27 oktabr 2016-yil Yevropa Ittifoqi va Kanada o‘rtasida CETA (Comprehensive Economic and Trade Agreement) deb nomlanuvchi, o‘zbek tilida Umumiy Iqtisodiy bitim va Savdo kelishuvi deya tarjima qilinadigan erkin savdo haqida bitim tuzilishi lozim edi. Lekin Belgiyaning fransuz aholisi istiqomat qiladigan Valloniya viloyatlari bu bitimga qat’iy qarshiliklarini bildirganliklari tufayli bitimning imzolanishi qoldirildi. Ushbu bitim bugungi kunda dunyoda amalga kiritilishi kutilayotgan bir nechta boshqa yangi shakldagi savdo-sotiq bitimlarining birisidir. Bu yangi shakldagi bitimlar dunyoda odatiy iqtisodiy kelishuvlardan, ya'ni bojxona va boshqa soliqlarni kamaytirishni ko'zda tutuvchi kelishuvlardan, mamlakatlar orasidagi normalarni standartlashtirishni ko'zda tutayotgan yangi turdagi iqtisodiy bitimlarni tuzishga kirishilayotganidan dalolat beradi. Bundan keyingi keladigan dunyoning iqtisodiy ko'rinishi endi hech qachon oldingilariga o'xshamagan bo'ladi.
So‘ngi 10-yillikda dunyo bo‘yicha 90-yillarda kuzatilgan bir qutbli dunyoning qaytadan bo‘laklarga ajralishini kuzatmoqdamiz. Hozir bu dunyoni biz ko‘p qutbli deya atamoqdamiz. Shunga monand ravishda nafaqat siyosiy qutblar, balki iqtisodiy va savdo bo‘yicha ham “qutblar” yuzaga kelmoqda. Shu paytgacha dunyo iqtisodida o‘ta ilgarilab ketgan G‘arb dunyosi endilikda bu iqtisodiy liderlikni Osiyo mamlakatlariga asta-sekinlik bilan bo‘shatib berayotganini ko‘rib turibmiz. Albatta jarayon sekinlik bilan, lekin progressiv ravishda yuz bermoqda. G‘arb davlatlari Osiyodagi Xitoy va Hindiston davlatlarining iqtisodiy o‘sish darajalari haqidagi xavotirlarini bundan 10-yillarcha oldin bildirishgan edi va bugungi kunda ular haq bo‘lganini, bu ikki davlat dunyo iqtisodini kelajakdagi asosiy markazlariga aylanayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Dunyo globallashar ekan undagi savdo aloqalari ham tezlashgandan tezlashmoqda. Agar shu yo‘sinda davom ettirilsa kim arzon, sifatli va tez yetkazib berila oladigan mahsulotlarni ishlab chiqarsa o‘sha tomon iqtisodda ilgarilab ketaveradi. Erkin iqtisodning bu “tabiiy” qonuniga faqatgina mamlakatlarning o‘z xalqi va manfaati doirasida ishlab chiqqan qonunlarigina qarshilik ko‘rsata oladi. Bunday qonunlarni biz standartlar, normalar, reglamentlar va hokazolar deb ataymiz. Masalan O‘zbekistonga ruli o‘ng tomonda joylashgan avtomobillarni import qilishni iloji yo‘q, chunki bizning mamlakatda avtomobillarning standartiga rulning chap tomonida joylashganligi kiradi. Bunday misollar talaygina va aynan mana shunday qoidalar davlatlar orasidagi savdoga to‘siq bo‘ladigan birinchi to‘siqlar - bojxona, qo‘shimcha qiymat solig‘i va hokazolar olib tashlangandan so‘ng ko‘zga tashlanishni boshlaydi.
G‘arb mamlakatlari mana bir nechta 10-yillardirki o‘zaro savdo-sotiq bitimlarini takror va takror imzolab, o‘zaro birinchi tarifli to‘siqlarni yo‘q qilishga erishdilar. Bunday bitimlar dunyoning boshqa hududlarida, Osiyoda va Post-Sovet hududlarida ham yo‘lga qo‘yildi. Endi savdo-sotiqni rivojlanishiga davlatlarning standartlash tizimlari to‘sqinlik qilmoqda. Ushbu standartlashda bir nechta davlatlar o‘zaro kelishgan holda umumiy standartlar va normalar tizimlarini ishlab chiqadilar. Tomonlarning kelishuviga qarab yangi normalar ayrim davlatlarning kundalik hayotini va kelajagini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Lekin ayni paytda globallashgan dunyoda yirik hududlarda savdo-sotiq ishlarini ortiqcha byurokratiya va to‘siqlarsiz amalga oshirish uchun davlatlar o‘zaro kelishgan holda umumiy standartni ishlab chiqishlari lozim bo‘ladi.
Bu narsa nafaqat bugungi kundagi savdo-sotiqni rivojlantirish uchun zarur, balki kelajakdagi globallashayotgan dunyoda strategik ahamiyatga ega tamoyil bo‘lib xizmat qiladi. Aytaylik Yevropa Ittifoqi va Shimoliy Amerika davlatlari kelishgan holda umumiy standartlar va normalarni ishlab chiqishga qaror qildilar. Ayni paytda bu ikki hudud jahon iqtisodining markazi hisoblanib, ular qabul qilgan standartlar va normalar ertangi global dunyodagi mahsulotlarning dunyo bo‘ylab standartiga aylanishi, lekin bu standart va normalarga litsenziyalar va patentlar sotish bitim imzolagan davlatlarning boshqaruvi ostida qolishi mumkin bo‘ladi. Bu holatda agar misol uchun Xitoy qanchalik arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarmasin, u bitim tuzgan tomonlarning ruxsatisiz bu mahsulotni sotish huquqiga ega bo‘la olmaydi. Shunday qilib kelajakdagi raqobatlar to‘laligicha iqtisodiy asoslarda emas, balki iqtisodiy-normativ asoslarda bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu normalarni birinchilardan bo‘lib dunyoda tan oldirish bo‘yicha bugungi kunda ko‘rinmas lekin ayovsiz kurash ketmoqda. Bu kurashning asosiy aktyorlaridan biri AQSh bo‘lib, u bugungi kunda asta-sekin yo‘qatayotgan iqtisodiy salohiyatini o‘rnini shu yo‘l orqali to‘ldirishga va jahonda iqtisodiy gegemonlikni saqlab qolishga harakat qilmoqda. Lekin uning bu bu xohishiga muxoliflar talaygina, nafaqat AQShdan tashqarida, balki mamlakat ichkarisida ham.
Masalani sirtdan o‘rganish uchun sizlarning e’tiboringizga ushbu ko‘rsatuvni havola etmoqdamiz. Keyingi ko‘rsatuvimizda bu kabi yangi shakldagi savdo-sotiq kelishuvlarining ta’sirlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.