldi. O’z ixtiyoridagi xalqaro vakolatlar orqali Amerikaning mintaqadagi ta’sirini ma’lum miqdorda cheklashga harakat qildi.

Yarim asrdan ortiq vaqt davomidagi mustahkam ittifoqchilik aloqalari mavjud bo’lishiga qaramay, Yevropa Ittifoqi ham AQSh bilan ma’lum masalalarda raqobatga kirishadi. Yaqin Sharq mintaqasi bunday raqobat maydonlaridan biridir. Yevropaning qudratli davlatlari mazkur mintaqada chuqur tarixiy manfaatlar va ta’sir doirasiga ega. Ikkinchi Jahon Urushidan so’ng bir ittifoqqa birlashgan Yevropa davlatlari izdan chiqqan iqtisodiy tizimni qayta tiklash uchun Yaqin Sharq resurslaridan foydalanishga harakat qildilar. Aksariyat mintaqaviy davlatlarning tarixda Yevropa koloniyalari bo’lganligi yangi ittifoq uchun qaysidir ma’noda qo’l keldi. Biroq Sovuq Urushdan so’ng AQShning mintaqada faollashuvi Yevropa Ittifoqi manfaatlari oldida qator to’siqlarni keltirib chiqardi. Yevropa Ittifoqi va AQShning Yaqin Sharqdagi raqobatini uch omil yordamida o’rganish mumkin:

Birinchisi, Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdagi xavfsizlik masalalarida AQSh bilan hamkorlik qilsada, boshqa tomondan mintaqaviy ta’sir uchun kurash olib bordi. Iroq Urushidan so’ng keskinlashib ketgan anti-amerikanizm fonida islomiy jamiyatlar Yevropa davlatlariga nisbatan mo’tadil munosabatda bo’lishdi. Sababi Iroq Urushi so’ngiga kelib, Yevropa davlatlari AQSh intervensiyasi xato bo’lganligini ta’kidlay boshlagan bo’lsa, boshqa tomondan mahalliy odamlarga katta miqdorda gumanitar yordam yetkazib bera boshladi. 2011 yil fevral oyi, ya’ni mintaqaviy vaziyat izdan chiqa boshlagan paytda Yevropa Ittifoqining Tashqi Ishlar va Xavfsizlik Siyosati bo’yicha Katta Vakili Ketrin Ashton Tunis, Isroil, Falastin, Livan va Iordaniyaga tashrif buyurib, rasmiy Brussel demokratik talablarni qo’llab-quvvatlashi, mintaqa bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishi, xavfsizlik masalalari bo’yicha hamkorlikni mustahkamlashi va ko’rsatilayotgan yordam miqdorini ko’paytirishini ma’lum qildi. Natijada Yevropa Ittifoqining imidjini mintaqaviy inqiroz keskinlashishi fonida sezilarli yaxshilashga muvaffaq bo’ldi, musulmon dunyosida Yevropaga nisbatan ishonch anchayin mustahkamlandi.

Ikkinchisi, Yevropa Ittifoqi ham boshqa kuchlar kabi mintaqadagi energetika resurslariga erishishdan manfaatdor. Yevropadagi siyosiy va iqtisodiy barqarorlik energetika ta’minotiga bog’liq bo’lib, ittifoq import qiladigan neft va tabiiy gaz resurslarining yarmidan ko’pi Yaqin Sharq hissasiga to’g’ri keladi. Mintaqadagi energetika resurslari xavfsizligidan eng manfaatdor kuch Yevropa Ittifoqi hisoblanadi, sababi, yuqorida ta’kidlangandek, energetika omili to’g’ridan-to’g’ri ittifoqdagi barqarorlikka ta’sir o’tkazadi. Shu sababli Yevropa Ittifoqi mintaqa resurslari nazorati yagona dominant qudrat, ayniqsa AQSh, qo’liga tushib qolmasligi uchun doimo kurashadi. Bundan tashqari Barselona Jarayoni va O’rta Yer Ittifoqi AQShning Yaqin Sharqdagi manfaatlariga jiddiy ta’sir ko’rsatdi.

