"Imperiya" so'zi anchayin xunuk eshitiladi. Tarixda o'tgan ko'plab imperiyalarning xatti-harakatini hisobga olganda, bu bejiz emas. Biroq imperiya vaziyatning mahsuli bo'lishi ham mumkin, ya'ni ko'p hollarda davlatlar imperiyaga aylanishga intilishmaydi. Biror davlatning imperiyaga aylanishiga, ko'pincha, kuchlar muvozanatining keng miqyosda evrilishi sabab bo'ladi. Haqiqat ham shuki, imperiyaga aylanishga intilgan Napaleon Fransiyasi va Fashist Germaniyasi kabi davlatlarning umri ko'pga cho'zilmaydi. Ko'pgina davlatlar vaziyat taqozosi bilan qudratga intilishadi va o'zlari ham cheksiz qudratga ega bo'lishgandagina imperiyaga aylanganliklarini anglab yetadilar. Aksariyat hollarda bu anglab yetish jarayoni uzoqqa cho'zilib, asl vaziyatni to'g'ri baholay olmagan davlatlarga qimmatga tushadi.
Ikkinchi Jahon Urushi va yangi Imperiyaning dunyoga kelishi
Qo'shma Shtatlar 1945-yilda imperiyaga aylandi. Boshqa qudratli davlatlar kabi AQSh ham imperiyaga aylanishga harakat qilgan. Ispan-Amerika urushida AQSh imperialistik maqsadlar bilan Filippin va Kubani bosib oladi. O'sha vaqtda Amerika hokimiyati tepasida turganlar imperiyaga aylandik, deb o'ylashgan edi, lekin bu aslida haqiqiy imperiya emasdi. Filippin va Kuba anneksiyalari shunchaki imperial sarob bo’lib, Vashington Birinchi Jahon Urushi, isolyatsionizm davri, nihoyat Buyuk Tushkunlik paytida bu haqiqatni anglab yetdi.
Haqiqiy Amerika Imperiyasini shakllantirgan boshqa hodisalar bo'ldi. Bu hodisalar Amerikaning qudratiga qudrat qo'shdi. Ikkinchi Jahon Urushining dinamikasi Yevropa tomonidan shakllantirilgan xalqaro tizimni parchalab tashladi, qit'aning o'zi esa amerikaliklar va sovetlar tomonidan okkupatsiya qilindi. O'xshash holat Yaponiyada ham yuz berdi. Bu yerda Vashingtonning bevosita hukmronligi o'rnatilib, de fakto koloniya tashkil qilindi, general Duglas MakArtur uning gubernatoriga aylandi.
Natijada AQSh o’zi ham istamagan o’ziga xos imperiyaga aylandi. Imperiyaga aylanmaslikka harakat ko’zbo’yamachi propaganda emas, balki asliyat edi. Birinchidan, AQShning o’zi zamonaviy dunyodagi birinchi anti-imperial harakat tufayli shakllangandi. U har qanday tamoyil doirasida imperializmga qarshi chiqdi. Chunki Amerikaning “otalari” (Founding Fathers) imperiya boylik manbai emas, balki o’zi joylashgan hududdagi zahiralar kushandasi bo’lishini anglab yetishgan edi.
Ikkinchi Jahon Urushi Yaponiya va Yevropanining sillasini quritib tashladi. Amerika esa urushdan foyda bilan chiqqan yagona davlatga aylandi. Bu foyda esa AQSh yanada qudratli qilish uchun sarflanishi rejalashtirilgan edi. AQSh rasmiylarida mag’lub bo’lgan davlatlar uzra imperiya yaratish istagi yo’q edi. Biroq amerikaliklar egallangan hududlardan keta olishmadi.
