Yaqin Sharq uch qit’a – Afrika, Osiyo va Yevropa kesishgan nuqtada joylashgan bo’lib, beshta dengiz – O’rtayer dengizi, Qizil dengiz, Qora dengiz, Kaspiy dengizi va Arabiston dengizi bilan o’rab olingan. Tarixan mazkur hudud Fors ko’rfazi, Ormuz qo’ltig’i va Suvaysh kanali orqali o’tuvchi muhim xalqaro savdo yo’llarining asosi bo’lib kelgan. Neft kabi ahamiyatli tabiiy zahiralari va geosiyosiy joylashuvi Yaqin Sharqning xalqaro maydonda o’ziga xos siyosiy hamda iqtisodiy maqomini shakllantirib, uning qudratli davlatlar raqobat maydoniga aylanishiga sabab bo’lib kelmoqda.
“Yaqin Sharq” geografik va geosiyosiy makoni tavsifi haqida aniq bir to’xtamga kelinmagan. “Yaqin Sharq” atamasining o’zi 1850 yillarda Britaniya Imperiyasining Hindistonga nisbatan siyosat yurituvchi idoralarida yuzaga kelgan. Atamaning keng qo’llanishga kirishi 1902 yilda e’lon qilingan amerikalik strateg dengizchi Alfred Tayer Mexenning “Fors ko’rfazi va xalqaro munosabatlar” maqolasi ortidan yuzaga kelgan. Ushbu maqolada Yaqin Sharq “Qora dengizning janubi, g’arbda O’rtayer dengizi va sharqda Hindiston oralig’idagi hudud” deya ta’riflangan. Hozirgi zamonaviy qo’llanishda esa, asosan, janubda Efiopiya, shimolda Turkiya, g’arbda Marokash va sharqda Afg’oniston hamda Pokistongacha bo’lgan hududga “Yaqin Sharq” deya nisbat berish ko’proq uchraydi. Mazkur maqolada Yaqin Sharq hududi sifatida ushbu zamonaviy qo’llanishdan foydalanishga qaror qilindi.
Katta Yaqin Sharq konsepsiyasi. Maqolada asosiy mintaqa va Mag'ribga urg'u berilgan
Murakkab etnik va diniy muhit, hududiy nizolar hamda boshqa muhim omillar tufayli Yaqin Sharq uzoq davrdan beri ixtiloflar makoniga aylanib qolmoqda, mavjud holatga mintaqadagi dominantlikka erishish maqsadida bo’lgan tashqi kuchlarning aralashuvi vaziyatni yanada chigallashib ketishiga sabab bo’lmoqda, mintaqada yuz berayotgan har qanday o’zgarish dunyoning turli burchaklariga o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Shu sabab Yaqin Sharq mavzusi hozirda xalqaro munosabatlarning eng birinchi darajasida bo’lgan siyosiy masalalardan biriga aylanib ulgurdi.
Sovuq Urushning oxiri va undan keyingi davrlarda Amerika Qo’shma Shtatlari Yaqin Sharqda o’zining harbiy faolligini keskin oshirdi. Ko’rfaz Urushi, Kosovo Urushi, Iroq va Afg’onistondagi urushlarda AQSh mintaqadagi siyosiy qarama-qarshiliklarni hal qilish uchun harbiy kuchni keng miqyosda qo’lladi. Biroq mazkur harbiy harakatlar ko’zlangan tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash o’rniga, Yaqin Sharq mintaqasida anti-amerikanizm ruhini avj olishi hamda yanada keskin terroristik-jangarilik kuchlarining o’sishiga olib keldi. 2001 yil 11 sentyabridagi terrorchilik harakatidan so’ng o’sha paytdagi AQSh prezidenti Jorj Bush katta miqdordagi moliyaviy xarajatlarga sabab bo’lishi ortidan qiyin iqtisodiy muammolarni keltirib chiqargan va mamlakatni Yaqin Sharq mintaqasida yanada keskin siyosiy inqirozlar bilan yuzlashtirgan “terrorga qarshi urush”ni boshladi, bu urush esa deyarli o’n yil davom etdi. Bundan tashqari 2008 yilda yuzaga kelgan global moliyaviy inqiroz AQShning iqtisodiy o’sishini turg’un holga tushib qolishi, yuqori darajali ishsizlik va salmoqli federal qarzlarga sabab bo’ldi.
