2002-yil 29-yanvar AQSh prezidenti Jorj Bush Iroq, Eron va Shimoliy Koreyani "Yovuzlik chizig'i" deya ataydi. Bu kabi chaqiriqlar AQShning tashqi siyosatida ko'p marotaba ishlatilgan. Amerika xalqi demokratik prinsiplarni o'ziga asos qilib olgani tufayli, AQSh hukumati ommaning noroziligisiz tashqi siyosatda erkin ravishda yondasha olmaydi va geopolitik maqsadlarni ro'yobga chiqarishi qiyin kechadi. Shuning uchun ham omma fikrini geopolitik maqsadlar bilan bir maromda yo'naltirish uchun, AQSh hukumati ko'pincha "yahshi" va "yomon" terminlarini ko'p ishlatadi. Unga ko'ra AQSh hukumati doim "yahshi" pozitsiyada bo'ladi, unga qarshi kuchlar, tajovuz qiluvchilar yoki "o'ljalar" barchasi "yovuz" kuch sifatida e'tirof etiladi. 80-yillarda Ronald Reyganning Sovet Ittifoqini "yovuz mamlakat" deb atashi ham bunga yaqqol misol bo'ladi. Bu siyosatga ko'ra AQSh o'zini dunyoga sivilizatsiya va demokratiyani yoyuvchi "yahshi" kuch sifatida ko'rsatadi va bu vazifa "Ilohiy missiya" deb ham qaraladi. Bu kabi dunyoqarash AQShning 19-asrdagi g'arbiy hududlarini zamonaviylashtirishidan meros bo'lib, hozirgi kunda AQShning dunyoda o'z gegemoniyasini yoyishda ko'p ishlatiladi.
Lekin bugungi maqolamiz asosan Iroq va uning urushdan keyingi taqdiriga bag'ishlanadi. AQShning "demokratik gegemoniyasiga" bag'ishlangan maqolamizni tez kunlarda shu yerda o'qishingiz mumkin bo'ladi.
Urushga "sabab"?
Jorj Bushning bu kabi e'lonidan so'ng Iroq AQShni navbatdagi o'ljasi ekanligi yaqqol namoyon bo'ldi. 11-sentyabr voqealaridan foydalangan holatda AQSh barcha ittifoqchilarini "Terrorizmga qarshi urush"ga chorladi. Afg'oniston masalasida ajralishlar yuz bermadi. Deyarli barcha G'arb mamlakatlari ozmi-ko'pmi o'z imkoniyatlari darajasida interventsiyani qo'llab quvvatladilar. Bunday birlikdan foydalangan AQSh Iroq uchun ham shunday natijani kutgan edi. Lekin tezda nafaqat xalqaro hamjamiyatda, balki ittifoqchilar orasida ham bo'linish yuz berdi. Kutilmaganda Frasniya prezidenti Jak Shirak o'z nutqida "Iroqqa nisbatan kuch ishlatish faqat va faqat eng og'ir oqibatlarga olib kelishi muqarrar" ekanligini ta'kidlaydi. Nemis kantsleri Gerhard Shroyeder ham o'zining bu interventsiyaga ittifoqdosh bo'la olmasligini bildiradi. Rossiya va Xitoy ham fransuz-nemis qarorlarini qo'llab quvvatlaydilar.
Iroqqa bir nechta bor BMTning Yadro dasturi bo'yicha mutahassislarning jo'natilishi, Saddam Husaynning Quvayt xalqidan 90-yillardagi urush uchun kechirim so'rashi va Bog'dodning "Neft evaziga Oziq-Ovqat" dasturini (unga ko'ra Iroq Neft mahsulotlarini faqatgina aholini kundalik oziq-ovqat mahsulotlarini ta'minlash uchun sotishi kerak, ya'ni juda cheklangan tarzda) yo'lga qo'yishi ham AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlarini qoniqtirmaydi. Iroqdagi ommaviy qirg'in qurollarini mavjudligini isbotlashga yetarli dalil bo'lmasa ham interventsiya qilish siyosati ushlab turiladi.
