• Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda
Geopolitika
22 Fev2017

Vayronkorlik “San'ati”

22 Fevral 2017. Muallif: Axmed Rahmanov Rukn: Global geopolitika

 

Ushbu maqola "Tafakkur" jurnalining 2017-yil 1-sonida,
"Yangi Asr Muammolari" rukni ostida chop etilgan

Muqaddima

Bugun “terrorchilik” turli ziddiyat va to‘qnashuvlarni ifodalovchi atama sifatida ko‘p va xo‘b tilga olinmoqda. O‘zaro muxolif kuchlarning uni hariflariga “yorliq” qilib yopishtirishi-da taomilga kirayotir. Aslida, terrorchilik siyosiy, diniy va mafkuraviy maqsadlar yo‘lida bir vosita bo‘lib, zo‘ravonlik orqali aholida qo‘rquv uyg‘otishni anglatadi. Tarix guvohlik berishicha, bu vosita dushmanni ruhan sindirishning eng qulay va kamxarj yo‘li bo‘lib kelgan. Azaldan urush g‘oliblari beshafqat qatag‘on vositasida mag‘lublarning ruhiy qarshiligini yengishga harakat qilgan. Ushbu quroldan turli guruhlar – o‘ng va so‘l siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar, uyushgan jinoiy guruhlardan tortib qudratli davlatlargacha foydalangan. Terrorizmning yana bir muhim belgisi – u ommaviy ravishda qo‘llanadi, ya’ni aziyat chekadigan aholi saralanmaydi. Maqsad esa muayyan mafkura, din, siyosiy guruh yoki shaxs mavqeyini mustahkamlash, siyosiy ta’sirini orttirishdir.

Ayni tushuncha ommaviylashgani sari siyosiylashib ham bormoqda. Boz ustiga, undan ayrim davlatlar o‘z dushmanlarini obro‘sizlantirish yo‘lida foydalanmoqda. Ushbu holat “terrorizm” tushunchasini yanada mavhumlashtirib yubordi. “Terrorizm” atamasi o‘rni kelsa-kelmasa bot-bot takrorlanayotgan bo‘lsa-da, uning umumqabul qilingan ta’rifi hanuz shakllanmagan.

Terrorchilik keyingi vaqtda avj olayotgan sababi nimada? Nega unga butunlay barham berish mumkin emas? Puxta tayyorgarlikdan o‘tgan minglab askarga ega, yuksak harbiy texnologiyalar bilan ta’minlangan ne-ne qudratli davlatlar bu ofatni Yer yuzidan supurib tashlay olmayotgani ajablanarli, albatta. Terrorizmga davlatlarning siyosiy o‘yini yoki yashirin fitnasi sifatida qarash ham mavjudki, buning oqibatida turli-tuman fitna nazariyalari urchiyotir.

Bizningcha, terrorchilikni yengib bo‘lmayotgani sababi ­juda oddiy. Terror orqali kurashish odatiy urushdan keskin farq qiladi. Undan ko‘zda tutilgan maqsad dushmanni jang maydonida butunlay tor-mor etish emas, balki uni provokatsiya orqali asabiylashtirish, o‘z-o‘zini ichdan kemirib yo‘q qilishga majburlashdir. Zamonaviy terrorchi kuchlarni birgina AQSH armiyasi bilan qiyoslasak, ular orasida farq osmonu yercha ekanini ko‘ramiz. Shu bois terrorchilar uchun dushman bilan yuzma-yuz emas, balki yashirin urushishdan bo‘lak yo‘l yo‘q. Xavotirlisi, davlatlarning manfaatlari to‘qnashgan hududlarda terrorizm ildiz otishi uchun qulay sharoit – “mafkuraviy bo‘shliq” vujudga kelmoqda. Yirik davlatlar hududda tartib o‘rnatish uchun o‘zaro kelishgunga qadar o‘sha yerga o‘rnashgan terrorchi kuchlar diniy yoki milliy radikalizmni kuchaytirib, yangi-yangi qo‘poruvchi to‘dalar paydo bo‘lishiga zamin hozirlamoqda.

Alamzadalar strategiyasi

Terrorizm zamirida kishilar ongiga qo‘rquvni singdirish orqali jamiyatda siyosiy o‘zgarishlar yasash strategiyasi yotadi. Shuning uchun ham terrorchi guruhlarni biror rasmiy siyosiy kuch ochiq-oshkora qo‘llamaydi. Ta’qib ostidagi terrorchi kuchlar har qancha qudratli bo‘lmasin, ochiq urush g‘alaba keltirmasligini yaxshi biladi. Shu sababli kamdan-kam hollardagina ular davlatlarning elektr stansiyalari, suv omborlari kabi “iqtisodiy yuragi”ga hujum qilganiga guvoh bo‘lamiz.

Terrorga qarshi urushda qo‘poruvchilar uyg‘otgan qo‘rquv va ishonchsizlik ahamiyatli o‘ringa chiqadi. Albatta, odatiy urushlarda ham qo‘rquv omili rol o‘ynaydi, ammo ularda oz bo‘lsa-da kelajakni oldindan ko‘rish, odamlarni qanday oqibat kutayotganini bilib turish mumkin. Bunday urushlar, asosan, davlatlar o‘rtasida kechadi va dushman kim ekanligi ayon bo‘ladi. Terrorchilarning “qiyofasiz”ligi esa aholi orasidagi qo‘rquvni yanada alangalatadi – ular bir millat yoki davlatga daxldor uniformadagi kishilar emas, balki atrofimizda yashovchi har bir kishi bo‘lishi mumkin.

