1991-yilda Sovet Ittifoqining qulashi dunyo geopolitikasida keskin burilish yasadi, siyosiy jihatdan bu sana ikki yirik geopolitik aktyorlar AQSh va Sovet Ittifoqi orasidagi "Sovuq urush"ga chek qo'ygan bo'lsa, bu voqeaning dunyo geoekonomikasiga ta'siri uning siyosiy ta'siridan ham oshib tushdi. Shu sanagadcha AQSh Kapitalistik mafkuraning himoyachisi, Sovet Ittifoqi esa kommunistik mafkurani yoyuvchi sifatida dunyoda muayyan mantiqqa asoslangan siyosiy va iqtisodiy tizimni yaratgan edilar.
Sovet Ittifoqining qulashi dunyo ommasi tomonidan AQShning siyosiy g'alabasi yoki SSSRning siyosiy mag'lubiyati sifatida emas, balki Kapitalizmning Kommunizmning ustidan qilgan g'alabasi deya qaraldi. Bu siyosiy o'zgarish tufayli dunyoda birin ketin kommunistik tizimga asoslangan rejimlar qulay boshladi yoki dunyo hamjamiyatidan ajratib qo'yildi. Masaln Xitoy o'zining siyosiy kommunistik rejimini saqlab qolgan holda iqtisodiy yo'nalishini kapitalizm tizimida davom ettirdi, Shimoliy Koreya yoki Kuba kabi davlatlar esa dunyo ommasi tomonidan o'z holiga tashlab qo'yildi. SSSRning qulashi nafaqat dunyodagi kommunistik rejimlarga yoki partiyalarga, balki butun so'l yo'nalishidagi siyosiy partiyalar faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatdi va dunyo ommasi oldida Kommunistik yoki Sotsialistik mafkuralarni obro'sizlantirishga olib keldi.
Bunday imkoniyatdan foydalangan AQSh, butun 90-yillar davomida dunyoda o'zi boshchiligida bir qancha integratsiya va xalqaro iqtisodiy tashkilotlar orqali dunyo bo'ylab kapitalistik iqtisodiy tizimni yoyishga harakat qildi, qaysidir ma'noda u dunyoda bu tizimni dominatsiyasini va albatta shu bilan birga AQSh iqtisodiga va uning valyutasi bo'lmish Dollar pul birligiga dunyo iqtisodi va moliyasini qaram qilishga erishdi.
Lekin, 2000-yil 11-sentyabr voqealardan so'ng vaziyat asta sekinlik bilan o'zgara boshladi. AQSh tomonidan Musulmon dunyosida olib borilgan va ko'pchilik tominidan ikkiyuzlamachilik siyosati deb ataladigan strategiya, ya'ni bir vaqtning o'zida Demokratik prinsiplar bilan davlatlarni boshqarishni talab qilish (Iroq) va ayni paytda repressiv oilaviy monarxiyalar bilan yaqindan hamkorlik qilish (Saudiya Arabistoni). Aslini olib qaraganda bu ikkiyuzlamachi siyosat emas, balki sof kapitalistik mantiqqa asoslangandir. Har qanday AQSh ta'siriga qarshilik qiladigan va ichki bozorlarni xalqaro investorlarga ochmaydigan (asosan AQSh kompaniyalari eng katta kapitalga ega investor tashkilotlardir) ko'pchilik davlatlar inqiloblar yoki davlat to'ntarishlar orqali uyushtirilgan tartibsizliklarga cho'mdilar. Bu esa ushbu jamiyatlarda mavjud bo'lgan barqaror iqtisodiy va ijtimoiy mexanizmlarni izdan chiqarib bu jamiyatlarning kambag'allashishi, fuqarolar urushlariga cho'mishi va oqibatda ularni radikallashishiga olib keldi. Natijada Musulmon dunyosida AQShning dunyodagi hukmronligiga qarshi fanatik radikal terrorist guruhlari paydo bo'la boshladi, to'g'riroq qilib aytganda bir paytlar o'z raqobatchilarga qarshi kurashish uchun AQShning o'zi tomonidan yaratilgan guruhlar asta-sekinlik bilan uning nazoratidan chiqib AQShning o'ziga qarshi kurashadigan terrorist guruhlarga aylandilar. Boshqacha qilib olganda AQShning iqtisodiy bosimi hatto o'zining ittifoqchilari orasida ham unga qarshi parallel ravishda ko'rinmas siyosiy o'yinlarni uyushtirishlariga olib keldi (Pokiston, Saudiya Arabistoni).
