• Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda
Geopolitika
08 Iyun2016

Obama va Yaqin Sharq (2-qism)

08 Iyun 2016. Muallif: Avaz Takhirov Rukn: Yaqin Sharq

Ham mamlakat ichida ham xalqaro maydonda qiyin vaziyatlar bilan to’qnashgan prezident Obama o’z ixtiyoridagi resurslar taqsimotii optimallashtirish va global manfaatlarini maksimallashtirish maqsadida AQShning Yaqin Sharq siyosatini qayta ko’rib chiqishni maqsadga muvofiq deb topdi. Jorj Bush hukumatidan farqli o’laroq, Obama ma’muriyati mintaqada faqat o’z manfaatlarini ilgari surmay, balki Yaqin Sharqning eng qaynoq nuqtalaridagi vaziyatni normallashtirish harakatlarini olib bordi.

Strategik moslashuv

Jorj Bush hukumati tashqi siyosati oqibatlarini yaxshi anglab, yo’l qo’ygan strategik xatoliklaridan xulosa chiqargan holda, Obama ma’muriyati Yaqin Sharqdagi urushlar va boshqa keskin vaziyatlarga aralashib qolmaslik maqsadida mintaqaga nisbatan siyosatini o’zgartira boshladi. Yaqin Sharqdagi siyosiy va harbiy faollikdan ko’ra ichki siyosat va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan aloqa qilishni ustun qo’yishni lozim deb topdi. Xususan, Barak Obama Islom Dunyosi bilan aloqalarni yaxshilash, mintaqada yangi ittifoqchi kuchlarni topish yoki shakllantirishga harakat qila boshladi. Mintaqa davlatlari bilan ko’p tomonlama diplomatik aloqalar o’rnatish va kuchlar muvozanati strategiyasini joriy qilish ham Obamaning yangi Yaqin Sharq siyosatining maqsadlaridan biri edi.

O’z prezidentligining ilk oylarida Obamaning musulmon jamiyatlari bilan aloqalarni qayta yo’lga qo’yish va iliqlashtirish hamda AQShning Yaqin Sharq mintaqasida putur yetgan imidjini tiklash yo’lidagi harakatlari boshlandi. Vaqt o’tishi bilan Barak Obama “Amerika Qo’shma Shtatlari Islom bilan urush holatida emas, xech qachon bo’lmaydi ham”, deya ta’kidlashni boshladi. Arablar va musulmon jamiyatlari bilan aloqalarini yaxshilashdan manfaatdor bo’lgan Barak Obama o’z prezidentlik qasamyodidan keyin ilk intervyusini Al-Arabiya telekanaliga berdi. 2009 yil aprelida Turkiya parlamentida so’zlagan nutqida esa “biz sizlarni diqqat bilan tinglaymiz, biz o’rtamizda yuzaga kelgan tushunmochiliklarni bartaraf etamiz va biz umumiy manfaatlarimiz uchun birgalikda harakat qilamiz”, deya Islom Dunyosiga murojaat qildi.

Islom Dunyosi bilan aloqalarni qaytadan tiklashga bo’lgan urinishlar 2009 yil iyun oyida Misr poytaxti Qohiradagi Barak Obama tomonidan so’zlangan nutq ortidan yuz berib, o’sha vaqtda aksariyat tahlilchilar ushbu nutqni AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatida real o’zgarishlar yuz berishidan darak sifatida e’tirof etgan edi:

Men Qohiraga jahonning musulmon ahli bilan o’zaro manfaatlar, o’zaro hurmatga asoslangan yangi ibtido boshlash uchun tashrif buyurdim. Mening bu maqsadim AQSh va Islom Dunyosi o’rtasida alohida bir dushmanlik yoki raqobat yo’q, degan ishonchga asoslanadi. Ishonamanki, biz umumiy tamoyillar – adolat va taraqqiyot tamoyillari; bag’rikenglik va insoniyat birligi tarafdorimiz. Amerika Qo’shma Shtatlari Islom bilan urush holatida emas, xech qachon bo’lmaydi ham.

Ushbu nutqlarda aytilgan gaplar, qayd qilingan ta’kidlar shunchaki bo’lmay, AQShning yangi tashqi siyosati strategiyasining asoslaridan biriga aylandi. Barak Obama Jorj Bushdan farqli o’laroq “yovuzlik chizig’i” prizmasidan voz kechib, Yaqin Sharq mintaqasidagi Eron va Suriya kabi yetakchi davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni yumshatishga kirishdi.

Jorj Bush ma’muriyati “Amerikaning ittifoqdoshlari xuddi raqiblari kabi passiv kuchlardir. Amerikaning maqsadi aniq ekan, boshqalar uni qabul qilishga majbur”, degan uniletarist tashqi siyosat olib bordi. Ma’lumki, Iroqqa intervensiya uyushtirishda NATOning aksariyat a’zo davlatlari qarshilik ko’rsatdi va harbiy harakatlar BMT roziligisiz amalga oshirildi. Jorj Bush ushbu tashqi siyosat natijasida xalqaro maydonda bir qancha kuch markazlari yuzaga kelishi ehtimoli haqidagi ogohlantirishlarga ham quloq solmadi. Pirovardida, AQShning yetakchilik salohiyati va ishonchli ittifoqdosh maqomi ko’pchilik davlatlar tomonidan savol ostiga olindi.

AQShning global maydondagi qudratining nisbiy cheklanishi va global moliyaviy inqiroz bilan yuzlashgan Obama ma’muriyati oldingi hukumatning uniletar siyosatini ko’p tomonlama aloqalarga o’zgartirish hamda yangi ittifoqdoshlar topish orqali mavjud vaziyatni yumshatishga harakat qildi.

NATOning 60 yilligiga bag’ishlab o’tkazilgan sammitda nutq so’zlagan Obama “Amerika o’zgarmoqda, Amerikaning bir o’zi o’zgarishlarni amalga oshira olmaydi. Biz birgalikda umumiy muammolarimizga umumiy yechimlar topishimiz lozim”, deya ittifoqdoshlikni mustahkamlash muhimligiga ishora qilgan edi. Obama o’xshash gaplarni Vest Pointdagi Qo’shma Shtatlar Harbiy Akademiyasidagi nutqida ham ta’kidlab o’tdi: “Biz diplomatiya kuchidan faol foydalanishimiz lozim, sababi hozirgi chambarchas bog’lanib kelgan xalqaro aloqalar tizimidagi biror bir davlat yakka o’zi harakat qila olmaydi.”

Faqat yangi ittifoqdoshliklarni shakllantirishdan tashqari Barak Obama Rossiya hamda Xitoy kabi raqib davlatlar bilan ham aloqalarni yaxshilashga harakat qildi. Natijada BMT va Katta Yigirmalik sammitlarida Yaqin Sharq masalasi bo’yicha qator muhim mexanizmlarni amalga tadbiq qilishga muvaffaq bo’ldi. Obama ma’muriyatining ko’p tomonlama aloqalarni rivojlantirish harakatlari ortidan AQShga bo’lgan ishonch xalqaro maydonda birmuncha ortdi. Uning harbiy qudrat va tahdiddan foydalanish o’rniga diplomatik aloqalarni rivojlantirishni ustun ko’rishi natijasida AQShning tashqi siyosiy faoliyati manzarasi sezilarli o’zgardi.