Siyosiy vaziyatni kuch bilan o‘zgartirish oson emas, ayniqsa, kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bugungi zamonda davlatlar o‘z hududini qattiq nazorat qiladi. Mamlakatning har qanday burchida yuz berajak tartibsizlik yoki hujumga hukumatlar tez fursatda javob qaytarish imkoniga ega. Bunday vaziyatda biron bir davlatga hujum qilish ayanchli mag‘lubiyatga olib borishi turgan gap. Hatto hujum oqibatida zafar qozonganilganda ham, aksar hollarda, g‘alaba uzoqqa cho‘zilmaydi. Tarixga nazar solsak, 1941 yili gitlerchilar yashin tezligida bostirib kirishi oqibatida Sovet Ittifoqi dastlab uch million aholisi va muhim sanoatlashgan hududlaridan ajralgan. Ulkan yo‘qotishga qaramasdan, urush yana to‘rt yil davom etdi va Sovet Ittifoqi g‘alabasi bilan tugadi. Chunki qonuniy bo‘lmagan va tan olinmagan kuchlarning hujumi asosan mag‘lubiyat bilan yakunlanadi. Bunga qo‘shimcha misol qilib, Sovet Ittifoqining Afg‘onistonga, AQSHning Vyetnam va Iroqqa hujumini ham keltirish mumkin. Qudratli davlatlarki, o‘zidan zaif mamlakatlarga noqonuniy hujumlari ortidan mag‘lubiyatga uchrar ekan, terrorchi guruhlarga yo‘l bo‘lsin!

Terror hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni ham odatiy urushlarga nisbatan juda oz. Hatto avtohalokatlarda qo‘poruvchilik harakatlaridan ko‘proq odam qurbon bo‘ladi. Agar 1980 yildan buyon terror hujumlari oqibatida o‘lganlar sonini o‘rtacha ikki davlat o‘rtasidagi urushda halok bo‘lganlar miqdori bilan solishtirsak, terror qurbonlari kamroq bo‘lib chiqadi. Boshqacha aytganda, har kuni chekadigan sigaretamizu yeydigan yog‘li ovqatimiz “Islomiy davlat” to‘dasidan xavfliroq bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan, nima uchun terrorchilar hali ham o‘z kurashlarida bardavom? Ular qanday qilib o‘z pirovard maqsadiga erishishi mumkin? Har qanday terror hujumidan so‘ng davlatlarning harbiy kuchi kamayib qolmaydi, tank, samolyot va boshqa qurollar deyarli bus-butun saqlanib qolaveradi. Qizig‘i shundaki, terrorchilarga aynan shunisi kerak. Chunki dahshatli terror hujumidan so‘ng talvasaga tushgan davlat kuch va imkoniyatini keragidan ortiqroq sarflashga kirishadi va o‘zi bilib-bilmay terrorchilar necha yillar davomida amalga oshira olmagan harbiy, siyosiy o‘zgarishlarga qo‘l uradi. Masalan,11 sentyabr hujumi AQSHning Afg‘oniston va Iroqqa nisbatan agressiyasini kuchaytirdi, oqibatda u yerdagi tuzumlar tag-tugi bilan qo‘porib tashlandi, biroq ularning o‘rnini bosa oladigan hukumatlar o‘rnatilmadi. Shu asnoda terrorchilar uchun jangarilarni yollash va ularni chiniqtirishga keng imkoniyat beruvchi, siyosiy va iqtisodiy inqirozga botgan yangi hududlar paydo bo‘ldi. AQSHning obro‘si to‘kilgani haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi.

Aslida, terrorizm zaif va alamzada armiyaning strategiyasidir. O‘ziga ishongan va yetarlicha harbiy imkoniyatga ega kuchlar dushmanga terror orqali hujum qilmaydi. Boisi, terror hujumidan ko‘zda tutilgan natija to‘laligicha dushman reaksiyasiga bog‘liq, agar raqib donolik bilan yo‘l tutsa, hujum tayinli natija bermaydi. Ma’lumki, har bir davlatning birlamchi vazifasi – o‘z fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashdir. Buni yaxshi bilgan terrorchilar hujumlarni imkon qadar ko‘zga ko‘rinadigan joylarda amalga oshiradi. Shu asno ular jamiyat va davlat o‘rtasidagi birlik va kelishuvga raxna solishga, davlatni obro‘sizlantirishga harakat qiladi. Deylik, terrorchilarning muayyan davlat poytaxtidagi savdo markaziga hujumi oqibatida yuzlab odam nobud bo‘ldi. Davlat o‘z fuqarolarining himoyachisi sifatida terrorchilarni jazosiz qoldirsa, xalq oldida obro‘si to‘kiladi, chunki xalq har bir qurbon uchun jinoyatchi muqarrar jazo olishini talab qiladi. Shunday vaziyatda davlat xalqi nafratiga duchor bo‘lmaslik uchun terrorga qarshi keng ko‘lamli urush ochadi. Bu urushda dushman tomon yashirinligi sababli aybsizlarning ham aziyat chekish ehtimoli bor. Aziyat chekkan begunohlar esa, odatda, terrorchilar uchun yangi jangarilar manbaiga aylanadi.