Barak Huseyn Obama 2009 yilda Amerika Prezidenti sifatida qasamyod qilganda mamlakat va dunyodagi vaziyat keskinlashib ketgan edi. Iroq va Afg’onistondagi urush, xalqaro moliyaviy inqiroz, Osiyo-Tinch Okeani mintaqasidagi yangi qudrat markazlarini paydo bo’lishi AQShning jahondagi siyosiy ta’sirining keskin pasayib ketishiga olib kelgan edi. Barak Obama rahbarligidagi Amerikaning yangi hukumati oldida hal qilinishi mumkin bo’lgan o’ta og’ir muammolar bo’lib, ushbu muammolar o’ta aniqlik, pragmatizm va ongli strategik qadamlarni talab qilardi. Obama ma’muriyati bir qancha strategik o’zgarishlarni amalga oshirishga qaror qildi: ichki siyosatga ko’proq e’tibor berish, harbiy harakatlarni qisqartirgan holda iqtisodiy qudratni qaytadan tiklash, Yaqin Sharqdan nisbatan chetlanib, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida kuchlar muvozanati jarayonlariga imkon qadar ko’proq ta’sir o’tkazish shunday o’zgarishlar jumlasidan bo’ldi.
Avvaliga Yaqin Sharq mintaqasidagi AQSh faolligida cheklanish kuzatilgan bo’lsada, 2011 yilda boshlangan “Arab Bahori” vaziyatni tubdan o’zgartirdi. Endilikda Obama ma’muriyati mintaqaga nisbatan e’tiborni qayta kuchaytirishga, yuz berayotgan o’zgarishlarga ta’sir o’tkazishga, yangi kuchlar muvozanatini shakllantirishga, mintaqaviy barqarorlik va demokratik islohotlarni qo’llab-quvvatlashga majbur bo’ldi.
Boshqa tomondan Obama ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosati keng akademik e’tiborni o’ziga jalb qildi. Faoliyatining ilk davridanoq ko’p tahlilchilar, siyosatshunoslar va tadqiqotchilar yangi “Yaqin Sharq” siyosatini tahlil qilish, Obama ma’muriyati mintaqada duch kelishi mumkin bo’lgan vaziyatlar va qiyinchiliklarni muhokama qilish, tashqi siyosatning kelajagini bashorat qilish hamda yangi rahbar amal qilishi lozim bo’lgan ba’zi maslahatlarni berish bilan band bo’lishdi. Masalan, Dennis B.Ros va Jeyms F.Jefri o’zlarining “Obama va Yaqin Sharq: AQSh tashqi siyosatining strategik maqsadlari” nomli hisobotida Obama ma’muriyati mintaqada e’tibor qaratishi lozim bo’lgan asosiy masalalar haqida so’z yuritishadi. Nyu Sinchun o’zining “Amerikaning Yaqin Sharq siyosati: Ziddiyat va dilemma” va “Tanloviy intervensiya: Amerika Yaqin Sharq siyosatining o’zgarishi” nomli maqolalarida Obama ma’muriyati mintaqada duch kelgan qiyin vaziyatni tahlil qiladi hamda AQSh yaqin kelajakda tanloviy intervensiya siyosatini qo’llashini bashorat qiladi. Shahram Akbarzoda Obama ma’muriyati qo’llashni boshlagan yangi Yaqin Sharq siyosatining potensialini hisoblab chiqadi va o’zining “Amerika Katta Yaqin Sharqda: Obama ma’muriyatining siyosati” nomli kitobida yanada izchil tashqi konsepsiyasi ishlab chiqilishi lozimligini ta’kidlaydi. Lu Baolay “Obamaning Yaqin Sharqdagi yangi siyosati doimiyligi va o’zgaruvchanligi” nomli tezisida Amerikaning Isroilga nisbatan yon bosish siyosatining o’zgarmaganligi, natijada esa Yaqin Sharq islomiy dunyosi va AQSh o’rtasidagi fundamental ziddiyat yechimsiz qolayotganligi haqida o’z fikrlarini ifoda etadi.