Masalaga stretegik jihatdan yondashsak. AQSh va Buyuk Britaniya uchun Iroq urushi neft bahosining jahon bozorida muvozanatdan chiqishiga olib kelishi va aynqisa Xitoyning bu regiondan uzoqlashishiga olib kelishi lozim edi. Iroqni G'arb kuchlari tomonidan egallanishi Eron va Suriyaga katta zarba bo'lishi kerak edi. Bundan tashqari Iroqqa G'arb qo'shinlarini kiritilishi uni Fors ko'rfazi mamlakatlari ustidan nazoratni kuchaytirishga va regiondagi boshqa raqobatchi kuchlarni chekinishiga majbur qilishi ham ko'zda tutilgan edi. Lekin interventsiya kutilgan natijalarni bermadi. Aksincha, AQShning ham moddiy, ham ma'naviy va ham harbiy jihatdan kuchsizlanishiga olib keldi.
Moddiy jihatdan AQSh tarixidagi eng qimmat urush sifatida Iroq urushi qolishi shubhasiz. 2003-2008 yillarda AQSh hukumati umumiy miqdrorda 3000 milliard AQSh dollari mablag'ni ushbu urushga sarflagan. Bundan tashqari minglab yuqori darajadagi harbiy texnologiyalar va kuchli tayyorgarlikdan o'tgan 5000ga yaqin askarning yo'qotilishi armiyaning moddiy va ruhiy kuchiga salbiy ta'sir ko'rsatdi.
Strategik jihatdan: Regionda umumiy tartibsizlik yuzaga keldi. Eron bilan munosabatlar umuman yomonlashdi. Iroqda yangi o'rnatilgan hukumat asosan Shia mazhabidagi kishilardan tashkil topgan bo'lib, Iroqning Eron bilan ko'zga ko'rinarli yaqinlashishi sezildi. AQSh ittifoqchilari orasida anti-amerikanizm kuchaydi, jumladan Fransiya va Germaniya o'zlarining geopolitik kuchlarini va Yevropani AQShdan mustaqillashtirishga sarflay boshladilar, Turkiya dastavvaldan urushga qarshi edi, buni ustiga Iroq hukumatiga Kurdlarning AQSh hukumati tomonidan tayinlanishi oqibatida, Turk hukumati ittifoqchi mamlakatdan ochiqdan-ochiq dushman kayfiyatidagi mamlakatga aylandi. Fors ko'rfazi mamlakatlari Iroqdagi interventsiyadan so'ng AQShga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabat bildira boshladilar. Iroqdagi vayronagarchiliklar va tartibsizliklardan foydalangan bir qancha arab shayxlari radikal-islomiy kuchlarga moliyaviy yordamlarni ko'paytirdilar. Butun dunyoda Anti-G'arblik kayfiyati yanada kuchaydi. Dunyoda neft bahosi ko'zga ko'rinarli darajada qimmatladi.
Ruhiy zarar AQShning o'z ichida sodir bo'ldi. Jorj Bush AQSh prezidentligidagi eng yomon va no'noq prezidentlar qatoriga kiritildi. Halok bo'lgan askarlar oilalarining iqtisodiy og'ir ahvoli keng miqyosda ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishi, buning ustiga iqtisodiy krizisning kirib kelishi bilan, Amerika patriotizmiga sezilarli darajada putur yetdi.
Yuqoridagilar albatta Iroq urushi AQSh uchun sezilarli darajada salbiy oqibatlar keltirganini ko'rsatadi, lekin, Iroq uchun bu urush tasavvur qilib bo'lmas salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi.

Eng asosiy yo'qotish Iroq uchun birinchi navbatda demografik yo'qotishdir. AQSh interventsiyasidan 2012 yilgacha bo'lgan davrda 170 ming tinch aholi o'ldirilgan, 250 mingdan ortiq kishi yaralangan, shulardan asosiy qismi 1-guruh nogironiga aylanganlar. 2,5 million qochoqlar Iroqni tark etishgan, shulardan 1 millioni Suriyaga chekinadilar. Oxirgi yillarda qochoqlarning vatanga qaytishi kuzatilayotgan bo'lsada ularning soni 10 ming kishidan oshmaydi, bu ham bo'lsa Suriyadagi fuqarolar urushidan panoh izlayotgan aholidir.