Shunday strategiyani qo‘llagan terrorchilar hujum obyektlari va ularning ramziy ma’nolariga alohida e’tibor qaratadi. Masalan, “11 sentyabr” so‘zini eshitsak, ko‘z oldimizga Jahon savdo markazining qulayotgan egizak binolari keladi, vaholanki, aynan shu kuni AQSHning harbiy yuragi bo‘lmish Pentagonga ham ikki hujum uyushtirilgan edi. Omma tasavvurida Pentagonga hujum ikkinchi yoki uchinchi darajada, aslida esa Mudofaa vazirligiga hujum AQSH tarixidagi eng alamli sahifadir. Parijdagi “Sharli Ebdo” jurnali tahririyati va “Bataklan” tungi klubi, Anqara markazidagi park yoki Bryussel aeroportidagi portlashlar ham shunday “spektakl”larga misoldir. Ko‘zlangan maqsad – ko‘proq odam o‘ldirish emas, odam ko‘proq joyda to‘s-to‘polon ko‘tarish!

Hamonki terrorizmni mahv etmoqchi ekanmiz, bir haqiqatni anglab olmog‘imiz lozim – terroristlar bizni ochiq maydonda yuzma-yuz kurashda yenga olmaydi, ammo ularning hujumi ortidan yuzaga keladigan provokatsiyalar sabab o‘z-o‘zimizni mahv etib qo‘yishimiz mumkin.

Provokatsiyadan qutulish yo‘li bormi?

Xo‘sh, terrorizm provokatsiya bo‘lsa, nima uchun davlatlar bu provokatsiyaga chuv tushishda davom etmoqda? Birinchidan, ommaviy kommunikatsiya vositalari yuksak rivojlangan bugungi sharoitda biror terror hujumidan so‘ng rasmiy bayonot bermaslik va unda “davlatning bor kuchini ishga solib, terrorni ildizi bilan qo‘porish” jumlasini qo‘llamaslikning iloji yo‘q. Aks holda, terroristlar va ularning maslakdoshlari mazkur davlatni o‘z xalqini himoya qilishga ojiz, deya provokatsiyani yana alanga oldiradi. Binobarin, terrorchilar OAV aholi bilan davlat o‘rtasida asosiy kommunikatsiya vositasiga aylanganidan foydalanib qolishga urinadi.

Ikkinchidan, har bir davlatning taqdiri fuqarolari va hududlarini ichki hamda tashqi tahdidlardan himoyalashga bog‘liqdir. Agar ushbu vazifa uddalanmasa, davlatning qonuniyligiga putur yetadi. Masalan, zilzila oqibatida o‘n ming kishi nobud bo‘lishi mumkin, lekin jamiyat buning uchun kamdan-kam hollarda davlatni ayblaydi. Terror hujumi oqibatida yuz kishi nobud bo‘lsa-chi – hamma ayblov va ta’nalar davlat ustiga yog‘iladi. Xuddi shu kabi zo‘ravonlik, o‘g‘irlik, firibgarlik yoki jinsiy zo‘rlashlar uchun ham kamdan-kam hollarda davlat ayblanadi, chunki tarixiy tadrijiga e’tibor qaratsak, bu jinoyatlarni butkul yo‘q qilish davlatning vazifasi emas, jamiyatning o‘zi bu illatlarga qarshi kurashmog‘i zarur, davlat esa ularni jazolashi lozim, xolos, degan qarash shakllangan.

Uchinchidan, taraqqiy topgan zamonaviy jamiyatlarda jismoniy zo‘ravonlikka deyarli barham berilgan. Ularda, ma’lum ma’noda, tinchlikka, hamkorlikka erishilgan, ijtimoiy muammolarni zo‘ravonlik orqali hal etish o‘rnini shaxslararo muloqot va murosa egallagan. Izmida bir necha ming tonna atom bombasi va qudratli armiyasi bor prezidentlar o‘z o‘rnini tinch yo‘l bilan yangisiga bo‘shatib berishi bundan ikki-uch asr muqaddam tasavvurga sig‘mas edi. Terror hujumlari esa sokin ummonda shovqin ko‘taruvchi, lekin aslida kuchsiz shamolni yodga soladi. Hozirgi jamiyatlarda yuz berayotgan zo‘ravonliklarni hatto bir asr avvalgi zo‘ravonliklarga qiyoslasak, jamiyatda tinchlik hukm surishi barqaror va tabiiy holdek ko‘rina boshlaydi. O‘tmishda qotillik, urush va to‘qnashuvlar shu qadar odatiy hol ediki, tinchlik davrida shakllangan bizning ongimiz vositasida buni tasavvur qilishning o‘zi dushvor. Ko‘z oldingizga keltiring-a, arablar bosqini davrida o‘rtaosiyolik bir guruh shaxslar islomni qabul qilganlarni o‘ldirish, ya’ni terror yo‘li bilan arablarni shu hududni tark etishiga majburlashi qanchalik kulgili bo‘lar edi! Bizning ajdodlarimizga terrorizm bir sho‘xlikdek ko‘rinishi aniq edi, nazarimda.