Birinchi Jahon Urushi barcha ishtirokchilarni tinkasini quritib tashladi. Xech bir davlatda gegemoniyaga intilishga kuch qolmagandi. AQSh ham Yevropani o’z holiga tashlab ketishga majbur bo’ldi. Ikkinchi Jahon Urushi tamomila boshqacha xarakterga ega edi. U batamom boshqacha yakun topdi. Sovet Ittifoqi qattiq zarar ko’rgan bo’lsada, qudratini saqlab qola oldi. Uning butun Yevropani bosib olib idora qilishga salohiyati yetardi. Bu ehtimollik Vashingtonni chuqur tashvishga soldi. Chunki davlatlarning o’z ixtiyori bilan bo’ladimi yoki biror qudrat tomonidanmi – birlashgan Yevropa AQShga qarshi kuchli raqobatchiga aylanish uchun yetarlicha imkoniyatga ega bo’lar edi. Shu sababli amerikaliklar egallangan hududlarda qolishga majbur bo’ldilar.
AQSh bepoyon imperiya tashkil qilish uchun emas, balki o’zining kelajagi xavfsizligini ta’minlash uchun Yevropada harbiy mavjudiyatini oshirdi, qit’ada iqtisodiy va mudofaa tizimini barpo qildi hamda bu tizimda o’zi ham ishtirok etdi. U o’z ta’siri ostidagi davlatlarda Sharqiy Yevropa, ya’ni sovetlar okkupatsiya qilgan hududlardan ko’ra erkinroq tuzumlarni qo’llab quvvatladi. Agarda Yevropa davlatlaridagi suverenitet tushunchasi biror urushda qatnashish yoki qatnashmaslik to’g’risida qaror qabul qilishni anglatadigan bo’lsa, u holda bunday qudrat London, Parij yo Varshavada emas, balki Vashington va Moskvada edi.
Amerikancha strategiyaning asosiy tamoyili tiyib turish edi. Sovet Ittifoqiga to’g’ridan-to’g’ri bostirib kirishning imkoni yo’qligi sabab AQSh uning asl qudratini tiyib turishga qaror qildi. AQSh ta’siri Yevropadan Eronga qadar yoyildi. O’z navbatida Sovet strategiyasi tiyib turish tizimini iloji boricha jangarilik, kommunist yo’lboshchilar orqali siqib turishdan iborat edi. Natijada parchalanib ketgan Yevropa imperiyalari qoldiqlaridan AQSH va SSSR bir-biriga qarshi tizimlarni shakllantirib borishdi.
Imperiya Iqtisodiyoti
Jangari harakatlar uchun Sovet Ittifoqi bilan ittifoqdosh bo’lishdan asosiy afzallik katta miqdordagi qurol-yarog’ ta’minoti edi. Xuddi shu yo’nalishda AQSh bilan hamkorlik dinamik savdo zonasida ishtirok etish, kapital va texnologiyaga investitsiyasiga ega bo’lishni anglatardi. Janubiy Koreya kabi ba’zi davlatlar bundan katta foyda ko’rdilar. Nikaragua kabi davlatlar rahbarlari esa AQSh bilan savdodan ko’ra Sovet Ittifoqining siyosiy hamda harbiy yordamini afzal ko’rishdi.
AQSh okeanlar nazorati qo’l ostida bo’lgan, dunyo bo’ylab ko’plab harbiy bazalarga ega va o’zi uchun strategik muhim yoki foyda olsa bo’ladigan davlatlarni qamrab olgan dinamik savdo hamda investitsiya tizimili eng katta iqtisodiy imperiyaga aylandi. Bu tizimlar Sovuq Urush davridayoq shakllanib ulgurgan edi.
