Suriyadagi siyosiy inqiroz va Iroqdagi Shialar hamda Sunniylar orasidagi kelishmovchiliklar Iroq va Shom Islomiy davlati deya atalmish ekstremistik tashkilotga o'z ta'sirini xalqaro miqyosda yoyishga imkon berdi. Asli kelib chiqishi Al-Qoidaga borib taqaluvchi ushbu uyushma, dastavval Iroqdagi AQSh tomonidan o'rnatib ketilgan Shialar hukumatiga qarshi kurashish va Sunniylar manfaatlarini zo'ravonlik yo'li bilan bo'lsa ham himoya qilish uchun tashkil qilingan edi. Lekin Suriyadagi fuqarolar urushidan hamda Iroqdagi Sunniy aholining Bog'dod tomonidan chetlatilgnligidan foydalanib tashkilot bugungi kunda yer maydoni Germaniyaga teng keladigan hududni o'z nazorati ostiga olgan.
Tashkilotning moliyaviy ahvoli va harbiy kuchlari ko'zga korinarli darajada mustahkam. Moliyaviy mustahkamlik tashkilotning banklarni, aholini talashidan hamda o'zi nazorat qilayotgan hududdagi 20 dan ortiq katta zaxiraga ega bo'lgan neft konlaridan kelayotgan mablag'lar evaziga ushlab turilmoqda. Ayrim taxminlarga ko'ra neft kontrabandasidan ISHIDga kuniga 100 million AQSh dollari miqdoridagi mablag' oqib kirmoqda.
Harbiy salohiyatga kelsak, buning tarixi birmuncha chalkash va uzoqroq. Suriyadagi fuqarolar urushining ilk kunlaridanoq G'arb mamlakatlari bir tomondan Arabiston Yarim orolidagi Arab davlatlari orqali, boshqa tomondan Rossiya to'g'ridan-to'g'ri, Bashar al-Assad va unga qarshi kuchlarni qo'llaridan kelgancha qurrollantirdilar. Lekin senario na G'arb davlatlari va na Rossiya kutganiday davom etmadi, balki Bashar Al-Assad qo'shinlari va mo'tadil muxolifat kuchlaridan boshqa, uchunchi kuchlar, jihodchilar paydo bo'ldi.
Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Quvayt G'arb tomonidan berilayotgan qurollarni va moliyaviy yordamni ataylabdan Sunniy radikal kuchlar tomoniga burib yubordilar. Bu bilan ular Yaqin Sharqdagi Eronni ta'sirini ifodalovchi Shia kuchlariga zarba berishni mo'ljallagan edilar. Lekin vaziyat nazoratdan chiqib ketib, bugungi kunda jihodchilik harakati butun Yaqin Sharqqa yoyilib ketdi va uni qo'llab quvvatlab kelayotgan uchta davlatning xavfsizligini ham savol ostida qoldirdi. Bundan tashqari AQSh Iroqni tark etayotganda mamlakatdagi Shia kuchlari hamda Kurd qo'shinlariga juda katta miqdordagi harbiy texnikalarni qoldirib ketgan edi. ISHID o'zining yashin tezligidagi hujumlari bilan ushbu qurollarni o'zlashtirib olishga muvaffaq bo'ldi.

ISHID nafaqat o'zining keng ko'lamli moliyaviy va harbiy resurslariga ega, balki uning Islomizmni yangi bosqichga olib chiqganligi hamda dunyo bo'ylab kuchli propoganda quroliga egaligi dunyoda o'ta xavfli yangi mafkuraviy qutb yaratdi. Biz saytimizda Islomizmning zamonaviy rivojlanishi haqida "Din va Geopolitika" turkumidan bir qator maqolalar chop etgan edik, lekin Afg'onistondagi mujohidlar yoki Al-Qoidadan farqli o'laroq ISHID o'z oldiga maqsad qilib mamlakatni tashqi kuchlardan tozalashni emas, balki ma'lum hududga yoyilgan Islomiy Xalifalikni yaratishni maqsad qilib olgan. Ko'pchilik aynan ushbu Xalifalik g'oyasi, Islomiy davlat qurish ilinjida yurgan dunyoning turli burchaklaridan, har xil millatlardan tashkil topgan jihodchilarni o'ziga jalb qilmoqda deya qisqa xulosalarni chiqarmoqdla. Lekin masalani chuqurroq tahlil qilsak Jihodchilarni Suriyaga oqib kelishiga boshqa iqtisodiy-ijtimoiy, o'zlik va g'oyaviy muammolar sabab bo'layotganini tushunib yetamiz.
