2017-yil, 20 yanvar - Donald Tramp – AQSh prezidenti.
2017-yil, 29 mart – Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Tereza Mey, Yevropa Ittifoqining Lissabon shartnomasining 50-moddasini rasmiy ravishda ishga tushiradi va shu kundan boshlab Buyuk Britaniya rasmiy ravishda 44-yil a’zolikdan so‘ng, Yevropa Ittifoqi a’zoligidan chiqishini boshladi.
2017-yil, 17 aprel - Rejeb Tayip Erdogan – Turkiyaning yangi vakolatlari kengaytirilgan prezidentlik kursisiga asos soldi va uni o‘zi egalladi.
2017-yil, 24 aprel - Fransiyadagi prezidentlik saylovlarida tarixda birinchi marta mamlakatning ikkita yirik partiyalari bo‘lmish – Sotsialistik va O‘ng qanot partiyalari birinchi turdayoq mag‘lub bo‘lib, 2-turga ommaga umuman notanish bo‘lgan va hech qanday siyosiy karyeraga ega bo‘lmagan, nufuzli Rotchild bankining sobiq xizmatchisi Emanuel Makron va mamlakatda o‘z g‘oyalari bilan fashizmga yaqin turadigan radikal-ong qanot partiyasining yetakchisi Marin Le Penlar yetib keldilar.
Va nihoyat 2018-yildagi Rossiyadagi bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Vladimir Putin o‘z nomzodini qayta qo‘yishga ishoralar qildi. Putin, Erdogan va Tramp kabi siyosiy arboblarning bugungi jahon siyosiy sahnasida tutgan roli juda muhimdir. Ular boshqarayotgan davlatlarning dunyo taqdiriga ta’siri, geostrategik o‘rni va iqtisodiy salohiyati, bevosita dunyo bo‘ylab o‘z aks-sadosini beradi. Xuddi shunday, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishi va Fransiyaning kelajakdagi prezidentining bu boradagi qarori dunyo geopolitik vaziyatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Garchi gap turli xil mamlakatlar, shaxslar va siyosiy voqealar haqida ketayotgan bo‘lsa-da, ularni bir xususiyat birlashtirib turadi – bu populizmidir.
Populizm iborasi siyosiy fanlar nuqtayi nazaridan olib qaraganda demagogiya iborasi bilan deyarli bir ma’noni anglatadi. Faqat demagogiya populizmga nisbatan salbiy yondashilgan munozaralarda ishlatiladigan atama bo‘lib, populizm va demagogiyaning farqi faqat ularning masshtabi va kontekstda ishlatilishidadir. Populizm har bir davr va makonda mavjud bo‘lgan siyosiy yondashuv bo‘lib, uni deyarli hamma siyosiy tizim sharoitlarida qo‘llash imkoni mavjud, xoh u demokratiya bo‘lsin, xoh diktatura yoki xoh o‘ng, xoh so‘l hukumat bo‘lsin. Shu sababdan ham populizmning asl qiyofasi mavjud emas, uning asosida faqat oddiy xalqqa yoqadigan, oddiy xalqni his-tuyg‘ularini junbishga keltirish orqali uni biron bir siyosiy mafkura, shaxs yoki tizim atrofiga yig‘ish yotadi. Bundan maqsad esa ko‘pchilik hollarda xalqni manipulyatsiya qilish orqali hokimiyatga erishish, uni mustahkamlash, populizmdan foydalanayotgan tomonga qarshi bo‘lgan kuchlarni xalqni qo‘li orqali yo‘q qilishdan iborat bo‘ladi.
Populizm so‘zining asosini grekcha Populus so‘zi tashkil qilib, o‘zbek tiliga uni Xalq deb tarjima qilinadi. Populizm so‘zini aniqlashdan avval, xalq so‘ziga tarif berish muhimdir. Xalq so‘zi, unga yaqin millat so‘zi bilan chalkashtirilmasligi lozim. O‘z navbatida Millat so‘zini ham tariflariga ehtiyotkorlik bilan yondashgan ma’qul, chunki har bir davlatning tarixiy shakllanishi, ijtimoiy strukturasi va siyosatidan kelib chiqqan holda Millat so‘zi o‘z tarifini ishlatiladigan joyi va kontekstiga qarab o‘zgartirib turadi. Shunday qilib, xalq so‘zining ham o‘ziga xos tariflari mavjud, bu tariflarni xalq so‘ziga yondashishlar orqali ajratishimiz mumkin.