Shu sababmi, tinch jamiyatlarda sodir etilgan terror hujumi butun dunyoda aks sado beradi-yu, zo‘ravonlik har kuni davom etayotgan hududlarda esa ular odatiy tusga kirib qoladi. Parijdagi terror hujumi oqibatida o‘lganlar Suriya urushi qurbonlaridan ming chandon oz bo‘lishiga qaramay, uning ovozasi butun dunyoni tutgani ham buning yaqqol tasdig‘idir. Parij tinch yashashga o‘rgangan, kichik bir xunrezlik ham butun jamiyatni larzaga solishi tayin. Urush olovi yonayotgan mintaqalarda esa, afsuski, inson hayotining sariq chaqalik qiymati qolmagan.

Shu mantiqqa tayanib aytish mumkinki, tinch davlatlar kichik zo‘ravonlikni-da o‘ta jiddiy qabul qiladi, ko‘riladigan qarshi choralar keragidan ortiq bo‘ladi. Teatrmonand hujumlar sababli ko‘tarilgan vahimani bostirgani davlatlar ham teatrmonand harbiy hujum bilan javob qaytaradi. Albatta, terrorchilar uyushtirgan kichik spektakl bilan davlat uyushtirgan ulkan spektakl orasida katta farq bor. Miqdoriy jihatdan olsak, davlatning terrorga qarshi bunday tadbiri sabab terror hujumidan ham ko‘proq kishi aziyat chekadi, qolaversa, davlat moddiy va ma’naviy zarar ko‘radi.

Bosiqlik lozim

Terrorga qarshi kurash terrorchini jismonan yo‘q qilishnigina anglatmaydi. Bunda yana ko‘plab omillarni nazarda tutish lozim. Agar davlat terrorga qarshi kurash ochgan bir vaqtda OAV, ziyolilar yoki diniy ulamolar qo‘poruvchilikning vujudga kelishiga uzrli sabablar qidirsa va ha endi, bularni ham tushunish kerak-da qabilida munosabat bildirsa, ommada terrorning buzg‘unchi kuch ekaniga shubha paydo bo‘ladi. Oqibatda hukumatga ishonchsizlik kayfiyati ortadi yoki din bilan terrorizmni qorishtirish boshlanadi, oxir-oqibat esa terrorchilar ko‘zlaganidek jamiyat ich-ichidan yemirila boradi.

Bizningcha, davlatlar terrorizmga qarshi kurashni, avvalo, geopolitik manfaatning asosiy qirrasi deb qabul qilishi lozim. Terrorizmga “ko‘rinmas qo‘llar” orqali bevosita yoki bilvosita yordam berayotgan davlatlar esa xalqaro hamjamiyat tomonidan siquvga olinishi va ularning dindan mafkuraviy maqsadlarda foydalanishiga chek qo‘yish zarur. Dunyo davlatlari terrorga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirib, shovqin-suronlarsiz, maxfiy xizmatlar rolini oshirgan holda kishi bilmas shaklda, urushishi kerak. Katta armiyalar orqali terrorga qarshi urush faqat va faqat terrorchilikning avj olishiga sabab bo‘ladi.

Din va siyosatning o‘rni, ayniqsa, musulmon jamiyatlarida aniq belgilanib qo‘yilgani ma’qul. Hukumatlar dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishdan tiyilmog‘i, siyosat esa kishilarning an’analari, diniy qarashlari va his-tuyg‘ularining in’ikosi emas, balki har bir davlatning uzoqni ko‘zlagan manfaati ifodasi bo‘lmog‘i lozim. So‘nggi yillarda “Islomiy davlat” nomli guruhning rivojlanishi va unga turli mamlakatlar fuqarolarining qo‘shilishi iqtisodiy omillar bilangina izohlanmaydi, balki ayrim davlatlar o‘z prinsip va qonunlariga amal qilmayotgani sabab adolat izlaganlar bilib-bilmay terrorchi mafkurachilar tuzog‘iga ilinayotir. Iqtisodiy-ijtimoiy adolatsizlik davlatdan norozilik kayfiyati ortishining eng kuchli omilidir. Chunki bunday vaziyatda jamiyat negizi bo‘lgan o‘rta sinf vakillarida hukumatga qarshi kayfiyat kuchayadi. Quyi sinfga mansub aholi orasida siyosiylashuv, ularda yetarli resurs bo‘lmagani bois, juda sust kechadi. Aksar hollarda bu qatlamning siyosatga munosabati quruq tanqiddan iborat bo‘ladi. O‘rta sinf esa yetarli moddiy imkoniyatga ega va siyosiy konsepsiyalarni anglay oladigan kishilardan tashkil topadi. O‘rta sinf va hukumat orasidagi iqtisodiy-ijtimoiy kelishuv, yakdillik davlatning uzoq muddatli osoyishtaligi kafolatidir. Agar hukumat o‘rta qatlamga bergan va’dasiga vafo qilmasa, mazkur qatlam vakillarida hukumatdan norozilik kayfiyati kuchayishi, bu esa jiddiy ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Afsuski, dunyoning aksar davlatlarida hukumatning bu kelishuvga bepisand qarashi kuzatilmoqda. Boshqaruvchilar qatlamining nuqul bir xil kishilardan iborat bo‘lishi, ayrim mansabdorlar noqonuniy ishlar qilsa-da, ozodlikda va hatto hukmron tabaqa safida qolishi o‘rta sinfda davlat siyosati odilligiga shubha uyg‘otib, ularda so‘zi va amali bir boshqaruvni qurish ishtiyoqini alanga oldiradi. Demak, jamiyatda iqtisodiy-ijtimoiy adolatni ta’minlash terrorizmga qarshi eng ishonchli va kuchli choradir.