Jihodchilik fenomeni tushunib yetish uchun bu harakatni davrlarga bo'lib o'rganish, ularga ta'sir qiluvchi faktorlar faqatgina din bilan emas, balki siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat hamda geopolitik kontekst bilan uzviy bog'langanligini ko'rishimizga imkon beradi. Ya'ni 80-yillardagi jihodchilar bilan bugungi kundagi jihodchilarning jang qilishdan maqsadi va mafkuraviy qarashlari tubdan farq qiladi. Ularning janga kirishdagi asosiy turtkisi diniy qarashlarning radikallashishi hisoblansa ham, aslini olib qaraganda ushbu diniy radikallashishni o'ziga ham boshqa sabablar ta'sir qilgan. Quyida shu sabablar bilan tanishib chiqsak.
Islomning siyosiylashtirilishi
Tarixan Islom doimo siyosiy jihatdan juda katta ahamiyat kasb etib kelgan, huddi boshqa dinlar o'z davrida mamlakatlar siyosatiga kuchli ta'sir qilgani kabi, Islom ham musulmon davlatlarida boshqaruv tizimining asosi hisoblangan, nafaqat boshqaruv tizimining balki hayotning barcha jabhalarida Islomning katta ta'sirini ko'rishimiz mumkin bo'lgan. Lekin, shu bilan bir paytda Islom yoyilgan musulmon dunyosida diniy qadriyatlardan tashqari mahalliy yoki milliy qadriyatlar ham yashashda davom etib kelgan, bu narsa kishilarning kiyinish madaniyatidan tortib, taomlaridagi mahsulotlarida ham ko'rinadi.
Lekin, 19-20 asrlarda musulmon davlatlarini mustamlaka qilinishi yoki parchalanib ketishi bu mamlakatlardagi shu davrgacha mavjud bo'lgan jamiyat va dinning o'zaro aloqalarini buzib yubordi. Yevropada renessans davrida boshlangan diniy reformalar oqibatida, so'ngra Fransuz revolyutsiyasi g'oyalarini tarqalishi bilan dinni davlatdan ajratilishi tufayli G'arb mamlakatlari jamiyat va din aloqalarining yangi bosqichiga o'tib bo'lgan edi. Mustamlakachilar ushbu siyosiy modelni o'z mustamlakalarida ham o'rnatishga va dunyoda uni universal tizim qilib model qilishga erishdilar. Hozirda dunyoning deyarli 90% mamlakatlari dunyoviylik siyosiy modeliga asoslangan holda siyosiy tizimlarini tashkil qilganlar.
Musulmon mamlakatlarida ushbu dunyoviylik modeli Islomning siyosatga ta'siri tabiiy ravishda yo'q bo'lmasdan turib singdirildi, ya'ni bu mahaliy jamiyatlarning tanlovining natijasi emas edi. Oqibatda aholi bunday siyosiy tizimni qabul qilishda qiyinchiliklarga duch keldi, boshqa tomondan mavjud hukumatni hamda siyosiy tizimni saqlab qolish uchun ko'pchilik mamlakatlar hukumatlari avtoritar rejimlariga aylanib bordilar. Buning ustiga Islomning aholiga ta'sirini sezgan davlatlar uni o'z manfaatlari yo'lida ishlata boshladilar, natijada oldindan universal qadriyatlarga ega bo'lgan Islom, bir davlatdan boshqasiga o'tganda, shu davlatdagi hukumat manfaatlariga monand ravishda o'zgarib borib o'z universalligini yo'qota boshladi. Universalligini yo'qotish bilan birga oldindan siyosatga ta'sir qilib kelgan din endilikda siyosatning asosiy quroliga aylana boshladi, bu esa o'z navbatida ko'pchilik din peshvolari va Islomning fundamental qadriyatlarini saqlab qolish tarafdori bo'lgan davlatlarni musulmon davlatlarida islomning rolini qaytarish uchun dekulturizatsiya qilish, ya'ni Islomni mahalliy madaniyatlardan halos qilish uchun ish boshlariga turtki bo'ldi. ISHID ushbu jarayonda juda muhim rol o'ynaydi, Mesopotomiya davridan beri saqlanib kelayotgan binolarning buzilishi, mahalliy aholini kiyinish madaniyatiga qarab ajratish, ya'ni aholini diniy tegishliligini mutloqlashtirish va uniformaga kiritish mana shu dekulturizatsiya jarayoniga yaqqol misol bo'ladi.
