7-yanvar 2015-yil Fransuz satirik haftalik jurnali bo'lmish Sharli Hebdoga terroristik hujum uyushtirildi. Hujum natijasida 12 kishi olamdan ko'z yumdi, 11 kishi har-xil darajada yaralandi. Ushbu hujum Fransiyaning so'ngi 50-yillik tarixidagi eng mudhishi bo'ldi, lekin uning ta'sir doirasi 1961-yildagi terrorchilik harakatiga qaraganda bir nechta marta kengroq bo'ldi.
Kishilarda bu voqeaning ommaviy axborot vositalari tomonidan tinimsiz ravishda takrorlanishi va dunyo hamjamiyatidagi bu voqeaga nisbatan kishilarning chuqur ta'ziya bilan qarashlari taajjub uyg'otishi turgan gap, chunki halok bo'lganlar soni jihatidan bu terroristik hujum Afg'oniston, Iroq, Suriya, Mali hamda Liviya kabi mamlakatlardagi minglab kishilarning, shu jumladan yosh bolalar va ayollarning halok bo'lishiga qaraganda ko'zga ko'rinmaydigan holatday ko'rinadi. Lekin masalaga chuqurroq nazar tashlasak, Fransiyadagi matbuot tashkilotiga qilingan hujum dunyoda hozirgi kunda ham ideologik ajralishlarning hissasi va ularning geopolitik instrument sifatida ishlatilishi davom etayotganligini guvohi bo'lamiz. G'arb davlatlarining so'z erkinligini ilohiylashtirishlari va ulardagi OAVlarning global ahamiyatga ega ekanligi Sharli Hebdo fojeasini dunyoga yoyishni birinchi bosqichini boshlab bergan bo'lsa, boshqa tomondan, ushbu masalaga o'zqacha yondashuv bilan qaragan tomonlarning tanqidlari tufayli, ushbu voqeaning dunyo bo'yicha ahamiyati, axborot yoyilishi jihatidan 2001-yil 11-sentyabr voqealariga tenglashdi desak adashmaymiz.
Ushbu maqolada biz nimaga aynan Sharli Hebdo fojeasining bu darajada dunyo ommasiga tarqalib ketganligi, uning siyosiy instrument sifatida ishlatilishi va nihoyat voqeaning yaqin kelajakdagi geopolitik to'lqini qanday bo'lishi mumkinligi haqida fikr yuritamiz.
Dunyodagi universal inson qadriyatlariga hujum
Dastlab dunyodagi mavjud universal qadriyatlar deb qaralayotgan Inson Huquqlari, So'z erkinligi yoki Demokratiya kabi iboralarning tarixiga nazar solsak. 70-yillardan boshlab AQSh ushbu qadriyatlarni Sovet Ittifoqini xalqaro maydonda obro'sizlantirish va uning ichidan turib yemirilishini tezlashtirish maqsadida siyosiy qurol sifatida ishlatishni boshlab, hozirgi kungacha ushbu siyosatni o'z tashqi siyosatining asosiy yo'nalishi deb qarab kelayotgan bo'lsada, bu qadriyatlarning kelib chiqishi va jahonga ilk bora yoyilishi Fransiyaga borib taqaladi.
1789-yil 14-iyulda Bastiliyani olinishi bilan Fransiyada asrlar davomida hukm surib kelayotgan Diniy-Monarxiyaviy tizimga chek qo'yilib, mamlakat oxiri ko'rinmas mayda inqiloblar va davlat to'ntarishlariga sho'ng'ib ketadi. Napoleon Bonapartning hukumat tepasiga kelishi va Fransuz qo'shinlarning butun Yevropa bo'ylab harbiy kampaniyalar uchun tarqalib ketishi, anti-monarxiyaviy va inson huquqlari tengligi haqidagi fikrlarining butun Yevropa bo'ylab yoyilib ketishiga sabab bo'ldi. Shu davrdan boshlab Yevropadagi monarxiyalar va teokratiyalar birin-ketin hukumat iplarini qo'ldan berishni boshlashdi, oxir oqibat mutloq monarxiyalar Yevropa yuzidan butunlay yo'q bo'ldi. Fransiya-Angliya raqobati tufayli, general Lafayet boshchiligidagi Fransuz qo'shinlari Amerika qit'asidagi ingliz kolonializmiga qarshilik ko'rsatayotgan, yangi tug'ilayotgan Amerika Qo'shma Shtatlari qo'shinlariga yordamga keladilar. Shu tariqa yangi paydo bo'lgan AQSh ham Fransuz zamonaviy mafkuralari va demokratik modellaridan kuchli ta'sirlanadi. Ushbu davr hozirgi dunyodagi zamonaviy siyosiy qarashlarga poydevor bo'lib xizmat qildi, keyinchalik Yevropaning kuchayishi va bu rivojlanishning AQSh tomonidan davom ettirilishi Fransuz insonparvar faylasuf va siyosatchilari tomonidan orzu qilingan mafkuralarni dunyo bo'ylab universal qadriyatlar sidfatida yoyilib ketishiga sabab bo'ldi. Hatto totalitar va teokratik rejimdagi mamlakatlar ham ushbu mafkuralarni hisobga olgan holda ish olib borishga majbur bo'lishdi, chunki Fransuz revolyutsiyasi va AQSh mustaqilligi dunyoga oddiy xalq tomonidan dunyoni o'zgartirish mumkinligini isbotlab berdi va shu tariqa Inson Huquqlari va Demokratiya nomidan "ilohiy" missiya, ya'ni ushbu fikrlarni dunyo bo'ylab universal ravishda yoyish qarashi paydo bo'ldi.

Sharli Hebdoga qilingan hujum aynan hozirgi Fransiyaning 5-respublikasining poydevoriga, shu tariqa dunyodagi zamonaviy insoniyat qadriyatlariga qilingan hujum sifatida e'tirof etilganligi ushbu fojeaning dunyo bo'ylab og'izga tushib ketishiga sabab bo'ldi. Aslini olib qaraganda Sharli Hebdo Fransiyadagi eng ommabop jurnallari qatoridan o'rin olmaydi, o'zining satirik hujumlari bilan jurnal barcha diniy va siyosiy qarashlarni ayovsiz ravishda tanqid ostiga olgan. Fojeaga bag'ishlangan motam marshida 4 million kishining ishtirok etishi va bu marshni dunyo bo'ylab boshqa mamlakatlarda o'tkazilishi hamda bu marshda o'zini dindor hisoblagan yoki jurnal tomonidan ayovsiz ravishda qoralangan siyosiy qarashlarning tarafdorlari ham ishtirok etishi, kishilarning voqeaga halok bo'lganlar soniga yoki jurnalning o'quvchisi bo'lgani uchun emas, balki aynan Inson Huquqlari, aniqroq qilib aytadigan bo'lsak So'z Erkinligi prinsiplarini himoyasi uchun namoyishlarga otlanganligidan dalolatdir.
Fojeaning siyosiy qurolga aylantirilishi
Sharli Hebdo voqeasining dunyo bo'ylab ommalashib ketishi ushbu fojeadan siyosiy instrument sifatida foydalanib qolish tendensiyasini ham G'arbda, ham Sharqda keltirib chiqardi.
Fransiyaning o'zidan boshlasak, har bir siyosiy partiya saylovchilarni xayrihohligiga sazovor bo'lish maqsadida o'z elektorati doirasidan kelib chiqib masalaga yondashdilar. Masalan ekstrem-o'ng qanot partiyasi bo'lmish Front Nationale raisi Marin Le Pen ushbu voqeaga Fransiyaning chetdan kirib keluvchi, ayniqsa musulmon mamlakatlaridan bo'lgan immigratsiyaga beparvolik bilan yondashib kelayotganini qoralab, Shengen tizimini hamda o'lim jazosini qo'llash masalalarini qayta ko'rib chiqish lozimligini ta'kidlaydi, va o'zining elektoratining qarashlarini hisobga olgan holda milliy marshda qatnashmaydi. Mamlakatning sobiq prezidenti Nikola Sarkoziy esa ushbu marshda qatnashish uchun qo'lidan kelgan barcha uslubni qo'llaganligi aytiladi, hatto uning dunyoning turli xil mamlakatlaridan kelgan davlat rasmiylari marshi orasiga suqulib kirib rasmiy sur'atda ko'rinib qolishga intilishi, fransuzlar orasida ommaviy internet haziliga aylanib ketdi.
Xalqaro miqyosida esa fojea Fransiya ichkarisidagidanda ko'ra ko'proq siyosiy ahamiyatga ega bo'ldi. Go'yoki dunyo qaytadan ikkiga bo'linganday edi, bir tomonda #JeSuisCharlie nomi ostidagilar, boshqa tomonda esa #JeNeSuisPasCharlie lar. Rasmiy jihatdan deyarli hech qaysi hukumat ushbu terrorchilik harakatini oqlab yoki yoqlab bayonotlar bermadi, chunki dunyoda G'arbning ta'sir doirasini kuchliligi va universal inson qadriyatlariga qilingan hujumni yonini olish davlatlarning obro'siga putur yetkazishi mumkin edi. Shu sababdan ham fojeadan keyin ko'pchilik geopolitik ahamiyati yuqori bo'lgan davlatlar va Fransiya ittifoqchilari hamdardlik bildirishga hamda motam marshida qatnashish uchun o'z rasmiylarini jo'natishga kirishib ketdilar. Lekin, norasmiy ravishda, milliy Ommaviy Axborot vositalari orqali mamlakatlarining voqeaga asl yondashuvini sezish qiyin bo'lmadi, har bir davlat o'zidagi geopolitik vaziyatdan va olib borayotgan siyosatidan kelib chiqqan holda voqeaga sharh beradi.
Rus matbuoti Sharli Hebdo fojeasining dunyo bo'yicha ommaviy fojea sifatida qaralishiga qarshi chiqib, Ukrainaning sharqida bo'layotgan to'qnashuvlarda qurbon bo'layotganlarning qadr-qimmati Sharli Hebdo redaksiyasi a'zolaridan aslo kam emasligin vaj qilib ko'rsatdilar. Shu bilan birga Rossiya OAVlari ushbu voqeadan foydalanib G'arbning demokratik va Inson Huquqlariga asoslangan siyosati hozirgi zamon bilan mos emasligini ta'kidladi va insonlarning fundamental qadriyatlari, diniy qarashlari hisobga olinishini eslatib o'tdilar. Bu bilan Rossiya Yevropa Ittifoqi ichidagi diniy va milliy turfalikdagi bo'linishni keltirib chiqarish bilan uning jamiyatlarini zaiflashtirishga, hamda shu yo'l bilan Yevropadagi Rossiyaga xayrihoh bo'lgan Ekstrem-O'ng qanot siyosiy partiyalarining ro'lini kuchaytirishni maqsad qildilar. Bundan tashqari ushbu voqeada AQShning bilvosita qo'li borligini yoki butun dunyoni Milliy Havfsizlik Agentligi orqali kuzatib kelayotgan AQSh bu terrorchilik harakatini oldindan ko'ra bila turib uni Fransiya hukumatiga oshkor qilmaganligi haqida xabarlar tarqatildi. Yoki terrorchilik hujumidan sal oldin Fransua Ollandning France-Inter radiosiga bergan intervuyusida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni olib tashlash lozimligi haqidagi fikrini AQShga yoqmaganligini bildirib qo'yish uchun unga signal tarzida yetkazilgani aytiladi. Bu bilan Rossiya AQSh va Fransiya o'rtasidagi so'ngi yillardagi yaqin hamkorlikka rahna solishni mo'ljallagan, Barak Obamaning motam marshiga kelmasligi bu fikrni asoslash uchun yana bir sabab bo'ldi.
Turkiya, Eron, Pokiston kabi musulmon mamlakatlari matbuotlari esa ushbu voqea Sharli Hebdoning shu kungacha amalga oshirib kelgan provokatsiyalarining "natijasi" ekanligini uqtirdilar.
Hozirgi dunyoda kechayotgan asosiy geopolitik ahamiyatga molik vaziyatlar, Yaqin Shaq muammosi, Ukraina krizisi, Shimoliy Afrikadagi to'qnashuvlar, ushbu voqeadan tomonlarning o'z manfaatlari yo'lida foydalanishiga olib keldi.
Kutilayotgan Geopolitik to'lqin
Sharli Hebdo fojeasining ta'siri 11 sentyabr 2001-yil voqealarinikidan ko'p bo'lsa bo'ladiki lekin kam bo'lmaydi, hoh u ijobiy, hoh salbiy bo'lsin. Voqeaning eng asosiy oqibati bu 11-sentyabr voqealaridan keyin dunyoda oqlanishni boshlagan "Sivilizatsiyalar To'qnashuvi" fikrining yanada kuchayishning kutilishidir. Islom va G'arb dunyosi orasidagi ajralish oldingidanda yaqqolroq va havfliroq bo'lishi kutiladi, bu esa dunyoning barcha mintaqalaridagi musulmonlar yashaydigan aslida musulmon bo'lmagan jamiyatlardagi ajralishlarga sabab bo'lishi mumkin, ayniqsa Yevropa Ittifoqi jamiyatlarida bu ajralish qaytadan radikalizmni kuchayishiga sabab bo'ladi. Bir nechta yillardan buyon musulmonlarning Yevropa jamiyatlardagi ko'rinmas diskriminatsiyasi endilikda oddiy holday qaralishi, bu esa Yevropaning yanada kengroq jihodchilar yetishtirib beruvchi qit'aga aylanishiga olib kelishi mumkin. Ushbu ajralish nafaqat Islom va G'arb dunyosiga, balki o'z milliy va diniy qadriyatlarini milliy darajaga olib chiqqan mamlakatlarning G'arb mamlakatlaridan ajralishishini kuchaytirishi mumkin. Bunga yaqqol misol qilib Rossiyani keltirishimiz mumkin. Sovet Ittifoqi qulaganidan so'ng, ayniqsa Vladimr Putinning hokimyat tepasiga kelishi bilan, Rossiyada pravoslavlik va Rus millatchiligi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi desak xato bo'lmaydi. Ushbu "ildizga qaytish" siyosati Rossiyaning bugungi G'arbning yangi paydo bo'lgan qadriyatlari bilan to'qnashuvini kuchaytiradi. Shuning bilan birga Rossiya o'z hududida tobora son jihatidan oshib borayotgan musulmon aholini ham shu yo'l bilan o'ziga qaratib olishga urinadi, ya'ni umumiy dushman oldida birlashish siyosati keng ko'lamda amalda qo'llanilishi mumkin.
Fojea yana bir bor totalitar va teokratik rejimlardagi mavjud hukumatlarga o'zlarining konservativ qarashlarga ega bo'lgan aholisi oldida "qadriyatlar soqchisi" sifatida yanada uzoqroq va mustahkamroq o'rnashib o'lishlariga imkon beradi. G'arb mamlakatlariga salbiy yorliq sifatida yopishtiriladigan bir jinsli nikoh yoki so'z erkinligining fundamental qadriyatlarni toptashiga qo'yib berilishi kabi mafkuralarning ushbu mamlakatlarga kirib kelishini asrash uchun mavjud rejimlarga bo'lgan xayrihohlik aholi orasida kuchayishi kutiladi. Huddi Rossiya bilan bo'lgani kabi ushbu mamlakatlar orasida ham G'arb mamlakatlarini ta'sirini kamaytirish uchun o'zaro yaqinlashish holatlari ham yuz berishi mumkin, lekin bu senario haqiqatga mos kelishi qiyin, chunki bunday rejimga ega bo'lgan mamlakatlar asosan mamlakatni izoliotsiya holatida saqlashga harakat qiladilar, shu yo'l bilan har qanday tashqi ta'sirdan o'zlarini himoya qilish ularning odatiy uslubiga aylanib qolgan.
Ushbu voqea Yevropa Ittifoqining ichki siyosatiga ham katta ta'sir ko'rsatmay qolmaydi. Qonunchilikda immigratsiya masalalari qayta ko'rib chiqilishi, aholini G'arb jamiyatlariga integratsiya metodlarining o'zgartirilishi hamda So'z Erkinligining chegarasi yoki chegarasizligi haqidagi konseptual masalalar ham ko'tarilishi kutiladi. Ayniqsa, so'ngi yillarda Yevropa Ittifoqida topora kuchayib kelayotgan Ekstrem-O'ng qanot siyosiy partiyalarining jadallashishi kuzatiladi, Gretsiya, Polsha, Ruminiya, Vengriya, Skandinaviya mamlakatlarida ayniqsa hukumatlar ekstrem kuchlar qo'liga o'tishi va chetdan kirib kelayotgan aholi oqimini, siyosiy qochoqlar ro'yxatini qisqartirilishi hamda boshqa cheklovchi majburiyatlarni ko'payishi yuz beradi.
Hozirgi dunyoda bo'lib o'tayotgan to'qnashuvlarda ham tomonlarning aloqalarini kristallashishi kutiladi. Ukraina, Suriya, Iroq va Afrika mamlakatlaridagi mojarolarida tomonlarning harakatlarida aktivlashish kuzatiladi, Yevropa Ittifoqi, ayniqsa Fransiya Yaqin Sharqdagi jihodchilarini aniqlash va ularni yo'q qilish uchun bor kuchini sarflaydilar, shu yo'l bilan ular navbatdagi mamlakatga qarshi terroristik hujumni oldini olishni ko'zlaydilar.
Yuqoridagilarga qaramasdan dunyoning ikki qutbga - liberallar va konservatorlar bloklariga birlashishi kutilishi mumkin degan fikrdan yiroqmiz. Sharli Hebdo ko'pchilik mamlakatlarga va ularning aholisiga G'arb siyosati haqida ochiqdan ochiq tanqid qilish imkonini berdi, o'z navbatida G'arb uchun ham uning asl do'stlari va dushmanlari ro'yxatini qayta ko'rib chiqish uchun imkon yaratdi. Lekin biz blogimizda har doim ta'kidlab kelganimizdek, geopolitik umumlashtirish orqali dunyoga nazar tashlash ham soddalik va ham havflidir. Har qanday dushman oldida birlashga ikki davlat uchun ham avvalambor ularning o'z manfaatlari birlamchi bo'lib qolaveradi.