12-fevral kuni Turkmanistonda navbatdagi prezidentlik saylovi bo’lib o’tib, amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhammedov uchinchi muddatga saylanishi kutilmoqda. Markaziy Osiyoning qolgan davlatlaridan farqli o’laroq, Turkmanistonda so’nggi chorak asr davomida barqarorlik hukm surmoqda. Ushbu mamlakatda Qirg’izistondagi kabi inqiloblar, Tojikistondagi kabi fuqarolik urushi yoki Qozog’iston va O’zbekistondagi singari islomiy guruhlar harakatlari shu paytdagacha kuzatilmagan. Hukumat nazorati ostidagi “Altyn Asyr” va “Miras” kabi yirik telekanallar ertadan kechga qadar “ulug’ yo’lboshchi - Arkadag” (G. Berdimuhammedov) rahbarligida amalga oshirilayotgan “buyuk islohotlar” va turkman xalqining baxtli hayotini namoyish qilishdan charchamaydi. Biroq o’zining ikki muddati davomida mamlakatni deyarli qiyinchiliklar va qarshiliklarsiz boshqara olgan Berdimuhammedov uchinchi muddatda abadiy betaraflik hamda barqarorlikni saqlay olmasligi mumkin.
Geografik jihatdan, asosan, cho’l zonalaridan iborat Turkmaniston tabiiy gaz zahiralariga boy. Aynan shu tabiiy boylik marhum Saparmurod Niyozov va Gurbanguli Berdimuhammedov rejimlari mavjudligining kafolatchisi bo’lib keldi, bo’lib kelmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, Turkmanistonning umumiy tabiiy gaz zahirasi 32 trillion kub metrga teng. Bu jahondagi oltinchi yirik zahira demakdir. Qazib olinadigan gazning asosiy qismi eksportga jo’natiladi. Birgina 2014-yilning o’zida 69,3 mlrd kub metr gaz qazib olinib, shundan 41,6 mlrd kub metri chetga sotilgan. Ammo 2015-yilga kelib jahon energetika bozoridagi vaziyat Turkmanistonga ham jiddiy zarba berdi. Shu yili 72,4 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo’lsada, undan 38,1 mlrd kub metrigina eksport qilindi. Garchi rasmiy ma’lumotlar sir saqlansada, tabiiy gaz narxining tushib ketishi va ayni damda eksportning kamayishi Berdimuhammedov rejimi g’aznasini oldingi yillardagidek to’ldirmagani turgan gap.
2010-yilga qadar Rossiya turkman gazining asosiy xaridori hisoblanar edi. Ashxobot eksport qiladigan gazning 90 foizini Rossiya sotib olar, qolgan 10 foizi esa Eronga yuborilar edi. Rossiya turkman gazini sotib olib, uni qaytadan Yevropaga sotar edi. 2009-yil aprel oyida Rossiyaga gaz o’tkazuvchi quvurda yuz bergan portlash ortidan ikki davlat o’rtasidagi aloqalar yomonlasha boshladi. Portlash Rossiya gaz importi miqdorini qisqartirganligi va bu haqida Turkmaniston hukumatini vaqtida ogohlantirmagani, oqibatda Turkmanistonga tegishli gaz haydovchi nasoslar odatiy tartibda ishlab, quvurlarda katta miqdorda gaz to’planishi sababli yuz bergan edi. Rasmiy Moskva o’sha davrda yuz berayotgan moliyaviy inqiroz va nisbatan iliq kelgan qish tufayli gazga bo’lgan talabning tushib ketishi ortidan importga cheklovlar kiritishga majbur bo’lganini ma’lum qildi. Rasmiy Ashxobot esa Moskvani atayin ushbu qarordan ogohlantirlmaganlikda aybladi. Insidentni o’rganib chiqqan qator ekspertlar, Moskva gaz shartnomasida Turkmanistonga bosim o’tkazishga uringanligi borasida fikr yuritdilar. 2008-yilda Rossiyaga sotilgan gaz 50 mlrd kub metr atrofidani tashkil qilgan bo’lsa, ushbu raqam 2015-yilga kelib 3 mlrddan ham kamayib ketdi. Pirovardida, ikki tomonning aloqalari sovuqlasha borib, Turkmaniston o’z gazi uchun yangi bozor qidirishga majbur bo’ldi.
Endilikda Turkmaniston uchta tanlov qarshisida qoldi: Nabucco loyihasi orqali Yevropa bozoriga chiqish, Eronga gaz eksport qilishni ko’paytirish va Xitoy bilan 2009-yilda imzolangan shartnomani yangilash. Nabucco loyihasi hali qog’ozda bo’lib, uni amalga joriy qilinishi uzoq vaqtni olar, Berdimuhammedov rejimi uchun zudlik bilan pul zarur edi. Ikkinchi yo’l Eronga tabiiy gaz eksporti hajmini oshirish bo’lib, buning uchun mavjud quvurlar kichiklik qilar va yangi quvurlar tizimini qurish talab qilinardi. Biroq rasmiy Tehron turkman gazini katta miqdorda sotib olishga unchalik qiziqish bildirmadi. Katta miqdorda gaz sotib olish qobiliyatiga ega yagona xaridor Xitoy bo’lib qoldi. Rasmiy Pekin 2009-yilda imzolangan ikki tomonlama shartnomaga ko’ra yiliga 5 mlrd kub metr tabiiy gaz sotib olishi va Berdimuhammedov rejimiga ikkinchi quvur qurib bitkazilguncha 5 mlrd AQSh dollari miqdorida to’g’ridan-to’g’ri ko’mak ko’rsatishi zarur edi. Shartnomadagi birinchi band bajarilgan bir paytda va’da qilingan yordam hanuz kechikmoqda edi. Oqibatda rasmiy Ashxobod yana Rossiya bilan aloqalarini tiklashga harakat qila boshladi. 2010-yilning boshida gaz eksporti bo’yicha yangi bitim imzolandi. Biroq bu bitimda ko’rsatilgan gaz miqdori Turkmaniston shu vaqtga qadar Rossiyaga sotib kelgan miqdorning juda qismini tashkil qilardi. Eron va Xitoyga eksport qilinayotgan gaz bir yil oldin Rossiyaga sotilgan gazning yarmini ham tashkil qilmas edi.
2010-yillar boshida Xitoy Markaziy Osiyoda Rossiya bilan manfaatlar to’qnashuviga duch kelmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qila boshladi. Bundan tashqari xitoyliklar dunyoning har bir chetiga shu qadar ko’p investitsiya yotqizib tashlagan ediki, endilikda ularning ichidan eng istiqbollilarini tanlab olish lozim edi. 2010-yilning aprel oyida Berdimuhammedovning Shanghai World Expo’da ishtirok etish uchun Xitoyga tashrifi rejimning iqtisodiy kelajagi uchun muhim qadam bo’ldi. Bo’lib o’tgan muzokaralar davomida ikki davlat rahbarlari tabiiy gaz eksporti bo’yicha qator kelishuvlarga erishdilar. Imzolangan bitimlarga ko’ra amaldagi 5 mlrd kub metr miqdor 2012-yilga borib 40 mlrd kub metrga oshirilishi belgilab qo’yildi. Bu Berdimuhammedov rejimining barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etar edi. Shu tariqa Xitoy Rossiya o’rnini egallab oldi.
40 mlrd kub metr gaz eksport qilish bitimi to’liq amalga oshmagan bo’lsada, real miqdor 30 mlrd kub metr atrofini tashkil qildi. Bu miqdor hanuz Berdimuhammedov rejimining saqlanib qolishi uchun yetarli edi. Ammo 2015-yilga kelib jahon energetika bozorida uglevodorod mahsulotlarining narxi keskin tushib ketishi Turkmaniston iqtisodiyotiga ham jiddiy ta’sir ko’rsata boshladi. 2016-yilning noyabr oyida GazProm turkman gazini import qilish butunlay to’xtatilgani haqida bayonot berdi. 2017-yilning 1-yanvaridan Turkmaniston oldingi yillar uchun katta miqdorda qarzdorligi mavjudligini ro’kach qilib, Eronga tabiiy gaz sotish operatsiyalarini bekor qildi. Ma’lumotlarga ko’ra, 2016-yilning 10 oyi davomida rasmiy Pekin jahon bozorida vaziyatni hisobga olgan holda, turkman gaziga bo’lgan narxlarni pasaytirib bordi. Oqibatda ming kub metr gazga to’lanib kelingan o'rtacha to'lov miqdori 160 AQSh dollaridan 100 AQSh dollariga qadar tushib ketdi. Turkman hukumati barcha statistik ma’lumotlarni sir saqlab yoki ular haqida aniq ma’lumot bermay kelsada, bunday vaziyatda mamlakatdagi iqtisodiy barqarorlik tobora izdan chiqib borayotganligini anglash qiyin emas.
Turkman gazini sotib olishda monopol bo’lib olgan Xitoy oldi-stdi shartnomalarida Berdimuhammedov rejimi oldiga o’zi istagancha shartlar qo’yib kelayotgan bir paytda rasmiy Ashxobot yana bir yangi bozorga olib chiquvchi loyiha – TAPI (Turkmaniston-Afg’oniston-Pokiston-Hindiston)ga umid bog’lamoqda. Biroq TAPI jahondagi neft-gaz quvurlari loyihalari ichida eng murakkablaridan biri hisoblanadi. Taklif qilinganidan 15 yil o’tib – 2015-yilning dekabr oyida Turkmanistonda bo’lib o’tgan tantanali ochilish marosimi chog’ida qaytadan jonlantirilganiga qaramay Galkynysh tabiiy gaz konidan boshlanuvchi loyihaning kelajagi borasida aksariyat tahlilchilar pessimistik qarash bildirmoqda. 2015-yilda imzolangan yangi bitimga ko’ra loyiha bo’yicha qurilishlar 2022-yilga borib tugallanishi lozim. Shuningdek, Osiyo Taraqqiyot Banki va Islom Taraqqiyot Banki birgalikda loyihaning umumiy 10 mlrd AQSh dollarilik xarajatining 1,5 mlrd AQSh dollari qismini moliyalash istagini bildirgan. Lekin loyiha kelajagi faqat moliyaviy jihatga bog’liq emas. Loyihaning Afg’oniston qismi janubiy Hindikush tog’lari, ya’ni Tolibon nazorati ostidagi Helmand va Qandahor provinsiyalaridan o’tadi. Garchi 2016-yilning noyabr oyida Tolibon quvurlar o’z hududidan o’tishiga qarshi emasligi va, hattoki, ma’lum manfaatlar evaziga quvurlarni muhofaza qilishga ham tayyorligi borasida bayonot bergan bo’lsada, Afg’on Milliy Armiyasi va Tolibon o’rtasida davom etayotgan to’qnashuvlar loyihaning Afg’oniston qismi hali uzoq vaqt savol ostida qolishidan darak beradi. Tolibon loyiha qo’riqchisi bo’lish istagini bildirgan bo’lsada, tashkilotning yaqin tarixidagi amaliyotlari ushbu istak barqaror bo’lmasligi mumkinlini bildiradi. Tolibon sabotajlar orqali ta’sir o’tkazishi bilan ma’lum. Masalan, 1999-yilda Tolibon Helmand daryosini bo’gib qo’yishi ortidan Eronning Hamun ko’li havzasida katta inqiroz kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Bundan tashqari 2016-yilning boshida tashkilot O’zbekistondan keluvchi elektr tizimiga xujum qilib, Qobulda elektr energiyasi inqirozini ham keltirib chiqargan edi. Shuningdek, afg’on hukumatining o’zi ham korrupsiyaga botgan bo’lib, TAPIning Afg’oniston qismi uchun ajratilgan mablag’ loyiha doirasidagi qurilishlar uchun yetib bormaslik xavfi ham mavjud. Tahlilchilar fikriga ko’ra, aynan Afg’oniston hukumatida chuqur ildiz otgan korrupsiya Afg’on Milliy Armiyasi uchun ko’rsatilgan xalqaro yordam ko’zlangan manzillarga yetib bormasligi sabab bo’lgan. Xulosa qilib aytganda, Turkmaniston uchun najot yo’llaridan biri bo’lmish TAPI loyihasi Afg’onistondan nari o’ta olmasligi mumkin.
TAPI loyihasi
TAPIning to’liq amaliyotga joriy etilishi faqatgina Afg’oniston qismidagi muammolarning hal etilishi bilan amalga oshib qolmaydi. Loyihadagi qolgan ikki davlat – Pokiston va Hindiston o’rtasida jiddiy qarama-qarshilik mavjud. Kashmir muammosi hal etilmas ekan, ikki tomon TAPIdek transmilliy loyihalar yuzasidan bir yoqadan bosh chiqarishi amri mahol. 2022-yilga kelib loyiha to’liq amalga oshirilgan taqdirda ham Afg’oniston, Pokiston va Hindiston bir-birini shantaj qilish uchun tabiiy gazdan instrument sifatida foydalanish ehtimoli mavjud.
Turkmaniston uchun yana bir alternativ yo’l – Nabucco yoki Trans-Kaspiy gaz loyihasi ham kelajagi mavhum tashabbuslardan biridir. Loyihaga ko’ra, Turkmaniston Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga, undan so’ng Yevropaga gaz yetkazib berishi ko’zda tutiladi. Lekin Kaspiy havzasi Kaspiybo’yi davlatlari o’rtasida bahsli hudud hisoblanadi. Boshqa davlatlar bilan kelishmasdan va ularning manfaatlarini hisobga olmasdan turib, Turkmaniston Yevropaga o’z ixtiyori bilan gaz sota olmaydi. Shu tariqa Berdimuhammedov rejimi uchun hozirda yagona bozor Xitoy bo’lib qolmoqda. O’z navbatida esa, rasmiy Pekin gaz importini oshirish istagini bildirmayapti. Qaytanga turkman gazi uchun to’lov miqdorini pasaytirishga urinmoqda.
Trans-Kaspiy gaz quvuri loyihasi. Nabucco loyihasining bir qismi
Turkmaniston televideniesi 2016-yil uchun 6,2 foiz yillik iqdisodiy o’sish haqida ma’lum qildi. Aksariyat rivojlangan davlatlar uchun ham yuqori bo’lgan mazkur rasmiy bayonot fonida Turkmanistonda iqtisodiy-ijtimoiy beqarorlik yuzaga kelayotgani haqidagi qo’shimcha xabarlar ko’payib bormoqda. Albatta, hukumat xavfsizlik xizmatlari kuchli nazorat o’rnatgan va o’ta yopiq mamlakat haqidagi bunday xabarlar qanchalik asosli ekanligini tekshirish mushkul masala. Lekin mamlakat tashqi uglevodorod savdosida yuzaga kelgan bunday qiyinchiliklar ichki barqarorlikka ham dahl solayotganligini anglash qiyin emas. Faqatgina uglevodorod sotish orqali aholi ehtiyojlarini ta’minlab kelib, o’ziga xos arabcha sotsializm yaratgan turkman rejimi mavjud holat saqlanib qolgudek bo’lsa, uzoq yillik mo’rt barqarorlikdan mahrum bo’lib, qator beqarorliklarga duch kelish ehtimoli anchayin yuqori.