Amerika imperiyasining geopolitikai harbiy aloqalarga tayangandek ko’rinsada, uning asosini iqtisodiy aloqalar tashkil etardi. Avval boshida bu iqtisodiy aloqalar urushdan unchalik zarar ko’rmagan Amerika biznesi uchun ahamiyatsizdek ko’rindi. Biroq vaqt o’tishi bilan tizim takomillashib, investitsiyalar qiymati, import, eksport va mehnat bozorlarining muhimligi ortishi natijasida AQSh iqtisodiyoti mislsiz foyda ko’ra boshladi. Tarixda gullab-yashnagan imperiyalar kabi Amerika imperiyasining ham ibtidosi qandaydir buyuk reja bilan emas, balki vaziyat taqozosi bilan boshlandi. Strategik ehtiyoj boshqa davlatlarning resurslarini talab qilar edi. Natijada Venesuela va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarning nefti AQShdagi neft kompaniyalarni boyita boshladi, o’z navbatida ularning faoliyati mamlakat sanoatining gullab-yashnashiga xizmat qildi. Shu tariqa ko’plab davlatlar strategik ehtiyoj tufayli AQSh iqtisodiy tizimining bir qismiga aylanib, unga qaram bo’lib qoldilar.
Zo’rlik siyosati imperiyalarni yemiradigan asosiy omil hisoblanadi. Ideal imperiya ko’plab koloniyalarga ega emas, balki metropoliya imperiyaning boshqa hududlaridan teng iqtisodiy aloqalar orqali foyda olgandagina mavjud bo’ladi. Shu bilan birga harbiy aloqalar ham o’zaro bog’liqlikka asoslangan bo’lib, harbiy kuch qaram koloniyaga tazyiq o’tkazish uchun ishlatililishi emas, balki uni muhofaza qilishi lozim.
AQSh huddi shu tariqa imperiyaga aylandi. Birinchidan, u urush tufayli cheksiz boylik va qudratga ega bo’ldi. Ikkinchidan, unga qarshi tura oladigan davlat va davlatlar guruhi bilan to’qnash keldi. Uchinchidan, Amerika to’plangan boylik va qudratni ushbu raqib davlatlarni tiyib turish, ularning ba’zilarini o’z tomoniga og’dirish va hali ular ta’siri ostiga tushib ulgurmagan boshqa kuchlarni o’zining iqtisodiy, siyosiy hamda harbiy tizimiga qo’shib olish uchun sarfladi. Va nihoyat, to’rtinchidan, ushbu omillar tufayli ko’plab davlatlar AQSh iqtisodiy tizimining muhim sektorlariga aylanib qolishdi, ya’ni ular o’z potensialidan kelib chiqqan holda Amerika iqtisodiyotining ma’lum sektorlari rivojiga xissa qo’shishdi va o’zlari ham bundan foyda olishdi.
Amerika Imperiyasining limitlari
Amerika Imperiyasining asosiy muammosi Sovuq Urush edi. Bu vaqtda Vashington raqib mafkuraga qarshi koalitsiya to’plab, har qanday holatda u bilan urush holatiga kirishga tayyor turardi. Biroq bu AQSh uchun qimmatga tushdi, harbiy xarajatlar davlatni sillasini quritardi. Sovet Imperiyasi parchalangandan keyin AQSh va uning ittifoqdoshlari dunyo bo’ylab erkin harakatlanish imkoniga ega bo’ldilar. 1991-yildagi “Sahro Bo’roni” operatsiyasi doirasida markazida AQSh turgan katta miqdorda koalitsion kuchlar Iroqda yig’ildi. 11-sentyabr voqeasidan so’ng o’sha asosdagi koalitsiya AQSh yetakchiligida Afg’oniston va Iroqqa kirib bordi. AQSh bilan aloqadan manfaatdor bu koalitsion kuchlar modeli Ikkinchi Jahon Urushidagi Birlashgan Kuchlarning tuzilishiga mos tushar edi.
Xech imperiya to’g’ridan-to’g’ri boshqaruv sharoitida yashab keta olmaydi. Gitler Imperiyasi bunga yorqin misol bo’la oladi. Gitler bosib olingan hududlarda to’g’ridan-to’g’ri Reyx boshqaruvini o’rnatdi. Britaniya Imperiyasi kam sonli zodagonlar orqali Hindistonni boshqarishga urindi. Inglizlar imperiyasining nisbatan uzoq yashaganligining sababi ularning koloniyalari bevosita London tomonidan emas, balki kolonial hukumatlar bilan boshqarilar edi. Natijada Britaniya Imperiyasi dunyo tartibotining asosiy qismiga aylandi. Biroq kolonial hukumatlarning erkinligi London tomonidan cheklangan edi, shu tufayli imperiya parchalanib ketdi. Nemislarni esa bevosita boshqaruv tufayli markazga keragidan ortiq bosim tushishi holdan toyirdi. Shu sababli Fashist Imperiyasi umri uzoqqa cho’zilmadi.
1992-yildan so’ng AQSh dunyo muvozanatini saqlab turgan yagona global qudratga aylandi. Amerika iqtisodiy, harbiy va siyosiy qudratni bir asosga qo’yib, ular o’rtasidagi muvozanatni ushlab bila olgan birdan-bir davlat edi. Biroq bu AQSh qudratining xech qanday cheklovi yo’qligini anglatmaydi. Limitlar doim bo’ladi va ularni anglay olgan imperiyalargina yashab qoladi.
AQShning asosiy limiti Britaniya va Rimniki kabi – demografiyadir. Agar AQSh Yevroosiyoga bostirib kirgudek bo’lsa, bu yerda katta miqdorda insoniy qarshilikka duch keladi. AQShning harbiy qudrati yuqori takomillashgan texnologiyaga asoslangan. Bunday zamonaviy qurollar dushman o’t ochmasidan oldin uni yakson qilib tashlash qudratiga ega. Biroq bu faqat qisqa muddatda samara beradigan strategiya, xolos. Uzoq muddatli urushlarda insoniy potensial baribir ustun keladi. Buni Vyetnam, Afg’oniston va Iroqdagi urushlarda ko’rishimiz mumkin. Masalan, AQSh 25 million aholiga ega Iroqqa 130,000 askarni safarbar qildi. Natijada son jihatdan keskin tavofut iroqliklar foydasiga xizmat qildi.
Demografik limit tufayli Yevroosiyoga katta ko’lamli qo’shin tashlash muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Shu sababli yagona samarali strategiya bilvosita urushdir. Ikkinchi Jahon Urushining ilk yillarida Amerika shu strategiya orqali Germaniyaga qarshi Britaniya va SSSRni qo’llab turdi.
Bilvosita urushning ikki shakli mavjud. Birinchisi, manfaatlari mos keluvchi kuchni umumiy dushmanga qarshi qo’yish. Bundan Afg’on Urushining boshlarida foydalanildi. Tolibonga qarshi bo’lgan mahalliy kuchlar AQSh qo’lloviga ega bo’ldi. Ikkinchisi, kurashayotgan davlatlar o’rtasida muvozanatni saqlash. Bu strategiya hozirda O’rta Sharqda ishlatilmoqda. AQSh 4 ta asosiy mintaqaviy kuchlar – Eron, Saudiya Arabistoni, Isroil va Turkiya o’rtasidagi muvozanatni saqlab turishga harakat qilmoqda. Masalan, Iroqda AQSh Eronning quruqlikdagi kuchlari bilan birgalikda Islomiy Davlatga aviazarbalar berayotgan bir paytda, Yamanda Erondan yordam olayotgan Huzilarga qarshi Saudiya intervensiyasini qo’llab-quvvatlamoqda.
Bunday strategiyalar imperiyalarning muhim tayanchlaridir. Inglizlar aytgandek, xech qanday doimiy do’st yoki dushmanlar yo’q, balki faqat doimiy manfaatlar mavjud, xolos. AQSh kuchlarni do’st yoki dushmanga aniq ajratib ko’rsatmaslik orqali imperiyalar amalga oshirgan xatolarni takrorlamaslikka urinmoqda.
Muvozanat tizimini yaratish
Muvozanatni saqlab turish qanchalik muhim ekanligini o’rganish orqali hozirda AQSh o’z strategiyalarini qaytadan ko’rib chiqmoqda. Xech bir qudrat sanoqsiz global konfliktlarga bevosita aralashish imkoniga ega emas. Zamonaviy dunyoda yashab qolish uchun global qudratlar ichki suverenitetga dahl qilmagan holda global va regional muvozanatlarni shakllantirmog’i lozim. Hozirda AQSh shu bosqichda turibdi.
Ammo muvozanat tizimini shakllantirish anchayin mushkul. Buning uchun birinchi qadam iqtisodiy stimullarni ishga solgan holda boshqa davlatlar bilan umumiy tizimni yaratishdan boshlanishi zarur. Bu tizim esa strategik ehtiyojga asoslanib, majburiy shaklda bo’lmasligi kerak. Ikkinchi qadam zaif davlatlarga iqtisodiy yordam ko’rsatish; uchinchi qadam hamkor davlatlarga harbiy ko’mak ko’rsatish; to’rtinchi qadam mutaxassislarni yuborish; beshinchi qadam harbiy mavjudlik orqali hamkorlarni ta’sir ostiga olishdan iborat bo’lishi lozim. To’rtinchidan beshinchi qadamga o’tish mushkul hisoblanadi. Hamkor mamlakatlardagi harbiy mavjudiyat deyarli ishga solinmasligi zarur. Lekin harbiy ko’mak va mutaxassislar muammoni yecha olmasa, u holda harbiy kuch ishga solinishi mumkin. Hozirgi kunda AQSh bazalari mavjud har bir davlatda yuqoridagi besh qadam bosib o’tilgan.
Imperiya mas’uliyatlari
AQSh imperiya sifatida atalgan aksariyat hollarda “imperiya” so’zida salbiy urg’u beriladi. Biroq AQShni asliyatan qabul qilish kishini obyektiv bo’lishiga yordam beradi. Mobodo Amerika o’zini haqiqiy mperiya deb hisoblaganda hozirda biz uning parchalanishi guvohi bo’layotgan bo’lardik. Imperiya uchun o’z kuchiga ortiqcha baho berib yuborishdan xavfli dushman yo’qdir.
Tarixiy voqealar va geopolitika Shimoliy Amerikada asl imperiya bo’lmasada, shunga yaqin bir qudratni shakllanishiga zamin yaratdi. Imperiyalar har doim ham agressiv bo’lishmaydi. Lekin ikki jihatni hisobga olish lozim. Birinchisi, Amerika o’zi ega bo’lgan qudratdan voz kecha olmaydi. Buning xech qanday amaliy imkoni mavjud emas. Ikkinchisi, qudratning ulkanligi hisobga olinsa, Amerika xohlaydimi yo’qmi global konfliktlarda ishtirok etmasdan iloji yo’q. Uning boshqaruv tuzilmalari dunyo bo’ylab tarmoqlanib ketgan va jahonning har bir burchagidagi konflikt Amerikaning manfaatlariga ta’sir etadi.
AQShning yangi dunyo tartibotini shakllantirish maqsadlari O’rta Sharqda kuchlar muvozanatini tartibga solishda kuzatilar ekan, endilikda ‘Amerikaliklar kelmoqda!’ degan lozunglar eskilikka aylanib qoldi. Bundan so’ng Amerika konfliktlarni ba’zan u, ba’zan bu davlat foydasi uchun manipulyatsiya qiladi, lekin biror davlatga bevosita intervensiyani amalga oshirmaydi. Uning manfaatlari esa doimo birinchi o’rinda qolaveradi.
Xulosa qilinsa, imperiyalardan ba’zan qo’rqishadi, ba’zan ularni hurmat qilishadi, lekin xech qachon sevishmaydi. Amerika Imperiyasi haqidagi haqiqat ham shundan iboratdir.
Jorj Fridman