Dunyoning boshqa geopolitik markazlari, jumladarn Yevropa Ittifoqi va Rossiyada ham 2003-yildan so'ng AQShning siyosatini doim ham qo'llayvermaslik yoki unga hatto qarshi chiqish hollari paydo bo'la boshladi (masalan, Iroqga harbiy intervensiya masalasida). Rossiyaga Putinning kelishi bilan unda qaytadan geopolitik ambitsiyalar paydo bo'la boshlashi AQSh bilan Sovet Ittifoqi orasidagi kurash to'laligicha mafkuraviy emas, balki ikki geopolitik kuchlar orasidagi kurash bo'lganini yana bir bor ko'rsatib berdi. Chunki bugungi kunda Rossiya kapitalizmni o'zining iqtisodini asosi qilib olgan bo'lsa ham ular orasidagi raqobatning keskinlik darajasi Sovet Ittifoqi bilan bo'lgan keskinlik darajasi bilan tenglashib qoldi. Rossiya va Yevropa Ittifoqining yaqinlashishiga Post-Sovet mamlakatlarida yuz bergan yoki uyushtirilgan "rangli inqiloblar" orqali chek qo'yildi. So'ngi Post-Sovet hududidagi siyosiy inqiroz bo'lmish Ukraina masalasi esa ikki geopolitik markazlarni bir biridan uzil kesil ajratdi va Yevropa Ittifoqini AQSh iqtisodiga qaramligini oshirdi.
Yevropa Ittifoqining ichida ham AQShning kapitalistik modeliga qarshi kuchlarning ko'payganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Garchi AQSh Yevropa Ittifoqi doirasida mamlakatlardagi hukumatlarga o'z bosimini o'tkazishga harakat qilayotgan bo'lsada, bugungi Yevropada ikkita radikal kuchlar, so'l radikal kuchlari - kommunistlar, anti-kapitalistlar, korporativ rivojlanish tarafdorlari va ekologik partiyalar, o'ng radikal kuchlari - millatchilar, radikal-konservatorlar, anti-Yevropa kuchlari, borgan sayin Yevropa Ittifoqidagi hukumatlar va jamiyatlarda o'zlarining kuchli ta'sirlariga ega bo'lib borishmoqda. Ularning ikkalasi ham kapitalizmning hozirgi ko'rinishiga qarshi, ikkisi ham Yevropa Ittifoqini va Yevro pul birligini yo'q bo'lish tarafdori hamda ikki tomon ham milliy manfaatlar Yevropa Ittifoqining yoki AQShning manfaatlaridan ustun turishi kerak deb hisoblaydi. Oxirgi Yevropa Ittifoqida muhim ahamiyatga ega bo'lgan voqea, Gretsiyaning moliyaviy krizisi davomida ushbu anti-kapitalist kuchlarning qanchalik darajada Yevropa jamiyatlarida kuchli pozitsiyalarga ega ekanliklarini ko'rsatib berdi. Bir tomondan ushbu vaziyat Yevropada moliyaviy kapitalizm davlatlar va tashkilotlarni o'ziga qaram qilib olganiga jamiyatlarning reaksiyasi edi. Chunki Yevropa jamiyatlari tarixan ko'proq sotsialistik jamiyatlar bo'lib kelgan.

Hatto Amerika jamiyatida ham so'ngi paytlarda Kapitalizm savol ostiga olina boshlandi. 2008-yildagi moliyaviy inqiroz tufayli AQShdagi bir qancha ziyolilar va jamiyat faollari iqtisodiy modelni qayta ko'rib chiqish lozimligi haqida fikr bildirdilar. Bundan tashqari AQShda paydo bo'lgan va butun dunyoga tarqalib ketgan "Occupy Wall-Street" harakati AQShdagi anti-kapitalistik kuchlar sezilarli darajada faol va ko'p sonli ekanligini ko'rsatib qo'ydi. Rasmiy jihatdan esa Barak Obamaning Sog'liqni Saqlash tizimida amalga oshirgan islohotlari, AQShda Ronald Reygan tomonidan yo'lga qo'yilgan ayovsiz kapitalistik tizimiga berilgan kuchli zarba bo'ldi. Shunga qaramasdan AQSh ommasining Obamaga nisbatan hayrixohigi pasaymadi, balki yanada kuchaydi. Bu holatlar AQShning ichida ham Kapitalistik iqtisodiy tizimi asta sekin ideal model sifatida qaralmayotganini ko'rsatib beradi.