Terrorizmning bugungidek keng palak otishida OAVning “xizmat”i katta. Ayniqsa, kapitalistik jamiyatning shov-shuvga o‘ch OAV terror hujumlarini bo‘rttirib, bot-bot yoritishi terrorizm tobora rivoj topishiga va terrorchilar oyog‘i yetib bormagan hududlarda ham ularga xayrixohlar paydo bo‘lishiga yordam berayotir. Gap shundaki, terrorchilar atrofida jurnalistlarning shovqin solishi ayrim kishilarda ularga qo‘shilishga rag‘bat uyg‘otadi. Ayniqsa, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan yoshlarda bunday guruhlarga qo‘shilish orqali “teleyulduz”ga aylanish ishtiyoqi paydo bo‘ladi. Masalaning ikkinchi tomoni, terror hujumlari haqidagi vahimali reportajlar ham ommada qo‘rquv va hadik hissini kuchaytiradi. Demak, kichik bir terror xuruji jamiyatda sarosima boshlanishiga olib kelishi mumkin. Qurbonlar jasadini TVda xuddi shoudek namoyish etilishi kishilarda terrorizm ularning uyi ostonasida turgan xavfday taassurot uyg‘otadi. Shu sababdan OAV terror hujumlarini yoritishga jiddiy mas’uliyat bilan, oqibatini o‘ylab yondashishi lozim. Afsuski, bugungi OAVning aksariyatiga bunday mas’uliyat hissi begona, aksincha, odamlarni vahimaga soluvchi, eng ko‘p shov-shuv uyg‘otuvchi axborot tarqatish bobida kimo‘zarga musobaqalashilmoqda.

Yuksak sivilizatsiyalashgan jamiyatlarda jismoniy zo‘ravonlikni kamaytirish – terrorizmga qarshi kurashning yana bir qurolidir. Kishilar orasida muloqot malakasi va o‘zaro hurmat muhitini shakllantirish hamda qadriyatlar inson manfaatiga xizmat etishiyu ular sharoitga qarab o‘zgarishi mumkinligini yosh avlodga singdirish lozim. Bugun ayrim milliy davlatlar hadeb o‘z mafkurasi barchanikidan ustunligini uqtirmoqda. Axir, biz XIX asr kishilari emasmiz, dunyo globallashuv tufayli borgan sari “kichrayib”, madaniy va milliy chegaralar yemirilmoqda. Bunday vaziyatda bir yurtda yashovchi, turli mafkura va dinga ergashgan kishilar orasida ixtiloflar chiqishi hech gap emas. Yuqorida zikr etilganidek, jamiyatda bir mafkura oliy va o‘zgarmas deb singdirilgan bo‘lsa, buning oqibatida jiddiy to‘qnashuvlar, xunrezliklar yuzaga qalqadi. Shu sababdan, milliy an’ana va diniy qadriyatlarni mutlaqlashtirmaslik, ularni umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish zarur. Aks holda, insoniyat misli ko‘rilmagan to‘qnashuvlarga sho‘ng‘ib ketishi, boshi doimiy urushlardan chiqmay qolishi mumkin.

****

Yurtimizda terrorizmning oldini olish uchun samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Garchi vatandoshlarimiz orasida xorijdagi terrorchi guruhlar safiga qo‘shilganlar borligi kishida xavotir uyg‘otsa-da, mamlakatimizda so‘nggi o‘n yilda qo‘poruvchilik sodir etilmagani bunga yaqqol dalildir. Huquqni muhofaza qilish idoralari, oila va mahalla instituti, OAV hamda qator nohukumat tashkilotlar bu illatga qarshi izchil kurashmoqda. Ammo bu borada e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar ham bor. Terrorni diniy bilimsizlik va ijtimoiy qiyinchilik bilangina bog‘liq deb tasavvur qilmoqdamiz va kurash usullarini ham shunga muvofiq tanlamoqdamiz. Bu esa terror xavfini to‘g‘ri baholashga xalal berayotgandek. Darhaqiqat, qashshoq va savodsiz omma jozibador g‘oyalar ortidan ergashishga moyil, bunga esa moliyaviy va’dalar va ruhiy manipulyatsiya orqali erishiladi. Aslida, avom orasidan yetishib chiqqanlar terrorchi tashkilotlarning oddiy jangarilari bo‘la oladi, xolos. Ular terror hujumlarini bevosita amalga oshiradi, deylik, xudkushlik qiladi. Ammo terror karvonini boshqaruvchilar asosan savodli, o‘rta va boy qatlam vakillaridir. Ular umrida Qur’onni qo‘liga olib o‘qimagan, dindan bexabarlar ham emas. Bunga misol qilib, Usoma bin Lodin, Ayman az-Zavohiriy, Abu Bakr al-Bag‘dodiy yoki Tojikistonning yuksak harbiy lavozimida xizmat qilib, so‘ng “Islomiy davlat” to‘dasiga qo‘shilgan Gulmurod Halimovni keltirishimiz mumkin. Ularni harakatga undagan sabablar nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, balki mafkuraviy bo‘shliq bilan ham uzviy bog‘liqdir. Aksar mamlakatlarda, jumladan, bizda ham diniy-terrorchi guruhlar safining kengayishiga kishilarning diniy johilligi sabab muammoni ommaga diniy ilm berish orqali hal qilish mumkin, degan qarash mavjud. Diniy ulamolarni “milliy” ruhda tarbiyalash orqali radikallashuvning oldini olish mumkin, degan yanglish tasavvurlar ham yo‘q emas.