Agar Musulmon mamlakatlarning mustamlaka ostida bo'lgan tarixi, oxirgi xalifaning bo'linib ketganligi va bugungi kunda butun dunyo musulmonlarni ifodalovchi kuchning mavjudmasligi, musulmon jamiyatlaridagi diniy faol aholini radikallarga aylantirib ISHID saflariga tortayotgan bo'lsa, G'arb davlatlarida ham islomning boshqa yo'nalishda siyosiylashtirilishi G'arblik jihodchilarni Suriyaga otlanishga turtki bo'lmoqda. Aytib o'tganimdek musulmon mamlakatlaridagi hukumatlar islomdan foydalangan holda aholini boshqarishga harakat qilishmoqda. Masalan Qur'on oyatlari mahalliy hukumatning manfaatlariga mos ravishda kuchaytirilib, aksent berilib yoki teskarisi muhimligi kamaytirilib, kontekstga solinib aholiga yetkazilmoqda. G'arb mamlakatlarida esa senario o'zgacha tus olgan. Ya'ni islomdan emas balki Islomga nisbatan qo'rquvdan, kerak bo'lsa nafratdan foydalanilgan holda G'arb siyosatchilari saylovchilarni o'ziga qaratish bilan band bo'lmoqdalar. Jorj Bushning "Terrorga qarshi" urush nomi ostidagi Musulmon mamlakatlariga AQShning interventsiyasi G'arb davlatlaridagi Islomofoblarning komplekslarsiz o'z fikrlarini ochiq aytishlari uchun yo'l ochib berdi.
Ushbu holatda, har bir jamiyatda bo'lgani kabi, G'arb mamlakatlaridagi tashlab qo'yilgan aholi yoki hukumatlar siyosatlaridan norozi bo'lgan aholi muqobil siyosiy kuchlarni izlay boshlaydilar. Sovuq urushi davrida ushbu toifadagi qo'zg'olonchi aholi uchun muqobil kuchlar Janubiy Amerikadagi Kommunistik Revolyutsion partizanlar yoki Falastin Ozodlik Harakatlari kabilar hisoblanar edi, lekin Sovet Ittifoqining parchalanishi bilan dunyodagi revolyutsion kommunistik va anti-amerika kuchlari g'oyib bo'ldi. Bugungi kunda Jihodchilik harakati G'arbdagi tashlab qo'yilgan aholi uchun aynan o'sha so'l siyosiy harakatlar o'rnini bosuvchi muqobil kuch vazifasini o'tamoqda. Islomizm barcha G'arbning yangi paydo bo'lgan qadriyatlariga, iqtisodiy tizimiga, siyosiy qarashlariga qarshi bo'lgan G'arb aholisni o'ziga tortmoqda.
Jihodchilar kim aslida?
Katta ko'pchiligi yoshlardan iborat bo'lgan jihodchilar dunyoning deyarli barcha geografik zonalaridan Suriyaga kelishmoqda. Bunday keng ko'lamli oqimga birinchi navbatda bugungi globallashgan dunyo va rasmiy aloqa kanallariga parallel bo'lgan internet tizimining ommalashib ketishi hamda hukumatlar tomonidan nazoratga olinmagani sabab bo'lmoqda.