Eng avvalo xalq so‘ziga sotsiologik tomondan yondashuvni ko‘rib chiqsak. Sotsiologik yondashuv har bir jamiyat aholisini asosan uch guruhga bo‘ladi, o‘rta sinf, quyi sinf va yuqori sinf. Fuqarolik jamiyati kuchli va iqtisodiy rivojlangan jamiyatlarda o‘rta sinf vakillari hamma sinfdan ko‘ra ko‘pchilikni tashkil qilishadi va ularning iqtisodiy vazni ham quyi va yuqori sinflarni yig‘indisidan ham ko‘proq vaznga ega bo‘ladi. Quyi sinf esa asosan belgilangan ijtimoiy hayot darajasidan pastda yashaydigan kambag‘al aholiga tegishlidir. Yuqori sinfni asosan jamiyatlarning eng yuqori qismida joylashgan, siyosiy arboblar, iqtisodiy aktyorlar, mashhurlar, olimlar, bir so‘z bilan aytganda o‘zining ijtimoiy holati o‘rta sinflarnikidan yuqoriroq darajada bo‘lgan va shu bilan birga o‘zi yashayotgan jamiyatining hayot yo‘nalishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan kishilar guruhiga aytiladi, ko‘p hollarda bu sinfni elita deb atashadi.
Bu uchta sinfni aniqlik bilan bir biridan ajratish va ular joylashgan sinfga qarab ularni kategoriyalarga ajratish juda qiyindir, chunki har doim individlarning o‘ziga xosligi va shaxs faktori uni o‘ziga tegishli bo‘lgan sinfning xususiyatlari kadridan tashqariga chiqish imkonini ochiq qoldiradi. Shunday sharoitda har bir individning u kelib chiqqan sinfiga qarab unga tarif berish bizni xato tahlillar va xulosalarga kelishimizga sabab bo‘lishi mumkin. Oddiy hayotimizda bunga misollar ko‘p, masalan juda boy kishining oilasida hamma ham aqlli bo‘lmasligi mumkin, xuddi shunday juda kambag‘al oilalardan aqlli odamlar yetishib chiqishi mumkin. Bunday sotsiologik beqarorlik aynan jamiyatning siyosiy hayotidagi o‘zgarishlarning asosiy motori hisoblanadi va jamiyatning bir joyda qotib qolishidan asraydi. O‘z navbatida bu doimiy o‘zgarishlar har qanday mafkurani, davlat tizimini, imeriyalarni va sivilizatsiyalarni bir kun kelib tanazzulga yuz tutishlarida muhim rol o‘ynaydi, shu bilan birga yang mafkuralar, davlat tizimlari va sivilizatsiyalarini yaralishida ham aynan shu almashinuv katta ahamiyatga ega.
Shunday qilib ushbu jamiyatning tarkibidagi sotsiolgik jihatdan xalq deb atalmish qatlam ham, mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy ahvolga qarab o‘zgarib turadi. Sotsiologik jihatdan Xalq so‘zi iqtisodiy jihatdan boy bo‘lmagan va jamiyatning belgilangan o‘rta hol hayot tarzidan quyida yashaydigan umumiy aholini yarmini tashkil qiluvchi aholiga aytiladi. Ya’ni quyi sinfning barchasi va o‘rta sinfning quyi qatlamlari, ayrim hollarda kambag‘allashgan sobiq yuqori sinf a’zolari ham shu sinfga kirib ketadi. Boshqacha qilib aytganda sotsiologik jihatdan olingan xalq soni jamiyatlardagi iqtisodiy rivojlanish va tengsizlik bilan uzviy bog‘liqdir. Mamlakat qanchalik kambag‘al bo‘lsa va buni ustiga jamiyatda tengsizlik avj olgan bo‘lsa uni aholisi shunchalik xalqchil bo‘lib boraveradi.
Sotsiologik yondashuvdan tashqari xalq so’ziga falsafiy siyosiy yondashuv ham mavjud, unga ko’ra xalq bu jamiyatni o’zgarishiga, qanchaligidan qat’iy nazar o’z hissasini qo’shayotgan har bir individdir. Masalan demokratik jamiyatlardagi referendumlarda va saylovlarda qatnashuvchi har bir kishi ushbu xalqni anglatadi.
