Kapitalizm yoki Demokratiya? Ushbu savol G‘arbda TTIP yoki TAFTA yuzasidan mojarolarni ko‘payishi bilan tobora dolzarblashib bormoqda. Ushbu erkin savdo bitimi o‘tgan galgi maqolamizda aytganimizdek nafaqat dunyodagi eng katta ikki iqtisodiy zonani birlashtirishni, balki ularda bir xil norma va standartlarga asoslangan umumiy iqtisodni yaratishni ko‘zda tutadi. Bitimga to‘laligicha iqtisodiy jihatdan yondashuv uni oqlaydi desak adashmagan bo‘lamiz, chunki AQSh va Yevropa Ittifoqi iqtisodlarini birlashtirish dunyoda ularga xavf tug‘dirayotgan iqtisodiy aktyorlarni ancha ortda qoldirish uchun yetarlidir. Bunday ikki Ulkan iqtisodiy zonalarning birlashishi ularni kamida keyingi 100-yillikda dunyoda o‘zlarining iqtisodiy gegemoniyasini saqlab turishga imkon beradi.
Lekin biz ko‘pincha umumlashtirib "G‘arb” deb ataydigan dunyo, bizga qanchalik bir xilday ko‘rinmasin, bu dunyoning ichidagi mamlakatlar va jamiyatlar orasidagi farqlar juda kattadir. Ayniqsa Yevropa va AQSh ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va hatto siyosiy jihatdan ham bir biridan juda katta farq qiladi. Bu farqlar ayniqsa TAFTA shartnomasi muzokaralari davomida yanada yaqqol ko‘zga tashlandi.
Eng katta farq ikki tomonning boshqaruv shaklida. AQSh garchi shtatlarga bo‘lingan bo‘lsa ham, uning boshqaruv piramidasining cho‘qqisida AQShning Prezidenti va federal hukumati turadi. Yevropa Ittifoqida esa Bryussel o‘z a’zo mamlakatlari ustidan Vashingtonday katta kuchga ega emas. Shu sababdan ham AQSh uchun qabul qilinishi oson bo‘lgan qarorlar, Yevropada oqsashni boshlaydi, chunki Yevropa umumiy boshqaruv tizimiga ega emas, Yevropa Komissiyasi esa davlatlar siyosatlarini tartibga sola olmaydi, balki ularni ovozlarini umumiy qilib o‘zida mujassam etadi. Shunday ekan umumiy Yevropa Ittifoqiga tegishli bo‘lgan qarorlarni qabul qilish doimo sekinlik bilan ro‘y bergan, ayni paytda bu demokratiyaning qochib bo‘lmas shartlaridan biridir.
Ikkinchi katta farq bu tomonlarning ijtimoiy tizimidadir. AQSh azaldan o‘zining sof kapitalistligi bilan tanilgan. Shunga qaramay Obama mandati davrida AQShdagi ijtimoiy tizimga bir nechta “sotsial” o“zgartirishlar kiritdi, lekin bari bir mamlakat Yevropaga solishtirganda juda “o‘ng“ligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yevropada esa ko‘pchilik mamlakatlar hatto hozirning o‘zida ham Sotsialist partiyalar tomonidan boshqarilmoqda. Bu esa uning ijtimoiy tizimi juda paternalist va proteksionist ekanidan dalolat beradi. TAFTA shartnomasining bugungi kunda obro‘sizlanishiga ham aynan Yevropaning sotsial qit’a ekanligi sababdir. Chunki bu bitim ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy sohalar - sog‘liqni saqlash, ta’lim, ommaga xizmat ko‘rsatish va boshqa ijtimoiy tizimlar tufayli aholida bitimga nisbatan norozilik kuchaygan.
