Rossiya hukumati OAVlarini doimiy kuzatib boradiganlar, rasmiy Moskvaning biror davlat bilan ma’lum vaqt aloqalari kuchayishi va bu holat Kremlparast jurnalistlar, siyosatchilar, ekspertlar, madaniyat arboblari hamda oddiy Rossiyaparast qatlam tomonidan olqishlanishi, bo’rttirilishiga guvoh bo’ladilar. So’nggi ikki yil davomida Rossiyaning G’arb davlatlari bilan munosabatlarining keskinlashishi fonida bunday holatlar ko’plab kuzatildi. Putin Rossiyasi deyarli izolyatsiya holatida turar ekan, o’tgan yilning oktyabr oyida Ukrain inqirozi davridagi yaqin hamkorlardan biri – Turkiya bilan ham munosabatlarini sovuqlashtirishga majbur bo’ldi (Rossiya-Turkiya munosabatlarining tavsifini ushbu maqolada o’qishingiz mumkin). Rus samolyotining turklar tomonidan urib tushirilganiga 4 oy bo’lyaptiki, Moskva o’zining hali ham xalqaro arenada muhim aktyor ekanligiga dalil bo’la oladigan ”piar” ittifoqdosh topa olmayapti. Xo’sh, Rossiyaning navbatdagi ittifoqdoshi qaysi davlat bo’lishi mumkin? Bugungi maqolamizda geopolitik faktorlar yordamida bu savolga javob qidirib ko’ramiz.
Mavjud vaziyatga oydinlik kiritishdan oldin Ukrain inqirozi boshlangandan so’ng Rossiya tashqi aloqalarida yuzaga kelgan siyosiy-iqtisodiy tanglik davrida Kreml tashqi siyosatidagi o’zgarishlarning qisqa xronikasini ko’rib chiqish maqsadga muvofiq bo’ladi. Bunday tarzdagi tahlil Rossiyaning davlat OAVlari propagandasi soyasida qolib ketayotgan tashqi siyosati vektorlarini va Kreml yopiq eshiklari ortida ishlab chiqilayotgan tashqi aloqalar konsepsiyalarini tushunib olishda yordam beradi. Albatta, bu tahlilda Rossiyaning satellitlari (Qozog’iston, Belarus, Tojikiston, Qirg’iziston va h.k) bilan aloqalariga alohida e’tibor qaratmaslik siyosiy xatolik hisoblanmaydi.
Germaniya
Ukraina Maydanida yuz berayotgan voqealar vaqtida Rossiya bilan aloqani betarflik darajasida ushlab turishga uringan yagona Yevropa davlati Germaniya bo’ldi. Geografik yaqinlik, geopolitik omillar Angela Merkelni Yevropa va Rossiya o’rtasida arbitr vazifasini bajarishga undadi. Germaniyaning nisbatan mo’tadil munosabati doimgidek rus matbuoti tomonidan bo’rttirila boshlandi. Biroq Qrim anneksiyasidan so’ng vaziyat keskin o’zgardi. Merkel Rossiya aktini keskin qoraladi, davlat suverenitetini saqlash yo’lida o’z mamlakati manfaatlaridan ham voz kechishga tayyorligini ma’lum qildi. Germaniya sanksiya yordamida jazolash tashabbuskorlaridan biriga aylandi. Sobiq kansler Gerxard Shryederning Rossiya harakatlarini o’z-o’zini muhofaza qilish, deya oqlab chiqishi Kreml propagandasida yana bir to’lqinni yuzaga keltirdi. Lekin holat uzoqqa cho’zilmadi va Germaniya ham Rossiya uchun ”dushman” davlatlardan biriga aylandi.
Xitoy
Oxirgi ikki yilda Rossiya tashqi aloqalaridagi eng katta voqea, shubhasiz, 2014-yilning may oyida Xitoy bilan 30 yilga mo'ljallangan 400 mlrd AQSh dollariga teng gaz eksporti shartnomasi bo’ldi. G’arb davlatlari tomonidan qo’yilgan sanksiyalar hali to’liq ta’sir kuchini shakllantirib ulgurmagan bir vaqtda imzolangan ushbu shartnoma ekspertlar tomonidan ta’kidlana boshlangan Rossiyaning iqtisodiy tanazzul davriga kirib borishi to’g’risidagi bashoratlari fonida Rossiya siyosiy doirasida kelajakka umid uyg’ota boshladi. Kremlparast OAVlari Yevropa Ittifoqi Moskva bilan iqtisodiy aloqalardan voz kechgudek bo’lsa, Xitoy borligi, endilikda Rossiya o’z e’tiborini Osiyo bozoriga qaratajagi va xech qachon iqtisodiy tanazzulga yuz tutmasligi haqida bong ura boshlashdi. Biroq “asr shartnomasi” deya sifatlangan yuqoridagi kelishuv kelajagiga boshidanoq ishonch kam edi.
