Kalashnikovsiz hozirda dunyoda bo’layotgan barcha qurolli to’qnashuvlarni tasavvur qilish qiyin, bu qurol Sovet Ittifoqi armiyasining taniqli timsolidir. Birinchi marta Sovet armiyasi tomonidan AK-47 nomi bilan ishlatila boshlaydi, lekin uning dunyoga mashhur Kalashnikov nomi qurol yaratuvchisining familyasidan kelib chiqqan. Bu qurol dunyoning deyarli barcha geografik hududlaridagi urushlarda sinovdan muvaffaqiyatli o’tdi. Vetnamning nam o’rmonlaridan tortib, Afrikaning barcha geografik sharoitlariyu, Afg’onistonning yozi o’ta issiq va qishi o’ta sovuq bo’lgan qurg’oqchil zonalarida bu qurolning ishlatilishi hech ham pand bermagan.
Uning dunyodagi eng ko’p ishlatiluvchi yengil qurol sifatida tanilishiga bir nechta sabablar bor. Birinchidan, uning sifati, hoh suvda bo’lsin, hoh qum tagida, Kalashnikov o’z funksiyasini yo’qotmaydi. Uning oddiy uslubda oson ishlatilishi o`z boshqaruvchisidan chuqur harbiy bilim talab qilmaydi, hatto voyaga yetmagan o'smirlar ham bu qurolni ishlatilishini qisqa davr ichida osonlik bilan o’zlashtirib olishlari mumkin. Moliyaviy sabab : Kalashnikov dunyodagi avtomatik urush qurollari orasida eng arzon narxda sotilishi bilan dong’i ketgan. Sovet Ittifoqining parchalanishi bilan, Sharqiy Yevropa va Sovet Ittifoqi hududlaridagi qurol omborxonalarida saqlanayotgan qurollar dunyoga tarqalib ketdi. Sobiq Sovet mamlakatlaridagi iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ularning sotilishi juda ham arzon bahoda amalga oshirilgan. Hozirda, garchi, Sobiq Sovet mamlakatlari o’zlarining iqtisodiy ahvolini birmuncha mustahkamlab olishiga qaramasdan noqonuniy qurol savdosi o’zining "qora bozor"dagi ahamiyatini yo’qotmadi. Aksincha yangi industriyadagi ishlab chiqarilayotgan AK-47 avtomatida plastik va yog’och mahsulotlarini keng tarzda ishlatilishi uning narxini yanada pasaytirib bozorini chaqqonlashtirib yubordi.
Shu kungacha Kalashnikov dunyodagi eng taniqli qurol maqomini yarim asrdan ko’proq o’zida saqlab kela oldi. Dunyo hamjamiyatida urush so’zini to’g’ridan-to’g’ri Kalashnikovni tasavvur qilish bilan tilga olishi oddiy hol bo’lib qoldi. Ommaviy axborot vositalari, urush haqidagi kompyuter o’yinlari va boshqa omillar bu mashhurlikka erishishda o’z hissalarini bilib-bilmay qo’shdilar. Hozirda jinoyatchi guruhlar, jangarilar va terroristlarni bu qurolsiz tasavvur qilish qiyin. Bu qurolning bunday keng yoyilishiga uning dunyodagi ko’pchilik noqonuniy zavod va fabrikalar tomonidan nusxasini ko’paytirish orqali tarqatilganligi ham sababdir.
Dunyoning 60 mamlakatidagi qo’zg’olonlar va fuqarolar urushidagi sadoqatli, uzoq yillik xizmatlariga qaramasdan, Kalashnikov tarixi uning mashhurligi kabi yorqin va afsonaviy emas. Qurol industriyasi har doim ham nozik tarmoqlardan biri bo’lib kelgan, ko`pchilik hollarda bu tarmoqda sanoat josusligi, nusxa ko’chirish va qalbakilashtirish ishlari muhim rol o’ynab kelgan. Bugun men sizlarga shunday sanoatlarning biri bo’lmish yengil qurollarning noqonuniy ishlab chiqarishini yoritishga harakat qilaman.
Aslida AK-47 avtomatining ajdodlari biz o’ylaganimizdan ancha oldinroq paydo bo’lishni boshlagan. Germaniyada uchinchi Reyx hokimiyatining o’rnatilishi va mamlakatning militarizatsiya qilina boshlanishi bilan oddiy piyoda askarlarning unumini oshirish uchun yengil qurollarni rivojlantirishga muhim e’tibor qaratildi. I Jahon Urushi davomida piyoda askarlarining qurollaridagi davomiylikning kamligi tufayli yaqin masofadan turib o’q uzishda qurolda o’q tugab qolishi va o’qdonni almashtirilishi uchun kerak bo’lgan vaqtning uzoqligi kabi texnik sabablar nemis armiyasining muaffaqiyatsizliklarining asoslaridan biri edi.
Shuni e’tiborga olgan holda Fashist Germaniyasi qurollardagi o’qlar sonini ko’paytirishga va uni avtomatlashtirishga asoslangan bir nechta harbiy izlanishlarni amalga oshiradi. Birinchi Jahon Urushida nemis armiyasining eng muaffaqiyatli qurollardan biri avtomat pistolet MP18 bo'lgan, ushbu qurolni AK-47ning eng birinchi ajdodi desak xato bo’lmaydi. MP18 urushning oxirgi yillarida yaratilgani va ishlab chiqarishning murakkabligi tufayli 1-Jahon Urushida o’zining ishchanligini to’liq ko’rsata olmaydi. Umumiy hisobda 10 000ta ishlab chiqarilgan MP18dan, atigi 5000tasi urush davrida ishlatilgan, asosan yuqori mansabdor shaxslarni qo’riqlash xizmatlarida. Uchinchi Reyx aynan shu qurolning avlodlarini rivojlantirishga kirishadi. MP38, MP40 shular jumlasidandir. Lekin har biri o’zining kamchiliklariga ega bo’lib rivojlantirishga muhtoj edi. Masalan MP40 avtomat qurolining o’qdoni deyarli nosoz bo’lib ikkita katta kamchilikka ega edi, 1-o’qdon ikki qatordan tuzilgan o’qlardan tashkil topgan bo’lib, qurolning o’qxonasi esa faqat bitta o’qni qabul qilishga mo’ljallangan edi, agar o’qdonga chang yoki qum zarrachalari kirib qolsa o’qdondagi o’qlar siqilib avtomatga o’q yetkazib berolmay qolardi. 2-kamchilik o’qdon bilan qurol orasida hech qanday uni ushlab turuvchi moslama bo’lmaganligi tufali avtomatga tashqi zarba berilgan taqdirda u yo o’qdonini tushirib qo’yardi, yoki bo’lmasa o’qdondagi o’qlar zarba ta’siridan o’q xonasiga o’tib quroldan egasini xohishiga qarshi o’q otilib ketardi.


1947-yilga kelibgina Sovet injenerlaridan biri bo’lmish Mixail Kalashnikov o’zining Ijmash zavodidagi seksiyasida yangi qurolni Sovet Armiyasiga taqdim qiladi. Qurol uning nomiga atab "Avtomat Kalashnikova 1947", ya’ni qisqartilib AK-47 deya nomlanadi. Shu kundan boshlab Sovet Armiyasi bu qurolni o’zining ajralmas timsoli qilib oldi. Lekin AK-47ning rivojlantirish va qo’shinga moslash 1959 yilgacha davom etdi, 1959-yilda zamonaviylashgan mashhur AK-47 yaratildi. Butun Sovet armiyasi ushbu qurol bilan qurollantirilib, kommunistik qo’shni Xitoyga bu qurolni ishlab chiqarishga ruxsat berildi. Keyinchalik bu ruxsat boshqa 18 ta Varshava shartnomasi mamlakatlariga ham yoyildi. Garchi Kalashnikov Shtrumgeverdan ilhomlanib yaratilgan bo’lsada, uning vazni, qulayligi va tezkorligi shu davrgacha ishlab chiqarilgan har qanday avtomatik quroldan ancha ustun edi. Jumladan Shtrumgever bilan AK-47 ni solishtiradigan bo’lsak, asosiy korpus o’xshash bo’lishiga qaramasdan AK-47 ning texnologiyasi bir muncha murakkab va ishlatilishida hech qanday kamchilik ko’zga tashlanmaydi. O’qining boshqa qurollarga nisbatan nishonga chuqurroq botishi esa hozirga qadar AK-47ni boshqa avtomatik qurollardan ustunligini ushlab turishdagi muhim omildir.
AK-47ning chidamliligi, yengilligi va ishlab chiqarishning arzonligi uni tezda dunyoga yoydi. O’sha davrdagi "Sovuq Urush" tufayli yuz berayotgan qurolli to’qnashuvlarda Kalashnikovning roli juda ahamiyatli bo’ldi. Barcha Sovet Ittifoqiga sherik bo’lgan davlatlar uning litsenziyalarini sotib olib, millionlab Kalashnikovlarni ishlab chiqardilar. Tezda dunyoda bu qurol "Revolyutsiya va Ozodlik" qo’zg’olonlari ramziga aylandi. Yillar o’tib dunyodagi talablarga ko’ra uning bir nechta zamonaviylashgan va turli hil geografik sharoitlarga moslashgan turlari ishlab chiqarildi, shuningdek o’zining takrorlanmas 7.62 kalibrli o’qidan tortib, NATOning mashhur 5.56 kalibrli o’qlariga moslashgan yangi rusumlari dunyo yuzini ko’rdi.
Bugungi kunda bu qurolning soni afsonaviy holga keldi, umumiy ro’yxatdan o’tib, ishlab chiqarilgan Kalashnikov avtomatlari soni 70-110 million atrofida. Bu dunyodagi eng bozori chaqqon quroldir. Shunga qaramasdan uning asoschisi bu qilgan ixtirosi uchun hech qanday pul mukofoti olmagan. Lekin u yaratgan "gavhar" tufayli dunyoda minglab zavodlar hozirgacha mo’may pul qilishda davom etishmoqda. 2007-yilda Mixail Kalashnikov dunyodagi 10 ta Kalashnikov avtomatidan 9tasi ko’chirma yoki qo’lbola ekanini ta’kidlagan. Haqiqatdan ham hozirda ishlab chiqarilayotgan Kalashnikov avtomatlarining atigi 10-12%igina Rossiyaga to’g’ri kelib qolgan, 90% boshqa davlatlar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Bunga asosan ikki sabab bo’lib, birinchisi - "Sovuq Urush" davrida Sovet Ittifoqi o’zining strategik sheriklarini kuchaytirish maqsadida ko’pchilik davlatlarga bu qurol ishlab chiqarishini ruxsatini bergan. Lekin hozir Sovet Ittifoqining o’zi mavjud emas, ular bilan tuzilgan shartnomalarda esa Sovet Ittifoqining qulashi umuman hisobga olinmagan edi. Shu sababdan bu davlatlarning ko’pchilik qismi AK-47 qurolini ishlab chiqarishni davom ettirishmoqda. 2-sababi Sovet Ittifoqining qulashi oqibatida, butun Sovet qurol arsenali sobiq harbiylar tomonidan talon-taroj qilinib, mafkuraviy qarashlarini hisobga olmagan holda bir nechta davlatlarga arzon narxda sotib yuborildi. Shuningdek, dunyoda Kommunistik blokning qulaganligi ortidan qurollarga nisbatan talabning pasayishi va sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolning yomonlashuvi oqibatida bu qurolning narxi 90-yillarda 20$ gacha tushgan. Shu davrda bu qurol ishlab chiqarishiga tegishli bo’lgan texnologiyalar ham sotilganligi haqida ma’lumotlar yo’q emas. 2006-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Venada bo’lib o’tgan yengil qurollar forumida Rossiya dunyodagi Kalashnikov ishlab chiqarilishini nazoratini qo’ldan boy berganini va atigi 10% gina Rossiyada ishlab chiqarayotganini e’lon qildi.

To'q qizil rangda AK ning klassik turini ishlatuvchilar.
Sariq rangda AK dan ko'chirib yangi ishlab chiqarilgan qurollarni ishlatuvchilar.
Pushti rangda AKning yangi zamonaviylashgan turlarini ishlatuvchi mamlakatlar.


2009-yilda Ijmash jamiyatining a’zolaridan biri Buyuk Britaniyaning The Independant gazetasiga bergan intervyusida, bunday o’zboshimcha ishlab chiqarishlar Rossiyaning qurol-yarog’ savdosiga 400 million AQSh dollari darajasida zarar keltirayotganini qayd qiladi. Рособоронэкспорт – Rossiyaning qurol bo’yicha eksportlarini tartibga soluvchi jamiyatining qarshiliklariga qaramasdan, AK-47ning butun dunyoda noqonuniy ravishda ishlab chiqarilishi davom etmoqda. Chunki Sharqiy Yevropa davlatlari kelishuvlar jamiyatlararomas, balki davlatlararo olib borishlarini so’rashmoqda. Tomonlarning aniq qarorga kelmaganligi tufayli bu kelishuvlar uchun muzokaralarga kirishishga hozircha hech qanday harakat yo’q.
Shuning oqibatida Rossiya bu sanoat tarmog’ining asta sekin yemirilib borayotganini kuzatmoqda, agar ahvol shu zaylda davom etsa Rossiya bir necha yillardan keyin qurol-aslaha eksporti bo’yicha dunyodagi 2-o’ringa tushib qolishi mumkin. Xavfdan bohabar Rossiya hozirda o’zidan nusxa ko’chiruvchi mamlakatlarga yangi texnologik qurollarni sotishni kamaytirmoqda. Masalan, 2007-yilda Rossiyadan Xitoyga bo’lgan qurol eksporti o’ta kuchli darajada pasaygan. Bunga asosan ikkita sabab mavjud. Birinchidan Xitoy mana necha yildirki o’zining yengil qurollar ishlab chiqarish sanoatiga ega. Ikkinchidan aytib o’tganimizdek Xitoy iloji boricha zamonaviy texnologiyalarni import qilishga bel bog’lagan, ularni rivojlantirib yoki o’zgartirib o’zining milliy mahsulotlariga aylantirish maqsadida. Hozirda Xitoy ayni qurol-yarog’ sanoatida import qiluvchi mamlakatdan eksport qiluvchi mamlakatga aylanib bormoqda.
Bunday qurol-yarog’ sanoatidagi ko’chirmachilik faqat Kalashnikovga tegishli emas, balki barcha qurol-yarog’ tizimia tegishlidir. Hozirda dunyoda minglab qo’lbola qurollar ishlab chiqaruvchi yashirin fabrikalar faoliyat ko’rsatmoqda. Pokiston, Afrika va Yaqin Sharq regionlarida bir martalik kichik hajmdagi raketa, qo’lbola granatalar va Kalashnikov avtomatlari ishlab chiqaruvchi mini-ustaxonalar mavjud. Suriyada fuqarolar urushi boshlanmasidan oldin, « uyda qilingan kalashnikov » narxi 50-100$ orasida sotilar edi. Bugungi kunda esa Suriya va Livan orasidagi chegaralarda qurollarning narxi haddan tashqari oshib ketgan.