Shu o'rinda savol tug'iladi, bugungi kundagi Kapitalizmga shubha bilan qarash uning AQSh gegemonligi ostida tarqatilayotgani, ya'ni faqatgina uning manfaatlarini ko'zlayotgani uchun paydo bo'lmoqdami yoki Kapitalizmning o'zi iqtisodiy model sifatida buzg'unchimi? Menimcha, bularning ikkisi ham to'g'ri, uchinchi faktor shundaki kapitalizm bugungi kundagi globallashuv jarayonining asosiy motoridir va bu jarayonda kapitalizm mamlakatlardagi o'zlikni, an'analarni, mahalliy iqtisodiy va ijtimoiy institutlarni yemirmoqda, shu sababdan ham bir paytni o'zida ham iqtisodiy model va ham AQShning tizimi sifatida dunyoni egallayotgan kapitalizmga qarshi turuvchi kuchlar paydo bo'lmoqda.
Iqtisodiy tomonidan quyidagi videoda ko'rishingiz mumkin bo'lgani kabi, Kapitalizm misli ko'rilmagan miqdorda va tezlikda boyliklar yaratish hususiyatiga egadir, lekin ushbu boyliklar uchun to'lanadigan baho ham yuqoridir. Ya'ni asosan spekulyatsiya va moliyaviy pufakka asoslanib boyliklarni yaratadigan Kapitalizm muntazam ravishda moliyaviy uinqirozlarni yuz berishiga sabab bo'ladi. Chunki cheksiz ravishda spekulyatsiya qilish va moliyaviy pufakni kattaytirishni iloji yo'q, pufak yorilgan paytda barcha uni ustiga qurilgan iqtisod, ijtimoiy tizim va siyosat qulashni boshlaydi, sabab shundaki bu boyliklar real boyliklar asosida emas balki ko'rinmaydigan va virtual yaratilgan boylikka asoslanib qurilgan bo'ladi. Bugungi kunda AQSh valyutasi Dollarning dunyo bozorida tinmasdan ko'tarilishi va deyarli dunyo valyutasiga aylanib ulgurishi ham aynan mana shu moliyaviy spekulyatsiyaning natijasidir. Chunki AQSh valyutasi AQSh tomonidan nazorat qilinadi va deyarli hamma mamlakatlar unga qaramdir, ya'ni Amerika qaysi paytda moliyaviy bozorni qaysi holatga tushirishni deyarli yolg'iz o'zi hal qiladi.
Masalaning paradoksal tomoni shundaki, Moliyaviy inqirozlar yuzaga kelganda hozirdagi mavjud kapitalistik tizimni qutqarib qolish uchun omma tomonidan to'ldirilgan davlat fondlari va xalq banklari yordamga keladi. 2008-yildagi ko'chmas mulklarning sotilmay yig'ilib qolishi natijasida vujudga kelgan Moliyaviy inqiroz davrida dunyodagi eng yirik moliyaviy markazlar va banklar kasodga uchrab qulashni boshlaydi, lekin mamlakatlar o'zlarining davlat byudjetlaridan pul ajratib ularni qutqarib qoladilar. Chunki bu institutlarning birdaniga qulashi hozirgi dunyo uchun mislsiz iqtisodiy-ijtimoiy turg'unlikni keltirib chiqaradi, huddi Sovet Ittifoqi qulashidan sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlarida yuzaga kelgan tizim inqirozi kabi, kapitalizmning birdaniga qulashi iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi rivojlanishni bir nechta 10-yillarga to'xtatib qo'yish mumkin. Shu sababdan bugungi kunni ko'zga ko'ringan iqtisodchilari Kapitalizmdan, unga yangi iqtisodiy modellarning elementlarini asta sekin kiritib borish orqali chiqishni va yangi iqtisodiy modelga o'tishni taklif qilishmoqda. Aks holda Yer sharining ekologik ahvoli kundan kunga og'irlashmoqda va dunyodagi globallashuvning kuchaygani tufayli keyingi yuz beradigan moliyaviy inqirozning oqibatlari juda ayanchli bo'lishi bashorat qilinmoqda.