Ma’lumki, Bush hukumati Yaqin Sharqdagi jarayonlarga harbiy intervensiya orqali ta’sir ko’rsatish hamda mintaqada to’la siyosiy qayta qurishga asoslangan gegemon strategiyaga asoslangan tashqi siyosat yuritgan edi. Bunday strategiya natijadan ko’ra ko’proq vayronagarchilik keltirdi, anti-amerikanizm kayfiyati yuqori cho’qqiga chiqdi va Yaqin Sharqda xaos yuzaga keldi. Shuningdek, Bush ma’muriyati Yaqin Sharqdagi urushlarga sho’ng’ib ketib, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan aloqalarni rivojlantirish zaruriyatini o’z vaqtida anglay olmadi, oqibatda AQShda keskin moliyaviy tanglik yuzaga keldi.

Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqalari o’rtasida dilemmaga duch kelgan Barak Obama birinchi mintaqadagi harbiy mavjudlikni muvozanatlovchi siyosat bilan alishtirishga qaror qildi. Harbiy bosqinchidan muvozanatlovchi arbitr vazifasiga kirishgan AQSh Yaqin Sharqdagi siyosiy-harbiy ta’sirini kamaytirib, o’z mintaqaviy manfaatlariga o’zgartirishlar kiritdi va mintaqadagi jarayonlarga aralashishda diplomatik resurslar orqali yumshoq kuchdan foydalana boshladi. Rasmiy Vashington mintaqadagi keskin jarayonlarga chuqur aralashib qolishdan o’zini tiya boshladi, bu hududdagi xavfsizlik va barqarorlik uchun mas’uliyatni faqat o’zi emas, balki ittifoqchi kuchlar gardaniga baravar taqsimlashga harakat qildi, bir vaqtning o’zida harbiy kuchlarini olib chiqish ishlarini boshladi. Bunday strategiya natijasida mintaqadagi barcha o’zgarishlarga AQSh sababchi degan qarashlar nisbatan kamaydi, siyosiy-harbiy mas’uliyatlar ittifoqdoshlar o’rtasida taqsimlangani ortidan AQShga bo’lgan ishonch ham ortdi. Harbiy kuchlarning olib chiqilishi ortidan mintaqadagi qurolli harakatlar va terrorchi guruhlarning AQShga qarshi birlashishidan ortiq ma’no qolmadi, endilikda bir oz muddat oldin birlashgan kuchlar manfaatlari yo’lida o’zaro kurashga kirishib ketdi. Obamaning kuchlarni qaytadan muvozanatlash strategiyasi Islomiy Dunyoning AQShga bo’lgan dushmanlik kayfiyatining sezilarli pasayishiga olib keldi. Rasmiy Vashington, endilikda, mintaqadagi manfaatlarini namoyishkorona emas, balki anchayin yopiqroq va ehtiyotkorona yo’l bilan muhofaza qila boshladi.

Kuchlar muvozanati strategiyasining yakuniy natijalaridan biri 2011 yil oxiriga Iroqdagi barcha kuchlarni (ma’lum istisnolar bilan) olib chiqilishi bo’ldi. Barak Obama o’ziga xos Yaqin Sharq tinchlik jarayonini boshlashni targ’ib qiladi boshladi. Ayni jarayon davomida rasmiy Vashington mintaqadagi jarayonlarga bilvosita ta’sir o’tkazib turdi: Liviyada ittifoqdoshlari tomonidan amalga oshirilgan xujumlarga bevosita aralashishdan o’zini tiydi; Suriya Inqiroziga harbiy yo’l bilan aralashishdan ko’ra boshqa qurolli kuchlar orqali o’z manfaatlarini amalga oshirishni ma’qul ko’rdi va Eron bilan to’g’ridan-to’g’ri qurolli to’qnashuvning oldini olish maqsadida diplomatik aloqalarni kuchaytira bordi.

Yaqin Sharqdagi vaziyat doimo murakkab va keskin bo’lib kelgan. Siyosiy-iqtisodiy nuqtayi-nazardan qaralganda, xaos va urush vaziyatidagidan ko’ra, barqaror bo’lgan Yaqin Sharq AQSh manfaatlariga yaxshiroq xizmat qiladi, ya’ni AQShning bu yerdagi urushlar uchun sarf-xarajati kamayadi, mintaqada o’z manfaatlarini amalga oshirishi osonlashadi. Bundan tashqari, Barak Obama o’z prezidentligining birinchi davrida mavjud bo’lgan iqtisodiy tanglik tufayli tashqi siyosatdan ko’ra ichki siyosatga ko’proq ahamiyat berishga majbur bo’ldi. Moliyaviy inqirozdan tezroq chiqib olish uchun milliardlab dollarning sovurilishiga sabab bo’layotgan Afg’oniston va Iroqdagi urushlarga chek qo’yish hamda Yaqin Sharqda boshqa qurolli harakatlarga aralashib qolmaslikka urindi. Lekin 2011 yilda boshlangan Arab Bahori ortidan Barak Obama o’zining Yaqin Sharq strategiyasini qaytadan ko’rib chiqishiga to’g’ri keldi.

O’tgan yarim asr mobaynida Amerika Qo’shma Shtatlari (Jorj Bush ma’muriyatini istisno qilgan holda) Arab Dunyosida demokratiyani targ’ib qilishga ro’yhushlik bildirmadi, buning o’rniga, mintaqaviy barqarorlik va o’z manfaatlari muhofaza qilish maqsadida arab avtoritar rahbarlarini qo’llab-quvvatlab keldi.

Barak Obama prezidentligining ilk davrlari ham bu manzaradan mustasno emas edi. Biroq Arab Bahori davrida demokratik o’zgarishlarni qo’llab-quvvatladi, natijada bir qancha rejimlar ag’darildi. Siyosiy tahlillar yordamida, Obama bundan yuz berayotgan o’zgarishlar ortidan hokimiyat tepasiga keladigan kuchlarni dastaklab, ular yordamida mintaqada o’z ta’sir doirasini kengaytirib olishni maqsad qilganligini anglash mumkin. 2011 yilning may oyida mintaqadagi o’zgarishlar yuzasidan fikr bildirar ekan, “barqarorlik emas, balki xalqlarning o’z taqdirini o’zi hal qilishi asosiy manfaat bo’lishi lozim”, deya AQShning mavjud holatga munosabatini bildirgan edi. Ushbu so’zlarni amalga oshirishning natijasi o’laroq Amerika mintaqada universal inson huquqlari, siyosiy iqtisodiy islohotlar o’tkazilishi va demokratik o’zgarishlarni amalga oshirishni rasman qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

E’tiborga olish lozimki, Obama qadriyatlar va manfaatlar o’rtasidagi muvozanatni saqlab turgan holda Yaqin Sharqdagi barqarorlikni ta’minlashga harakat qildi. Biroq bu ikki omil o’rtasidagi muvozanat har doim ham barqaror bo’lmay, aksariyat hollarda qadriyatlar manfaatlar uchun xizmat qilishi Barak Obama prezidentligining birinchi davrida AQSh tashqi siyosatining Yaqin Sharqdagi maqsadlarini amalga oshishiga halal berdi, deb hisoblash mumkin.