Siyosiy jihatdan mamlakatda parokandalik vujudga keldi. Mamlakat siyosiy tarixi va o'zligining negizi bo'lgan Baas partiyasi butunligicha tugatildi. Saddam Husaynning qatl qilinishi va to'g'ridan-to'g'ri qatl videolavhasini efir orqali ommaga uzatilishi, aholi orasida Saddam tarafdorlarining radikallashishiga olib keldi. Mamlakatda Shialar, Kurdlar va Sunniylar orasida natijasiz raqobat va janglar boshlanib ketdi. AQSh hukumati bu uchta to'plamdagi aholi orasidagi raqobat va kelishmovchiliklardan foydalangan holda mamlakatda siyosiy muvozanatni ushlab turishni mo'ljallagan edi. Lekin siyosiy analizning xomligi va mahalliy sharoitni hisobga olinmaganligi natijasida bu reja boshi berk ko'chaga kirib qoldi. Asosan Kurdlar va Shialardan tashkil topgan hukumat nafaqat bir-biri bilan jiqqamusht bo'ldi, balki sobiq hukumat egalari bo'lgan sunniy aholidan "o'ch olishga" kirishib ketdi. Mamlakat shimolida Kurdiston avtonom respublikasi tashkil qilindi, bu esa Eron va Turkiyadagi Kurd aholisi va jangarilari uchun Katta Kurdiston davlati orzusini qayta uyg'otdi, ularning sezilarli darajada faollashishi kuzatildi. O'z navbatida Eron va Turkiya suverintitet va chegaralar dahlsizligini saqlab qolish uchun Kurd jangarilariga qarshi kurashni kuchaytirdilar. Asosan Iroqdagi Kurdistondan turib hujum qiluvchi jangarilarga qarshi Eron va Turkiya bir necha bor Iroq hududiga kirish orqali hujum qiladi. Eron Iroq bilan chegaradosh hududlardagi qishloqlarni bir nechta bor bombardimon qiladi. Bu holat hozirgi kunda ham davom etmoqda.
Iroq iqtisodiy jihatdan deyarli vayron qilindi. Urushlar oqibatida ko'pchilik neftni qayta ishlash zavodlariga o't qo'yiladi. Mamlakat neft-sanoati tarmog'i butunligicha izdan chiqadi. Chet-el investitsiyalari mamlakatda davom etayotgan notinchliklardan xavfsiragan holda, hech qanday sanoat tarmoqlariga investitsiyalar olib kirmaydilar. Hozirda Iroqning iqtisodiyoti faqatgina qazib olingan neftni to'g'ridan-to'gri sotish hisobidan aholiga birlamchi ehtiyoj mahsulotlar - oziq-ovqat va dori darmonlar sotib olish bilan cheklanmoqda. Mamlakatda turizm sohasi butunligicha yo'qoldi. Bog'doddagi ko'pchilik tarixiy yodgorliklar va me'moriy obidalar AQSh bombardimonlari va keyinchalik jangarilar bilan bo'lgan to'qnashuvlarda vayron qilindi.
Ijtimoiy sohada ham faqat chekinishlar kuzatildi. Maktab va boshqa o'rta-oliy bilim yurtlari bombardimonlar natijasida vayron bo'ldi. Jangarilar va radikal-islomiy kuchlarning hujumidan bir necha bor o'qituvchilarning qatl etilishi kuzatildi. Mamlakatda xadiksirash kayfiyati hukm surishi oqibatida xalq ta'limida kuchli chekinish kuzatildi. Tibbiyot sohasi ham deyarli shu ahvolga tushdi. Hozirgi kunda Iroqning Bog'doddan boshqa shaharlarida tez-tibbiy yordam ko'rsatish tizimi butunlay yo'q qilindi. Bog'doddagi tibbiy markazlar ham asosan Xalqaro insonparvar tashkilotlarning qo'llab quvvatlashi natijasi o'laroq faoliyatlarini arang davom ettirmoqdalar. Iroqda bugungi kunda o'g'irlik, talon-taroj va bosqinchilik avjiga chiqqan. Mamlakatda qaysidir binoga o't qo'yilishi yoki avtomobilning portlatilishi kabi xabarlar kundalik odat tusiga kirgan. Huquq-tartibotni muhofaza qilish hodimlari, o'zlarining Saddam Husayn davridagi nazoratini va obro'larini yo'qotganlar. Bir necha bor jangarilarning mahalliy politsiya nuqtalariga hujumi, umumiy tarzda politsiyachilar ruhiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatgan.