Xitoyliklar Yaqin Sharq, Afrika va O’rta Osiyo tabiiy zahiralariga yo’l topishdan oldin Sibir gaziga boshidanoq qiziqish bildirishgan. Sibirdan Xitoyning g’arbiy provinsiyalariga quvur tortish g’oyasi 90-yillardayoq Xitoy biznesmenlari tomonidan bildira boshlangan. Biroq o’sha davrda Rossiyada yuz berayotgan og’ir siyosiy-iqtisodiy holat bu g’oyani amalga oshirishga imkon bermadi. Putin hokimiyatga kelishi bilan iqtisodiy hayotni tabiiy homashyo, ayniqsa, uglevodorod zahiralarini sotish hisobiga tiklash siyosatini amalga oshira boshladi. Qisqa vaqt ichida Yevropa davlatlari bilan gaz eksporti bo’yicha qator shartnomalar imzolandi. Natijada Rossiya yillik milliy daromadining qariyb 70 foizi uglevodorod eksporti hisobiga qoplana boshlandi.
2000-yillar boshidagi AQShning Yaqin Sharqdagi siyosati, regiondagi tabiiy zahiralarga yetib borish uchun Xitoy oldida katta risklarni paydo qilardi. Shu sababli rasmiy Pekin yana Rossiya gazi importi haqida rejalar ishlab chiqa boshladi. 2001-yilda 2014-yildagiga o’xshash katta ko’lamdagi gaz shartnomasi deyarli imzolanish arafasiga kelganda Yukos rahbari Mixail Xodorkovskiy Putin buyrug’i bilan hibsga olindi. Oqibatda shartnoma imzolanmasdan qolib ketdi. Putinning oligarxlarga qarshi urushi Xitoy rahbariyatida Kremlning ichki siyosati barqarorligiga nisbatan ishonchsizlik uyg’otdi. Iqtisodiy aloqalarning siyosiylashishi xitoyliklar falsafasiga mos kelmas edi.
Navbatdagi o’xshash shartnoma tashabbusi 2006-yildagi Rossiya-Ukraina gaz mojarosi vaqtida yuzaga keldi. Ushbu mojaro ortidan qator Yevropa davlatlari Rossiya bilan gaz importi shartnomalarini o’z foydalariga mos ravishda qayta ko’rib chiqishni talab qila boshlashdi. Bu talablarga o’ziga xos ravishda javob berish maqsadida Putin Xitoyga gaz eksporti taklifi bilan tashrif buyurdi. Taklifga ko’ra, yiliga 30 mlrd kub metr va 38 mlrd kub metr gaz uzata oladigan ikki quvur ishga tushirilishi lozim edi. Rus gaziga qaram yevropaliklar ushbu shartnoma amalga oshishidan xavotirlanib, talablaridan voz kechishdi va shartnomalar Kreml istagandek qaytadan ko’rib chiqildi. Maqsadiga erishgan Putin Xitoy bilan imzolanishi lozim bo’lgan shartnomani kun tartibidan chiqarib tashladi. Bu rasmiy Pekinning navbatdagi ishonchsizligiga sabab bo’ldi. Rossiyaning o’zgaruvchan siyosiy doiralari bilan aloqa qilishdan naf yo’qligini anglab yetgan xitoyliklar Markaziy Osiyo, asosan, Turkman gaziga e’tibor qarata boshladilar. Turkman gazi Xitoy uchun jahon bozoridan har kub metri uchun deyarli 100 dollarga arzon tushdi.
Qrim anneksiyasi tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo’yilishidan so’ng Putin Yevropaga ogohlantiruv xabari jo’natish maqsadida oldingi taktikasini yana bir bor qo’llashga qaror qildi. 30 yilga mo’ljallangan 400 mlrd.lik shartnoma qanchalik umidbaxsh eshitilmasin, mavjud vaziyatdagi ustunlikni qo’lga olish uchungina amalga oshirilgan edi. Bu shartnoma rus matbuotidagina "asr kelishuvi" deb baholandi. Pragmatik xitoyliklar faqat uzoq muddatli manfaatlarni ko’zlab Putin taklifiga rozi bo’lishdi. Ularning eng asosiysi, albatta, Xitoyning kelajakdagi energetik xavfsizligini ta’minlashdan iborat edi. Bundan tashqari, Pekin Janubiy Xitoy dengizi, umuman olganda, Janubiy-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy mojarolarga AQSh va Yevropa Ittifoqi aralashuvini cheklash, ularni imkon qadar Ukraina muammosida band qilib turishni istagan edi.
Texnik, texnologik va moliyaviy aspektlarni hisobga olganda ham, bu loyihaning amalga oshishi anchayin mushkul. GazProm "Sibir Kuchi" (Sila Siberii) nomli asosiy quvur qurilishini o’z bo’yniga olgan. Ma’lumotlarga ko’ra, quvur qurilishi 55 mlrd AQSh dollariga tushadi. Rossiyaning hozirgi iqtisodiy holati bunday ko’lamdagi loyihani amalga oshirishga imkon bermaydi. Xitoyliklar ‘Sila Siberii’ni o’z hisobiga qurib berish taklifi bilan chiqqan, lekin quvur nazorati ular qo’liga o’tib ketishini istamagan Kreml qurilish ishlarini GazPromga topshirgan.
Bundan tashqari gaz narxi bo’yicha ham ikki o’rtada kelishmovchiliklar mavjud. Tomonlar narxlar bo’yicha ma’lumotlarni oshkor qilishmagan bo’lsada, o’sha vaqtdagi hisob-kitoblarga qaraganda 30 yilga mo’ljallangan 400 mlrd.lik loyihada har bir kubometr gaz Xitoy uchun 385 dollarga tushadi. Bu Turkman gazidan deyarli 200 dollarga qimmat. Ya’ni Rossiya Xitoyga Yevropa Ittifoqiga eksport qilinayotgan narxda gaz sotishni istagan. Hozirda jahondagi uglevodorod narxlari keskin tushib ketgan vaqtda shartnomaning narxlar bo’yicha bandi o’zgarishga uchragan-uchramaganligi borasida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Quvurlar o’tishi ko’zda tutilgan hududlar tabiiy landshafti ham loyiha kelajagini yanada savol ostiga qo’yadi.
Ba’zi ekspertlarning fikricha, Xitoy Rossiydagi iqtisodiy tanazzul davom etishidan manfaatdor. Agar holat shu tarzda davom etsa, yaqin o’n yil ichida Xitoy shartnomadagi narxlarni o’zi istaganicha o’zgartirishi mumkin. Rossiyaning Xitoy talablariga ko’nishdan boshqa imkoni qolmaydi. Xitoy aynan shu sabab tufayli shartnomani bekor qilishga shoshilmaydi, ya’ni xitoyliklar o’z energetik kelajagini rus gazi hisobiga sug’urta qilib qo’yishdi.
Boshqa tomondan Xitoy bilan gaz shartnomasi to’liq amalga ko’chgan taqdirdayam Rossiyaning iqtisodiy holati katta o’zgarishga uchramaydi. Sababi Yevropa Ittifoqi bilan Ukraina Mojarosi boshlangunga qadar amalda bo’lgan shartnomalar bo’yicha Rossiya yiliga 150 mlrd kub metr tabiiy gaz eksport qilib kelgan. Agar 2014-yil mayi shartnomasidagi loyihalar to’liq ishlay boshlasa, Rossiya ko’pi bilan 76 mlrd kub metr gaz eksport qilishi mumkin. Hozirgi kunda Rossiya Xitoyga yiliga 1 mlrd kub metrdan sal ko’proq gaz eksport qiladi, xolos. Ko’rinib turgandek, Yevropa bozori hanuz Rossiya uchun yagona najot bo’lib qolmoqda.
Turkiya
Rossiya OAVlarida ma’lum vaqt ovoza qilingan navbatdagi davlat Turkiya bo’ldi. Bolgariya Yevropaga Rossiya gazini uzatishi ko’zlangan "Janubiy Oqim" quvurlar tizimini o’z hudidan o’tishini rad qilgandan so’ng, Putin zudlik bilan chora ko’rishga kirishdi. 2014-yil dekabridagi Putinning Turkiyaga tashrifi rus mediasi tomonidan Yevropa sanksiyalariga zarba sifatida ko’rila boshlandi. Kelishuvga ko’ra, Rossiya gazi, endilikda, Turkiyaga uzatilar, ehtiyojmand Yevropa davlatlari Rossiya gazini Anqara vositachiligida olishga majbur bo’lar edi. Bu Kremlning tashqi siyosatdagi navbatdagi g’alabasi sifatida olqishlana boshlandi. Biroq Turkiya bilan ittifoqchilik bir yilga ham bormadi. Rossiyaning 2015-yil sentyabr oyii oxirida Suriyada prezident Assadni qo’llab-quvvatlash maqsadida harbiy harakatlar boshlashi Anqaraning g’azabiga sabab bo’ldi. Oktyabr oyidagi Rossiya qiruvchi samolyotining Turkiya tomonidan urib tushirilishi esa ikki o’rtadagi munosabatlarni deyarli falajlantirib qo’ydi.
Eron
Suriya intervensiyasi boshlangandan so’ng Rossiya Eron bilan yaqinlasha boshladi. Rus ommaviy axborot vositalari bu ikki davlatni Yaqin Sharq inqiroziga yechim topa oladigan yagona kuchlar sifatida baholay boshladilar. Lekin joriy yil boshidagi Eronga qo’yilgan sanksiyalarning olib tashlanishi Rossiyani xalqaro maydonda yanada yolg’izlatib qo’ydi. Sanksiyalardan uzoq vaqt aziyat chekkan rasmiy Tehron mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolish maqsadida bundan buyon Rossiya bilan emas, balki G’arb bilan yaqinlashishi tabiiy. Sababi sanksiyalar Eronda qiyin iqtisodiy vaziyatni yuzaga keltirib, ijtimoiy barqarorlik izdan chiqishi mumkin bo’lgan darajaga kelib qolgan edi. Shu omil sababli Eronning Rossiya emas, G’arb davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirishi pragmatik qadamdir.
Geografik jihatdan uzoqda joylashgan va geopolitik manfaatlar kam bo’lsada, Kreml propagandasi uchun g’oyaviy ozuqa bera oladigan, hamda Rossiyadagi optimizmni tutib turishi mumkin bo’lgan Lotin Amerikasi davlatlarida ham hozirda vaziyat anchayin o’zgargan. Braziliya, Argentina, Venesuela kabi Rossiyaning g’oyaviy ittifoqdoshlarida rasmiy hukumatga nisbatan ishonch susaygan, muholifat faollashgan. Kubaning 2015-yilda AQSh bilan diplomatik aloqalarni qaytadan o’rnatishi Rossiya ittifoqdoshlari sonini yana bittaga kamaytirdi.
Xattoki, Rossiya bosh bo’lgan Yevroosiyo Ittifoqida ham asta-sekin parokandalik yuzaga kelmoqda. Belorussiya Rossiya moddiy yordamiga qaram, Qozog’iston Kreml propagandasi natijasida o’zidagi rus aholi qatlami bosh ko’tarishidan cho’chiydi, Qirg’iziston navbatdagi davlat to’ntarishi yuz berishidan xavotirlangan holda Moskva bilan aloqa qiladi, Tojikiston esa, jangari radikal guruhlar xujumidan rus qo’shinlari yordamida jon saqlashga urinadi. Ittifoq ichidagi bunday ishonchsizlik a’zo davlatlarning kelajakdagi aloqalarini savol ostiga qo’yadi.
BRIKS doirasida Rossiyaning eng yaqin hamkorlaridan biri Hindiston hisoblanadi. Sobiq bosh vazir Manmohan Singh o’z vaqtida Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni qoralab chiqqan edi. Ikki davlat o’rtasidagi asosiy hamkorlik qurol-yarog’ oldi-sotdisidan iborat. So’nggi ikki yil davomida davlat rahbarlari tashriflar almashgani, turli shartnomalar imzolagani bilan aloqalar uzoq muddatli ittifoqchilik darajasiga chiqib keta olmadi. Hindiston mintaqada o’zining asosiy raqibi hisoblaydigan Xitoy bilan rasmiy Moskvaning munosabatlari bunga yo’l qo’ymaydi. Bundan tashqari hindlar nafaqat regional qudrat, balki global davlatga aylanishga va BMT Xavfsizlik Kengashidan joy olishga da’vo qilmoqdalar. Bunday siyosiy ambitsiyalar Rossiya bilan kelajakdagi aloqalarga putur yetkazishi mumkin.
Ko’rinib turganidek, Kremlning hozirgi vaqtdagi tashqi siyosat konsepsiyasi vaziyatga qarab ish tutishga qaratilgan. Aniqroq qilib aytganda, ayni vaqtda Putin Rossiyasi uchun uzoq muddatli, pragmatik tashqi siyosatdan ko’ra jon saqlab qolish birinchi masala bo’lib qolmoqda. Mamlakatda og’irlashib borayotgan iqtisodiy-ijtimoiy inqiroz davrida Rossiya OAVlari endilikda xalqda hukumatga nisbatan ishonchni orttirish, Rossiya xalqaro maydonda hali ham o’z o’rniga ega ekanligi borasida tasavvur uyg’otish uchun qaysi davlat yoki davlatlar bilan aloqalar kuchayayotgani, rasmiy Moskvani hali ham tan olinayotgani to’g’risida qanday propaganda qilishini oldindan aytish mushkul.
Shunday qilib, Rossiyaning navbatdagi “do’sti” kim? Geopolitik omillar va mavjud siyosiy-iqtisodiy vaziyatni tahlil qilib aytish mumkinki, bu – Turkiya. Albatta, qiruvchi samolyot voqeasidan va ikki davlat rahbarlarining tajovuzkorona bayonotlaridan so’ng bunga ishonish mushkul. Lekin har ikki davlatning ichki va tashqi holati sinchiklab o’rganilsa, ularning kelajakda o’zaro aloqa qilishlaridan boshqa iloji yo’q ekanligini anglash mumkin. Faqat bu aloqa 2014-yil dekabridek shov-shuvli bo’lmaydi, xatto matbuot yuzini ham ko’rmasligi mumkin.
Turkiya davlat tizimi parlamentar respublikadan prezident respublikasiga o’tishi, qudratdagi hukumatning tobora avtoritar tus olib, islomo-millatchi siyosatni kuchaytirishi Anqara va Brussel aloqalarini yanada sovuqlashtirib yubordi. Turkiya hukumatining Yevropa Ittifoqiga qo’shilishi uchun uzoq yillik harakatlari besamar ketganidan hafsalasi pir bo’lib, islomo-millatchi kayfiyatdagi aktlarni avj oldirmoqdalar.
Bundan tashqari Turkiya iqtisodiyotiga janubda Suriya inqirozi, shimolda Ukraina inqirozi davom etayotganligi jiddiy ta’sir qilmoqda. Yevropa Ittifoqi va Kavkazorti mamlakatlari bilan yuzaga kelgan siyosiy tanglik Turkiyani Rossiya kabi izolyatsiya holatiga tushirib qo’ymoqda.
O’z navbatida, Kreml qanchalik tan olmaslikka harakat qilmasin, Rossiya uchun Yevropadagi uglevodorod bozorisiz qolishi, mavjud hukumatning tanazzulga yuz tutishidan dalolat beradi. Hozirda Yevropaga gaz quvurlarini o’tkazish uchun yagona yo’l Turkiya orqali qolmoqda. Turkiya rus gazini o’z sanoati ehtiyoji uchun ishlatish va Yevropa-Rossiya gaz shartnomalarida dallol vazifasini bajarishdan anchayin manfaatdordir.
Yevropada ham vaziyat silliq ketayotgani yo’q. Rus gazi o’rniga taklif qilinayotgan slanets gazi, O’rta Yer dengizi orqali olib kelinadigan Yaqin Sharq gazi va alternativ energiya manbalari kabi loyihalarni amalga oshirish oson kechmaydi. Yevropa muqobil energiya manbalariga ega bo’lgunga qadar Rossiya gaziga qaramligicha qolaveradi. Shu sababli Rossiya uchun Yevropa bozori hali to'liq yopilganicha yo'q.
Rossiya-Turkiya aloqalari nafaqat energetika sohasida, balki qishloq xo’jaligi, turizm, ishlab chiqarish kabi muhim bo’g’inlarda ham chambarchas bog’lanib ketgan. Xulosa qilib aytganda, Rossiya-Turkiya munosabatlari o’zining navbatdagi bosqichiga ko’tarilish arafasida. Lekin yana bir bor ta’kidlash kerakki, bu o’zgarishlarni matbuotda e’lon qilinishi dargumon.