Yer yuzida yashaydigan insoniyatning deyarli har biri tenglikni qo`llab quvvatlaydi: irqlar o`rtasidagi tenglik, etnik guruhlar o`rtasidagi tenglik, jinslar, ya`ni ayol-erkak tengligi va hakozo. Biroq bizning sohada, ya`ni geosiyosatda tenglikka hamisha ham amal qilinmaydi. Geosiyosatda birovning manfaati hisobga olinmaydi, har bir davlat faqat o`zi yakkahukmdor bo`lishga intiladi. Asrlar mobaynida dunyoning geosiyosiy markazi bo`lib kelgan Yevropaning qudratli kuchlari nafaqat mintaqa, balki butun dunyoda gegemon bo`lish uchun har nega qo`l urib keldilar. Ularning bu harakati jahon geosiyosiy maydonida kuchlar nisbati shakllanishiga turtki berdi va kuchlar nisbati davomiy urushlarga sabab bo`ldi. Farqli o`laroq, Sharqiy Osiyoda Yevropadagidek kuchlar muvozanati shakllanmadi. Bu mintaqada 14 asrdan 19 asrga qadar Xitoy dominantlikni o`z qo`lidan bermadi. Sharqiy Osiyoda gegemoniyaga intilib, Xitoy Imperiyasi bilan raqobatga kirishadigan aytarli davlat yo`q edi. Tan olish kerakki, xuddi shu omil tufayli Sharqiy Osiyoning asrlar mobaynidagi siyosiy hayoti Yevropanikidan ko`ra ancha barqarorroq kechdi.
Insoniyat ongida geosiyosiy bilimlar shakllangandan buyon bir savolga javob topilmaydi: dunyo bir qutbli bo`lishi kerakmi, ikki qutbli yoki ko`p qutblimi? Qaysi bir tizim barqarorroq? Biz qandaydir bir kuchning yakkahukmronligida yaxshiroq yashaymizmi yoki tinmay raqobatlashadigan davlatlar dunyosidami? Garchi bir qancha nazariyalar ishlab chiqilgan bo`lsada, amalda bu savollarga qoniqarli javob topilmagan. Biz sayyoramiz taqdirini hal etuvchi yuqoridagi savollarga faqatgina tarixni o`rganib, tahlil qilgan holda javob topishimiz mumkin.
Biz demokratik jamiyat, o`zaro tenglikka amal qilinadigan, tinch dunyo uchun harakat qilmoqdamiz. Biroq geosiyosat umuman boshqacha fikrlashga majbur qiladi. Geosiyosiy jihatdan sayyora barqarorligini saqlab qolish uchun jahonda –qattiqqo`l bo`ladimi yoki boshqami- biror qudratli kuch yoki kuchlarning ustunligi zarurdir. Bu o`zaro tinimsiz raqobatlashadigan minglab mayda kuchlar dunyosidan ko`ra bexavotirroqdir. O`ta amerikaparast AQSHlik geosiyosatshunos Kennet Vols: “Anarxiya so`zining antonimi barqarorlik emas, balki ierarxiyadir,” degan edi.
Ierarxiya esa o`zaro tenglikni keskin cheklaydi, ierarxiya ba`zilar boshqalardan ko`ra ko`proq huquqqa ega ekanligini ochiqdan-oydin ta`kidlaydi, qisqa qilganda ierarxiya – notenglik, diskrinimatsiya demakdir. Ierarxiyada kimdir, qaysidir guruh yoki qandaydir davlat boshqalardan ko`ra ancha ko`proq kuchga ega bo`ladi va, tan olish kerakki, aynan shu omil jamiyat, davlat yoki dunyoni anarxiya hamda xaos (tartibsizlik)dan asrab, barqarorlik uchun sharoit yaratadi.
Dunyodagi har bir hukumat ierarxiyaga yorqin misoldir: hukumat ma`lum geografik kenglik, ya`ni davlatda o`z hukmronligini o`rnatadi, deyarli barcha sohani monopoliyasiga olib, shu davlatni anarxiya va beqarorlikdan saqlaydi.
Notenglikning eng yorqin ko`rinishi gegemoniyadir. Gegemonlikka harbiy, iqtisodiy va siyosiy yo`l bilan erishiladi va shu jihatdan gegemoniya o`z ichiga legitimlilik va muroasani qamrab oladi. Boshqacha so`z bilan aytganda gegemoniya ixtiyoriy notenglik asosida qurilib, qaram kuchlar dominant kuchdan o`zlari uchun yo`lboshlovchilik qilishini istashadi.
Albatta, hozirgi dunyomiz uchun gegemoniya qanaqadir daxshatli so`z. Biroq, aslida insoniyat tarixidagi bir qancha barqaror davrlar aynan gegemoniya bilan bog`liq. Rim, Venetsiya va Britaniya imperiyalari ko`p bosqinchilik yurishlarini amalga oshirgan bo`lsalarda, o`z dominionlarida nisbatan liberalizmni ta`minlaganlanlar. Avstriyadagi Gabsburglar Imperiyasi esa Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bir qancha kichik elatlarni himoya qilib, etnik urushlarni bartaraf etganlar. Qattiqqo`l siyosat yuritgan esada, Usmoniylar Imperiyasi Bolqon va O`rta Sharqda barqarorlikning asosiy garovi bo`lgan. Lekin gegemoniya har doim ham barqarorlik garovi bo`la olmaydi. Buning uchun gegemon kuchda tirannik yoki absolyut nazorat bo`lmasligi lozim. Shu jihatdan, gegemoniyani bir dominant kuch atrofiga jon saqlash va ma`lum darajada rivojlanish maqsadida yig`ilgan yoki yig`dirilgan obyektlarning o`ziga xos ittifoqiga mengzash mumkin.
Barqarorlik tabiiy shaklda xech qachon mavjud bo`lmaydi. Tarix shu namoyon qiladiki, barqarorlik mavjudiyati biror imperial kuch yoki oddiy ierarxik tizim hosilasidir. Bunday qudratlar va nazorat qiluvchi tizimlar o`z qo`l ostidagi kuchlarning bir-biriga toqatsizlik darajasini majburan pasaytirishadi va o`ziga xos kuchlar nisbatini vujudga keltirishadi. Dominant kuchning ojizlanishi esa quyi bosqichda beqarorliklarni yuzaga keltiradi. Misol uchun, Gapsburglar Imperiyasi, Usmoniylarning qulashi, Buyuk Britaniya Imperiyasining Osiyo va Afrikada ojizlanishi hamda SSSRning parchalanib ketishi davomiy urushlar, to`ntarishlar, alg`ov-dalg`ovlarga sabab bo`lgani barchamizga ma`lum. Tarix va geopolitikada yana bir yozilmagan oldin qoida bor: har qanday imperiya yoki avtoritar rejim kun kelib ayanchli holda qulaydi. Buni inkor qilib bo`lmaydi. Lekin aynan shu gegemon kuchlar yillar, hatto asrlar davomida tinchlik va barqarorlikning asosiy suyanchig`i bo`lishadi. Bu ham inkor qilib bo`lmas haqiqatdir.
Shu o`rinda alohida ta`kidlab o`tmoq lozim, har qanday gegemon qudrat ham barqarorlikni shakllantira olmaydi. O`z vaqtida Avstriyaning Gabsburglari Sovet kommunistlaridan ko`ra ancha tolerant bo`lishgan. Agar geosiyosiy mezonlar bilan qiyoslaydigan bo`lsak, 1917-yilda Romanovlar Lenin boshchiligidagi bolsheviklar tomonidan ag`darib tashlanmaganida va hokimiyat monarxiya qo`lida qolganida, Rossiyaning 20 asrdagi rivojlanish yo`nalishi ancha gumanitar tus olgan bo`lar edi. Bu albatta nazariy xulosa. Aslida 20 asrning buyuk davlatlaridan biri mutlaq monarxiya tomonidan boshqarilishini tasavvurga sig`dirib bo`lmaydi.
Agar gegemon kuchlar kun kelib qular yoki ularning hammasi ham tinchlik garovi bo`lolmas ekan, unda dunyo qanday kuchlar tizimida yashamog`i lozim? Bu holda tartib va barqarorlik ierarxik tizim orqali ta`minlanishi kerak.
Ikkinchi Jahon Urushidan to hozirga qadar AQSH jahon siyosiy sahnasida gegemon qudrat rolini o`ynab kelmoqda. Albatta, Sovuq Urush davrida Amerikaning katta raqibi bor edi. Sovuq Urushdan so`ng vaziyat butunlay o`zgardi. Endilikda Vashington istaganini qila olish qudratiga ega bo`ldi. Demokratiya bayrog`i ostida AQSHning kirib bormagan hududi qolmadi. Ehtimol o`z uyida demokratiya va tenglikka amal qilar, lekin tashqi siyosatda AQSH haqiqiy gegemonga aylandi. AQSH har bir hudud, har davlatni nazorat etishni istar va ozmi-ko`pmi buning uddasidan ham chiqdi. Natijada ma`lum hududlar, mubolog`a qilib aytganda, butun sayyoraning barqarorligi uchun o`z-o`zidan AQSH asosiy javobgarga aylanib qoldi. AQSH NATOni shakllantirdi, butun Tinch Okean havzasini nazoratiga oldi. Shu tufayli dunyoning qayeridaki gumanitar inqiroz paydo bo`lsa, AQSH uni bartaraf qilish uchun yo`l ola boshladi, garchi o`zi istamasa ham. Ko`p hollarda bunday inqirozlarga AQSHning o`zi sababchi bo`ldi. Qisqa qilib aytganda, AQSH butun dunyoni changalimga to`playman, deb o`z boshiga ortiqcha tashvish orttirdi. Butun jahonga hukmdorlik qilish o`ylangandek oson bo`lib chiqmadi. Hozirgi kunga kelib esa, dunyo barqarorligi uchun balogardonlik AQSHning sillasini quritmoqda.
Bugungi kunda manzara o`zgacha: NATOning butun nazorati ilgarigidek AQSHning qo`lida emas, Tinch Okeani havzasida boshqa davlatlarning dengiz kuchlari ko`payib bormoqda, Xitoy esa AQSHni Osiyodan siqib chiqarish uchun bor kuchi bilan harakat qilyapti. AQSHning jahondagi asosiy harbiy harakatlaridan biri esa Iroqqa intervensiyasi bo`ldi. Bir so`z bilan aytganda, AQSH gegemon titulini qo`ldan boy bermoqda.
Xulosa qiladigan bo`lsak, hozirgi qudrat uchun intilayotgan davlatlar dunyosida gegemonga aylanish oson kechmaydi. Tarixda imperiyalar qurol yordamida dominantlikka erishgandirlar, hozirgi zamon esa harbiy-harakatlarni hazm qila olmaydi. Xalqlarning ongi rivojlanar ekan, ular ortiq aniq bir gegemon kuch qo`l ostida yashashga rozi bo`lmasliklari ham turgan gap. Biroq dunyoni anarxiya domiga ham tashlab bo`lmaydi. Xuddi shunday paytda ierarxiya barcha qatlam muammolarini yechishi mumkin. Ierarxik tartib yo`q ekan, demokratiya ham bo`lmaydi. Sababi demokratiyaning o`zi aslida notenglik va ierarxik tizimni ilgari suradi.
Shu o`rinda O`rta Sharq davlatlari yoki Qirg`iziston kabi davlatlar harchand demokratiyani bayroq qilsalarda, ularda xech qachon demokratiya shakllanmasligini ta`kidlab o`tish mumkin. Sababi demokratiya anarxiya emas, balki markazlashgan boshqaruv (bu boshqaruv xalq tomonidan shakllantirilgan bo`lishi lozim, yo`qsa avtokratiyadan farqi qolmaydi) nazorati ostida vujudga keladi. Dunyo kuchlar tizimida ham xuddi shunday: bosqichma-bosqich nazorat tizimi mavjud emas ekan, sayyoramiz xech qachon barqaror bo`lmaydi. Lekin savol tug`iladi: bu ierarxik tizim tepasida qaysi kuch yoki davlat turmog`i lozim? Bu savolga esa xech qachon aniq javob topilmaydi. Chunki har bir davlat bo`ysunuvchi emas, balki boshqaruvchi, xech qursa, o`zaro teng bo`lishni istaydi. Albatta, hamma tenglikni xush ko`radi, faqat geosiyosat emas…