Shu bilan birga dunyodagi demografik o'zgarishlar o'z navbatida odatiy iqtisodiy tizimni to'laqonli ishlashiga imkon bermaganligidadir. Bu nimani anglatadi? Shu davrgacha dunyoda demografik jihatdan aholi orasida avlodlar almashinuvi bir maromda kechayotgan edi, endilikda esa, gigiena qoidalarini ommalashishi va tibbiyotning rivojlanishi bilan aholining o'rtacha yoshi ayrim davlatlarda hatto 90 yoshni tashkil qilmoqda. Bu esa o'z navbatida katta miqdordagi aholini ma'lum yoshlar orasida zichlashib qolishiga olib kelmoqda, oqibatda iqtisodning asosiy qismi ushbu qari aholini himoyasiga yo'naltirilmoqda. Bu o'zgarish yoshlar orasida ishsizlik darajasini oshirmoqda va soliqlarni oshirmoqda. Bu holat ayniqsa G'arbda, demografik tranzitsiyadan keyin yaqqol ko'zga tashlanmoqda.
Musulmonlar yashaydigan rivojlanayotgan davlatlarda esa ahvol buning teskarisi, ya'ni yoshlarning aholiga nisbatan soni o'ta ko'pchilikni tashkil qiladi. Bunday faol aholini iqtisodda band qilish uchun esa keng ko'lamli infrastrukturalarni tashkil qilish lozim bo'ladi. Afsuski hozircha rivojlanayotgan davlatlar bunday iqtisodiy imkoniyatga ega emaslar. Bu esa ushbu mamlakatlarda yoshlar orasida migiratsiyani, ishsizlikni va kuchli mehnat raqobatini keltirib chiqarmoqda. Eslatib o'tamiz ushbu davlatlarning ko'pchiligi korruptsiyaga cho'mganligi hamda iqtisodiy tizimning aholiga mos emasligi tufayli aholi orasidagi ijtimoiy tengsizlik juda yuqoridir. Ushbu faktorlar yoshlar orasida jihodchi harakatlarga qo'shilishning ko'p uchrashining bizga ko'rinmas qismidir.
Bunday ijtimoiy ahvol yoshlarni o'z o'zliklarini qayta ko'rib chiqishga majbur qilmoqda va ulardan katta ko'pchiligi o'zini islomda topmoqda. Lekin muammo shundaki, ijtimoiy qiyinchilikdan din tomon yuzlangan kishilar unga falsafiy tomondan emas balki moddiy hayotdagi qiyinchiliklarga yo'l topishga yordam beradigan najot yo'li sifatida qarashmoqda va ushbu iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklarni yechimi islomning fundamental siyosiy va iqtisodiy tizimlarini qaytarish orqali yechiladi deya xulosaga kelingan.
Yuqoridagi aytib o'tilgan iqtisodiy-ijtimoiy faktorlar qaysidir guruh kishilari uchun taaluqlidir, lekin jihodchilarni sabablarga ko'ra umumiylashtirish noto'g'ri tahlil bo'lgan bo'lardi. Masalan G'arb mamlakatlaridan kelgan ko'pchilik jihodchilarning asosiy motivatsiyasi moliyaviy bo'lmay, balki o'zlik muammolari bilan bog'iqdir, ular orasida Islom dinidan umuman xabardor bo'lmaganlari yoki alkogol ichimliklari ichishni o'ziga muammo deb bilmaydiganlari ham bor. Shunday kishilarning ko'pchiligi uchun Jihod bu jangovar sarguzasht, virtual yulduzlik sari yo'ldir. Jihod orqali ular o'zlari doim orzu qilgan, ma'muriy qonun qoidalardan yiroqda bo'lgan erkin isyonchi qiyofasini jismonan yaratadilar. Yillar davomida jangovar filmlar yoki video o'yinlar og'ushida katta bo'lganulg'aygan bugungi yoshlar aynan Suriyada o'zlari yaratgan siymolarini topishga harakat qilishmoqda.
Yana ko'pchilik jihodchilarga xos bo'lgan sifatlardan biri, bu avtoritetga bo'ysunmaslikni bildirish. Boshqacha qilib aytganda jihodchilik harakati dunyodagi Anarxiya harakatining boshqacha ko'rinishidir. Bu orqali jihodchi o'smirlar qo'llaridagi jangovor qurollari va qatl etilayotgan mahkumlarning tasvirlari orqali virtual olamda "yulduz" bo'lishga intilishmoqda. Muammo shundaki, jihodchilarning ko'pchiligi o'smirlikdan endi balog'at yoshga yetayotgan kishilar bo'lib, ulardagi hayot qadriyatlariga bo'lgan qarashlar chuqur shakllanmagan, bu esa Jihodchi liderlarga juda qo'l keladi, chunki bunday o'smirlardan shafqatsiz va sovuqqon jallodlar yetishtirib chiqarish oson kechadi. O'z navbatida ularning hayotga nisbatan yengil qarashlari, o'limga bepisandliklari ulardan qo'rquv bilmas jangchilarni yaratishga imkon beradi.
Kelajakdagi xavflar
Dastlabki xavf Yaqin Sharq va uning atrofidagi regionlarga tegishlidir. Endilikda biz Yaqin Sharqni shu bugungacha ko'zimiz o'rgangan xaritasini esdan chiqarsak ham bo'laveradi, chunki endi na Iroq va na Suriya, ISHID yengilgan taqdirda ham, o'zining oldingi chegaralarini tiklay olmaydilar. Shunday ekan, jihodchilar yo'q qilingandan so'ng ham regionda siyosiy beqarorlikning davom etilishi kutiladi. Shuni esdan chiqarmaslik lozimki hozircha ISHID kuchayishdan susayganicha yo'q, uning hududi tobora kattayib bormoqda. Albatta so'ngi paytlarda yoyilish birmuncha sustlashdi, chunki ISHID oz'ining ichki siyosiy va iqtisodiy strukturalarini mustahkamlash bilan ovora. Shunday ekan, dunyo hamjamiyati oldida bu hududga yig'ilgan jihodchilar masalasi ko'ndalang bo'lib turibdi, ayniqsa hozirda ularning mahalliy aholi bilan qorishib ketganligi ularni yo'q qilishda katta qiyinchiliklar tug'diradi.
Agar ISHID jihodchilari Suriya va Iroqni o'zida yo'q qilinmasa, katta ko'pchiligi chet elliklardan tashkil topgan ushbu jihodchilarni o'z vatanlariga qaytish ehtimoli osha boradi. Buyuk Britaniya maxfiy xizmatlarining axborotlariga ko'ra bugungi kunda mamlakatga 250dan ortiq jihodchilar qaytib kelgan, Fransiyadagi Sharli Hebdo terraktining qatnashuvchilari ham Suriyada va Yamanda jihodchilik harakatlarida qatnashganligi haqidagi ma'lumotlarni Fransiya maxfiy xizmatlari oshkor qilgan. O'rta Osiyoda ham jihodchilarning qaytishi Qirg'iziston maxfiy xizmatlari tomonidan qayd etilgan. Yutlariga qaytayotgan jihodchilar ushbu mamlakatlar hukumatlari va mamlakatarning barqarorligi uchun katta xavf tug'diradi. Chunki, ayniqsa rivojlanayotgan musulmon mamlakatlaridagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvolni tangligi kichik miqyosdagi terrorni umumiy tartibsizlikka ulanib ketishiga sabab bo'lishi mumkin.
Davlatlar ushbu jihodchilar harakatlariga nihoyatda jiddiylik bilan yondashishlari shart va nafaqat jihodchilarga qarshi kurashishlari, balki jihodchilarni paydo qilayotgan diniy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy tub sabablarni aniqlashlari lozim bo'ladi. Agar ushbu sabablar aniqlanmasdan, muammoning tub ildiziga zarba berilmasa jihodchilik harakatlari boshqa ko'rinishlarda va dunyoning boshqa hududlarida qayta qayta paydo bo'laveradi.