Iroqdan Afg'onistonga

Oldingi prezidentlardan farqli o’laroq, Barak Obama Yaqin Sharqdagi jarayonlarga faol harbiy kuch bilan aralashishga ro’yhushlik bildirmadi, Iroqdan AQSh qo’shinlarini olib chiqdi, Afg’oniston va Iroqda milliy hukumatlar shakllanishida faol ta’sir o’tkazdi, Eron yadro dasturi bilan mojaroni ko’p tomonlama diplomatik mexanizmlar yordamida hal qilishga urindi va Arab Bahorida davomidagi jarayonlarga harbiy kuch bilan aralashishdan tiyilishni ma’qul ko’rdi.

AQSh boshchiligidagi ittifoqchi davlatlarning 2003 yil mart oyida Iroqqa harbiy kuch bilan bostirib kirishi va Amerika qo’shinlarining 2011 yil dekabr oyigacha mamlakat to’liq olib chiqib ketilishi ichida o’tgan vaqt davomida Qo’shma Shtatlar katta miqdordagi yo’qotishlarni boshdan kechirdi: 4,500 ga yaqin amerikalik askar xalok bo’ldi va urush uchun 2,2 trillion dollar miqdorida mablag’ sarflandi. Bundan tashqari Iroq Urushi oqibatida AQShning Yaqin Sharq mintaqasidagi imidji keskin tushib ketdi; anti-amerikanizm kayfiyati yuqori cho’qqiga chiqdi; bu kayfiyatdan esa al-Qoida kabi terrorchi tashkilot va guruhlar o’z safini musulmon yoshlari bilan to’ldirishda faol foydalandi; Eron o’zini muhofaza qilish da’vosi bilan yadroviy dasturini rivojlantirish maqsadidan voz kechmadi.

2008 yildagi saylov kampaniyasi davomida senator Obama Afg’onistonda Tolibon va al-Qoidaga qarshi davom etayotgan urushni qo’llab, Iroq Urushini esa AQSh manfaatlariga ortiq xizmat qilmaydigan operatsiya sifatida baholagan edi. Uning jamoasi ushbu qarashlarni yanada aniqlashtirish maqsadida “O’zgarish uchun dasturulamal: Obama va Baydenning Amerika uchun rejasi” Iroqdan qo’shinlarni olib chiqish bo’yicha rejani ishlab chiqdi. Ushbu rejaga ko’ra, Amerika harbiylari oyiga 1-2 brigada hisobida Iroqdan olib chiqiladi. Jarayonning umumiy davriyligi 16 oyga teng bo’lib, qo’shinlarni olib chiqish 2010 yilning yozigacha tugatilishi belgilangan edi. Prezidentlikni egallashi bilan Barak Obama Iroqdagi urush harakatlarini zudlik bilan to’xtatish haqida qarorini e’lon qildi:

Amerika ortiq Iroqdagi urushni boshqa manfaatlaridan ustun qo’ya olmaydi: biz Afg’oniston va Pokistonda keskin o’zgarishlarga duch kelmoqdamiz; bizning harbiylarimiz og’ir vaziyatda qolmoqda va iqtisodiyotimiz qayta tiklashga muhtoj. Amerika Qo’shma shtatlari mas’uliyatlarni to’la iroqliklar zimmasiga yuklaydigan yangi strategiya orqali urushga chek qo’yadi.

Yuqoridagilardan ko’rish mumkinki, Iroqdan harbiy qo’shinlarni olib chiqish va anti-terrorizm prioritetlarini Afg’oniston hamda Pokiston tomon o’zgartirish Obama ma’muriyati tomonidan ichki siyosat va Yaqin Sharqda o’zgarayotgan xavfsizlik masalalarini hisobga olgan holda amalga oshirilgan strategik o’zgarish edi. Yangi rejaga ko’ra, Iroqdagi urush harakatlari 2010 yil 31 avgustigacha tugatilishi, qurolli kuchlar esa 2011 yilning oxirigacha mamlakatdan olib chiqilishi lozim edi. Ma’lum miqdordagi rezident kuchlar Iroqdagi AQSh diplomatik korpusi va fuqarolarini muhofaza qilish uchun qoldiriladigan bo’ldi. 2011 yilning 18 dekabr kuni AQShning o’sha paytdagi mudofaa vaziri Leon Panetta Iroqdagi urushning rasman tugatilgani haqidagi xujjatga imzo chekdi, Obama esa bu voqeani “tarixiy onlar”, deya ta’rifladi. Endilikda Obama hukumati Afg’onistondagi anti-terroristik missiyalarga ko’proq e’tibor hamda resursni ajratishi mumkin edi.

Afg’onistonda boshlangan urushning ilk davrida Tolibon, al-Qoida va ularning boshqa ekstremistik ittifoqdoshlariga kuchli zarba berilib, natijada bu kuchlar mamlakat bo’ylab tarqab ketish va ma’lum qismi Pokiston hududiga o’tib ketishga majbur bo’lgan edi. Biroq 2003 yil boshlangan Iroq Urushi ortidan AQSh Afg’onistondagi missiyalarga kamroq e’tibor ajrata boshladi, oqibatda bu yerdagi jangari kuchlar shakllanib, Tolibon yana oldingi qudratini tiklay boshladi. Prezidentlik saylovi o’tkazilgan 2008 yilda Amerika harbiylari Afg’onistonda urush boshlangan yillardan buyon eng ko’p yo’qotishlarga uchradi.  Obama hokimiyatga kelgandan so’ng milliy qurolli kuchlarning barcha imkoniyatini Afg’oniston va Pokistondagi Tolibon hamda al-Qoidaning barcha firqalarini yo’q qilishga qaratilgan yangi strategiyani taklif qildi.

Ushbu rejani amalga oshirish maqsadida Obama hukumati Afg’onistondagi harbiy harakatlar uchun yo’naltirilgan moliyaviy investitsiya miqdorini oshirdi. 2009-2010 yillar oralag’i davomida Enduring Freedom amaliyoti uchun federal byudjetdan ajratilgan mablag’ 52 milliard AQSh dollaridan 100 milliard AQSh dollariga yetdi. Bundan tashqari Barak Obama 2009 yilning fevralida 17,000 va shu yilning dekabr oyida 30,000 nafar qo’shimcha harbiyni Afg’onistonga yuborish to’g’risida qaror chiqardi, natijada Afg’onistonda xizmat qilayotgan AQSh harbiylarining umumiy soni 100,000 nafarga yaqinlashdi. Mazkur o’zgarishlar Tolibon hamda al-Qoidani deyarli parokanda holatga tushishiga sabab bo’ldi. 2011 yil 1 may kuni AQSh maxsus qurolli kuchlari tomonidan Pokiston hududida eng taniqli terrorchilardan biri Usama ben Ladenning yo’q qilinishi Obamaning terrorga qarshi urush davomida erishgan yirik muvaffaqiyati sifatida tarixda qoldi.

