O'tgan galgi maqolamizda biz siz bilan Islomizmning ildizlari, unga yetaklagan sabablar, qayta tug'ilishi va nihoyat ma'lum kuch sifatida mafkuraviy birlashtirishini ko'rib o'tgandik. Bu birlashtirish AQSh tomonidan Afg'onistondagi Sovet Ittifoqi qo'shinlarini siqib chiqarish maqsadida amalga oshirilgan edi. Lekin AQSh Sovet qo'shinlari Afg'onistonni tashlab chiqqandan so'ng bu harakatni e'tiborsiz qoldiradi, natijada Islomizm ideologiyasi, Musulmon jamiyatlaridagi iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklar tufayli avtonom kuch sifatida yashashda davom etdi.
Bugun biz siz bilan aynan o'sha Islomiy-radikal harakatlarning qanday qilib Kommunizmga qarshi jihoddan, qaysidir ma'noda qayta tug'ilishiga sababchi bo'lgan, yaratuvchisi AQShga qarshi Jihodga otlanishi jarayonini ko'rib chiqamiz.
Jihod konseptsiyasi
So'ngi davrlardagi Musulmon dunyosining mustamlaka qilinishi, milliylikka asoslangan (dinga emas) mamlakatatlarning paydo bo'lishi va ularning zamonaviy davrga moslashishni qiyinlashuvi oqibatida Islom ulamolari Jihod so'zini ijtimoiy birlashtiruvchi qurol sifatida ko'p bora ishlatdilar, natijada jihod Islomiy-Huquqiy normalar bilan aniq qilib belgilab qo'yildi. Unga ko'ra Jihod ikki hil bo'ladi, Himoya va Hujum Jihodi. Himoya Jihodi asosan Islom dunyosining qaysidir qismiga "Kofirlar" tomonidan hujum qilinganda Musulmonlarni ularga qarshi umumiy safarbarlikka chaqiruvchi chaqiriq bo'lib u asosan Islom ulamolari tomonidan Fatvo berish orqali amalga oshiriladi. Hujum Jihodi esa Islomni dunyoga yoyish uchun birinchi marta Xalifaliklar tomonidan ishlatilgan va hozirgi kunda ham Islomizmning asosiy mafkuraviy qurollaridan biridir. Bu ikki safarbarlik bir biridan otlanishga qarab farq qiladi. Hujum Jihodi asosan hohishga qarab amalga oshiriladi va uni amalga oshiruvchi kishilar Islomga bo'lgan ishonchining kuchliligi tufayligina bu harakatga ko'ngilli bo'lib kiradilar. Himoya Jihodi esa nafaqat Islom dinini himoyasi balki Islom dunyosini (hududini) va Musulmon aholisining himoyasidir. Bu farq ikki Jihodning kuchini solishtirishga imkon bermaydi, chunki ikki holatda ham Jihodga otlanuvchi kishi kuchli mafkuraviy g'oyalar bilan sug'orilgan bo'lib, unda material boylik yoki karera kabi "dunyoviy" vajlarga umid yo'q, ya'ni u bu yo'lida o'limdan ham qaytmaydigan askardir (zamonaviy armiya soldatlaridan farqli o'laroq).
Afg'on Jihodi
Sovetlarning Afg'onistonga kirishi Salafistlar, Vahobiylar va Musulmon Birodarlar uchun o'zlarining o'rinlarini mustahkamlashda va ma'lum oqim sifatida Musulmonlar orasida tan olinishlari uchun imkoniyat yaratdi. O'z mamlakatlarida Fundamental Islomiy Davlatlarni qurishni oldiga maqsad qilib qo'yib olgan bu harakatlar 70-yillarning ohiriga borib mahalliy hukumatlar bilan kelishmovchiliklarni yuzaga keltira boshladilar. Arab mamlakatlarning "kofirlar" (AQSh) va "dahriylar" (SSSR) bilan ittifoqlarini va ularni Musulmon dunyosini xoinlari sifatida qoralash orqali bu harakatlar o'zlari tomonga aholining sezilarli qismini qaratib oldilar, ular orasida dunyodagi eng boy oilalar qatoridan joy olgan Islomizmga xayrixoh shayxlar ham o'rin olgan edi.
Lekin Arab hukumatlarining umidlaridan farqli o'laroq ushbu radikal islomistlar Afg'onistondagi urushda tirik qoladilar. Nafaqat tirik qoladilar, balki Pokiston va AQSh maxfiy xizmatlari tomonidan tashkil qilingan maxsus harbiy bazalarida kuchli tayyorgalik darslari oladilar. Ular AQSh va Pokistonning zamonaviy qurollarini tubdan o'rganib chiqib, urushdagi harbiy operatsiyalaridan kuchli harbiy tajriba orttiradilar, shuningdek partizanlik, xufiyalik, axborot propogandasi va terror qilish kabi uslublarni mukammal egallaydilar. Uni ustiga barcha turli Arab mamlakatlaridan yig'ilgan islomistlar, Pokistonlik radikallar va Afg'onistonlik fundamentalistlar bir joyga yig'ilgan holda oldingilardan ham radikalroq va kattaroq ambitsiyalarga ega bo'lgan Islomizmni vujudga keltiradilar.
Al-Qoidaning xalqaro tarmoqda tashkil qilinishi
1-turdagi Mujohiddinlar asosan Arablarning o'ziga to'q oilalarining a'zolari bo'lib, ularning Afg'onistonga kelishidan maqsadi mustahkam poydevorga asoslanmagan. Bundaylarning xizmat muddati 1 oydan 3 oygacha bo'lgan bo'lib, Afg'on do'ppisi va Kalashnikov bilan qilingan bir nechta sur'at, pulemetdan otilgan bir magazin o'qdan so'ng ular Mujohiddinlarga g'alaba tilab o'z vatanlariga qaytishgan. Saudiyalik badavlat shayxlarning farzandlari o'zlarining bahaybat JEEP mashinalarida kelib xizmatini ohirida ushbu mashinasini Mujohidlarga sovg'a sifatida qoldirganliklari holati ham ko'p uchragan. Shunga qaramasdan bu toifadagi Mujohidlarning katta ko'pchilik qismi Afg'onistondagi Islomiy kuchlarni o'zlarining moliyaviy yordamlari bilan 2001-yilgacha ta'minlab kelishgan.
2-turdagi Mujohiddinlar uzoq muddat davomida xizmat o'tagan bo'lib asosan Islomizmni asosiy faollarini tashkil qilganlar. 1-turdagi Mujohiddinlarga qaraganda ularning soni ancha kamchilikni tashkil qilgan, lekin mafkuraviy jihatdan bu toifadagilar ancha sobit bo'lganlar. Ularning ko'pchilik qismi iqtisodiy jihatdan qoloq bo'lgan arab va musulmon davlatlariga to'g'ri kelgan.
Aynan shu ikki toifadagi Mujohiddinlar bilan yaqinlashib, ular bilan aloqada qolishga harakat qilgan kishilardan birinchisi Usama Ben Laden bo'lgan. Uning bu to'plagan aloqalar tarmog'i keyinchalik AQSh maxfiy hizmatlari va ommaviy axborot markazlari tomonidan Al-Qoida deb nomlangan, ushbu tarmoqning hech qaysi faoli bunday nom bilan bu guruhni atamagan.
Ben Ladenning ushbu lagerlardagi Musjohiddinlarni aloqa ma'lumotlarini yig'ishda va keyinchalik ularni virtual dunyoda kuchaytirishi, uning kuchli kommunikatsiya bilimi egasi ekanligini bildiradi. Lekin 80-yillarda yangidan paydo bo'lgan Xalifalikni qayta qurish fikri Ben Ladendan emas balki uning diniy ustozi bo'lmish Abdulloh Azzam tomonidan olg'a suriladi. U o'zining "Mususlmonlar uchun birinchi farz: o'z yerlarini himoya qilish" deb nomlangan kitobida"Musulmonlarning Jihodi Afg'onistondagi g'alaba bilan to'xtab qolmasligi lozim, u har bir kishi uchun farz bo'lib qolishi shart. Afg'on jihodi bu faqat boshlanishi, bizning kurashimiz Falastindan Andoluziyaga, Filippindan O'rta Osiyoga, Birmadan Eritireyagacha yetib boradi" deya ta'kidlaydi. Aynan Abdulloh Azzamni hozirgi global Jihod mafkurasining asoschisi desak adashmaymiz.
Lekin nima bo'lganda ham Abdulloh Azzamning o'limi Falastinda, Arab yarimorolida, Misrda, Tojikistonda, Dog'istonda, Chechenistonda, Kashmirda, Jazoirda, Filippinda va Albaniyada global jihod mafkurasini keng yoyilishiga hamda bir qancha fuqarolar urushiga sabab bo'ldi. Shu bilan birga uning o'limi Jihodning Anti-Kommunizmdan Anti-Amerikanizm yo'nalishiga o'tishda birinchi burilish bo'ldi.
Jihodning G'arbga qarshi yo'naltirilishi
Jihodning hozirgi ko'rinishiga kelishida turli Islomiy guruhlarning Afg'oniston va Pokistondagi qorishmasi katta rol o'ynagan. Shu oqimlarning uchtasi bu Jihodning globallashuv darajasiga yetgan mustahkam mafkura bo'lib yetishishida katta rol o'ynagan. Bular Vahobiylar, Salafistlar va Musulmon Birodarlar. Vahobiylar Islomning fundamental qonun qoidalarini hayotga tadbiq qiluvchi, konservatorlar bo'lgan bo'lsa, Salafistlar ushbu mafkuraga jangarilik kayfiyatini bergan radikallardir va nihoyat Musulmon Birodarlar esa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga urg'u berib ularni qurol sifatida ishlatishni amalga oshirgan. Ushbu uchala "qobilyat" yig'ilib, bir paytning o'zida o'ta konservator, jangari va dunyodagi iqtisodiy-ijtimoiy adolatsizlikka qarshi kurashuvchi diniy harakat vujudga keladi. Uning konservatorligi bir paytning o'zida ham Islomni radikalligini eng yuqori darajaga ko'tarishga yordam bersa, boshqa tarafdan faqatgina muqaddas matnlarga ko'r-ko'rona bo'ysinuvchi va amal qiluvchi mukammal jangarilarni yetishtirib chiqardi. Bunday jangarilar Islom dunyosiga nisbatan qilinayotgan adolatsizlik, Islomga bo'lgan ishonch va nihoyat, u dunyodagi va'da qilinga hayotga to'la iymon keltrirgan holatda kurashga otlanadi. Bu kurashda u yaqin odamini o'ldirishdan tortib o'zini-o'zi portlatishga ham tayyor.
Ikkinchi Jahon urushining asosiy g'oliblaridan biri bo'lmish Sovet Ittifoqining Afg'on urushni mag'lubiyat bilan tark etishi bejiz emas albatta. O'z oldiga faqat dushmanni yo'q qilishni maqsad qilib qo'ygan va unga qarshi nafrat bilan sug'orilgan ong egasi bo'lmish jangarilarni na Sovet aviatsiyasi va na tanklari yo'q qila olmadilar. O'z navbatida Islomistlar bu g'alabani tarixda Xalifalikning Sosoniylar ustidan qozonilgan g'alabasiga tenglashtirdilar. Bu g'alaba Xalifalikka Sharq eshiklarini ochib uni ikkinchi ulkan imperiya Vizantiyaga yuzma yuz keltirgan bo'lsa endilikda Jihodchilar hozirgi Vizantiya bo'lmish AQSh va G'arb dunyosiga qarshi Jihodga tayyorlana boshladilar.
Xalqaro Jihodning G'arb dunyosiga qarshi yo'nalishiga bir nechta voqealar sabab bo'lgan edi. Dastlab AQSh tomonidan Afg'onistondagi jangarilarni hech qanday yo'nalishsiz tashlab qo'yilishi; Afg'on urushida 10 yil davomida xizmat qilib o'z yurtlariga qaytgan jangarilarning ko'pchiligi, bu mamlakatlaridagi iqtisodiy muammolarga va ijtimoiy tengsizliklarga duch keldilar, uni ustiga urushga otlanish paytida bo'lgani kabi ularga e'tibor yo'qolgan edi. Natijada bu jangarilar o'z o'zidan hech qanday tashqi buyruqsiz mahalliy partizanlarga aylanadilar. Afg'onistondagi jangarilar esa mahalliy etnik urushlar va diniy mazhablar orasidagi to'qnashuvlarga g'arq bo'ldilar.
Xalqaro maydonda Jihodning Anti-Amerikanistik kayfiyat olishida ikki bosqich ajratiladi. Birinchi bosqich 90-yillarning o'rtalarigacha davom etib unda Islomistlar asosan mahalliy aholini Jihodga undash, partizanlik urushlarini olib borish bilan shug'ullanadilar va ularning deyarli barcha operatsiyalari natijasiz yakunlanadi. Bosniya, Misr va Jazoirdagi Islomiy harbiy harakatlarning barchasi AQSh va G'arb qo'shinlari tomonidan bostiriladi. 1993-yilda AQShning Jahon Savdo Markaziga uyushtirilgan birinchi terroristik portlash ham rejadagi natijani bermaydi. Rejaga ko'ra 680 kgli portlovchi modda joylashtirilgan avtomobil vositasi shimoliy bino ostiga joylashtirilishi va portlash natijasida shimoliy bino uning egizagi bo'lmish janubiy bino ustiga qulashi, natijada minglab aholini o'limi bilan yakun topishi lozim edi. Lekin hisob kitobning puxta qilinmaganligi sababli bino qulamaydi.

Ikkinchi bosqich, 2001 yil 11-sentyabrgacha davom etib ushbu voqea uning eng yuqori cho'qqisi bo'lgan. Bu davrda Islomistlarning aholini umumiy ravishda Xalqaro Jihodga chorlashi behudaligi tufayli, asosiy e'tiborni terrorni kuchaytirishga va kuchli taasurot qoldirishga urinishlarni kuzatishimiz mumkin. Lekin voqealar Jihodchilar o'ylaganidan boshqacha tus ola boshladi. Falastinda Muqaddas jihod nomi ostida rejalashtirilgan urush amalga oshmadi, Isroildagi terroristik hujumlar harbiylardan ko'ra ko'proq tinch aholini o'limiga sabab bo'ldi. Natijada nafaqat G'arbda balki Musulmon jamiyatlarida ham Jihodchilarga bo'lgan ehtiyotkorlik va nafrat oshib bordi.
Keyingi maqolamizda biz qanday qilib jihodning butunlay Jismoniy mag'lubiyatga uchragaligi haqida batafsil ma'lumotlar berishga harakat qilamiz.