Uchinchisi, Yevropa Ittifoqi va AQSh Yaqin Sharq mintaqasidagi aksariyat keskin masalalarda yakdil fikrga ega emas. Masalan, Ittifoqning yetakchi davlatlari bo’lmish, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya BMTda Falastin tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, egallab olingan hududlardagi Isroilning noqonuniy aholi punktlari qurilishini qoralovchi rezolyutsiya loyihasiga ovoz berganlar. Garchi 2011 yil fevralida AQSh o’zining BMT Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqidan foydalangan holda, bu loyihani bekor qildirishga erishgan bo’lsada, bu holat Vashington va Brussel Isroil-Falastin mojarosida qarama-qarshi fikrda ekanligini namoyon qiladi. Terrorizmga qarshi kurash doirasida ham Yevropa davlatlari AQSh bilan doimo bir to’xtamga kela olmaydi. AQShning Iroqqa intervensiya uyushtirish bo’yicha qabul qilgan uniletar qarorini YeI ko’p bora tanqid qildi. Yevropa Ittifoqining nuqtayi-nazaricha, Yaqin Sharqdagi barqarorlikni tiklash uchun harbiy kuchga urg’u berish pragmatik yo’l emas. Eron yadroviy dasturi yuzasidan kelib chiqqan xalqaro mojaroda ham, Yevropaning yetakchi davlatlari Eronning tinchlik yo’lida atom energiyasidan foydalanish huquqi hurmat qilinishi ko’p marta ta’kidlagan edi. Arab Bahori vaqtida AQShning mintaqaviy o’zgarishlarga aralashmaslikka intilishi Yevropa Ittifoqi davlatlari oldida Yaqin Sharqda ta’sir doirasini oshirib olish yo’lida qator imkoniyatlarni yuzaga keltirdi. Shu paytgacha AQShning mintaqadagi yordamchisi vazifasini o’tab kelgan yevropaliklar, endilikda, mustaqil Yaqin Sharq siyosatini shakllantirish jarayonini boshladilar.

 

AQSHning muhim hayotiy manfaatlari jamlangan Yaqin Sharq Barak Obama birinchi ma’muriyati olib borgan global strategiyaning muhim vektorlaridan biri bo‘ldi. Moliyaviy inqiroz oqibatlari, Yaqin Sharqdagi keskin o‘zgarishlar va Osiyoda qudratli davlatlarning paydo bo‘lishi sababli Barak Obama birinchi prezidentligi davrida ichki siyosatga ko‘proq urg‘u berib, tashqi siyosat asosiy vektorlarini Yaqin Sharqdan Osiyo-Tinch Okeani mintaqasi tomon yo‘naltirishga harakat qildi. Biroq, Arab Bahorining boshlanishi va Yaqin Sharq davlatlari bo‘ylab shiddat bilan yoyilishi ortidan mintaqaning AQSH tashqi siyosatidagi ahamiyati qaytadan orta bordi. Terrorizmga qarshi kurash, ommaviy qirg‘in qurollari yaratilishining oldini olish, energetika xavfsizligini ta’minlash va Isroil davlatini muhofaza qilishdan iborat bo‘lgan Amerikaning Yaqin Sharq mintaqasidagi eng asosiy manfaatlari Barak Obama birinchi ma’muriyati boshqaruvi davrida ham deyarli o‘zgarishsiz qoldi.

Turli qiyinchiliklar seriyasiga duch kelgan bo‘lsada, prezident Obama Yaqin Sharqning strategik muhimligi va milliy manfaatlar mavjudligi sababli bu mintaqadagi ta’sir doirasini faollashtirishga harakat qildi. Islomiy Dunyo bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘ladimi yoki mintaqadagi davlatlarning ichki ishlariga aralashishmi – bu barchasi AQSH manfaatlarini muhofaza qilish uchun amalga oshirilgan bo‘lib, Obama hukumati o‘z ta’siri ostidagi mintaqaviy kuchlar muvozanatini qayta tiklashga intilgan holda, bu orqali ichki siyosatdagi barqarorlikni ta’minlash uchun imkoniyat yaratishga urindi. Barak Obama birinchi ma’muriyati davrida ham AQSHning Yaqin Sharqdagi fundamental maqsadlari o‘zgarmay qoldi.

O’z prezidentligining birinchi davrida, Jorj Bush harbiy intervensiyalari oqibatlarini yumshatish maqsadida, Obama Yaqin Sharqdagi musulmon jamiyatlari bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qildi. Biroq, xech qanday vaqt o’tmay, Obama Yaqin Sharqqa xos keskin o’zgarishlarga duch kelib, mintaqaga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqishiga to’g’ri keldi. Qayd qilish lozim, Barak Obama Yaqin Sharq masalasi bo’yicha AQShning ana’naviy qarashlaridan biroz cheklanib, ma’lum yutuqlarga erishdi. Iroqdagi urushga chek qo’yilib, harbiy kuchlarni olib chiqilishi va Eron yadroviy dasturi bo’yicha diplomatik hal qilish choralarining ko’rilishini shunday yutuqlar sirasiga kiritish mumkin. Obama AQShning mavjud qattiq kuch orqali bosim o’tkazish strategiyasini Yaqin Sharq mintaqasida yumshoq kuchni qo’shgan holda olib bora boshladi. Biroq Obama tomondan olib borilgan qatiiq va yumshoq kuchlar kombinatsiyasi Yaqin Sharqdagi har bir masalaga tengdan qo’llanilmadi. Masalan, Isroil-Falastin mojarosida AQShning rasmiy Tel-Aviv manfaatlarini himoya qilishida buni yaqqol ko’rish mumkin.

Obama tomonidan yo’l qo’yilgan strategik noqisliklardan biri – bu mintaqani yahlit birlik sifatida qabul qilish bo’ldi. Barak Obama Bush ma’muriyatining uniletarist qarashidan farqli o’laroq, mintaqadagi har bir davlat, harakat va jamiyatni alohida bir birlik sifatida ko’rishga harakat qilgan bo’lsada, amalda AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan uzoq vaqtlik munosabatidan chekina olmadi. Favaz Jerjes yozganidek “mintaqaga ichkaridan nazar tashlash o’rniga, Amerika rasmiylari globalist nuqtayi-nazaridan – tashqaridan qarashdi.”

Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharqqa nisbatan siyosati moslashuvchan, pragmatik dunyoqarash asosiga qurilgan bo‘lib, unda yumshoq kuch va ofshor muvozanatlash strategiyasidan keng qo‘llanilganligini kuzatish mumkin. Obama Yaqin Sharqqa nisbatan Jorj Bush ma’muriyati olib borgan unileteral siyosatni ko‘p tomonlama mexanizmlar orqali xalqaro hamkorlikka  urg‘u beradigan «birlik va muloqot» yondashuvi bilan almashtirishga harakat qildi. Lekin ushbu yondashuvda harbiy kuchdan foydalanish ehtimolini ko‘zdan qochirmadi. Yumshoq kuch ko‘zlangan natijalarni bermagan holatlarda, Obama harbiy tahdid va iqtisodiy sanksiyalardan iborat qattiq kuchdan foydalanishga qaror qildi. Bunday holatlarni Suriya va Eron misolida kuzatish mumkin.

Tadqiqot davomida tahlil qilinganidek, Barak Obama o‘zining birinchi davri davomida olib borgan Yaqin Sharq siyosatida qator strategiyalar, taktikalar, mexanizmlar va uslublarni yangilik sifatida qo‘llagan bo‘lsada, u AQSHning ushbu mintaqaga nisbatan tub yo‘nalishini o‘zgartirishsiz saqlab qoldi. Obama AQSH tashqi siyosiy faoliyatida yarim asrdan beri davom etayotgan Isroil davlati manfaatini boshqa mintaqaviy kuchlarnikidan ustun qo‘yish yo‘nalishidan voz kechmadi, oqibatda Yaqin Sharqdagi jamiyatlarning AQSHga nisbatan ishonchni quyi holda saqlanib qoldi. Xulosa qilib aytganda, AQSHning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosiy yo‘nalishi Barak Obama birinchi ma’muriyati davrida ham deyarli jiddiy o‘zgarishga uchramadi. Pirovardida, AQSHning mintaqa bo‘ylab dominant ta’siri ta’minlanmadi.

          

 

 

Yorliq so'zlar: Geostrategiya, Geoekonomika, Moliya va geopolitika, Mafkuralar geopolitikasi

O'xshash maqolalar

  • Obama va Yaqin Sharq (2-qism)

Android dastur

Agar sizda Android uskuna bo'lsa, siz ushbu sayt maqolalarini maxsus Android dastur yordamida ham o'qishingiz mumkin.

Dasturni Google Play Market orqali yoki to'g'ridan-to'g'ri yuklab olishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar

Maqolalar arxivi

  • ► 2020 (3)
    • ► May (2)
      • • Rossiya - Global kuchmi?
      • • Usmoniylar imperiyasi – tugallanmagan mozaika
    • ► Aprel (1)
      • • Usmoniylar imperiyasi - yaratilish tarixi
  • ► 2017 (10)
    • ► Dekabr (1)
      • • Rossiyaning Suriyadagi tuganmas urushi
    • ► May (2)
      • • Katta urush: Yaqin Sharqda kim kimga qarshi jang qilmoqda
      • • Dunyodagi Uyg’ur diasporasi – mustaqillik uchun kurashning mag’lubiyati
    • ► Aprel (2)
      • • Terrorisme : pourquoi voit-on autant d’Ouzbeks dans les attentats ?
      • • 21-asrda populizm – demokratiyaning qasosi (1-qism)
    • ► Fevral (3)
      • • Vayronkorlik “San'ati”
      • • Turkmaniston – abadiy barqaror mamlakat(?)
      • • Le terroriste d'Istanbul, reflet de la riche filière djihadiste d'Asie centrale
    • ► Yanvar (2)
      • • Sinzyan - Xitoyning katta g'arbi
      • • Uyg‘ur muammosiga nazar – Tarix va Geografiya
  • ► 2016 (17)
    • ► Noyabr (1)
      • • A new hope for Uzbekistan?
    • ► Oktyabr (2)
      • • TTIP - Dunyodagi eng katta erkin savdo zonasi
      • • Xalqaro savdoning mutatsiyasi - TTIP, CETA, TPP, RCEP
    • ► Sentyabr (1)
      • • Mourning Islam Karimov
    • ► Iyul (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (3-qism)
    • ► Iyun (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (2-qism)
    • ► May (6)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : avenir (3/3)
      • • Obama va Yaqin Sharq (1-qism)
      • • La diaspora ouighoure en Turquie : islamisation (2/3)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : origine (1/3)
      • • Har qanday urushda mag'lublar ikkita bo'ladi
      • • La route de l'info passe aussi par l'Asie centrale
    • ► Aprel (1)
      • • Sovet soyasi va Biz
    • ► Mart (1)
      • • L'Asie centrale sous le prisme de la crise russo-turque
    • ► Fevral (1)
      • • Rossiya strategiyasini ifoda etuvchi 10 xarita
    • ► Yanvar (2)
      • • Rossiyaning navbatdagi "do'sti" kim?
      • • O'zbekiston-AQSh: Geopolitika.uz blogi asoschisi bilan intervyu
  • ► 2015 (20)
    • ► Dekabr (3)
      • • Rossiya va Turkiya - azaliy raqobat
      • • Demokratiya: anglashilmovchilik tarixi
      • • Turkiya siyosiy falokat yoqasida
    • ► Oktyabr (2)
      • • Suriya inqiroziga qayta nazar – Kuchlar nisbati (1-qism)
      • • Siyosiy Islomning radikal Islom hisobiga mag'lubiyati
    • ► Sentyabr (1)
      • • L’enseignement des sciences politiques interdit en Ouzbékistan
    • ► Avgust (3)
      • • Sivilizatsiyalar oxiri: Yo'qlikka yuz tutish yoki O'zgarish?
      • • ISHID Afg'onistonda - Propoganda yoki Haqiqat?
      • • Geopolitika va Din: Pravoslaviya va Rossiya
    • ► Iyun (1)
