Ma`lumki, 12-fevral kuni oldin tahmin qilganimizdek Shimoliy Koreya yadro sinovini amalga oshirdi. Bu xisob bo`yicha uchinchi sinov bo`lib, oldingi sinovlar Pxenyan uchun ancha qimmatga tushgan edi. Oldingi ikki sinovdan so`ng jahon hamjamiyati Shimoliy Koreyani qattiq tanqid qilgan, G`arb va BMT tomonidan og`ir sanksiyalar kiritilgandi. Xo`sh, bu sinovdan keyingi vaziyat qanday bo`ladi endi? Shimoliy Koreyaga bosimlar ortadimi yoki Pxenyan o`zining ochlikdan farzandlarini yeyishga majbur bo`layotgan aholisini ro`kach qilib yana bir bor jahon hamjamiyatining ko`nglini “eritish”ning uddasidan chiqadimi? Keling, quyida shularni birgalikda tahlil qilishga harakat qilib ko`ramiz.

15 Fev2013
Pxenyan navbatdagi yadro sinovini amalga oshirdi
Yadro sinoviga qarshi ilk shaxdam qadam janubliklar tomonidan amalga oshirildi. Kuni kecha Janubiy Koreya Shimoliy Koreya bilan dengizdagi chegaraga bu mamlakatning istalgan nuqtasiga raketalar vositasida zarba bera oluvchi jangavor kemalarni o`rnatib chiqdi, deya xabar berdi Janubiy Koreya Mudofaa Vaziri Kim Min Sok.
Vazirga ko`ra, Janubiy Koreya, shuningdek, 800 km uzoqlikka ucha oluvchi ballistik raketalar ustidagi ishlarni tezlashtiradi va raketalardan milliy mudofaa tizimini ishlab chiqadi.
Bu bayonot 12-fevral kuni Shimoliy Koreya tomonidan o`tkazilgan yerosti yadro quroli sinovi ortidan yangramoqda va bu sinov bir qancha davlatlar, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining kuchli e`tiroziga sabab bo`ldi.
Janubiy Koreyaning yuqoridagi qaroriga munosabat bildirgan Rossiya Tashqi Ishlar Vaziri Sergey Lavrov: “Shimoliy Koreyaning yadro sinovi ushbu mamlakatga nisbatan urush ochishda vaj qilib olinmasligi kerak va Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirish borasidagi 6 tomonlama muzokaralar davom ettirilishi lozim,” deb aytgan.
Mudofaa Vazirligining vakili Seulda o`tkazilgan brifingda Janubiy Koreya tez orada Shimoliy Koreya raketalarini aniqlovchi va yo`q qiluvchi tizimni ishlab chiqishi haqida ma`lum qilgan.
12-fevral kuni chaqirilgan BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig`inida Shimoliy Koreyaning bu amali qattiq qoralandi va Pxenyanga qarshi jiddiy harakat olishga da`vat qilindi.
“Xavfsizlik Kengashi a`zolari Kengash rezolutsiyalarini keskin buzgan ushbu yadro sinovini qattiq qoralashdi,” deb aytdi Janubiy Koreya Tashqi Ishlar Vaziri Kim Sung Hvon.
AQSHning BMTdagi elchisi Syuzan Raysga ko`ra, Vashington va uning ittifoqchilari 2006-2009-yildagi yadro sinovlari tufayli Shimoliy Koreyaga qarshi allaqachon kuchga kiritilgan sanksiyalarni yanada kuchaytirishga qaror qilishgan.
Shuningdek, Syuzan Raysning fikricha, Pxenyan o`zining yadro sinovi ortidan izolatsiya va yanada ko`proq bosimlar bilan yuzlashadi.
“Shimoliy Koreya AQSH uchun katta xatar va Vashington zudlik bilan unga qarshi chora ko`rishi shart,” deya ogohlantirdi yadrovi sinovi ortidan Qo`shma Shtatlar Mudofaa Vaziri Leon Panetta.
Shimoliy Koreyaga qarshi og`ir zarbalardan biri uzoq vaqt uni tarafini olib kelayotgan Rossiya tomonidan amalga oshirildi. Rossiya prezidentining yordamchisi janob Ushakov Shimoliy Koreya yadro sinovi bo`yicha rasmiy Moskvaning talabini ma`lum qildi. Ushakovga ko`ra “Pxenyan zudlik bilan o`zining noqonuniy harakatlari va yadroviy dasturiga chek qo`yishi shart”. Janob Ushakov, shuningdek, shimolliklarni xalqaro yadroviy normalarga so`zsiz amal qilishga chaqirdi va rus razvedkasi Koreya yarimorolida bo`ladigan har bir yadro hamda raketa sinovini kuzatishini aytib, ogohlantirdi.
Bundan tashqari Shimoliy Koreyaning sobiq hammaslagi, asosiy hamkori va xalqaro maydondagi himoyachisi Xitoy ham bu sinovni qattiq qoraladi. Xitoyga ko`ra Pxenyanning bunday amallari toqat qilib bo`lmasdir va nafaqat Sharqiy Osiyo, balki butun dunyoning barqarorligiga katta xavf tug`diradi.
“Bu sinov faqatgina bizning birinchi reaksiyamiz edi,” deb aytgan rasmiy Pxenyanning o`z ismini oshkor qilmagan rasmiysi. Shimoliy Koreya Tashqi Ishlar Vazirligiga ko`ra, yadro sinovi AQSHning “dushmanona” harakatiga nisbatan o`zini-o`zi himoyalash amali bo`lgan va Vashington bunday harakatlarini yana davom ettirsa, yadro sinovlari haqiqatga ko`chadi.
Ko`rib turganimizdek, bu safar Pxenyan o`zi yolg`iz qoldi. Sinovlardan atigi ikki kun o`tdi, lekin tanqidlar, bosimlarning cheki ko`rinmaydi. Kim Jong Un hukumati bosimlarga dosh berolmay, taqdirga tan beradimi yoki o`zi tahdid qilganidek yadro urushini boshlaydimi? Bunisini endi faqat vaqt ko`rsatadi. Voqealar rivojini kuzatib boring va biz bilan birga bo`ling.
Yorliq so'zlar: To'qnashuvlar geopolitikasi, Mafkuralar geopolitikasi