Afg’onistondagi ikki yillik faol harbiy harakatlardan so’ng Obama bu urushga ham chek qo’yishga qaror qildi. 2011 yilning iyul oyidan boshlab Afg’onistondan Amerika harbiylarining olib chiqilishi ishlari boshlandi – Obama ma’muriyati ishlab chiqqan jadvalga ko’ra, 2011 yilning so’ngiga qadar 10,000 nafar harbiy mamlakatdan chiqarilishi belgilangan edi. 2012 yil yoz faslining oxirigacha navbatdagi 33,000 nafar harbiy olib chiqildi. 2014 yilning oxiriga kelib mazkur jarayon nihoyasiga yetkazildi, ma’lum miqdordagi rezident qurolli kuchlargina Afg’onistonda qoldi, xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyati afg’on kuchlari zimmasiga o’tkazildi. Endilikda Afg’onistonda qolgan AQSh harbiylari qurolli harakatlarda qatnashishdan afg’on qurolli kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazish vazifasiga o’tishdi.

2014 yildagi State of the Union Address (AQSh prezidentining Kongress va xalqqa yillik xisoboti)da Barak Obama Amerika tarixidagi eng uzoq urush bo’lmish Afg’onistondagi harbiy missiya shu yilning oxiriga qadar tugatilishini rasman tasdiqladi.

Isroil-Falastin mojarosi

Uzoq davr mobaynida Isroil-Arab mojarosi Yaqin Sharqdagi hal qilinishi lozim bo’lgan muhim masalalardan biri bo’lib kelmoqda. Obama birinchi ma’muriyati davrida ham bu muammo e’tibordan chetda qolmadi.

Isroil-Arab mojarosini hal qilinishida ishtirok o’tkazish AQSh va Arab mamlakatlari munosabati hamda mintaqadagi milliy xavfsizlik manfaatlariga ta’sir ko’rsatar edi.

Obamaning prezident sifatida qasamyod qilishi G’azo sektoridagi Isroil-Falastin urushi keskinlashgan paytga to’g’ri keldi va vaziyat yangi prezidentdan zudlik bilan ikki o’rtada diplomatik arbitr vazifasini o’tashini talab qildi. Barak Obamaning prezident sifatidagi ilk chaqiriqlaridan biri Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuni egallab olingan Falastin yerlarida yahudiy posyolkalarining qurilishini to’xtatishga undashi bo’ldi. O’z navbatida Obama Falastin prezidenti Mahmud Abbosga Isroil-Falastin tinchlik bitimi imzolanishi uchun qo’ldan kelgan har qanday siyosiy kuch bilan yordam berishini ma’lum qildi. Biroq Isroil tomoni mazkur bitimga qarshilik qildi, Falastin davlati qurilishini tan olishni istamadi. Pirovardida, 2009-2011 yillar davomida mazkur masala yuzasidan biror sezilarli ijobiy o’zgarish yuz bermadi.

Isroilning AQSh ta’siri ostida ham bitimga rozi bo’lmasligining sababi sifatida uning harbiy qudrat jihatidan ustunligi, ya’ni Isroil-Falastin o’rtasidagi assimetrik muvozanat mavjudligini keltirish mumkin. 2011 yildagi AQSh-Isroil Ijtimoiy Ishlar Qo’mitasi (AIPAC)ning siyosiy konferensiyasida Barak Obama Iordan daryosining g’arbida yashovchi falastinliklar soni shiddat bilan ortayotgani  va bu holat yaqin kelajak ichida ham Falastin ham Isroil hududidagi demografik mavjudlikni keskin o’zgartirib yuborishi hamda zudlik bilan ikki o’rtada tinchlik bitimi imzolanmasa, falastinliklarning yangi avlodi shakllanishi fonida xech qanday texnologik taraqqiyot harbiy ustunlikni ta’minlay olmasligi bilan Isoril hukumatini ogohlantirdi. Yechim sifatida Obama hozirgi hududlarni 1967 yildagi chegara chiziqlari asosida belgilash yuzasidan ikki tomon o’zaro kelishuvga erishishlari lozimligini ta’kidladi.

Birinchi prezidentlik muddati davomida Obama AQShning boshqa rahbarlaridan farqli o’laroq Isroil-Falastin mojarosida neytral vositachi rolini o’ynagandek ko’rinsada, Amerika tashqi siyosatiga xos Isroilga yon bosish holatini uning harakatlarida ham ko’rish mumkin. Barak Obama Fatah va Hamasning Falastinda o’tish hukumatini shakllantirish bo’yicha kelishuvini qat’iy tanqid qildi va tuzilajak yangi davlatni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo’lishiga noroziligini ma’lum qildi. Isroilning talabi bilan Obama Falastinni Isroilni Yaqin Sharqdagi qonuniy yahudiy davlati ekanligini tan olishga chaqirdi va Isroil harbiy kuchlarining chiqib ketishi evaziga falastinliklar qurolsizlanishi lozimligini ta’kidladi. Bunday tarafkashliklar oqibatida 2012 yil yanvarida mojaroni hal qilishga bag’ishlanib o’tkazilgan muzokaralar davomida na Isroil, na Falastin til topishishni istamadi.

2012 yil noyabr oyida Isroil va falastinliklar G’azoda sektorida navbatdagi bor to’qnashishdi. AQSh va Misrning aralashuvi hamda vositachiligi natijasida qurolli nizo keng ko’lamli urush darajasigacha ko’tarilib ketmagan bo’lsada, Obama ma’muriyati Isroilga yon bosish siyosatidan voz kechmadi. Barak Obama o’zining ikkinchi prezidentlik muddatining ilk xorijiy safarini (2013 yil mart oyi) aynan Isroildan boshladi. Uning ushbu harakatini aksariyat tahlilchilar Netanyahu hukumati va Isroil xalqi bilan aloqalarni mustahkamlashga urinish sifatida baholadilar. 2013 yilning aprel oyidan AQSh hukumati Isroilga katta miqdorda qurol-yarog’ sotishi haqidagi rejasini e’lon qildi. Keyingi davrlarda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ikki o’rtasida vositachilik qilishda ma’lum yutuqlarga erishib, so’nggi uch yil davomidagi tinchlik muzokaralarini tashkil qilishga muvaffaq bo’lgan bo’lsada, Obama ma’muriyatining Isroilga yon bosishi, Isroilning falastinliklar huquqlarini poymol qilishiga ko’z yumishi kabi sabablar tufayli tinchlik sulhi hanuz imzolanmay kelmoqda.