      • • Dunyo yuzini o'zgartirgan siyosiy-ijtimoiy revolyutsiyalar
    • ► May (1)
      • • Amerika Imperiyasi haqida
    • ► Aprel (3)
      • • Pourquoi la Turquie fait fausse route en Asie centrale
      • • Yaman - Yangi geopolitik front?
      • • Yaman - geopolitik tarix
    • ► Mart (2)
      • • Usbekistan – Die unterschätzte Landflucht
      • • Suriyadagi Jihodchilar kimlar?
    • ► Fevral (1)
      • • L'islamisme: nouvelle gangrène du Kirghizistan
    • ► Yanvar (3)
      • • Turkiyasiz Yevropa
      • • Putin hokimiyati nega mustahkam?
      • • Sharli Hebdodan keyingi Geopolitik to'lqin
  • ► 2014 (28)
    • ► Dekabr (3)
      • • Ouzbékistan : l'exode rural négligé
      • • Узбекские исламисты в Сирии
      • • Les islamistes ouzbeks: quel Jihad?
    • ► Noyabr (2)
      • • Afg'on muammosi yechimi Qatarning qo'lidami?
      • • Turkiya va Islom - Moziyga nazar
    • ► Oktyabr (4)
      • • Afg'oniston saylovlari: Etnik ajralishlarga qaytish?
      • • Les obligations en Ouzbékistan : arnaque ou malentendu ?
      • • Moynaq, ou le désastre de la Mer d’Aral
      • • L'Ouzbékistan sur liste rouge : un choix justifié ?
    • ► Iyun (5)
      • • Iroq Inqirozi: Kim aybdor?
      • • Dunyoning eng kichik lekin katta ta'sirga ega bo‘lgan 10 ta mamlakati
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Actualité d’un débat (2/2)
      • • Beijing’s pragmatism and energy demand serve it well in Central Asia
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Héritage d’un débat (1/2)
    • ► May (4)
      • • Osiyo taqdirini o'zgartirgan hafta
      • • CICA : un pas supplémentaire vers « l’orientalisation » des relations internationales ?
      • • Dronlar: Tinchlik yoki Urush quroli?
      • • AQSh Rossiyaga qarshi besamar sanksiyalar qo'llamoqda
    • ► Aprel (3)
      • • AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidan ola mushuk o‘tdimi?
      • • Bo’lajak Afg’on prezidentining eng qiyin vazifalari
      • • Demokratiya yoki Tinchlik?
    • ► Mart (4)
      • • Ukraina krizisi va Axborot urushi
      • • Средняя Азия и украинский кризис
      • • Rossiya – Ukraina krizisi, uzoq tarixdan bugungi kungacha
      • • Asie centrale: la position ambivalente vis-à-vis de la crise ukrainienne
    • ► Fevral (3)
      • • Turkmaniston qachon "ochiladi"?
      • • Zamonaviy davrning pragmatik davlatlari
      • • Nazarbayev veut changer le nom du Kazakhstan
  • ► 2013 (35)
    • ► Dekabr (1)
      • • Ukraine not mired in second Color Revolution
    • ► Oktyabr (2)
      • • Xaroba shaharlar geopolitikasi
      • • Geopolitika... aslida nima?
    • ► Sentyabr (2)
      • • Ukraine, Russia battle in chocolate war
      • • Suriya mojarosi - xalqaro tizimning yemirilishi?
    • ► Avgust (1)
      • • Dunyo tarixidagi eng katta yolg'on qurboni - Iroq
    • ► Iyul (3)
      • • Tojikiston - yakkalantirish siyosatining qurboni?
      • • Rossiyaning Xitoyga neft sotish bitimi - dunyo energetika muvozanatini o'zgarishi?
      • • Mo'g'uliston - yangi "Eldorado"?
    • ► Iyun (2)
      • • Kaspiy dengizining harbiylashtirilishi - Kaspiybo'yi geopolitikasining tubdan o'zgarishi