Shuningdek, boshqa mualliflar Obama Yaqin Sharq siyosatining Eron yadroviy dasturi, Isroil-Falastin tinchlik kelishuvi jarayoni va ular o’rtasidagi harbiy harakatlar, Arab Bahori kabi jihatlariga urg’u berishgan. Misol uchun, Pyer Gurlen “Obama tashqi siyosati: Yaqin Sharq masalasi” maqolasida yangi ma’muriyat tashqi siyosatining evolutsiyasi, o’zgarishi va ta’sirlari haqida so’z yuritadi. Favaz Jerjes “Obama Doktrinasi”ni harbiy, siyosiy, diplomatik, iqtisodiy va madaniy nuqtayi-nazardan o’zining “Yaqin Sharqdagi ‘Obama Doktrinasi’ ” maqolasida o’rganib chiqadi. Trita Parsi “Shashqol o’yini: Obamaning Eron bilan diplomatiyasi” kitobida Obamaning ilk prezidentlik yillarida ikki mamlakat o’rtasidagi diplomatik aloqalarni tahlil qiladi va o’sha vaqt o’zaro ziddiyatlarni yumshatishga diplomatik imkoniyatlar mavjud bo’lganligi haqida mulohaza yuritadi.
Ushbu maqoladagi turli masalalarni ko’rib chiqish asnosida, asosan, ikki savolga javob izlanadi: birinchisi, Amerika Qo’shma Shtatlari katta miqdordagi moddiy boylik va insoniy resurslarni safarbar qilgan holda, nega Yaqin Sharqda o’z ta’sirini ushlab qolish va kuchaytirishga intiladi? Ikkinchisi, so’nggi davrda dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy o’zgarishlarning dinamikasini hisobga olgan holda, Barak Obama ma’muriyati shu vaqtgacha mavjud bo’lgan AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini butunlay boshqa strategiya bilan qayta shakllantirdimi yoki shunchaki yangi taktikalarni qo’shish yoda mavjudlarini o’zgartirish orqali eski tizimni saqlab qoldimi? Mavzularni tadqiq qilish, tilga olingan savollarga javob izlash orqali mazkur maqolada Barak Obama ma’muriyatining Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatidagi asl strategik maqsadlar va unga ta’sir o’tkazgan omillarni anglab olishga harakat qilinadi.
Obama ma’muriyatining Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini yorituvchi tadqiqotlarning aksariyati mavzu va masalalarni keng qamrab olmasdan, mikro tahlillar bilan cheklanishini ko’rish mumkin. Buni mintaqadagi vaziyat beqarorligi, voqealarning shiddat bilan o’zgarishi, bevosita va bilvosita ta’sirlarning aralashib ketganligi natijasida asl vaziyatni yetarlicha tasavvur qila olmaslik bilan izohlash mumkin. Shu sababli mazkur maqolada mikro tahlillarni umumlashtirish orqali Barak Obamaning prezidentlik davrida amalga oshirilgan Yaqin Sharq siyosatini imkon qadar chuqurroq tahlil qilish va ushbu siyosatga ta’sir o’tkazgan noan’anaviy omillar, masalan Amerika xalqi milliy o’zligidagi dinamikalarni ham o’rganish maqsad qilingan.
Zamonaviy Amerika Qo’shma Shtatlarining Yaqin Sharq siyosati alohida katta yo’nalish bo’lib, u umumiy tashqi siyosatning asl maqsadlari, vektorlari va manfaatlari ushbu yo’nalishda aks etadi. Shu sababli AQSh Yaqin Sharq siyosatini o’rganish, ushbu davlatning umumiy tashqi siyosati maqsadlarini anglab olishga zamin yaratadi. Mavzuda amalga oshirilgan tadqiqotlarning aksariyati AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini, asosan, siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan o’rganish bilan cheklanadi. Mazkur tadqiqot ishida ushbu uch omilga qo’shimcha ravishda, Amerika xalqining tashqi siyosat shakllanishiga o’tkazadigan ta’siri, Barak Obama birinchi ma’muriyati olib borgan Yaqin Sharq siyosatidagi nomuvofiqliklar, hukumatlar yuritgan tashqi siyosat o’rtasidagi o’xshashliklar va farqli jihatlar sinchiklab o’rganilgan.