Eron

Terrorizmga qarshi urushlar davomida AQSh Eronning ikki ashaddiy raqibi – Saddam Husayn tuzumini yo’q qildi va Tolibonni parchalab tashladi. Mazkur holat Eronning ma’lum miqdorda qudratga to’lishi uchun zamin yaratdi. Barak Obama hokimiyat tepasiga kelgan vaqtda Eron Arab Dunyosidagi AQSh-Isroil ittifoqchiligi harakatlarini keskin tanqid qilayotgan, Hamas va Hezbollah guruhlarini moliyaviy hamda moddiy jihatdan qo’llayotgan, o’z yadorviy dasturini tinimsiz rivojlantirayotgan edi. Shu sababli o’sha vaqtda Eron Yaqin Sharqdagi AQShning eng asosiy raqibi sifatida ko’rilar, Vashington rasmiylari Eronni Amerika milliy xavfsizligi manfaatlari uchun mintaqadagi eng xavfli tahdid, deya hisoblashardi.

Prezident sifatida faoliyatini boshlagan Obama Eron yadroviy dasturini Yaqin Sharqda hal qilinishi lozim bo’lgan eng dolzarb masalalardan biri sifatida baholadi. Bushning Eronga nisbatan asosan tahdid va tanqidga asoslangan tashqi siyosatini Barak Obama ikki va ko’p tomonlama muzokaralar, iqtisodiy sanksiyalar, harbiy kuch va boshqa ta’sir vositalari bilan qorishib ketgan ko’p tomonlama diplomatiya bilan almashtirdi. Bunday “sabzi va tayoq” usulidagi siyosat Obama ikkinchi ma’muriyati davriga kelib o’z ijobiy natijasini berdi.

Barak Obama, avvaliga, Eron bilan ziddiyatni tinch yo’l bilan hal qilishga urindi. Prezidentlik qasamyodidan so’nggi besh oy davomida Eronning yadroviy dasturdan voz kechishi uchun ko’plab diplomatik resurslarni ishga soldi. Biroq Mahmud Ahmadinajot hukumati o’z ambitsiyalardan voz kechishni istamagandan so’ng, siyosiy bosim o’tkazishni boshladi. Barak Obama hukumati Eron yadroviy dasturi masalasiga faqat AQShning o’zi emas, balki muammoga dahldor davlatlarning barchasi e’tiborini jalb qilishga harakat qildi. Uning bu amallari natijasida AQShning oldingi Eronga nisbatan agressorlik imidji deyarli unutilib, boshqa davlatlar ham Obamaning Eronga nisbatan siyosatini yoqlay boshladilar.

Barak Obama tashabbusi bilan 2010 yil iyun oyida BMT Xavfsizlik Kengashi Mahmud Ahmadinajot boshchiligidagi Eronga qarshi yanada qattiqqo’lroq sanksiyalarni qo’llashni ko’zda tutgan yangi rezolyutsiyani qabul qildi. Eronni Yadro qurolini tarqatmaslik Shartnomasi bandlarini qo’pol buzishda ayblagan bu rezolyutsiyani Tehron bilan iliq aloqalarga ega bo’lgan Rossiya va Xitoy ham imzoladi.

2011 yil dekabr oyida AQSh Kongressi Eron Markaziy Bankiga nisbatan sanksiyalarni ko’zda tutgan mudofaa loyihasini tasdiqladi. Amerika va uning ittifoqdoshlari Eronga nisbatan iqtisodiy urush boshlab, Tehron uchun muhim bo’lgan neft va bank sektorlarini sanksiyalar orqali falajlab tashladilar. Eronda jahon moliyaviy tizimida faoliyat qilish bo’yicha keskin muammolar paydo bo’ldi, natijada mamlakat bo’ylab biznes bilan shug’ullanish anchayin qiyin holga aylandi. Tehron hukumati mamlakat yillik daromadining deyarli 85 foizini tashkil qiladigan neft sohasidagi turg’unlik, jahon neft savdosida qatnashishga qo’yilgan to’siqlar tufayli og’ir iqtisodiy ahvolga tushib qoldi. Eron xalqi, ayniqsa, mavjud vaziyatdan aziyat chekib, xattoki davlat nazoratidagi tovarlar narxi ham bir necha barobarga qimmatlab ketdi, milliy valyuta – riyalning AQSh dollariga nisbatan qiymati 2011 yil noyabr-dekabr oylari davomida 40 foizga tushib ketdi. 2013 yil Eronning moliyaviy va bank sektorlariga qarshi qo’yilgan navbatdagi sanksiyalar esa mamlakatda yanada og’ir iqtisodiy vaziyatni yuzaga keltirdi.

2013 yil avgustida Hasan Ruhoniy Eronning yangi prezidenti sifatida hokimiyat tepasiga keldi. O’zining noan’anaviy siyosat yuritishi bilan tanilgan Mahmjud Ahmadinajotdan farqli o’laroq, Ruhoniy tez orada o’zini nisbatan mo’tadil va markazchi siyosatchi ekanligini namoyon qildi. AQSh-Eron munosabatlarida yangi davr boshlandi: 2013 yil 27 sentyabrida 1979 yildan beri ikki davlat rahbarlari ilk bor o’zaro suhbat o’tkazdilar. Suhbat davomida Hasan Ruhoniy Obamaga Eron yadroviy dastur doirasida xech qachon yadroviy qurol yaratishni maqsad qilmasligini ma’lum qildi. Mazkur suhbat asosida keyinchalik Eron bilan P5+1 (BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya)doirasida muzokaralar o’tkazildi. Bu muzokaralar keyinchalik Eron bilan yadroviy dastur bo’yicha erishilgan jiddiy ijobiy kelishuvlarning diplomatik asosiga aylandi.

2013 yil noyabr oyida P5+1 doirasidagi ishtirokchi davlatlar va Eron Jenevada yadroviy dastur jarayonlarini to’xtatishni ko’zda tutgan “Qo’shma Harakat Rejasi”ni imzoladilar. Kelishuvga ko’ra, Eron o’zining yuqori darajali to’yingan urandan iborat jamg’armasini yo’q qilish, zamonaviy uranni to’yintirishga moslashtirilgan sentrifugalarni o’rnatmaslik va yadroviy obyektlarni tekshirish uchun xalqaro komissiyaning mamlakat hududiga kirishi uchun ruhsat berish kabi majburiyatlarni bo’yniga oldi. Buning evaziga Amerika va boshqa G’arb mamlakatlari Eron iqtisodiyotiga kiritilgan sanksiyalarni ma’lum darajada bekor qilishga rozi bo’ldilar.

2014 yildagi Kongress va xalqqa murojaatida Barak Obama Eron haqida so’zlar ekan, o’z hukumati milliy xavfsizlik nuqtayi-nazaridan, muammoni yanada ijobiy hal qilish uchun diplomatik resurslardan foydalanishda davom etishini ma’lum qildi. 2014 yilning 18 martidan P5+1 doirasidagi muzokaralar Avstriya poytaxti Vena shahrida qaytadan ish boshladi. Hozirgi kunga kelib Eron yadroviy dasturi yuzasidan mavjud muammo nisbatan mo’tadillashgan. Mazkur masalani Obama ma’muriyati tashqi siyosatining muhim yutuqlaridan biri sifatida baholash mumkin.

Arab Bahori

“Arab Bahori” deya nom olgan Yaqin Sharqdagi ijtimoiy-siyosiy namoyishlar to’lqini Tunisdan boshlanib, tez orada deyarli butun mintaqadagi vaziyatni o’zgartirib yubordi. Mazkur norozilik to’lqini Amerikaning mintaqadagi ittifoqchilari hisoblangan aksariyat rejimlarning qulashiga sabab bo’ldi. Demokratik talablar bilan chiqayotgan ijtimoiy harakatlar va hokimiyat tepasidagi siyosiy avtoritar ittifoqchilar o’rtasida qiyin dilemmaga duch kelgan Obama ma’muriyati bunday qiyin vaziyatda ongli qarorlar qabul qilishi lozim edi.

Arab Bahori rasmiy Vashington oldida qator qiyinchiliklar, murakkab vaziyatlar va tanlovlarni yuzaga keltirdi. Avvaliga, Obama demokratik talablarga ortiqcha bosimsiz siyosiy intervensiya uyushtirishga harakat qildi. Sababi Obama hukumati uchun Misr prezidenti Husni Muborak kabi amerikaparast kayfiyatdagi avtoritar rahbarlar Yaqin Sharqda AQSh milliy manfaatlari va xavfsizligi ta’minlanishi uchun hokimiyatda qolishi lozim edi. Biroq misrliklarning norozilik harakati kuchayib, juda qisqa muddatda Muborak hukumatida siyosiy darzlar paydo bo’lgandan so’ng Obama demokratik talablar va ochiq hukumat shakllantirish tashabbusini qo’llab-quvvatlay boshladi, chunki u xalq talablarini inkor qilgan holda hokimiyatda qolishga urinayotgan diktatorni dunyo ko’z o’ngida dastaklab, Amerikaning xalqaro obro’siga putur yetkazishdan cho’chidi. Natijada Yaqin Sharqda AQShning bir necha o’n yillardan buyon eng yaqin ittifoqdoshi bo’lib kelayotgan avtoritar rahbar hokimiyatdan voz kechishga majbur bo’ldi.

Liviyada vaziyat anchayin o’zgacha bo’lib, namoyishlar boshidanoq Obama muholif kuchlarni qo’llashini ma’lum qilgan edi. 2011 yil fevralida Liviyadagi anti-hukumat namoyishlar fuqarolik urushiga aylanib ketar ekan, AQSh tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik Kengashi qurol embargosi, mablag’larni muzlatib qo’yish va Muammar Kaddafi hamda uning yaqinlarini xorijga chiqishini taqiqlashni ko’zda tutgan rezolyutsiyani qabul qildi.

Iroq va Afg’onistondagi urushlardan xulosa chiqargan Barak Obama Liviyaga harbiy intervensiya uyushtirib, yana bir xalqaro mojaroga aralashib qolishni istamadi. AQShdagi iqtisodiy vaziyat bunga imkon bermas edi ham. Buning o’rniga Obama Yevropa va Arab Dunyosidagi ittifoqchilarini harakat qilishga undadi. Bush dohil ba’zi bir sobiq AQSh prezidentlari qo’llagan “yolg’iz yetakchi” strategiyasidan chekingan holda, “parda ortidan harakat qilish” strategiyasini qo’llashni ma’qul ko’rdi. Liviyada vaziyat jiddiylashib borar ekan, BMT 2011 yil 17 martida mamlakat hududida parvozdan holi hudud tashkil qilishni ko’zda tutuvchi 1973 Rezolyutsiyani joriy qildi. Biroq bu amal Kaddafini muholif kuchlarga qarshi xujumga o’tishidan to’xtatib qola olmadi. 2011 yilning yoziga borib Beng’ozidagi vaziyat gumanitar inqiroz darajasiga yetar ekan, Obama NATOni Liviyaga nisbatan harbiy intervensiya uyushtirishga unday boshladi. NATO a’zo davlatlarining Liviyadagi amaliyotlari muddat va ko’lam jihatdan to’laqonli harbiy intervensiyaga aylanmagan bo’lsada, bu harakatlar Kaddafi hukumatining qulashi va o’zining o’ldirilishi uchun yetarli bo’ldi. Obama ma’muriyati hanuz Liviyadagi vaziyatga keng miqyosda aralashishdan tiyilish siyosatini ma’qul ko’rmoqda.

Liviyadan farqli o’laroq, Suriya Inqirozi Isroil-Arab muammosi, Eron yadro dasturi kabi Yaqin Sharqdagi hal qilinishi zarur bo’lgan eng dolzarb masala bo’lib qolmoqda. Obamaning butun prezidentlik faoliyati davomida AQShning Yaqin Sharqdagi tashqi siyosati asosan Suriyaga yo’naltirib kelindi. Shunday bo’lsada, Obama Suriya masalasida ham ehtiyotkorlik bilan ish ko’rishni ma’qul ko’rdi. Arab Bahori ta’sir o’tkazgan boshqa davlatlardagi kabi Suriyada ham norozilik to’lqini 2011 yilning erta bahori – mart oyida boshlandi. Liviyadagi kabi Suriyaga nisbatan ham Obama boshidanoq namoyishchilar va muholifat talablarini qo’llay boshladi, prezident Bashar al-Assad zudlik bilan hokimiyatdan ketishi lozimligini ta’kidladi, AQSh hukumati rasmiy Damashqqa nisbatan qator sanksiyalarni joriy qildi. Shunga qaramay Assad o’z hokimiyatini himoya qilishda davom etdi. AQShning BMTni Assad rejimiga qarshi rezolyutsiya qabul qilishga undashi Rossiya va Xitoyning qat’iy qarshiligiga duch keldi. Obamaning Damashq hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy qilishi, muholifatni qo’llashi, ikki o’rtada o’t ochishni to’xtatish bo’yicha kelishuvga erishish harakatlari hamda o’tish hukumatini shakllantirish tashabbusi biror jiddiy samaraga olib kelmadi.

2012 yil avgustida Bashar al-Assad harbiy omborlarida kimyoviy qurollar mavjudligi borasida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalishi ortidan Barak Obama mazkur qurollardan foydalanish amaliyoti yuz bergan taqdirda Qo’shma Shtatlar qat’iy choralarni joriy qilishga o’tadi, deya ta’kidladi. 2013 yil 21 avgustida Damashq atrofidagi aholi punktlarida kimyoviy qurollardan foydalanganlik bo’yicha dalillar paydo bo’lgan so’ng Obama ma’muriyati Assad hukumatini “qizil chiziq”dan o’tganlikda ayblab, zudlik bilan rejimga qarshi cheklangan harbiy xujumlar boshlashini ma’lum qildi. Biroq global ahamiyatga ega bo’lgan bunday amaliyotni boshlashdan tiyilib, Rossiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan kimyoviy qurollarni Assad hukumatidan xalqaro nazorat ixtiyoriga o’tkazish rejasi doirasidagi diplomatik yechim bilan cheklandi. Keyingi davrda AQSh hukumati Assad rejimi va muholifat o’rtasidagi tinchlik bitimini imzolanishida faol rol o’ynashga harakat qildi, biroq hozirgacha Jeneva muzokaralari doirasida o’tkazilib kelingan bu tashabbus sezilarli natija bermadi.