Uchinchi farq iqtisodiy farq bo‘lib, o‘z-o‘zidan ikkinchi farq bilan o‘zaro bog‘liqdir. Yevropada an’anaviy ravishda kichik va o‘rta hajmdagi korxonalarni rivojlantirishni yo‘lga qo‘yish eng asosiy masala deb qarab kelingan. Buning oqibatida davlat g‘aznasiga ko‘proq soliqlar tushirish, iqtisodni xilma-xilligini yo‘qotmaslik va aholi orasida ijtimoiy tengsizlikni oldi olinishi ko‘zda tutilgan. AQShda esa aksincha, ya’ni yirik multinatsional kompaniyalar hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Birinchi sabab ichki siyosiy bo‘lib, AQShdagi bu yirik kompaniyalar uning siyosatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadilar. Masalan yirik kompaniyalar tomonidan qo‘llab quvvatlanmagan nomzod prezidentlik kursisidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Ikkinchi sabab bu kompaniyalar nafaqat AQShning o‘zida, balki butun dunyoda keng ta’sirga egadir. Shu sababdan bu kompaniyalar sotayotgan mahsulotlar va xizmatlar tinimsiz ravishda AQSh iqtisodini kuchayib borishiga turtki bo‘lgan. Shu sababdan ham AQSh bu kompaniyalarga yirik soliqlar solmaydi, ularga davlat xazinasidan kerak bo‘lgan taqdirda yordamlar ajratadi. Bunday ikki xil yondashuv ikki tomon iqtisodini umumlashtirishda ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanishi turgan gap. Chunki AQShning gigant multinatsional kompaniyalari Yevropaning kichik va o‘rta hajmdagi kompaniyalarini qisqa muddatlarda “yutib” yuborishlari turgan gap. Shu sababdan ham bu bitim hozircha AQShning iqtisodiy manfaatlarini ko‘proq ko‘zda tutgan.
Lekin tomonlarda boshqa chora bormi degan savol tug‘iladi. Imkoniyatlar juda kam. Bir tomondan Yevropa Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi notinchliklar tufayli o‘zining yaqin iqtisodiy sheriklarini ko‘pchiligidan ajralib qoldi. Buni ustiga bu hududlarda urushlardan va qashshoqlikdan qochgan aholi Yevropaga oqib kelmoqda, bu esa Yevropa jamiyatlarida siyosiy beqarorliklarni keltirib chiqarmoqda. Qit’aning Shaqidagi ahvol ham havas qiladigan darajada emas. Rossiya post-Sovet hududida Yevroosiyo Ittifoqiga asos solish bilan Yevropaga iqtisodiy raqobatchiga aylanishi mumkin. Bundan tashqari Yevropa Ukrainaning boshi berk siyosiy inqiroziga o‘ralashib qoldi. Oqibatda ham Rossiya va uning sheriklari bilan iqtisodiy aloqalar qiyinlashdi, ham Sharqiy Yevropada urush va muzlab qolgan to‘qnashuv hududlari hosil bo‘ldi.
AQSh uchun ham 21-asr o‘ta omadli bo‘lmayapti. Sovet Ittifoqi qulashi oqibatida mamlakat dunyoda o‘zining iqtisodiy va siyosiy konsepsiyasiga asoslangan tizimni yaratishga urinib ko‘rdi. Lekin natija kutilganidek bo‘lmadi, balki dunyo turli siyosiy va iqtisodiy qutblarga ajralib AQShga raqobatchi bo‘la oladigan yangi iqtisodiy aktyorlar yer yuzini ko‘rdi. Endilikda bu siyosiy aktyorlar, ayniqsa Xitoy, AQShning kelajakda jahondagi liderligiga raxna solmoqdalar. Osiyodagi boshqa shiddat bilan rivojlanayotgan davlatlarning Xitoy bilan iqtisodiy ittifoq tuzishi esa bu jarayonni faqat tezlashtiradi. Buni ustiga mamlakat ichidagi immigratsiya, dunyodagi AQShga qarshi anti-amerikanizm ruhiyati va Islomiy terrorizmning davomiyligi AQSh ichida ham siyosiy inqirozlarga sabab bo‘lmoqda. Prezidentlikka nomzod Donald Trampning bugungi kundagi darajaga yetishishi bu inqirozlarning oqibatlaridan biridir. Shunday holatda AQSh uchun Yevropa Ittifoqidan o‘zga yaxshiroq iqtisodiy sherik izlash mantiqsiz. Lekin hozircha AQSh Yevropadan ancha faol, ustun bo‘lganligi va qit’ada ko‘pchilik davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligi tufayli TAFTA shartnomasida o‘z manfaatlarini qo‘rqmasdan ilgari surmoqda.
Ushbu sabablar tufayli ikki tomon o‘rtasida TTIP bitimi yuzasidan bir qancha kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. Muzokaralarning davom etishiga qaramasdan mana bir nechta yildirki bitimga imzo chekilmadi. Ayni paytda ikki tomon ham umumiy iqtisodiy ittifoqsiz kelajakda boshqa raqobatdosh uyushma va ittifoqlar tomonidan ortda qoldirilib ketishlari mumkinligini anglab yetmoqdalar.
Ushbu ko‘rsatuvimizda siz AQSh va Yevropa uchun TAFTAning qanchalik muhim shartnoma ekanligini, unga to‘siq bo‘layotgan asosiy sabablar va undan keladigan foydalar haqida bir qancha ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin bo‘ladi