2012-yil, yanvar - Liviya qurollari bilan isyon
Malining shimoliy sahrolaridagi yuzlab janglarda chiniqqan tuareglar Liviya fuqarolar urushi paytida Muammar Kaddafiy himoyasi uchun uning omborlaridan qo`lga kiritgan qurollari bilan Mali shaharlarini bosib ola boshladilar. Polkovnik Kaddafiy hayotlik chog`ida Shimoliy Afrikadagi ko`plab jihodiy guruhlarni qo`llagan edi. Tuareglar uzoq vaqt davomida Mali hukumatining og`riqli nuqtasi bo`lib kelishdi, yaxshi qurollanmagan Mali armiyasi bilan 1960, 1990-yillar va 2006-yilda to`qnashuvlar yuz berdi.
Tuareglar Azavad Ozodligi Uchun Milliy Harakatni tashkil etishdi. Azavad ular tomondan Shimoliy Mali yerlarini nomlanishidir. Ular jihodiy guruh hisoblanmish Ansoriddin bilan ittifoq tuzib, Mali shimolidagi shaharlarni birin-ketin bosib ola boshladilar.
Shimol Isyoni Mali hukumati uchun kutilmagan hol bo`ldi. Liviyadan qaytgan tuareglar to`satdan xujumlarni boshlab yubordi. Ularni qo`lida og`ir qurollar, minomyotlar, tankka qarshi raketalar bor edi.
Kaddafiyning ag`darilishi butun Shimoliy Afrikadagi geosiyosiy vaziyatni o`zgartirib yubordi.
2012-yil, 22-mart – Malida davlat to`ntarilishi
Poytaxt Bomakodagi hukumat askarlari navbatdagi saylovlarga atigi bir necha oy qolganda isyon ko`tarib, prezident Amadu Toumani Tourni qudratdan ag`darib tashlashdi.Davlat to`ntarishiga 2004 va 2010-yillarda AQSHda tayyorgarlikdan o`tgan kapitan Amadu Haya Sanogo boshchilik qildi. Armiya isyoniga hukumatning tuareglarga qarshi harakatdagi uquvsizligi sabab bo`ldi.
Janob Tour shimol inqiroziga qarshi o`z vaqtida javob harakatlari ko`rsatmaganligi, armiyaga e`tibor bermaganligi va natijada 7000 minglik qo`shinga ega bo`lishiga qaramay mamlakat shimoli yovvoyi qabila jangarilari qo`liga tushib qolganlikda ayblandi.
Amadu Tourni o`zi ham 1991-yildagi davlat to`ntaruvi ortidan ilk bora hokimiyatga kelgan edi.
2012-yil, 6-aprel – Isyonchilar shimoliy hududlar mustaqilligini e`lon qilishdi
Tuareg isyonchilari martdagi davlat to`ntarishidan so`ng yanada ko`proq hududni bosib olishga muvaffaq bo`lib, shimolda mustaqil Azavad davlati tashkil etilganligini e`lon qilishdi. Fransiya hududiga teng bu davlat tuareglar va Ansoriddin tomonidan boshqariladigan bo`ldi.
Biroq ko`p o`tmay ittifoqchilar o`rtasida ihtilof yuzaga chiqib, Ansoriddinning islomiy ekstremistlari tuareglarning o`zini shimoldan haydab chiqardi.
Dunyo esa bu yerlar terroristlar uchun navbatdagi “jannat”ga aylanib qolishdan xavotirda edi.
2012-yil, 12-aprel – mamlakatning yangi yo`lboshchisi qasamyod qildi
Sanksiyalar va xalqaro tanqidga duch kelgan kapitan Amadu Haya Sanogo keyinchalik mamlakatda adolatli saylovlarni tashkil etadigan muvaqqat hukumat tuzishga rozi bo`ldi.
12-aprel kuni bir vaqtlar diktaturaga qarshi kurashgani uchun qamoqqa tashlangan faol, 70 yoshli Dionkounda Troare muvaqqat hukumat rahbari sifatida qasamyoq keltirdi.
Lekin shunga qaramay mamlakatdagi mavjud vaziyat o`zgarishsiz qoldi, harbiy xuntaning ta`siri kuchli bo`lib, hukumat yolg`iz o`zi shimolni qaytarib olishga ojizlik qilardi.
2012-yil, 26-27-iyun - Gao jangi
Sobiq ittifoqchilar bo`lmish tuareglar va Ansoriddin jangarilari o`rtasida Gao jangi boshlandi.Aprel oyida Ansoriddin tomonidan o`zlari mustaqilligini e`lon qilgan Azavaddan haydab chiqarilgan tuareglar yana bir bor Gaoda islomistlardan mag`lubiyatga uchradi. Ansoriddin jangarilari Gao, Timbuktu va Kidal kabi asosiy shaharlarni egallab, shimolda to`la nazoratni qo`lga kiritdi.
2012-yil, iyun – Islomistlar Shimoliy Malida shariat qoidalarini joriy etishdi
Islomiy jangarilar Ansoriddin, Mujao va Islomiy Mag`ribdagi al-Qoida kabi terroristik guruhlar nazorati ostida Malining shimoliy shaharlari bo`ylab qattiqqo`l shariat qoidalarini o`rnatishdi.
Yosh bolalarni majburlab askarlarga aylantirish, jinoyati uchun qo`l-oyoqni kesish, qamchilash boshlandi; ayollar o`ranib yurishga majburlandi; musiqa va chekish butunlay taqiqlandi.
Qadimiy Timbuktu shahridagi maqbaralar esa islomga zidligi bahonasi bilan jangarilar tomonidan buzib tashlandi.
2012-yil, iyul – Minglab yerliklar qochoqqa aylandi
O`n mingdan ziyod mahalliy aholi islomistlar o`rnatgan zo`ravon rejim tufayli uylarini tashlab keta boshladilar.
Uzoq davrlardan beri erkinlikda yashab kelayotgan aksariyati musulmon bo`lmagan yerliklar shafqatsiz shariat qoidalariga chiday olishmadi va qochoqqa aylanishdi.
2012-yil, 17-avgust – Mahalliy yoshlar bosh ko`tarishdi
Mamlakatdagi parokandalik, boshboshdoqliklar va diniy ekstremistlarning shafqatsiz rejimiga qarshi mahalliy yoshlar qo`llariga qurol olishdi.
Armiyadagi betartiblik tufayli hanuzgacha shimolni qaytarib ololmagan hukumat yuzlab ko`ngilli yoshlarni quchoq ochib kutib oldi, ularni qurol-yarog` va oziq-ovqat bilan ta`minlay boshladi.
2012, 12-oktyabr – Intervensiya borasida xalqaro muzokaralar boshlandi
Ilk bora Mali inqiroziga chek qo`yish maqsadida xalqaro muzokaralar boshlandi.
BMTning Xavfsizlik Kengashi Mali hukumatining so`rovi bilan Fransiya boshchiligida jangarilarga qarshi intervensiya borasida rezolyutsiya qabul qildi va reja 45 kun ichida amalga oshirilishi e`lon qilindi.
2012-yil, 11-dekabr - Mali Bosh vaziri iste`fo berdi
Bosh vazir Cheik Modibo Diarra o`z uyida armiya askarlari tomonidan xibsga olindi. Diarraning majburiy iste`fosi xalqaro intervensiya orqali jangarilarni yakson qilish borasidagi rejalarni savol ostiga qo`ydi.
Diarraga "mamlakat inqiroz yoqasida turgan bir paytda shaxsiy manfaatlarini ustun ko`rganlik" aybi qo`yilgan. Xalqaro tahlilchilar Bosh vazirning xibsga olinishi mamlakatda hukumat mavjudligiga qaramay, asosiy qudrat harbiy xuntada ekanligini ta`kidlashmoqda.
2012-yil, 20-dekabr – BMTda intervensiya uchun ovoz berildi
BMT Xavfsizlik Kengashida minglab afrikalik askarlarni Maliga kiritishga ijozat beruvchi rezolutsiya uchun yashirin ovoz berish o`tkazildi.
Malining sobiq kolonisti Fransiya tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyaga ko`ra xalqaro qo`shin qachonki Mali armiyasi mamlakatni himoya qilishda chorasiz qolgandagina kiritilishi ko`zda tutilgan edi.
2013-yil, 10-yanar – Jangarilar xujumga o`tishdi
Shimolni nazorat qilib turgan islomistlar Mali hukumati yerlariga qadar suqilib kirishga muvaffaq bo`lishdi. Konna – hukumat va islomistlar hududi o`rtasidagi so`ngi qishloq ham jangarilar tomonidan egallab olindi.
Mali armiyasi xech qanday qarshilik ko`rsata olmadi. Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig`in chaqirishga majbur bo`ldi, yig`inda Afrika kuchlari yordamida jangarilar harakatiga chek qo`yish uchun xalqaro intervensiya boshlashga qaror qilindi.
Muvaqqat hukumat rahbari Dionkounda Troare Fransiya prezidenti Fransua Ollandga yordam so`rab noma jo`natdi.
2013-yil, 11-yanvar – Fransiya xalqaro intervensiyaga qo`shildi
Fransiya islomiy jangarilarga qarshi xavo xujumlari boshladi, biroz o`tib mahalliy qo`shinlar bilan birgalikda quruqlikda ham harakat boshladi.
Allaqachon mamlakat markazini qo`lga kiritib, poytaxt Bomakoga tahdid solib turgan jangarilarga qarshi ayni vaqtda fransuz hukumati Malidagi qo`shini sonini 800 dan 2,500 ga oshirdi.
2013-yil, 16-yanvar – Jangarilar Jazoirda garovgirlik amalini sodir etdi
Fransuz intervensiyasiga javob tariqasida jangarilar qo`shni Jazoir hududidagi In Amenas gaz zavodida so`nggi yillardagi eng katta xalqaro garovgirlikni amalga oshirdi.
To`rt kunlik qamal paytida 38 nafar garovdagi shaxs va 29 jangari xalok bo`ldi. Jazoir hukumati kuchlari 20-yanvar kuni zavoddagi jangarilarning so`nggi nuqtasini yo`q qildi. Ozod etilgan asirlarning aytishicha, jangarilar ularning tanasiga portlovchi uskunalarni bog`lab qo`ygan va bo`ysunmaganlarni ayovsiz otib tashlagan.