Eng oxirgi, lekin yangi shakllangan xalq tushunchasi asosan jurnalistik ahamiyatga ega bo’lib, u ma’lum bir sinfga yoki siyosiy kuchga ega bo’lgan sinflarni emas, balki omma oldida ko’tarilgan ma’lum masalalarga yondashuviga ko’ra “xalq tomonida” bo’lgan, “xalq vakillari”dan tashkil topadi. Bunday vakillarga xalqchil deputatlar, siyosiy partiyalar yoki harakatlar misol bo’la oladi. Garchi ular xalq nomidan gapirishayotganiga urg’u berishsada, sotsiologik va statistika jihatidan buni aniq hisob-kitob qilish juda qiyin, lekin ayni paytda esa ularga nisbatan xalqning qo’llovi yo’q deyishlik ham xato bo’ladi.
Ko’rib turganimizdek populizmga qisqa va aniq tariff berish mushkul, uni doimo ham salbiy tendensiya deb qarash ham to’g’ri emas. Lekin ayni paytda populism va demagogiyani bir biridan keskin ajratib olish qiyin. Agar siyosiy lider yoki hukumat, o’zi bilgan holda xalqni populist ma’ruzalar bilan sugo’rayotgan bo’lsa, demak bu anglangan manipulatsiyadan boshqa narsa emas. Ayrim hollarda, siyosiy liderlar va hukumatlar, o’zlarining tarixi va yurish-turishi, olib borayotgan siyosati xalq fikri bilan mos kelib qolishi mumkin, ya’ni ataylabdan emas, balki shu liderning o’zi ishongan g’oyalari tufayli. Bunday populizmda manipulyatsiya bo’lmaydi, lekin xalqni sevimli lideriga aylanish, baribir ko’p hollarda avtoritarizmni boshlanishiga sabab bo’ladi.
Populizmning qisqacha tarixi
Tarixda hech bir davlat arbobi yoki mafkura yo’qki u populizm siyosatiga murojaat qilmagan bo’lsa. Chunki hokimiyatning asosini doimo xalq tashkil qilib kelgan va qanday katta kuchga ega bo’lishidan qat’iy nazar har bir hukumat o’zi boshqarayotgan xalq qahridan qo’rqib, u bilan hisoblashib yashashga majbur, hatto eng totalitar diktaturalarda ham. Shu sababdan ham har bir xalq o’ziga mos keladigan hukumatlarga va liderlarga ega bo’ladilar. Lekin, ayni paytda populizmni ma’lum bir kontekstda ishlatish bilan, butun bir siyosiy dasturni populism ustiga qurish orasida juda katta farq bor. Vaqtinchalik populist siyosatlar asosan inqirozlar, urushlar va davlat uchun og’ir davrlarda ishlatiladi. Populizmi o’z siyosatini asosi qilib olgan siyosatchilar va mafkuralar, uni doimiy siyosiy manipulyatsiyaga aylantiradilar. Buning oqibatida esa siyosatning reallikni buzib ko’rsatishi, xalqni g’ururini va iftixorini, qadriyatlarini ularning real manfaatlaridan ustun qo’yib ko’rsatgan holda asosiy muammolarni yuzini yopish holatlari doimiy siyosatga aylanadi. Natijada bunday siyosat katta falokatlar va yo’qotishlar bilan yakun topadi.
Populizm tarixda doimo bo’lganligini hisobga olsak, u deyarli hamma siyosiy rejimlar bilan yonma yon chiqishib yashab keta olganini ko’rishimiz mumkin bo’ladi. Lekin aynan demokratiyaning vujudga kelishi va kuchayishi bilan parallel ravishda populizm ham kuchayib bordi. Qadimgi Misrdagi Firavnlar nazorat ostidagi bir tomonlama populizmni ishlatishgan, ya’ni xalq fikrini hukumat manfaatiga moslab yo’naltirish orqali qadimgi misrliklar o’z boshqaruvlarini o’zlari xohlagan tomonga yo’naltirish imkoniga ega bo’lishgan. Albatta bunday siyosat uchun katta resurslar va repressiya tizimlari lozim bo’ladi. Qadimgi Gretsiyada paydo bo’lgan demokratiya esa aksincha, hokimiyatning xalq tomonidan yo’naltirib borishga asos soldi. Biz Grek demokratiyasi bilan bugungi kundagi zamonaviy demokratiya haqida o’tgan maqolalarimizda to’xtalib o’tgan edik. Grek demokratiyasida qatnashuvchi fuqarolar asosan yuqori sinfdan tashkil topgan kishilar bo’lgan, populizmga qarshi o’laroq, qadimgi Gretsiyaning siyosiy qarorlarida aynan oddiy xalqning ta’siri kam bo’lgan, qarorlar fuqarolikka ega bo’lgan zodagonlar tomonidan qabul qilingan, qullar bunday bahslarda qatnasha olishmagan. Shu sababdan ham qadimgi Grek demokratiyasida populizm asoratlari kam uchraydi. Bunga qadimgi Grek shaharlarining avtonom boshqaruvi ham sabab bo’lgan, ya’ni har bir shahar o’zi uchun o’zi qaror qilgan, shaharda esa aholi soni kamligi va hududi kichkinaligi tufayli har bir fuqaroni fikrini eshitishga vaqt va resurs yetarli bo’lgan.
Populizmning kuchayishi Grek demokratiyasidan keyin bo’lgan davrdagi imperiyalarning paydo bo’lishi bilan kuchaydi. Yuliy Sezar populizmning katta siyosatga olib kirgan birinchi liderlardan desak adashmaymiz. Qadimgi Rimda paydo bo’lgan Popular deya atalgan aholini quyi qismidan tashkil topgan sinfdan chiqqan Sezarning Rim imperatori darajasigacha yetib kelishi, tarixda mavjud Podshoh – Xalq munosabatlarida katta o’zgarish yasadi. Endilikda xalqdan masofada, aholiga notanish va sir-sinoatlarga to’la podshoh imidjidan, xalqqa yaqin va xalqdan chiqqan, uni tushuna oladigan monarxlar davriga qadam qo’yilgan edi. Sezarning imperatorlikkacha bosib o’tgan jangovar tarixida xalqni roli katta bo’ladi va shu davrdan boshlab hatto qullarni o’z ichiga olgan butun boshli xalq siyosat arboblari tomondan hisobga olinishi kerak bo’lgan element sanala boshlandi. Sezardan keyingi dunyo yuzini ko’rgan monarxlar, sarkardalar, imperatorlar va podshohlarning barchasi xalqni qo’llab quvvatlashini birinchi darajali omil deb bilib, iloji boricha xalq bilan yaqinlashishga, namunali inson bo’lishga va xalqqa o’xshab harakatlar qilishga intilgan. Lekin bu holatda ham, o’xshashlik faqat sirtqi bo’lgan va o’zini xalqdan chiqqan deb ko’rsatgan liderlar xalqni o’z siyosiy qarashlarini oldinga surish uchun ishlatishgan. Xalqning liderlar qaroriga va g’oyasiga ta’siri kam bo’lgan, xalqchillik aynan liderning qarorini oqlash uchunmas, balki uni shaxsiyatini savol ostiga qo’yilmaslik uchun ishlatilgan.
Populizmning keyingi bosqichi AQSh mustaqilligi va Fransuz inqilobi bilan boshlandi. Bu davrga kelib ma’rifatparvarlar insonning qadr-qimmati va yaxshi yashashi eskirgan diniy qadriyatlar, aqidalar va shaxsga sig’inishlardan ustun turishini ta’kidlashni boshlagan edilar. Yevropada boshlangan xalq revolyutsiyalari va chiqishlari esa oddiy xalqqa uning kuchi boshqaruvchi sinfni doimiy qo’rquvda va bosim ostiga yashashga majburlashga yetishishini tushunishi uchun muhim voqelik bo’ldi. Bu o’z navbatida G’arb dunyosida demokratiyaning qayta tug’ilishiga olib kelgan bo’lsa, ayni paytda demokratik prinsiplarni xalq xohishiga bo’ysundiruvchi kuchli populist g’oyalar va shaxslarni ham yetishib chiqishiga sabab bo’ldi. Britaniyadan Rossiya imperiyasigacha bo’lgan jamiyatlarda va Shimoliy Amerikada xalq ichidan chiqqan liderlar, xalq manfaatlarini pesh qilgan holda asta-sekinlik bilan imperializm davriga chek qo’yib, yangi demokratik, lekin populist davlat tizimlariga asos sola boshladilar.
Yangi jamiyatlardagi tengsizlik va sifatsiz ta’lim tizimi siyosiy liderlarni populist qarashlarga murojaat etishga majbur qilardi. Chunki har bilim darajasi, siyosiy ongi va jamiyatni anglash saviyasidan qat’iy nazar butun aholi endilikda saylash huquqiga ega bo’lgan edi. Juda ko’pchilik ovozini qamrab olishi uchun siyosiy ma’ruzalar bir tomondan ratsional, boshqa tomondan esa xalqqa yoqadigan bo’lishi lozim edi. 20-asr boshlariga kelib eski siyosiy tizimlar bo’lmish imperiya va monarxiyalar, bir tomondan xalq bosimi ostida, ikkinchi tomondan hukumat orasida paydo bo’lgan yangi siyosiy kuchlar hujumlari ostida birin-ketin qulay boshladilar. Bunday qulashlarning ba’zilari katta revolyutsiyalar va davlat to’ntarishlari hisobiga amalga oshirildi. Natijada, o’z-o’zidan yangi hukumat tepalariga xalqni eski hukumatlarga qarshi oyoqqa turg’aza olgan o’ta populist va ayni paytda o’z qarashlarida radikal bo’lgan siyosiy kuchlar keldi.
Janubiy Amerikadagi xalq qo’zg’olonlari, Rossiyadagi inqilob va Germaniyada hukumatga Gitlerni kelishi oqibatida yangi radikal va populist siyosiy tizimlar yer yuzini ko’rdi. Ushbu hukumatlarning asosiy qismi, haqiqatdan ham oddiy xalqning qo’llab-quvvatlashi tufayligina paydo bo’lgan edi. Demokratiyadagi ushbu paradoksal holat asilda uning ajralmas qismidir. Faqat uni yuzaga kelishi uchun ma’lum shart-sharoitlar zarurdir. Og’ir iqtisodiy-ijtimoiy inqiroz, siyosiy turg’unlik, korrupsiyaga uchragan elita va o’zgarmas siyosiy shaxslar, vaqt o’tishi bilan xalqda nafaqat hukumatga va uni liderlariga, balki butun boshli siyosiy tizimga bo’lgan ishonchni yo’qotadi. Oqibatda ushbu holatga faqat radikal o’zgarishlar yakun yasaydi degan tasavvur hosil bo’ladi, chunki shu paytgacha kichik o’zgarishlar ahvolni yaxshilamagan bo’ladi.
Germaniydagi Natsist rejimi ostida o'tkazilgan "Reyx xirmonlarining barakasi festivali", 1934
Yuqoridagi tarixiy kontekstda Rossiya imperiyasining urushlari va yomon boshqaruvi tufayli jamiyatda yuzaga kelgan noroziligi va Germaniyaning 1-jahon urushida yutqizgani, populizmni avj olishiga olib kelgan. Xuddi shunday, 2-jahon urushidan so’ng boshlangan “Sovuq Urush” davrida ham, tomonlarning bir-biriga tizimli dushmanligi tufayli, bir qancha populist liderlar yirik davlatlardagi hukumatni egalladilar. Lekin endilikda tarixdan qolgan yaralar radikal populizmni qayta yuzaga kelishiga yo’l qo’ymas edi, shu sababdan 70-yillarda boshlangan yangi ko’rinishdagi populizm avj oldi. Bu safargi populizmda kuchli siyosiy liderlar o’rnini, ommaga taniqli bo’lgan yulduzlar, shoirlar, ziyolilar va boshqa san’at kishilari egalladilar. Endilikda kuchli liderlik va nazoratga nisbatan qarshi turish hamda shaxs erkinligini oliy qadriyat deb atash siyosatda urf bo’la boshladi, endilikda buni mutaxassislar liberal populizm deya atay boshladi. Boshqacha qilib aytganda, tarixda dunyo yuzini ko’rgan radikal populizmni tanqid qiluvchi va unga qaytishni xohlaganlarni qoralovchi yangi populizm vujudga keldi.