      • • Alloh nomi bilan... So'ngi yo'l - Islomizm propoganda mashinasi (4-qism)
    • ► Aprel (4)
      • • Imperializm: Harbiy-Sanoat kompleksining gegemoniyasi
      • • Alloh nomi bilan... Jihodning mag'lubiyati - Mardonavor kurashdan Terrorga (3 qism)
      • • Alloh nomi bilan... Jihod - Anti-kommunizmdan Anti-Amerikanizmga (2-qism)
      • • Alloh nomi bilan... Islomizm - Qayta tug'ilish (1-qism)
    • ► Mart (3)
      • • Urush san'ati
      • • 3-Jahon Urushidan ehtiyot bo'ling. Sabab: "Moviy Oltin"
      • • Urush va Tinchlik
    • ► Fevral (9)
      • • Dunyodagi AQSh harbiy bazalari
      • • Quel multiculturalisme en Ouzbékistan?
      • • Pxenyan navbatdagi yadro sinovini amalga oshirdi
      • • Geopolitika va Din: Sivilizatsiyalar To'qnashuvi
      • • Geopolitika va Din: Dunyo dinlari
      • • Suriyaga xorijiy intervensiya uyishtiriladimi?
      • • Geopolitika va Din: Islom
      • • Anarxiya va Gegemoniya
      • • Yovvoyi, ojiz va ahmoqona: Shimoliy Koreyacha strategiya
    • ► Yanvar (8)
      • • Isroil va Turkiya munosabatlari - Ajralish yoki Diplomatik o'yin?
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (2-qism)
      • • Yadro qurollari tarixi va bugungi vaziyat
      • • Sahara Inqirozi: Xronika
      • • Qozog'istonda haqiqatan islomiy tahdid mavjudmi?
      • • Kalashnikov: Afsonaviy qurol va "Qora bozor"
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (1-qism)
      • • Anklavlar, eksklavlar: Markaziy Osiyoning "olovli nuqtalari"(mi?)
  • ► 2012 (26)
    • ► Dekabr (6)
      • • Afg'on fojeasi: Afg'oniston geostrategik o'yinlar qurbonimi?
      • • Kvant Mahfiyligi: Ko`rinmas Armiya xaqiqatga aylanadi
      • • Eron-2013: Kim g`olib chiqadi?
      • • Boko Haram har doimgidan ham xavfliroqmi?
      • • Xitoyda qudrat almashinuvi: Xo`sh?
      • • Kurd muammosini anglash
    • ► Noyabr (9)
      • • G'azo va Isroil to'qnashuvlari, voqealar ustidan qisqa tahlil
      • • Kurd muammosiga tarixiy nazar
      • • G`azo inqirozi Iordaniya va G`arbiy Qirg`oqda ham aks-sado bermoqda
      • • Isroil geosiyosati: O`tmishdan bugungacha
      • • Isroil va G'azo: oldin va hozir
      • • Afg'on fojeasi: G'arbning eng katta ahmoqliklari
      • • AQSh-Rossiyaning Markaziy Osiyodagi raqobati inkor qilib bo`lmasdir
      • • Misr, G'azo va Sinay yarimoroli
      • • Haqiqatda Sharqdagi urushlar neft uchunmi?
    • ► Oktyabr (6)
      • • Birma Rohingyasi
      • • Markaziy Osiyoda suv mojarolari
      • • Sinay yarimoroli: Misrning Vaziristonimi?
      • • Suriya - siyosiy krizisning regional ta`sirlari
      • • Afrikada islomiy fundamentalizm
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 2-qism
    • ► Sentyabr (5)
      • • Putinning Yevroosiyo Ittifoqi: Gegemoniyaga intilishmi?
      • • Suriya - Siyosiy krizisning asl sabablari
      • • Moskva chechenlar rahnamosini jilovlashga urinmoqda
      • • O'rta Osiyo - Farg'ona Vodiysi
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 1-qism
Powered by mod LCA
O'zlik Sari Yetti Qadam

7Qadam

Minglab kitobxonlar olqishiga sazovor bo'lgan asar.

Batafsil

© 2012 - 2023 www.geopolitika.uz
  • Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda