Urushlar - insoniyat tarixining ajralmas tarkibi. Aslida jamiyat tarixiga qarasak, odamlar bir urushdan boshi chiqmay, boshqasiga sho'ng'ib ketavergan. Bunda davr va madaniyat doim g'oliblarni ulug'lab, mag'lublarni qadrsizlantirishga harakat qilgan.
Ammo bugun biz urushlardagi g'oliblik va mag'lublikka mutlaqo boshqacha nuqtadan nazar tashlab ko'ramiz. Bugun biz bu ikki tushuncha o'rtasida chegara har doim ham tekis o'tmasligini, zafar va yengilish ba'zan bir narsa bo'lishi mumkin ekanini muhokama qilamiz. Buning uchun biz yaqin o'tmishdagi (o'tgan asrdagi) yirik urushlar va ularning ishtirochilari tarixiga murojaat qilamiz. Muhokamani bu urushlarda mag'lub bo'lgan tomonlardan boshlasak.
Yutqazib yutganlar
E'tiborimizni eng avvalo 1-jahon urishining eng ayanchli mag'lubi Turkiyaga qaratsak.
Turkiya
Usmoniylar imperiyasi o’z davrida dunyodagi eng qudratli mamlakatlardan biriga aylandi. U bilan Yevropaning mustamlakachi davlatlari ham, sharqning kuchli monarxlari ham hisoblashishga majbur edilar.
Lekin 19-asr oxiri va 20-asr boshiga kelib bu ulkan imperiya allaqachon ichidan yemirilishi va uning monarxlari borgan sari boshqaruvni qo'ldan boy berishi boshlagan edi. Mana shu vaziyatda Usmoniylar 1-jahon urishini o'z saltanatini saqlab qolish uchun oxirgi imkoniyat deb bildi va so'ngi noilojlikdan Germaniya tomonida Antanta ittifoqiga qarshi urushga kirdi. Bunda Turkiyaning taraf tanlashda ham erki yo'q edi - uning shimoldagi azaliy dushmani Rossiya imperiyasi va uning O'rta Yer va Qizil dengizidagi raqiblari Britaniya imperiyasi va Fransiya Antanta tarkibida edilar.
Bu urush ular uchun nima bilan yakun topganini yaxshi bilamiz. Buyuk Usmoniylar imperiyasi yerlarining katta qismi g'oliblar tomonidan taqsimlab olindi. Bu mag'lubiyat Turkiya degan yangi davlat paydo bo'lishiga olib keldi.
Lekin aynan ana shu mag'lubiyat konservativ monarxiya tuzumini ag'darib, shiddat bilan o'zgarib borayotgan zamon talablariga mos keladigan yangi islohotlarga yo'l ochdi. Turklar o'z qadriyatlarini qayta ko'rib chiqishga majbur bo'ldilar. Ular endi maorif, sanoat va madaniyatni rivojlantira boshladilar.
Yangicha qadriyat va yangicha qarashlar ustiga qurilgan yangi Turkiya tarixdan to'g'ri xulosa chiqarib, 2-jahon urishida neytralitetni saqlab qolishdek yutuqqa erishdi. U iqtisodiy o'sishda ulkan qadamlar tashlab, bugun biz bilgan Turkiya mavqeiga erishdi.
Turkiya 1-jahon urishida mag'lub bo'ldi: lekin bu mag'lubiyat unga ulkan zafarlar keltirdi. Lekin, afsuski, bugun Turkiya yana tarix saboqlarini unutib, turli nizolarga bosh qo'shishga moyillik bildirmoqda. Balki, u mag'lubiyat og'riqlarini unutgandir? Nima bo'lganda ham, Turklar 1-jahon urushidan eng katta yutuqlar bilan chiqqan mag'lublardir.
Germaniya
Har tomondan yirik mustamlakachi davlatlar tomonidan qisilib, o'rtada qolib ketgan Germaniya 20-asr boshiga kelib bu dunyo sarhadlaridan o'z ulushiga ega bo'lishni istab qoldi. Shunday g'amgin ilinjda boshlangan urush tez orada jahon urushiga aylanib ketdi.
Germaniya bu urushdan juda og'ir mag'lubiyat bilan chiqdi. 2 mln askar boy berishdan tashqari u sharq va g'arbdan katta hududlardan ham mahrum bo'ldi. Versal sulhi Germaniya armiyasini 100 ming ko'ngilli bilan cheklab qo'ydi.
Bu mag'lubiyat nemislarda chuqur alam hissini qoldirdi. Lekin armiyadan mahrum bo'lgan millat endi harbiy harajatlarni boshqa maqsadlarga yo'naltirish imkoniga ega bo'ldi. Nemislar sanoat va texnologiyani shiddat bilan rivojlantirdilar. Qisqa muddat ichida Germaniya muxandislik va kimyo sanoati bo'yicha oldingi o'ringa chiqib oldi. Jamiyat jahon urushidagi mag'lubiyatni shu tarzda yutuqqa aylantirdi.
Ammo Germaniya bu intilishlarni yana harbiy maqsadni ko'zlab amalga oshirdi. Harbiy texnika rivojlantirildi va boshqaruv imi-jimida yangi urushga tayyorgarlik ko'ra boshladi. Xalqning birinchi urushdagi mag'lubiyatdan qolgan alamidan Gitler ustalik bilan foydalandi va Germaniya yangi urushni boshlab berdi.
Tarix o'z so'zini aytdi - va Germaniya o'zi boshlagan 2-jahon urishida ham og'ir mag'lubiyatga uchradi. Bu mag'lubiyat yuki uning yelkasida 45 yil osilib turdi. Mag'lub sifatida uning hududi ikki raqib dunyo - sotsialistik va kapitalistik tuzumlar o'rtasida bo'linib olindi va xalq 89-yilgacha ikki keskinlik o'rtasida xomtalash bo'lib yashadi.
Ammo farzand ham otadan, ham onadan eng yaxshi jihatlarni olib dunyoga kelganidek, ikki siyosiy va iqtisodiy qutblar o'rtasida ulg'aygan yangi Germaniya o'z mag'lubiyatlaridan qimmatli yutuqlar chiqara bildi. Nemis xalqi o'z qarashlarini tubdan qayta ko'rib chiqishga, qadriyatlarni boshqatdan taroziga qo'yib ko'rishga, izlanishga majbur bo'ldi, jamiyat o'z-o'zini isloh qildi. Bugunga kelib bu mamlakatning siyosiy va iqtisodiy tuzilmasi, ilm-fan va madaniyatdagi yutuqlaridan butun dunyo o'rnak olib yashayapti. Germaniya ikki dahshatli urushda mudhish mag'lubiyatga uchramaganida - u bugungi buyukligiga erishgan bo'larmidi? Bu haqida o'ylab ko'rsa arziydi.
Yaponiya
1-jahon urushida Antanta tomonida turib jang qilgan Yaponiya o'z imperialistik maqsadlariga erisha olmadi. 2-jahon urushiga bu orol-mamlakat endi natsizm tomonida qo'shilishga qaror qildi. Bu tanlovda yapon xalqining ularning asriy dushmani - xitoylarga bo'lgan milliy adovati katta rol o'ynadi. Yaponlar o'z hududlarini tengdaniga ham g'arbga, ham janubga kengaytirishga kirishdilar. Ammo g'arbda Xitoy va janubda Britaniya unga yetarlicha kuchli qarshilik qildi. O'yinga AQSh qo'shilishi bilan esa masala Yaponlar uchun mutlaqo salbiy tus oldi. AQSh yapon shaharlariga ikkita atom bomba tashlaganidan keyingina yaponlar o'z imperialistik intilishlaridan voz kechdilar.
Ammo yapon iqtisodi shu mag'lubiyat sabab armiya yukidan halos bo'ldi va ulkan qadamlar bilan taraqqiy eta boshladi. Kichik orolda joylashganiga qaramasdan, bu mamlakat ilm-fan va texnologiya yordamida ozdan unumli foydalanish qanday bo'lishini butun dunyoga namoyish qildi. Bugun iqtisodiy rivojlanish bo'yicha yetakchi davlatlar qatorida turuvchi Yaponiya shu muvafaqqiyatlarga erishishi katta urushdagi katta mag'lubiyat natijasi bo'lsa ne ajab.
Ko'rib turibmizki, urushdagi mag'lubiyat ham jamiyatdagi ma'lum omillarni harakatga keltirib, uning ichidan yangilanishi, insonlar ongi o'sishi va to'g'ri qarashlar shakllanishiga xizmat qilar ekan.
Yutib yutqazganlar
Masalaning boshqa tomoni ham bor. Urushda g'olib kelgan tomon ham o'z zafari sabab deyarli doim katta yo'qotishlar qiladi. Biz bu holatni 2-jahon urushining ikki g'olibi - AQSh va Sovet Ittifoqi misolida ko'rib chiqamiz.
AQSh
Linkoln davridagi fuqarolar urushidan keyin AQSh nisbatan tinch hayot kechirdi va tez suratlarda sanoatlashdi. Uning ikki jahon urushida ishtiroki va g'alabasi butun dunyoga bu mamlakatning katta xalqaro harbiy kuch ekanini ko'rsatdi. G'alaba keltirgan ana shu shuhrat AQSh hamjamiyati va hukumatini o'zlarini "ozodlik eltuvchilar" deb bilishga turtkiladi. Sovet Ittifoqining "qizil" hafviga qarshi turuvchi, shaxsiy va siyosiy erkinliklarni ximoya etuvchi kuch sifatida o'zlarini targ'ib qilish boshlandi.
Endi AQSh hukumati o'zini butun dunyoni totalitar tuzumlardan halos qilish missiyasi bilan burchlab oldi. Ana shu missiya sabab dunyoning turli chekkalarida kommunistik lager bilan ta'sir doira uchun bellashish, kerak bo'lganda kuch ishlatish yo'lidan borish holatlari yuz berdi. Jahon urushidan o'z harbiy qudratiga kuchli ishonch bilan chiqqan AQSh keyinchalik Koreya, Kuba, Vyetnam, Dominika, Fors ko'rfazi, Afg'oniston va Iroqda katta harbiy mojarolarga aralashdi. Bu urushlarda minglab amerikalik askarlar qurbon bo'ldi.
Ikki jahon urushi g'olibi nishoni ostida AQSh hali-hanuz dunyo "posboni" rolidan chiqa olmayapti va qurbonlar berishda davom etyapti.
Sovet Ittifoqi
Ikki jahon urushining eng katta jabr ko'rgan g'olibi - bu Sovet Ittifoqidir. 1-jahon urushiga Rossiya imperiyasi Antantaning boshqa a'zolari bilan o'zaro yordam bitimi bo'lgani uchungina qo'shilgan. Ammo imperiya armiyasining ahvoli juda ayanchli ahvolda bo'lgani uchun, Rossiya urushdan juda katta talofatlar bilan chiqqan. Ruslar 1.7 million qurbon berib 1-jahon urushi g'olibiga aylanishgan. 2-jahon urushiga Sovetlar nisbatan yaxshiroq tayyorgarlik bilan kirgan, lekin bu qurbonlar sonini kamaytirmagan. Sovet Ittifoqidan 2-jahon urushida 10 million harbiy va yana shuncha tinch aholi qurbon bo'lgan.
Berlin egallangandan so'ng Sovetlar ham ta'sir doira taqsimotida g'oliblar safida qatnashgan. Va huddi AQSh singari dunyoda "tinchlik va do'stlik o'rnatish" missiyasini o'ziga yorliq qilib osib olgan. Kapitalistik dunyo bilan raqobatda Sovetlar O'rta Sharq, Lotin Amerikasi, Janubiy-Sharqiy Osiyoda o'z mafkurasini ommalashtirish uchun katta mablag' sarflagan. Ehtimoldagi yadro urushiga tayyorgarlik mamlakat iqtisodini batamom holdan toydirgan va Ittifoqni ichdan yemira boshlagan. Sovetlar ham o'z mamlakatlarida islohotlar olib borish o'rniga, "tinchlik eltuvchilar" bo'lib turli joylarda harbiy mojarolarga aralshdilar. Natijada mamlakatning faqat harbiy va harbiyga bevosita aloqador sohalari rivojlandi - boshqa sohalar esa zamondan sezilarli orqada qoldi.
Sovet Ittifoqi ikki jahon urushidagi g'alabasi yukini ko'tara olmay, davlat sifatida barham topdi.
Xulosa o'rnida
Bugun biz buyuk urushlar, ulardagi g'olib va mag'lublar tarixiga bir oz noodatiy nazar tashladik. Muhokamamiz bizga shuni oshkor qildiki, har qanday mag'lubiyat yutuq sifatida ko'rilishi va, ayni paytda, har qanday zafar mag'lubiyatdek og'ir bo'lishi mumkin ekan.
Biroq tarix va bugun bir haqiqatni takrorlashdan charchamaydi: hech bir yutqazishsiz g'alaba - bu tinchlikdir.