Diniy jihatdan ham mamlakat Saddam Husayn davridagi dunyoviy tizimni qo'msayotganini yashirmayapti. Saddam rejimida tinch-totuv yashab kelayotgan turli din va mazhab vakillari bugungi kunda mamlakatda diniy-fuqarolar urushini keltirib chiqarishi ehtimoldan holi emas. Shia imomlarining o'ldirilishi, sunniy aholiga Shia hukumati tomonidan tayziqlar va xristian aholiga tajovuzlar bugungi kundagi Iroqning parokandaligini yanada kuchaytirmoqda. Bir tomondan Eron Shialarni qo'llab quvvatlab ularga yordam ajratishda davom etayotgan bo'lsa, boshqa tomondan arab shayxlari sunniy radikallarni qurollantirishda va moliyalashtirishda davom etmoqdalar. Bu mojarolarda hukumat tartibga soluvchi kuch sifatida emas, balki Shialar manfaatlarini ustun qo'yayotgan tashkilot sifatida yaqqol ko'zga tashlanmoqda.
2013-yil iyul oyi Iroq uchun ayniqsa "o'limga boy" bo'ldi. 1000 kishidan ortiq kishi oxirgi oyda mojarolar oqibatida o'lim topganligi e'lon qilindi. Bu son 2008-yildan buyon eng katta ko'rsatkichdir. Bundan tashqari umumiy hisobda Yaqin Sharqdagi tartibsizliklar kuchayishda davom etmoqda. Bu esa mojarolarning bir biriga tutashib xalqaro tus olishi ehtimolini chetlab o'tmaydi.
Ho'sh qanday kelajak kutmoqda Iroqni? Hammamizga ma'lumki AQSh va Buyuk Britaniyaning interventsiyasi Saddam Husayn rejimining hech qanday ommaviy qirg'in qurollarini ishlab chiqarganini yoki saqlaganligini isbotlamadi. Lekin Iroq xalqiga bu "gumon" juda qimmatga tushdi. Lekin bu masalaning rasmiy-siyosiy tomoni. Agar masalaga pragmatik jihatidan yondashsak va AQShning strategik jihatdan ham o'z maqsadlariga erisha olmaganini hisobga olgan holda, Iroq urushini bemalol "foydasiz" urush deya baholashimiz mumkin. Nafaqat "foydasiz", balki AQSh va dunyo hamjamiyati uchun ham salbiy ahamiyatga ega bo'lgan urush deb atasak mubolag'a bo'lmaydi. Saddam Husayn davrida terrorizmdan butunlay holi bo'lgan Iroq, bugungi kunda uning eng muhim o'choqlaridan biriga aylanib bormoqda. Tashqi kuchlarning siyosiy o'yinlari oqibatida bu hudud kelajakda har-xil to'qnashuv va mojarolarni import qiluvchi mamlakatga aylanishi mumkin. Iroqning parchalanish ehtimoli ham yo'q emas, lekin bu holat tashqi aktyorlarning pozitsiyalarini o'zgarishi bilan bog'liq. Jumladan bugungi kundagi Suriya va Arab dunyosidagi bo'lib o'tayotgan mojarolar, hali ham ma'lum nuqtaga va ma'lum natijaga olib kelmadi. Arab dunyosi Islomiylashtiriladimi? Demokratiyalashadimi? Avtoriter va Totalitar tizimga o'tadimi? Bu savollar hozircha noaniq. Lekin bu o'zgarish butun arab dunyosiga jumladan Iroqqa ham ta'sir qilmasdan qolmaydi. Qanday natija bo'lishidan qa'tiy nazar AQSh va G'arb kuchlarining Arab dunyosidan uzoqlashtirishni guvohi bo'lishimiz ehtimolga yaqinroq.