Kondoliza Raysning “Oltmish yil davomida, mening mamlakatim – Amerika Qo’shma Shtatlari Yaqin Sharqda barqarorlik va demokratik tamoyillarni ta’minlashga harakat qilib keldi, lekin biz har ikki maqsadga ham erisholmadik,” degan fikri Obama hukumati davriga ham taalluqli bo’liq qolmoqda.

 



 

 

 

Yorliq so'zlar: Geostrategiya, Geoekonomika, Moliya va geopolitika, To'qnashuvlar geopolitikasi

O'xshash maqolalar

  • Obama va Yaqin Sharq (1-qism)
  • Demokratiya yoki Tinchlik?
  • Suriya - siyosiy krizisning regional ta`sirlari
  • G`azo inqirozi Iordaniya va G`arbiy Qirg`oqda ham aks-sado bermoqda
  • Suriya mojarosi - xalqaro tizimning yemirilishi?

Android dastur

Agar sizda Android uskuna bo'lsa, siz ushbu sayt maqolalarini maxsus Android dastur yordamida ham o'qishingiz mumkin.

Dasturni Google Play Market orqali yoki to'g'ridan-to'g'ri yuklab olishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar

Maqolalar arxivi

  • ► 2020 (3)
    • ► May (2)
      • • Rossiya - Global kuchmi?
      • • Usmoniylar imperiyasi – tugallanmagan mozaika
    • ► Aprel (1)
      • • Usmoniylar imperiyasi - yaratilish tarixi
  • ► 2017 (10)
    • ► Dekabr (1)
      • • Rossiyaning Suriyadagi tuganmas urushi
    • ► May (2)
      • • Katta urush: Yaqin Sharqda kim kimga qarshi jang qilmoqda
      • • Dunyodagi Uyg’ur diasporasi – mustaqillik uchun kurashning mag’lubiyati
    • ► Aprel (2)
      • • Terrorisme : pourquoi voit-on autant d’Ouzbeks dans les attentats ?
      • • 21-asrda populizm – demokratiyaning qasosi (1-qism)
    • ► Fevral (3)
      • • Vayronkorlik “San'ati”
      • • Turkmaniston – abadiy barqaror mamlakat(?)
      • • Le terroriste d'Istanbul, reflet de la riche filière djihadiste d'Asie centrale
    • ► Yanvar (2)
      • • Sinzyan - Xitoyning katta g'arbi
      • • Uyg‘ur muammosiga nazar – Tarix va Geografiya
  • ► 2016 (17)
    • ► Noyabr (1)
      • • A new hope for Uzbekistan?
    • ► Oktyabr (2)
      • • TTIP - Dunyodagi eng katta erkin savdo zonasi
      • • Xalqaro savdoning mutatsiyasi - TTIP, CETA, TPP, RCEP
    • ► Sentyabr (1)
      • • Mourning Islam Karimov
    • ► Iyul (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (3-qism)
    • ► Iyun (1)
      • • Obama va Yaqin Sharq (2-qism)
    • ► May (6)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : avenir (3/3)
      • • Obama va Yaqin Sharq (1-qism)
      • • La diaspora ouighoure en Turquie : islamisation (2/3)
      • • La diaspora ouïghoure en Turquie : origine (1/3)
      • • Har qanday urushda mag'lublar ikkita bo'ladi
      • • La route de l'info passe aussi par l'Asie centrale
    • ► Aprel (1)
      • • Sovet soyasi va Biz
    • ► Mart (1)
      • • L'Asie centrale sous le prisme de la crise russo-turque
    • ► Fevral (1)
      • • Rossiya strategiyasini ifoda etuvchi 10 xarita
    • ► Yanvar (2)
      • • Rossiyaning navbatdagi "do'sti" kim?
      • • O'zbekiston-AQSh: Geopolitika.uz blogi asoschisi bilan intervyu
  • ► 2015 (20)
    • ► Dekabr (3)
      • • Rossiya va Turkiya - azaliy raqobat
      • • Demokratiya: anglashilmovchilik tarixi
      • • Turkiya siyosiy falokat yoqasida
    • ► Oktyabr (2)
      • • Suriya inqiroziga qayta nazar – Kuchlar nisbati (1-qism)
      • • Siyosiy Islomning radikal Islom hisobiga mag'lubiyati
    • ► Sentyabr (1)
      • • L’enseignement des sciences politiques interdit en Ouzbékistan
    • ► Avgust (3)
      • • Sivilizatsiyalar oxiri: Yo'qlikka yuz tutish yoki O'zgarish?
      • • ISHID Afg'onistonda - Propoganda yoki Haqiqat?
      • • Geopolitika va Din: Pravoslaviya va Rossiya
    • ► Iyun (1)
      • • Dunyo yuzini o'zgartirgan siyosiy-ijtimoiy revolyutsiyalar
    • ► May (1)
      • • Amerika Imperiyasi haqida
    • ► Aprel (3)
      • • Pourquoi la Turquie fait fausse route en Asie centrale
      • • Yaman - Yangi geopolitik front?
      • • Yaman - geopolitik tarix
    • ► Mart (2)
      • • Usbekistan – Die unterschätzte Landflucht
      • • Suriyadagi Jihodchilar kimlar?
    • ► Fevral (1)
      • • L'islamisme: nouvelle gangrène du Kirghizistan
    • ► Yanvar (3)
      • • Turkiyasiz Yevropa
      • • Putin hokimiyati nega mustahkam?
      • • Sharli Hebdodan keyingi Geopolitik to'lqin
  • ► 2014 (28)
    • ► Dekabr (3)
      • • Ouzbékistan : l'exode rural négligé
      • • Узбекские исламисты в Сирии
      • • Les islamistes ouzbeks: quel Jihad?
    • ► Noyabr (2)
      • • Afg'on muammosi yechimi Qatarning qo'lidami?
      • • Turkiya va Islom - Moziyga nazar
    • ► Oktyabr (4)
      • • Afg'oniston saylovlari: Etnik ajralishlarga qaytish?
      • • Les obligations en Ouzbékistan : arnaque ou malentendu ?
      • • Moynaq, ou le désastre de la Mer d’Aral
      • • L'Ouzbékistan sur liste rouge : un choix justifié ?
    • ► Iyun (5)
      • • Iroq Inqirozi: Kim aybdor?
      • • Dunyoning eng kichik lekin katta ta'sirga ega bo‘lgan 10 ta mamlakati
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Actualité d’un débat (2/2)
      • • Beijing’s pragmatism and energy demand serve it well in Central Asia
      • • L’identité nationale ouzbèke 2.0 : Héritage d’un débat (1/2)
    • ► May (4)
      • • Osiyo taqdirini o'zgartirgan hafta
      • • CICA : un pas supplémentaire vers « l’orientalisation » des relations internationales ?