Mazkur maqolaning birinchi qismi Barak Obama hokimiyat tepasiga kelishi arafasida rasmiy Vashingtonning umumiy tashqi va Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatidagi mavjud holatni izohlashdan boshlanadi. Shuningdek, yangi prezidentning o’zi uchun ma’qul tashqi siyosat tanlashi va ushbu strategiyani amalda qo’llashi bilan bog’liq holatlar yoritiladi. Ikkinchi qismda Barak Obamaning birinchi prezidentlik davri mobaynida olib borgan Yaqin Sharq siyosati, strategik va siysosiy o'zgarishlar ta'riflanadi. Aniqlik nuqtayi-nazaridan mazkur qism Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan kelgan har bir holatni emas, balki AQSh manfaatlari uchun eng yuroqi o’rinda turuvchi masalalarni o’z ichiga qamrab oladi. Uchinchi qism Barak Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini uch yo’nalish bo’yicha tahlil qilishga qaratilgan: mazkur siyosatning asosiy xususiyatlari va tub mohiyati, AQSh qo’llagan strategiyalarning asl maqsadlari va ushbu strategiyaning shakllanishi hamda qo’llanishiliga ta’sir o’tkazgan omillar.
Bushdan qolgan siyosiy meros
2009 yil 20 yanvarda Barak Obama Amerika Qo’shma Shtatlarining 44-prezidenti sifatida qasamyod qabul qilgan paytda, mamlakatning o’zida o’tkir iqtisodiy inqiroz, tashqi siyosatda esa keskin diplomatik vaziyat mavjud edi. Tashqi siyosiy faoliyat nuqtayi-nazaridan Jorj Bush hukumati navbatdagi prezidentga Yaqin Sharqdagi og’irlashib borayotgan vaziyat, islom dunyosida kuchayib borayotgan anti-amerikanizm kayfiyati va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida AQShning global dominantligiga raqobat qilishi mumkin bo’lgan yangi qudrat markazlarining kuchga to’lib borishidan iborat manzarani qoldirgan edi. Aksariyat tahlilchilar bu holatni post-Amerika davri boshlanayotgani bilan izohlashdi.
Obama hokimiyatga kelgan paytda Yaqin Sharqdagi vaziyat AQSh uchun 2001 yil 11 sentyabr voqeasidan oldingi vaqtdanda keskinlashib ketgan edi. Unga oldingi hukumatdan Yaqin Sharqda davom etayotgan og’ir vaziyat; Iroq va Afg’onistonda milliardlab dollar va harbiylar hamda tinch aholining hayoti behuda yo’qotilishiga sabab bo’layotgan urushlar; Abu G’aribning qiynoqqa tutilishi ortidan AQShning demokratiya targ’ibotchisi sifatida jahonda obro’sining tushib ketishi; rasmiy Vashingtonning ittifoqdoshlari bilan aloqasi sovuqlashishi; mamlakat ichi va dunyo, ayniqsa, islomiy dunyoda anti-amerikanizm kayfiyatining ortishi; o’sib borayotgan islomiy ekstremizm va terrorizm xavfining ortishi; Eronning yadro dasturini davom ettirishdagi harakatlari hamda og’ir iqtisodiy vaziyat meros bo’lib qoldi.
Geosiyosiy nuqtayi-nazardan yuqoridagi omillar mavzu bilan qiziqqan deyarli hamma uchun ma’lum. Biroq chuqur tahlil orqaligina yuzaga chiqishi mumkin bo’lgan boshqa bir holatlar ham mavjud edi. Jorj Bush ma’muriyatining Yaqin Sharqqa nisbatan siyosati demokratiya tamoyillarini faol tarzda targ’ib qilish hamda yoyishga asoslangan edi. Ammo mintaqadagi xalqlarning hayot tarzi va siyosiy irodasini (yuz berajak oqibatlarini chuqur tahlil qilmasdan) majburan o’zgartirishga urinish Arab Dunyosida diniy radikalizm, ekstremizm va terrorizmning keskin yoyilishiga, anti-amerikanizm kayfiyatining yuqori cho’qqiga ko’tarilishiga, pirovardida, Musulmonlar Birodarligi va Hamas kabi guruhlarning saylovlarda ko’pchilik tomonidan qo’llanilishiga sabab bo’ldi. Oqibatda, mintaqada AQSh manfaatlariga mos bo’lmagan avtoritar rahbarlardan ko’ra xavfliroq kuch – siyosiy islom hokimiyat tepasiga kela boshladi. Mazkur holat AQShning mintaqadagi ta’siriga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatdi.
Bundan tashqari, Bushning Yaqin Sharq siyosati mintaqadagi turli kayfiyatli guruhlarning AQShga qarshi birlashishi yoki birlashishga intilishiga sabab bo’ldi. Rasmiy Vashingtonning bunday guruhlarni parchalab yuborish yoki neytrallashtirishga yo’naltirilgan taktikalar ko’zlangan samarani bermadi. Shuningdek, prezident Bushning Eron, Iroq va Shimoliy Koreani “yovuzlik chizig’i” deya atab, turli siyosiy yo’nalish va kayfiyatdagi davlatlarni bir qolipga solishga urinishi hamda bir-biri bilan keskin qarama-qarshiliklarga ega bo’lgan sunniy islomiy guruhlar, al-Qoida, Hamas, shia fundemantalistlari, Eron rejimi va Hezbollahni umumiy - “islomiy radikalizm” nomi bilan ta’riflashi ham Amerikaning imidjiga keskin putur yetkazdi. Afg’oniston va Iroqdagi urushlar boshlanmasidan oldingi davrdayoq AQShga qarshi kayfiyat Yaqin Sharqda ortib ketgan edi. Bush ma’muriyati diplomatik yo’llar orqali mintaqada o’z manfaatiga mos ittifoqdoshlarni topish va jalb qilish o’rniga harbiy kuch vositasida muammolarni hal qilish yo’lini ma’qul ko’rdi. Qo’shimcha ravishda, Bush hukumati mintaqadagi barcha islomiy harakatlar va guruhlarga umumiy terrorizm prizmasi orqali qarab, ularga qarshi yalpi urush e’lon qildi. Pirovardida, Yaqin Sharq mintaqasida Amerikaga qarshi mafkuraviy va jangari islomiy guruhlarning to’lqini ko’tarilishni boshladi. Xulosa qilib aytganda, prezident Bushning uniletarist dunyoqarashi AQShni dunyoning boshqa davlatlari ko’z o’ngida moral normalariga rioya qilmaydigan mamlakat sifatida gavdalantirdi. Ayniqsa, Yaqin Sharqda bunday qarashga asoslanib olib borilgan siyosat Eron va Iroq kabi mintaqaviy raqiblar o’rtasidagi kuchlar muvozanatini izdan chiqarib yubordi. Mintaqadagi davlatlar, harakatlar, oqimlar va guruhlarni umumlashtirish, ularni individual kuch sifatida ko’rmaslik ko’zlanmagan oqibatlarga olib keldi. Masalan, mintaqaviy raqibi bo’lmish Iroqning qulashi ortidan Eron bir o’z qudratini mustahkamlab oldi. Butun Bush boshqaruvi davomida Eron mintaqadagi eng asosiy anti-amerikanist davlatga aylandi. Qisqacha aytganda, prezident Jorj Bush tashqi siyosati oqibatida AQShning Yaqin Sharq mintaqasidagi musulmon davlatlari bilan munosabati so’nggi oltmish yil ichidagi eng quyi nuqtaga pastladi.
Anti-amerikanizm kayfiyatining kuchayishi
Anti-amerikanizm kayfiyati mintaqa davlatlarining musulmon jamoalari orasida kuchaya bordi. Amerikaning demokratiyani targ’ib qilishiga javoban musulmon jamiyatlar anti-amerikanizm shiorlari va norozilik namoyishlarini kuchaytira boshladi. Ushbu jamoalar e’tiborini qaratish hamda o’z tarafdorlari sonini oshirish maqsadida turli islomiy guruhlar o’z harakatlarini faollashtirdi.
2012 yilda AQShga qarshi kayfiyatda namoyishlar bo'lib o'tgan asosiy hududlar
Tizimli tahlil o’tkazish orqali anti-amerikanizm kayfiyatining to’rtta sababini aniqlash mumkin:
Birinchidan, mahalliy fuqarolar AQSh tomonidan o’z hududlarida boshlangan ikki urushning oqibatlari tufayli bosh ko’tarishdi. Mazkur urushlar kutilgan tinchlik va barqarorlikmi ta’minlash o’rniga keng ko’lamli vayronagarchiliklar va minglab odamlarning o’limiga sabab bo’ldi, millionlab odamlar qochoqqa aylandi. Odamlar bunday vaziyatdan ko’ra AQSh ayblab, qarshi urush boshlagan avtoritar rejimlar hukmi ostida yashashni ma’qul ko’rar edi. Afg’oniston va Iroqdagi urushlar oqibatida Yaqin Sharqdagi ijtimoiy tizimda turg’unlik yuzaga keldi, iqtisodiyot izdan chiqdi, davlat institutlari esa deyarli yo’q bo’lib ketdi.
Ikkinchidan, AQShning gegemonlik strategiyasi va islomiy mafkura o’rtasida o’ziga hos qarama-qarshilik yuzaga keldi. Musulmon jamiyatlar o’rtasida G’arb navbatdagi “salb yurishi”ni boshlaganligi haqida aqida yuzaga keldi. Ushbu kayfiyatdan foydalangan islomiy terroristik guruhlar musulmon aholi, ayniqsa yoshlarni AQSh boshchiligidagi “salb yurishi”ga qarshi muqaddas jihodga chorlay boshladilar va ma’lum muvaffaqiyatga erishdilar.
Uchinchidan, rasmiy Vashingtonning Bush boshqaruvi davrida ham Isroil hukumati va G’arbiy Qirg’oqdagi isroilliklarni qo’llashda davom etishi mintaqa musulmonlarining Amerikaga bo’lgan nafratining yanada oshishiga sabab bo’ldi.
To’rtinchidan, AQShning Fors Ko’rfazi davlatlaridagi harbiy mavjudligi va ushbu davlatlar hukumatlari bilan ittifoqdoshlikni davom ettirgan holda Yaqin Sharq mintaqasidagi musulmon jamiyatlari tizimini o’zgartirishga urinishi ortidan mahalliy odamlar o’ziga hos tengsizlikni xis qildilar va, oqibatda, ikki o’rtadagi qarama-qarshilik yanada ortib bordi.
Bush boshqaruvining so’nggi davriga borib Yaqin Sharq mintaqasidagi musulmon jamiyatlarning anti-amerikanizm kayfiyati ochiqdan-ochiq dushmanlik darajasiga ko’tarilib ulgurgan edi. 2007 yilda o’tkazilgan so’rovnomaga ko’ra Misr, Marokash, Pokiston va Indoneziyadagi aholining deyarli 79 foizi Amerika Qo’shma Shtatlari Islom Dunyosini ojizlantirish va bo’lib yuborishni maqsad qilganligi to’g’risidagi fikrga qo’shilishlarini ma’lum qildilar. O’xshash foizdagi so’rovnoma ishtirokchilari Amerika Yaqin Sharqdagi tabiiy zahiralar, ayniqsa, neft konlari ustidan nazoratni to’liq qo’lga olishga urinmoqda, deya ta’kidladilar. So’rovnomada qatnashgan 64 foiz odam AQSh Yaqin Sharqda xristianlik dinini yoyishni maqsad qilganligiga ishoshishlarini ma’lum qilganlar. Qisqacha qilib aytganda, so’rovnoma ishtirokchilarining to’rtdan uch qismi Amerika Yaqin Sharq mintaqasini egallashga harakat qilayotganligi borasidagi fikrni ilgari surgan.
Geosiyosiyotdagi dinamik tebranishlar
Vladimir Putin rahbarligidagi Rossiyaning qayta qudratga to’lib, jahon siyosiy maydoniga asosiy geosiyosiy kuchlardan biri sifatida qaytishi, Xitoy va Hindiston kabi davlatlarning yangi kuch markazlariga aylanishi hamda dunyodagi iqtisodiy markazlarning Atlantikadan Tinch okeani havzasidagi davlatlar tomon surilishi aynan Jorj Bush hukumati boshqaruvi davriga to’g’ri keldi. AQShning o’zidagi va boshqa davlatlardagi strateglar, tahlilchilar 21 asrdagi siyosiy-iqtisodiy tarix aynan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yozilishiga ishonch bildirar edilar. 2004 yildayoq sobiq AQSh davlat kotibi Genri Kissenjer “Xitoyning potensial superqudrat sifatida maydonga kelishida tarixiy muhimlik mavjud bo’lib, bu holat dunyoda ro’y beradigan o’zgarishlar markazi Atlantikadan Tinch okeani mintaqasiga ko’chishidan dalolat beradi”, deya ta’kidlagan edi. O’xshash holda, sobiq davlat kotibi Kondoliza Rays 2006 yildagi “diplomatik transformatsiya” to’g’risidagi nutqida bundan buyoq diplomatik resurslarni ko’proq Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga yo’naltirishni taklif etadi. 2008 yildagi saylov kampaniyasida ham Barak Obama AQShning kelajagi va xavfsizligi Osiyoda bo’layotgan o’zgarishlar bilan uzviy bog’liqligini ko’p bora ta’kidlaydi.
Qo’shimcha ravishda, Osiyo-Tinch okeanining hayotiy muhimligi nuqtayi-nazaridan kelib chiqilsa, mintaqa nafaqat moliyaviy inqiroz davrida AQShning iqtisodiy o’nglanishi uchun yordam bera olardi, balki mamlakatning kelajakdagi iqtisodiy rivojlanishi aynan shu mintaqaga tayanishi yuz berayotgan o’zgarishlardan yaqqol ko’rinib turar edi. 1960 yilda AQShning Osiyo bilan tovar ayirboshlashi AQSh-G’arbiy Yevropa tovar ayirboshlashi miqdorining yarmiga teng edi. 21 asrga kelib, Osiyo bu masalada G’arbiy Yevropadan anchayin o’zib ketdi. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, AQShning Yevropa bilan savdo aylanmasi 589 milliard dollarga teng bo’lgan holda, butun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan bo’lgan tovar ayirboshlovi miqdori 1,6 trillion dollarni tashkil qildi. Prezidentligining ilk davrida Barak Obamaning Osiyoga ikki bor tashrif buyurishi AQShning moliyaviy inqirozdan chiqib olishi hamda iqtisodiy o’nglanishi uchun zamin yaratdi. O’sha vaqtda AQShning Yevropaga kiritgan sarmoyalari miqdori Osiyodagidan ko’proqni tashkil etgan bo’lsada, bu tendensiya yuqorilab borayotgan edi.
Bundan tashqari, kuchlar muvozanati markazining surilishi natijasida Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiy davlatga aylandi. O’tkazilgan tahlillardan prognoz qilinishicha, Xitoyning YaIMi miqdori 2035 yilga qadar AQShnikidan o’zib ketishi, rasmiy Pekin 2075 yilga borib xalqaro tizimdagi yetakchi davlatga aylanishi uning kelajakda rasmiy Vashington uchun jiddiy raqib bo’lishidan dalolat berar edi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi Xitoy va boshqa davlatlarning iqtisodiy jihatdan qudrati ortib borishi va sekin-asta jahon siyosiy jarayonlariga ta’sir o’tkaza boshlashi rasmiy Vashingtonning yangi strategiya ishlab chiqishga undadi. Ushbu mintaqa davlatlari bilan aloqalarning sovuqlashishi va ehtimoliy urush holatlarining paydo bo’lishi AQSh uchun og’ir oqibatlarga sabab bo’lar edi. Shu sababdan barqaror va iqtisodan rivojlangan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi AQSh milliy manfaatlariga ko’proq mos edi. Ayniqsa Xitoy bilan ixtiloflarga borishni istamagan Obama ma’muriyati ilk yillardanoq asosiy diplomatik va boshqa ta’sir resurslarini Osiyo-Tinch okeani mintaqasi tomon yo’naltirilish strategiyasini amalga tadbiq qila boshladi. Biroq bu strategiya to’laligicha iqtisodiy va diplomatik bo’lmasdan, AQSh mintaqadagi harbiy mavjudligini mustahkamlash, mintaqaviy mojarolar, Xitoy va Tayvan, Vyetnam, Yaponiya, Filipin kabi davlatlar o’rtasidagi hududiy nizolar o’z aralashuvi hal bo’lishini ta’minlash maqsadidagi harakatlarini kuchaytirishda davom etdi.
AQSh tashqi siyosati vektorlarining Osiyo-Tinch Okeani mintaqasi tomon yo'nalishi
Global geosiyosiy o’zgarishlar, o’z iqtisodiyotini bardavom rivojlantirish, milliy xavfsizligi va global dominantligini ta’minlash maqsadida prezident Obama ma’muriyati Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga nisbatan “tayanch nuqtasi” yoki “qayta muvozanatlash” atamalarini qo’llagan holda yangi strategiyadan foydalana boshladi, ayni paytda Yaqin Sharqdagi qurolli kuchlar sonini qisqartirish harakatlari boshlanib, bu hududdagi AQSh harbiy mavjudligi anchayin kamaygan edi. Hillari Klinton boshchiligidagi AQSh tashqi siyosiy faoliyati Osiyo-Tinch okeani mintaqasida faollashib, mintaqa davlatlari bilan yangidan-yangi diplomatik, iqtisodiy va xavfsizlik aloqalari o’rnatila boshlandi.
Moliyaviy inqiroz
Barak Obama prezidentligining ilk davridagi AQShning tashqi va ichki siyosatdagi vaziyatini o’rganganda 2007-2009 yillarda yuz bergan moliyaviy inqirozni e’tibordan qochirish xatolik bo’ladi. Ushbu inqiroz AQShning ko’chmas mulk bozoridan boshlangan edi. Muammoning ilk belgilari 2007 yilda paydo bo’lib, shu yili Federal Home Loan Mortgage Corporation ortiq yuqori riskli ipoteka operatsiyalarini amalga oshira olmasligini ma’lum qildi va New Century Financial Corporation bankrotlik e’lon qildi. Ko’chmas mulk bo’yicha faoliyat yuritadigan bu ikki yirik korporatsiyaning qulashi ortidan moliyaviy tizimda tizimli risklar yuzaga kelishni boshladi, keyingi bosqichda moliyaviy institutlar faoliyatida muammolar boshlanib, inqiroz ta’siri oqibatida real iqtisodiyotda keskin pasayish yuzaga keldi. 2008 yilning sentyabri va oktyabrida inqiroz yangi bosqichga ko’tarilib, endilikda bank tizimlari faoliyati izdan chiqa boshladi. AQShning qator yirik va qudratli banklari katta zarar ko’rib, kichikroq banklar bankrotlik e’lon qildi.
Iqtisodiy inqiroz Qo’shma Shtatlar uchun yirik iqtisodiy falokatga aylandi, uning salbiy ta’sirlari ham mamlakat ham dunyoning boshqa moliyaviy institutlari faoliyatiga keskin zarba berdi. Ichki vaziyatda 1930-yillardagi moliyaviy inqirozdan keyingi eng katta iqtisodiy turg’unlik yuzaga keldi, milliardlar dollar yo’qotildi, ishsizlik darajasi o’zining eng yuqori cho’qqisiga chiqdi va katta miqdordagi fiskal defitsit yuzaga keldi.
Dunyo miqyosida esa, kattami-kichikmi, jahon moliyaviy tarmog’ida faoliyat yurituvchi har bir davlat domino effekti oqibatida inqirozdan katta zarar ko’rdi. Natijada xalqaro siyosat akterlarining AQShning moliyaviy qudratiga nisbatan ishonchi keskin susaydi. Ikkinchi Jahon Urushi so’ngidan beri AQSh tomonidan ilgari surib kelinayotgan xalqaro liberal iqtisodiy tartibot konsensusining kelajagi haqida pessimistik qarashlar orta bordi. AQShda boshlangan moliyaviy inqiroz tufayli davlatlar aziyat chekayotgan bir paytda Xitoy erishayotgan nisbiy iqtisodiy yutuqlar ushbu mamlakatga nisbatan ishonchning ortishiga sabab bo’ldi. Bu esa AQSh targ’ib qilgan erkin bozor kapitalizmining kelajagi savol ostida qolishidan dalolat berar edi.
Moliyaviy inqiroz yangi prezident oldida juda kam tanlovlarni qoldirdi. Obama ichki siyosiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirishi, tushib borayotgan iqtisodiy ko’rsatkichlarni yaxshilashga erishishi, iqtisodiy o’sishni ta’minlashi va dunyoning AQSh iqtisodiy yetakchiligiga bo’lgan ishonchini qayta tiklashi lozim edi. Ushbu omillarni hisobga olgan holda Obama ma’muriyati soliqlarni normallashtirish, ishsizlik darajasini barqarorlashtirish va ishsizlarga nisbatan imtiyozlar joriy qilish hamda ijtimoiy fondlar faoliyati samarasini oshirishni maqsad qilgan qator islohotlarni qabul qildi. Bundan tashqari 2011 yildagi Byudjet Nazorati Akti mudofaaga ajratilayotgan mablag’ miqdorini qisqartirishni ko’zda tutar edi. Xulosa qilib aytganda, AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy mavjudiyati deyarli tugatildi, mintaqadagi faolligida ham chekinishlar kuzatildi, yangi hukumat, asosan, ichki vaziyatni barqarorlashtirish va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan aloqalarni kuchaytirishga e’tibor qarata boshladi.