Usmoniylar imperiyasi oʻzidan nafaqat tarixiy va madaniy, balki salbiy maʼnoda siyosiy meros ham qoldirdi. Dunyodagi boshqa hududlardagi toʻqnashuv va siyosiy beqarorliklardan farqli oʻlaroq, Usmoniylar hududidan ajralib chiqqan davlatlarda siyosiy barqarorlik hech qachon davomiyday koʻrinmaydi. Urushlar, revolyutsiyalar, fuqarolik urushlari va tashqi kuchlar intervensiyasi bu davlatlarning odatiy taqdiriga aylangan.
1948-yilda Isroil davlatining paydo boʻlishidan tortib, 6 kunlik urush, Isroil-Falastin mojarolari, Baas partiyasining siyosiy kuchayishi, Misr va Liviyadagi revolyutsiyalar, Fransiya-Jazoir urushi, Yugoslaviya va Bolqon urushlari, Grek-Turk mojarolari, Kiprning boʻlinishi, Hezbolla, Iroq-Eron hamda Iroq-Quvayt urushlari, AQShning Iroqqa intervensiyasi, Yaman urushi, Sudanning boʻlinishi, Arab bahorlari va nihoyat Suriya-Iroqdagi diniy ekstremistik kuchlarning Islomiy davlatga asos solishlari. Aslida bu siyosiy chigalliklarning cheki yoʻq va Yaqin va Oʻrta Sharq insonlar psixologiyasida doimiy toʻqnashuvlar yuz beradigan hudud sifatida gavdalanadigan boʻlib qoldi.
Ushbu toʻqnashuvlarda esa Turkiya doim Usmoniylardan qolgan merosxoʻr sifatida oʻz pozitsiyasini bildirib kelgan. Bir tarafdan bu Turkiya uchun siyosiy kuch, lekin boshqa tomondan siyosiy zaiflikdir. Chunki Turkiyaning siyosiy vazni regional aktyor sifatidagina taʼsirga ega. Bugungi kunda esa hududi Suriyadan bir nechta ming kilometr uzoqda boʻlishiga qaramasdan, Suriyaga Turkiyadanda koʻproq va kuchliroq taʼsir qila oladigan global qudratli davlatlar paydo boʻlgan. Bu esa Turkiyaga oʻz siyosiy taʼsirini yoʻlga qoʻyishda bu qudratli davlatlar bilan hisoblashish majburiyatini keltirib chiqaradi. Turkiya siyosiy elitasi va xalqi mentaliteti uchun bu qabul qilib boʻlmas holat. Chunki Turkiya Usmoniylar imperiyasining qulashini va magʻlub boʻlmaganini tan olmagan kuchlar va xalq tomonidan qurilgan davlatdir.