      • • Dronlar: Tinchlik yoki Urush quroli?
      • • AQSh Rossiyaga qarshi besamar sanksiyalar qo'llamoqda
    • ► Aprel (3)
      • • AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidan ola mushuk o‘tdimi?
      • • Bo’lajak Afg’on prezidentining eng qiyin vazifalari
      • • Demokratiya yoki Tinchlik?
    • ► Mart (4)
      • • Ukraina krizisi va Axborot urushi
      • • Средняя Азия и украинский кризис
      • • Rossiya – Ukraina krizisi, uzoq tarixdan bugungi kungacha
      • • Asie centrale: la position ambivalente vis-à-vis de la crise ukrainienne
    • ► Fevral (3)
      • • Turkmaniston qachon "ochiladi"?
      • • Zamonaviy davrning pragmatik davlatlari
      • • Nazarbayev veut changer le nom du Kazakhstan
  • ► 2013 (35)
    • ► Dekabr (1)
      • • Ukraine not mired in second Color Revolution
    • ► Oktyabr (2)
      • • Xaroba shaharlar geopolitikasi
      • • Geopolitika... aslida nima?
    • ► Sentyabr (2)
      • • Ukraine, Russia battle in chocolate war
      • • Suriya mojarosi - xalqaro tizimning yemirilishi?
    • ► Avgust (1)
      • • Dunyo tarixidagi eng katta yolg'on qurboni - Iroq
    • ► Iyul (3)
      • • Tojikiston - yakkalantirish siyosatining qurboni?
      • • Rossiyaning Xitoyga neft sotish bitimi - dunyo energetika muvozanatini o'zgarishi?
      • • Mo'g'uliston - yangi "Eldorado"?
    • ► Iyun (2)
      • • Kaspiy dengizining harbiylashtirilishi - Kaspiybo'yi geopolitikasining tubdan o'zgarishi
      • • Alloh nomi bilan... So'ngi yo'l - Islomizm propoganda mashinasi (4-qism)
    • ► Aprel (4)
      • • Imperializm: Harbiy-Sanoat kompleksining gegemoniyasi
      • • Alloh nomi bilan... Jihodning mag'lubiyati - Mardonavor kurashdan Terrorga (3 qism)
      • • Alloh nomi bilan... Jihod - Anti-kommunizmdan Anti-Amerikanizmga (2-qism)
      • • Alloh nomi bilan... Islomizm - Qayta tug'ilish (1-qism)
    • ► Mart (3)
      • • Urush san'ati
      • • 3-Jahon Urushidan ehtiyot bo'ling. Sabab: "Moviy Oltin"
      • • Urush va Tinchlik
    • ► Fevral (9)
      • • Dunyodagi AQSh harbiy bazalari
      • • Quel multiculturalisme en Ouzbékistan?
      • • Pxenyan navbatdagi yadro sinovini amalga oshirdi
      • • Geopolitika va Din: Sivilizatsiyalar To'qnashuvi
      • • Geopolitika va Din: Dunyo dinlari
      • • Suriyaga xorijiy intervensiya uyishtiriladimi?
      • • Geopolitika va Din: Islom
      • • Anarxiya va Gegemoniya
      • • Yovvoyi, ojiz va ahmoqona: Shimoliy Koreyacha strategiya
    • ► Yanvar (8)
      • • Isroil va Turkiya munosabatlari - Ajralish yoki Diplomatik o'yin?
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (2-qism)
      • • Yadro qurollari tarixi va bugungi vaziyat
      • • Sahara Inqirozi: Xronika
      • • Qozog'istonda haqiqatan islomiy tahdid mavjudmi?
      • • Kalashnikov: Afsonaviy qurol va "Qora bozor"
      • • Tojikistonning unutilgan fuqarolar urushi: Sabablar (1-qism)
      • • Anklavlar, eksklavlar: Markaziy Osiyoning "olovli nuqtalari"(mi?)
  • ► 2012 (26)
    • ► Dekabr (6)
      • • Afg'on fojeasi: Afg'oniston geostrategik o'yinlar qurbonimi?
      • • Kvant Mahfiyligi: Ko`rinmas Armiya xaqiqatga aylanadi
      • • Eron-2013: Kim g`olib chiqadi?
      • • Boko Haram har doimgidan ham xavfliroqmi?
      • • Xitoyda qudrat almashinuvi: Xo`sh?
      • • Kurd muammosini anglash
    • ► Noyabr (9)
      • • G'azo va Isroil to'qnashuvlari, voqealar ustidan qisqa tahlil
      • • Kurd muammosiga tarixiy nazar
      • • G`azo inqirozi Iordaniya va G`arbiy Qirg`oqda ham aks-sado bermoqda
      • • Isroil geosiyosati: O`tmishdan bugungacha
      • • Isroil va G'azo: oldin va hozir
      • • Afg'on fojeasi: G'arbning eng katta ahmoqliklari
      • • AQSh-Rossiyaning Markaziy Osiyodagi raqobati inkor qilib bo`lmasdir
      • • Misr, G'azo va Sinay yarimoroli
      • • Haqiqatda Sharqdagi urushlar neft uchunmi?
    • ► Oktyabr (6)
      • • Birma Rohingyasi
      • • Markaziy Osiyoda suv mojarolari
      • • Sinay yarimoroli: Misrning Vaziristonimi?
      • • Suriya - siyosiy krizisning regional ta`sirlari
      • • Afrikada islomiy fundamentalizm
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 2-qism
    • ► Sentyabr (5)
      • • Putinning Yevroosiyo Ittifoqi: Gegemoniyaga intilishmi?
      • • Suriya - Siyosiy krizisning asl sabablari
      • • Moskva chechenlar rahnamosini jilovlashga urinmoqda
      • • O'rta Osiyo - Farg'ona Vodiysi
      • • Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 1-qism
Powered by mod LCA
O'zlik Sari Yetti Qadam

7Qadam

Minglab kitobxonlar olqishiga sazovor bo'lgan asar.

Batafsil

© 2012 - 2023 www.geopolitika.uz
  • Bosh sahifa
  • Hududlar
    • Global geopolitika
    • Yevrosiyo
      • Yevropa
      • MDH va Rossiya
      • Yaqin Sharq
      • Osiyo
    • Afrika
      • Mag'rib
      • Markaziy Afrika
      • Janubiy Afrika
    • Amerika
      • AQSH va Kanada
      • Markaziy Amerika
      • Janubiy Amerika
    • Avstraliya va Okeaniya
    • Qutblar
  • Mavzular
    • Geopolitik nazariyalar
    • Geostrategiya
    • Din va geopolitika
    • Shaharlar geopolitikasi
    • Geoekonomika
    • Ekologiya
    • Moliya va geopolitika
    • To'qnashuvlar geopolitikasi
    • Urushlar va geopolitika
  • Xaritalar uzra
  • Xorijiy nashrlar
  • Biz haqimizda