Xo‘sh, bu usul qanchalik samara bermoqda? Bu savolga daf’atan lo‘nda javob berish qiyin. Chunki ayni usul samarali bo‘lishi uchun bir necha omilni hisobga olish darkor. Avvalo, din olamida obro‘si baland, xarizmatik diniy rahnamoga ehtiyoj bor. Ayni choqda, bu rahnamo mashhurligi va obro‘sini suiiste’mol qilmasligiga kafolat lozim. Boz ustiga, uning diniy yo‘riqlari nafaqat o‘z mamlakatida, balki butun musulmon olamida o‘ziga xos mavqe tutishi zarurdirki, aks holda, ekstremizmga moyilligi bor kishilar nazarida u “hukumatning odami” sifatida qolaveradi, aytgan so‘zlari ham zalvorini yo‘qotadi. Shunday rahnamo topilgan taqdirda ham muammo to‘liq yechildi deb bo‘lmaydi. Chunki bu chora kishilarni bir shaxs tevaragida muvaqqat jipslashtiradi va ularni diniy oqimlarga avvalgidan-da ta’sirchanroq qilib qo‘yadi. Rahnamoning vafoti yoki u bilan bog‘liq turli mojarolar jamoaning yaxlitligiga raxna solib, o‘zaro dushman guruhlarga ajralishiga olib keladi. Masalan, Misrdagi “Musulmon birodarlar” tashkilotidan o‘nlab shunday guruh ajralib chiqdi. Muammo og‘irlashsa og‘irlashdiki, aslo arimadi.

Texnologiya va ilm-fan rivojlangan hozirgi davrda kishilar ongida diniy aqidaparastlikka qarshi immunitet hosil qilishning yo‘llari ham ko‘paygan. Shulardan eng samaralisi, bizningcha, ilm-fanni ommalashtirish, o‘rta va oliy ta’limda olamni tanqidiy va mustaqil anglash uchun zarur bo‘lgan falsafa va mantiq, astronomiya va biologiya kabi gumanitar va tabiiy fanlarni chuqurroq o‘qitishdir. Bu ishlar samarasi tezda ko‘zga tashlanmaydi, biroq uzoq muddatli va ishonchli natijalar berishi tayin. Zero, diniy aqidaparastlik, avvalambor, madaniy xilma-xillikni tan olmaydigan fundamentalist mafkura bo‘lib, u xalqlarning tarixiy shakllangan milliy an’ana va qadriyatlari, xalqlararo muloqot samarasi bo‘lmish baynalminal madaniyat hamda o‘zga din hamda xalqlarga bo‘lgan tolerantlikni yo‘qotib, yagona nom ostida universal qoidalarga bo‘ysunuvchi jamiyat yaratishni ko‘zlaydi. Ilm-fan, madaniy xilma-xillik rivoj topgan diyorda esa diniy ekstremistik mafkuralarga o‘rin qolmaydi.

Yorliq so'zlar: Geostrategiya, To'qnashuvlar geopolitikasi, Mafkuralar geopolitikasi

O'xshash maqolalar

  • Geopolitika va Din: Islom
  • Alloh nomi bilan... So'ngi yo'l - Islomizm propoganda mashinasi (4-qism)
  • Alloh nomi bilan... Jihodning mag'lubiyati - Mardonavor kurashdan Terrorga (3 qism)
  • Alloh nomi bilan... Jihod - Anti-kommunizmdan Anti-Amerikanizmga (2-qism)
  • Alloh nomi bilan... Islomizm - Qayta tug'ilish (1-qism)

Android dastur

Agar sizda Android uskuna bo'lsa, siz ushbu sayt maqolalarini maxsus Android dastur yordamida ham o'qishingiz mumkin.

Dasturni Google Play Market orqali yoki to'g'ridan-to'g'ri yuklab olishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar

Maqolalar arxivi

  • ► 2020 (3)
    • ► May (2)
      • • Rossiya - Global kuchmi?
      • • Usmoniylar imperiyasi – tugallanmagan mozaika
    • ► Aprel (1)
      • • Usmoniylar imperiyasi - yaratilish tarixi
  • ► 2017 (10)
    • ► Dekabr (1)
      • • Rossiyaning Suriyadagi tuganmas urushi
    • ► May (2)
      • • Katta urush: Yaqin Sharqda kim kimga qarshi jang qilmoqda
      • • Dunyodagi Uyg’ur diasporasi – mustaqillik uchun kurashning mag’lubiyati
    • ► Aprel (2)
      • • Terrorisme : pourquoi voit-on autant d’Ouzbeks dans les attentats ?
      • • 21-asrda populizm – demokratiyaning qasosi (1-qism)
    • ► Fevral (3)
      • • Vayronkorlik “San'ati”
      • • Turkmaniston – abadiy barqaror mamlakat(?)
      • • Le terroriste d'Istanbul, reflet de la riche filière djihadiste d'Asie centrale
    • ► Yanvar (2)
      • • Sinzyan - Xitoyning katta g'arbi
      • • Uyg‘ur muammosiga nazar – Tarix va Geografiya
  • ► 2016 (17)
    • ► Noyabr (1)
      • • A new hope for Uzbekistan?
    • ► Oktyabr (2)
      • • TTIP - Dunyodagi eng katta erkin savdo zonasi
      • • Xalqaro savdoning mutatsiyasi - TTIP, CETA, TPP, RCEP
    • ► Sentyabr (1)
      • • Mourning Islam Karimov
    • ► Iyul (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (3-qism)
    • ► Iyun (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (2-qism)
    • ► May (6)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : avenir (3/3)
      • • Obama va Yaqin Sharq (1-qism)
      • • La diaspora ouighoure en Turquie : islamisation (2/3)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : origine (1/3)
      • • Har qanday urushda mag'lublar ikkita bo'ladi
      • • La route de l'info passe aussi par l'Asie centrale
    • ► Aprel (1)
      • • Sovet soyasi va Biz
    • ► Mart (1)
      • • L'Asie centrale sous le prisme de la crise russo-turque
    • ► Fevral (1)
      • • Rossiya strategiyasini ifoda etuvchi 10 xarita
    • ► Yanvar (2)
      • • Rossiyaning navbatdagi "do'sti" kim?
      • • O'zbekiston-AQSh: Geopolitika.uz blogi asoschisi bilan intervyu
  • ► 2015 (20)
    • ► Dekabr (3)
      • • Rossiya va Turkiya - azaliy raqobat
      • • Demokratiya: anglashilmovchilik tarixi
      • • Turkiya siyosiy falokat yoqasida
    • ► Oktyabr (2)
      • • Suriya inqiroziga qayta nazar – Kuchlar nisbati (1-qism)
      • • Siyosiy Islomning radikal Islom hisobiga mag'lubiyati
    • ► Sentyabr (1)
      • • L’enseignement des sciences politiques interdit en Ouzbékistan
    • ► Avgust (3)
      • • Sivilizatsiyalar oxiri: Yo'qlikka yuz tutish yoki O'zgarish?
      • • ISHID Afg'onistonda - Propoganda yoki Haqiqat?
      • • Geopolitika va Din: Pravoslaviya va Rossiya
    • ► Iyun (1)
      • • Dunyo yuzini o'zgartirgan siyosiy-ijtimoiy revolyutsiyalar
    • ► May (1)
      • • Amerika Imperiyasi haqida
    • ► Aprel (3)
      • • Pourquoi la Turquie fait fausse route en Asie centrale
      • • Yaman - Yangi geopolitik front?
      • • Yaman - geopolitik tarix
    • ► Mart (2)
      • • Usbekistan – Die unterschätzte Landflucht
      • • Suriyadagi Jihodchilar kimlar?
    • ► Fevral (1)
      • • L'islamisme: nouvelle gangrène du Kirghizistan
    • ► Yanvar (3)
      • • Turkiyasiz Yevropa
      • • Putin hokimiyati nega mustahkam?
      • • Sharli Hebdodan keyingi Geopolitik to'lqin
  • ► 2014 (28)
    • ► Dekabr (3)
      • • Ouzbékistan : l'exode rural négligé
      • • Узбекские исламисты в Сирии
      • • Les islamistes ouzbeks: quel Jihad?
    • ► Noyabr (2)
      • • Afg'on muammosi yechimi Qatarning qo'lidami?
      • • Turkiya va Islom - Moziyga nazar
    • ► Oktyabr (4)
      • • Afg'oniston saylovlari: Etnik ajralishlarga qaytish?
      • • Les obligations en Ouzbékistan : arnaque ou malentendu ?
      • • Moynaq, ou le désastre de la Mer d’Aral
      • • L'Ouzbékistan sur liste rouge : un choix justifié ?
    • ► Iyun (5)
      • • Iroq Inqirozi: Kim aybdor?
      • • Dunyoning eng kichik lekin katta ta'sirga ega bo‘lgan 10 ta mamlakati
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Actualité d’un débat (2/2)
      • • Beijing’s pragmatism and energy demand serve it well in Central Asia
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Héritage d’un débat (1/2)
    • ► May (4)
      • • Osiyo taqdirini o'zgartirgan hafta
      • • CICA : un pas supplémentaire vers « l’orientalisation » des relations internationales ?
      • • Dronlar: Tinchlik yoki Urush quroli?
      • • AQSh Rossiyaga qarshi besamar sanksiyalar qo'llamoqda
    • ► Aprel (3)
      • • AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidan ola mushuk o‘tdimi?
      • • Bo’lajak Afg’on prezidentining eng qiyin vazifalari
      • • Demokratiya yoki Tinchlik?
    • ► Mart (4)
      • • Ukraina krizisi va Axborot urushi
      • • Средняя Азия и украинский кризис
      • • Rossiya – Ukraina krizisi, uzoq tarixdan bugungi kungacha
      • • Asie centrale: la position ambivalente vis-à-vis de la crise ukrainienne
    • ► Fevral (3)
      • • Turkmaniston qachon "ochiladi"?
      • • Zamonaviy davrning pragmatik davlatlari
      • • Nazarbayev veut changer le nom du Kazakhstan
  • ► 2013 (35)
    • ► Dekabr (1)
      • • Ukraine not mired in second Color Revolution
    • ► Oktyabr (2)
      • • Xaroba shaharlar geopolitikasi
      • • Geopolitika... aslida nima?
    • ► Sentyabr (2)
      • • Ukraine, Russia battle in chocolate war
      • • Suriya mojarosi - xalqaro tizimning yemirilishi?
    • ► Avgust (1)
      • • Dunyo tarixidagi eng katta yolg'on qurboni - Iroq
    • ► Iyul (3)
      • • Tojikiston - yakkalantirish siyosatining qurboni?
      • • Rossiyaning Xitoyga neft sotish bitimi - dunyo energetika muvozanatini o'zgarishi?
      • • Mo'g'uliston - yangi "Eldorado"?
    • ► Iyun (2)
      • • Kaspiy dengizining harbiylashtirilishi - Kaspiybo'yi geopolitikasining tubdan o'zgarishi
      • • Alloh nomi bilan... So'ngi yo'l - Islomizm propoganda mashinasi (4-qism)
    • ► Aprel (4)
      • • Imperializm: Harbiy-Sanoat kompleksining gegemoniyasi
      • • Alloh nomi bilan... Jihodning mag'lubiyati - Mardonavor kurashdan Terrorga (3 qism)
      • • Alloh nomi bilan... Jihod - Anti-kommunizmdan Anti-Amerikanizmga (2-qism)
      • • Alloh nomi bilan... Islomizm - Qayta tug'ilish (1-qism)
    • ► Mart (3)
      • • Urush san'ati
      • • 3-Jahon Urushidan ehtiyot bo'ling. Sabab: "Moviy Oltin"
      • • Urush va Tinchlik
    • ► Fevral (9)
      • • Dunyodagi AQSh harbiy bazalari
      • • Quel multiculturalisme en Ouzbékistan?
      • • Pxenyan navbatdagi yadro sinovini amalga oshirdi
      • • Geopolitika va Din: Sivilizatsiyalar To'qnashuvi
      • • Geopolitika va Din: Dunyo dinlari
      • • Suriyaga xorijiy intervensiya uyishtiriladimi?
      • • Geopolitika va Din: Islom
      • • Anarxiya va Gegemoniya
      • • Yovvoyi, ojiz va ahmoqona: Shimoliy Koreyacha strategiya
    • ► Yanvar (8)
      • • Isroil va Turkiya munosabatlari - Ajralish yoki Diplomatik o'yin?
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (2-qism)
      • • Yadro qurollari tarixi va bugungi vaziyat
      • • Sahara Inqirozi: Xronika
      • • Qozog'istonda haqiqatan islomiy tahdid mavjudmi?
      • • Kalashnikov: Afsonaviy qurol va "Qora bozor"
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (1-qism)
      • • Anklavlar, eksklavlar: Markaziy Osiyoning "olovli nuqtalari"(mi?)
  • ► 2012 (26)
    • ► Dekabr (6)
      • • Afg'on fojeasi: Afg'oniston geostrategik o'yinlar qurbonimi?
      • • Kvant Mahfiyligi: Ko`rinmas Armiya xaqiqatga aylanadi
      • • Eron-2013: Kim g`olib chiqadi?
      • • Boko Haram har doimgidan ham xavfliroqmi?
      • • Xitoyda qudrat almashinuvi: Xo`sh?
      • • Kurd muammosini anglash
    • ► Noyabr (9)
      • • G'azo va Isroil to'qnashuvlari, voqealar ustidan qisqa tahlil
      • • Kurd muammosiga tarixiy nazar
      • • G`azo inqirozi Iordaniya va G`arbiy Qirg`oqda ham aks-sado bermoqda
      • • Isroil geosiyosati: O`tmishdan bugungacha
      • • Isroil va G'azo: oldin va hozir
      • • Afg'on fojeasi: G'arbning eng katta ahmoqliklari
      • • AQSh-Rossiyaning Markaziy Osiyodagi raqobati inkor qilib bo`lmasdir
      • • Misr, G'azo va Sinay yarimoroli
      • • Haqiqatda Sharqdagi urushlar neft uchunmi?
    • ► Oktyabr (6)
      • • Birma Rohingyasi
      • • Markaziy Osiyoda suv mojarolari
      • • Sinay yarimoroli: Misrning Vaziristonimi?
      • • Suriya - siyosiy krizisning regional ta`sirlari
      • • Afrikada islomiy fundamentalizm
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 2-qism
    • ► Sentyabr (5)
      • • Putinning Yevroosiyo Ittifoqi: Gegemoniyaga intilishmi?
      • • Suriya - Siyosiy krizisning asl sabablari
      • • Moskva chechenlar rahnamosini jilovlashga urinmoqda
      • • O'rta Osiyo - Farg'ona Vodiysi
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 1-qism
Powered by mod LCA
O'zlik Sari Yetti Qadam

7Qadam

Minglab kitobxonlar olqishiga sazovor bo'lgan asar.

Batafsil

© 2012 - 2023 www.geopolitika.uz
  • Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda