Alan Grinspin, Jon Makkeyn, Jorj Bush, Sara Polin va boshqa siyosatchi, yuqori mansabli davlat amaldorlariga ko`ra, Iroqdagi urush haqiqatda neft uchun edi. Dik Cheyni 11-sentyabr voqealaridan keyin Iroq neft konlarini birinchi darajadagi milliy masala darajasiga ko`tardi. “The Sunday” shunday yozadi: “9/11 dan 5 oy oldin AQSH Iroq neft konlarini nazoratga olish maqsadida… Iroqqa qarshi targ`ibot amallarini boshladi…” Fransuz maxfiy xizmatiga ko`ra, Afg`on urushi 9/11 dan ancha oldin rejalashtirilgan.
AQSHning maqsadi Afg`oniston orqali quvurlarda Markaziy Osiyodan neftni oson va arzon transport qilish edi. 11-sentyabrdan ozgina oldin AQSH Tolibon hukumatiga tanlash uchun ikki yo`l taklif qildi: Vashington manfaatlarini himoya qilish va ko`plab madadga ega bo`lish yoki AQSHning Afg`on hududiga kirishiga qarshilik qilish va bombalar yomg`iri ostida qolish. Kongresmen Ed Merkey shunday degan edi: “Biz neft tufayli Liviyadamiz.” Va AQSH va Angliya neft sanoatini milliylashtirilishini e`lon qilgani uchun Eronning qonuniy rahbariga bosimlar o`tkazishni boshlashdi.
Bu GAZ uchun urush edi…
Jon Bolton o`tgan yili shunday degan edi: “Biz iqtisodiyotimizni neft ta`minotidan mahrum bo`lib qolishi yoki neftni juda yuqori narxda sotib olishdan saqlanish uchun juda ko`p urushlarni boshdan kechirdik.”
Afg`onistondan o`tkazilishi rejalashtirilgan quvurlardan AQSH neft bilan birga tabiiy gazni ham transport qilishni xohlagan edi. Jon S.K Deyli yozadi: “7.6 mlrd dollarga baholangan 1,040 mil (tahminan 1600 km) uzunlikdagi TAPI (Turkmaniston-Afg`oniston-Pakiston-Hindiston) tabiiy gaz quvuri uzoq tarixga ega. Bu quvur to`g`risidagi taklif 1995-yili Turkmaniston va Pokiston o`rtasida imzolangan kelishuv memorandumi ortidan o`rtaga tashlangan, ya`ni Tolibon hali Qobulni egallamasdan oldin. TAPI bir yilda 33 mlrd kub metr turkman gazini transport qilish quvvatiga ega bo`lib, Turkmanistonning Davlatobod gaz konlaridan Afg`oniston, Pokiston va Hindistonning Fazilka shahrigacha cho`zilishi rejalashtirilgan edi.”
TAPI uchun Tolibonning roziligi kerak edi. Unocal nomli AQSH kompaniyasi Central Asian Gas Pipeline Ltd. Konsorsiumini tashkil qildi. Tolibon delegatsiyasi AQSHga parvoz qilib, Hyustonda joylashgan Unocal shtab-kvartirasida loyihani imzoladi. Tolibon delegatsiyasining AQSHga tashrifi hukumat mediasi tomonidan e`tirof etilgan edi. Buni quyidagi surat ham tasdiqlaydi. Bu surat Unocol shtab kvartirasida olingan:
AQSH hukumatidan madad olgan Unocol va Enron kabi kompaniyalar 2001-yilgacha neft quvurlari qurilishi va xavfsizligini ta`minlash maqsadida Tolibon bilan bir qancha “iliq” suhbatlar o`tkazib kelishgan. Mahfiy hizmatda katta tajribaga ega bo`lgan ikki fransuz tahlilchilari ham buni tasdiqlashadi : “2001-yilning avgustigacha AQSH Tolibonni Markaziy Osiyodagi barqarorlik manbasi sifatida ko`rdi. Tolibon O`zbekiston, Turkmaniston va Qozog`istoning boy neft konlaridan boshlanib, Afg`oniston va Pokistondan to Hind okeanigacha cho`zilib ketgan qurilajak neft quvurlari xavfsizligi kafolatchisiga aylanishi lozim edi. O`sha paytda Markaziy Osiyo konlari Rossiya tomonidan tom ma`noda nazoratga olingan bo`lib, Bush hukumati bun holatga chek qo`yishga harakat qildi.”
Tolibonning nafsi hakalak otib, tranzit uchun katta miqdorda to`lov so`radi va natijada muzokaralar deyarli to`xtab qoldi. AQSHning g`azabi ortdi. 2001-yilning iyulida Genuyada bo`lib o`tgan Katta Sakkizlik sammitida G`arb diplomatlari AQSH joriy yilning oxirigacha Tolibon hukumatini ag`darib tashlashni rejalashtirayotganiga ishora qilishdi. 11-sentyabr voqealari esa shunchaki rejani tezlashtirib yubordi. Sal o`tmay Afg`on urushi boshlandi. Karzay prezident bo`ldi (tasdiqlanmagan ma`lumotlarga qaraganda Karzay Unocol konsultanti bo`lgan). Roppa-rosa bir yildan so`ng AQSH yangi Afg`on hukumati bilan TAPI bo`yicha kelishuv imzoladi. Hindiston ham TAPIni imzoladi. Shu bilan TAPI uchun raqobatchi hisoblangan IPI (Eron-Pokiston-Hindiston) quvuri barbod etildi.
Quvur-orzular
Haqiqatda, ayni vaqtdagi global geosiyosiy raqobatlarning deyarli barchasi kim “Yangi Ipak Yo`li”ni boshqarishiga bog`liq bo`lib qolgan. Buni tushunib olish uchun quyidagi xaritalarni diqqat bilan ko`rib chiqish kerak:
Bu yerda esa Hindiston TAPIni imzolashidan Eron va AQSH tomonidan rejalashtirilgan ikki raqobatchi quvurlar tizimini ko`rish mumkin:
Xaritalardan ko`rinib turibdiki, bir tomondan AQSH va uning ittifoqchilari, ikkinchi tomondan Rossiya, Xitoy, Eron o`rtasidagi geosiyosiy urush avjiga chiqmoqda. Eron va Pokiston Hindistonni qo`shmagan holda va, albatta, Rossiyaning ko`rinmas homiyligida ostida yangi quvurlar tizimini barpo etish borasida muzokaralar olib borishmoqda. Haqiqatda, ayni chog`da, “Buyuk O`yin” Rossiya va AQSH tomonidan Yevroosiyo neft va tabiiy gaz zahiralarini nazorat qilish maqsadida o`ynalmoqda: "Sovet Ittifoqi qulagan bo`lsa ham, Rossiya Amerikani Markaziy Osiyodan siqib chiqarishda muqim turib kelyapti. AQSH Yevropa Ittifoqi energetika ta`minotini o`zgartirish, birinchi navbatda Rossiya dominantligidan xalos etishni istayotgan bir paytda, Rossiya Yevropaning o`z gaziga qaramligini oshirishni ko`zlamoqda. Allaqachon Yevropani rus gazi bilan ta`minlaydigan 3 ta quvurlar tizimi barpo etilgan bo`lib, Rossiya yana ikki quvurni rejalashtirib qo`ygan."
Tobora qudrati o`sib borayotgan Xitoy ham bu “Buyuk O`yin”ga aralashib qolmoqda: “Yangi Buyuk O`yin”dagi uchinchi “katta o`yinchi” Xitoydir. Xitoy deyarli dunyoning birinchi raqamli energiya iste`molchisiga aylangan bo`lib, allaqachon Turkmaniston gazini Markaziy Osiyo-Xitoy nomi bilan ma`lum quvurda O`zbekiston va Qozog’iston orqali Shinjon provinsiyasiga transport qilishni yo`lga qo`yib ulgurgan. Pepe Eskobar 2009-yilda ishga tushurilgan bu quvurni 21-asrning Yangi Ipak Yo`liga debocha, deb ataydi. Xitoyning energiyaga bo`lgan talabini 150 foizga oshirishni rejalashtirgan bo`lib, buning uchun faqatgina Markaziy Osiyo davlatlari bilan emas, balki og`ir sanksiyalar qo`yilgan Afg`oniston va Eron bilan ham energetik aloqalar o`rnatishga harakat qilmoqda. Xitoy o`z hududidan o`tadigan 5 ta G`arb–Sharq gaz quvurlari tizimini yaratishni maqsad qilib qo`ygan. Shulardan biri (Shinjon-Shanxay) amalda ishlayapgan bo`lib, qolganlari qurilish ostida va Markaziy Osiyo gaz zahiralariga ulanadi.
Xitoy, shuningdek, TAPIga muqobil Turkmaniston-Afg`on-Xitoy quvuri taklifini ham o`rtaga tashlamoqda. Eronni ham muhim “o`yinchi” deb hisoblash mumkin. U gaz zahiralari bo`yicha ikkinchi o`rinda turadi va 2009-yili kuniga 4.17 mln barrel bilan jami 93 mlrd barrel neft ishlab chiqargan.
Eronning faol “o`yinchi” ekani AQSHning g`ashiga tegadi. 1997-yilda ishga tushurilgan Eron-Turkmaniston gaz quvuri Markaziy Osiyodan tashqariga chiqqan ilk quvur edi. Bundan tashqari, Eron Xitoy bilan 120 mlrd dollarlik gaz-qidiruv kelishuviga ham ega. 2004-yilda imzolangan bu kelishuvga ko`ra Eron 25 yil davomida yiliga 10 mln tonna atrofida suyultirilgan gazni Xitoyga yetkazib berishi kerak. Bundan tashqari Xitoy Eron hududida shunga o`xshash boshqa qidiruv va burg`ulash ishlarida ham ishtirok etish huquqiga ega. Eron shuningdek, o`z gazini AQSHning Nabucco quvuriga raqobatchi sifatida ko`riladigan Fors Gazi quvuri orqali Yevropaga ham sotishni rejalashtirgan. Xitoy Eronni neft va gaz uchun dastaklaydi. Xitoy haqida gap ketarkan Vashington sanksiyalarini bir nigoh tashlamasdan rad etgan va dunyodan tobora ajratib qo`yilayotgan Eron Xitoyning birinchi darajali milliy xavfsizlik masalasiga aylanib borayotganini alohida ta`kidlash zarur. Sababi Xitoy Eron neft va gazini arzon narxda oladi hamda o`z navbatida Eron Xitoyni yangi sanksiyalardan himoyachi sifatida ko`radi.
Nega Suriya?
Savol tug`iladi: nega ayni damda Suriyaga e`tibor kuchaymoqda? Bunga shunday javob berish mumkin: Suriya 1,200 kmli rejalashtirilayotgan Arab Gazi quvurining eng muhim qismi hisoblanadi:
Shunday qilib, rejim o`zgartilishi Suriyaga qarshi 20 yil oldin rejalashtirilgan (shu bilan birga Liviya,Iroq, Livan, Somali, Sudan va Eronga ham) edi. Suriyaning Arab Gazi quvurlar tarmog`ida tutgan markaziy roli esa nega aynan Suriya nishonga olinilayotganini anglab yetishda kalit vaziasini o`taydi. Xuddi Tolibon Unocol quvurlari tranziti uchun ko`p xaq talab qilgandan keyin xujumlarga uchragani kabi, Assad ham ishonchli “o`yinchi” sifatida ortiq ko`rilmay qo`yilgani uchun “boshi balodan chiqmayapti”. Parokanda bo`lib borayotgan Suriya o`zining yaqin ittifoqdoshlari Eron, Rossiya va Xitoyning ham kuchsizlanishiga sabab bo`lmoqda.
Aynan Turkiya, Isroil va AQSH Suriya orqali gaz oqimi o`tishini istashadi va Suriya hukumati bu yo`lda to`g`anoq bo`lishiga yoda katta ulush talab qilishiga chidab turisha olmaydi. Parokanda bo`lib borayotgan Suriya o`zining yaqin ittifoqdoshlari Eron, Rossiya va Xitoyni ham kuchsizlanishiga sabab bo`lmoqda. Pepe Eskobar ayni vaqtdagi global geosiyosiy tendensiyalarni nima harakatlantirib turayotganini xulosa qiladi: "Mana biz Erondan to Tinch okeangacha cho`zilgan ulkan energetik jang maydonida nimalar bo`layotgani haqida gapiryapmiz. Bu yerda shuningdek, Yevroosiyo boshqaruvini qo`lga olish uchun ham “suyuqlik” urushi ketmoqda. Ha, barchasi “qora” va “ko`k” (tabiiy gaz) oltinlarga borib taqalmoqda va doimo jannatdagi sut daryosidek mavjlanib, oqib turuvchi yangi dunyo-Quvuristonga sayohat qilish vaqti keldi…"