Soʻngi yillarda Rossiya va uning tashqi siyosati hamda prezidenti Vladimir Putin atrofida dunyo OAVlarida juda koʻp bahs va munozaralar koʻpaydi. Bahslar asosan Rossiyaning siyosiy masalalardagi pozitsiyalari va diplomatik yurishlarining tahlillariga asoslangan boʻladi. Bunday bahslarning koʻpayishiga Rossiyaning oʻzi tomonidan ataylab uyushtirilgan media xurujlari yoki bahsli deklaratsiyalari ham sabab boʻldi. Lekin Rossiya nafaqat OAVda, balki real tashqi siyosatda ham bir qancha aniq yurishlarni amalga oshirdi. Gruziya bilan 8-kunlik urush, Qrim yarimorolining qoʻshib olinishi, Ukrainadagi proksi urushlari, Suriyaga Rossiya intervensiyasi, Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi, kiber hujumlar va boshqa koʻplab siyosiy manyovrlar Rossiya oʻzini global miqyosidagi kuch ekanligini koʻrsatishga urinishlari desak mubolagʻa boʻlmaydi. Albatta bu masalalar faqat imijni yaxshilashga xizmat qiladi deyishdan yiroqmiz, lekin maqsadlar orasida Rossiya dunyoga oʻzini oʻrnini osonlikcha berib qoʻymasligini koʻrsatishi ham yoʻq emas.
Sovet ittifoqi qulashidan yuzaga kelgan bugungi Rossiya, nafaqat tarixiy jihatdan xilma-xillikni meros qilib oldi, balki siyosiy mafkuralar va siyosiy texnologiyalar boʻyicha ham bir qancha instrumentlarni oʻzlashtirib oldi. Chunki endilikda Rossiya siyosiy manyovrlarini qolipga soluvchi siyosiy mafkura unga ideologik chegaralar qoʻymaydi. Shu sababdan ham Rossiya kerak vaqtda siyosatda oʻng qanotda, lozim topsa chap qanotda, kerak boʻlsa xalqaro huquq standartlari va praktikalarini ishlatgan holda jahon miqyosida oʻz oʻrnini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Tarixiy tomondan ham Rossiya Sovet ittifoqidan qolgan meros va tarixni koʻpchilik hollarda rad qilmaydi, ayni paytda u Rus imperiyasi qoldirgan poydevorni qayta mustahkamlamoqchi ekanligini tan oladi.
Shunday qilib tarixiy va siyosiy voqealar oqibatida Rossiya bugun geopolitik jihatdan gibrid mamlakatga aylandi. Siyosiy mafkuralar siyosiy texnologiyalarga va Pravoslav diniga joy boʻshatib berdi, endilikda mafkura himoyasi nomi ostida emas, balki Rossiya himoyasi uchun avtoritar rejim oʻrnatildi.
Xoʻsh qanchalik bu rejim kuchli va global ahamiyatga ega?
Ushbu savolga Xaritalar Uzra koʻrsatuvimiz orqali javob berishga harakat qilib koʻramiz.