Geosiyosatda biror inqiroz aybdori-jabrlanuvchisiga ta’rif berish yoki aybdor-jabrlanuvchini aniqlashning imkoni yo‘q. Imkoni bo‘lgan taqdirda ham bunday amal o‘ta darajada subyektiv bo‘lar edi. Lekin tomonlarning qarashlari-da’volarini o‘rganib chiqib, inqirozlar yuzaga kelishiga kim ko‘proq “xissa” qo‘shayotganiga biroz oydinlik kiritsh mumkin. Hozirgi kunda O‘rta Sharq global terrorizmning navbatdagi to‘lqini ostida qoldi – Iroq deyarli “nuragan davlat” (failed state)ga aylanmoqda. Xo‘sh, bu yangi inqirozda kimning “ayb”i ko‘proq?
Avvalo, inqiroz deya atayotganimiz Iroqda yuza berayotgan voqealar haqida qisqacha sharh berib o‘tsak. O‘zini “Iroq va Shom Islomiy davlati”, “Iroq va Levantdagi Islomiy davlat” yoki “Iroq va Suriyadagi Islomiy davlat” deb atayotgan sunniy jangarilardan tashkil topgan hamda al-Qoidaning mintqadagi firqasi sifatida ko‘rilayotgan qurolli tashkilot yoda guruh joriy yilning ilk oylaridan buyon Iroq va Suriyaning aksar hududlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Iyun oyiga kelib guruhning faolligi oshib, Iroqni deyarli falajlab qo‘ydi. Xo‘sh, bu o‘zi qanday guruh?
Yangi al-Qoidaning paydo bo‘lishi
2003-yil mart oyida AQSh qurolli kuchlari Iroqda Saddam Husayn armiyasiga qarshi harbiy harakatlarni boshlashi ortidan mamlakatda xorijiy bosqinchilar va ularga xayrihoh shialarga qarshi sunniy qarshilik bosh ko‘tardi. Ma’lumki, Saddam Husayn davrida og‘ir repressiyalarga uchragan shialar xorijiy kuchlarga Iroq armiyasiga qarshi kurashishda ham harbiy ham fuqaroviy ko‘mak bera boshladilar. Ikki yil oldin Afg‘onistonda xalqaro koalitsiya tomonidan qaqshatqich zarbaga uchragan al-Qoida ayni vaqtda o‘zi uchun yangi panoh qidirmoqda edi. Intervensiyachilar va shialarga nisbatan Iroqning sunniy aholisi o‘rtasida oshib borayotgan nafrat Osama Bin Lodenga navbatdagi jihodchilar avlodini “tarbiyalash” imkoniyatini berdi. Shu tariqa 2004-yil so‘nggida Iroqdagi qabilalar va turli ayirmachi guruhlardan tashkil topgan “Tanzim Qaidat al-Jihad fi al-Rafidayn” (Ikki daryo oralig‘idagi jihodiy tashkilot) nomli guruh shakllantirildi. Guruhning o‘sha vaqtdagi rahbari Abu Musab al-Zarqaviy Bin Lodenga vassallik qasamyodini keltirdi. Shu tariqa ko‘proq “Iroqdagi al-Qoida” nomi bilan ma’lum jihodiy guruh yuzaga keldi.
Ushbu guruhning asosiy maqsadi Iroq hududidan xorijiy kuchlar va shialarni xaydab chiqarib, mamlakatda qat’iy shariat qoidalariga asoslangan islomiy nazorat o‘rnatish edi. Bu tashkilot hozirgi “Iroq va Shom islomiy davlati” uchun poydevor vazifasini o‘tadi.
O‘z faoliyatining ilk davrida yangi al-Qoida firqasi ko‘zga tashlanarli muvaffaqiyatlarga erisha olmadi. Tashkilot tarqoq, markazlashmagan, moddiy, texnikaviy va boshqaruv jihatlaridan yaxshi ta’minlanmagan edi. Iroqdagi xorijiy kuchlar mavjudligi, jangarilarga qarshi ham AQSh ham Iroq harbiylari tomonidan amalga oshiriladigan amaliyotlar guruh uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirar edi.
2006-yil oktyabrida “Iroqdagi al-Qoida” bir qancha jangari guruhlar va sunniy qabilalar bilan birlashdi. Ushbu birlashuv ortidan “Iroq Islomiy davlati” yuzaga keldi.
Manbalarga ko‘ra, nomi “Iroq Islomiy davlati” bo‘lishiga qaramay, guruh asosan xorijliklardan tashkil topgan bo‘lgan. O‘sha paytdagi Iroq shimolidagi notinch vaziyat mamlakatni Afg‘onistondan quvib chiqarilgan al-Qoida va boshqa jihodiy tashkilotlar uchun mintaqadagi yagona boshpanaga aylanib qolishiga sabab bo‘lgan. Xorijiy jangarilarning mahalliy aholiga nisbatan shafqatsiz munosabati “Iroq Islomiy davlati”ning oddiy iroqliklar orasida obro‘si tushishiga sabab bo‘ldi va natijada, al-Qoidaning Iroqdagi ta’siri tushib bora boshladi.
“Iroq Islomiy davlati” al-Qoida firqasidan tobora mustaqil jihodiy tashkilotga aylana borib, kamayib borayotgan moddiy ta’minotni oddiy aholi, davlat idoralarini talash, ya’ni qaroqchilik, boy shaxslarni o‘g‘irlab, shantaj qilish, neft karvonlarini bosib olish yo‘llari evaziga to‘ldirish yo‘liga o‘tdi.
2011-yil martida Suriyada xalq noroziligining boshlanishi va uning fuqarolar urushiga aylanib ketishi ortidan mamlakatda yangidan-yangi jihodiy guruhlarning paydo bo‘lishi hamda ularning boy sunniy arab hukumatlari tomonidan dastaklay boshlanishi “Iroq Islomiy davlati” faolligining keskin oshishiga kuchli turtki berdi. Umuman olganda guruh Arab Bahorini mintaqada o‘z ta‘sirini oshirish, tashkilot rahbarlarining ta’biri bilan aytganda mintaqani “shialar va xorijiy bosqinchilar zulmidan tozalash hamda Alloh va Islom shavkatini qayta tiklash” uchun qulay imkoniyat sifatida qabul qildi.
2013-yil aprelida guruh yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy Suriyada al-Qoidaning rasmiy firqasi hisoblanmish “Jabhat al-Nusra” (al-Nusra Fronti) jihodiy tashkiloti bilan birlashuv haqida bayonot tarqatib, “Iroq Islomiy davlati” bundan buyon “Iroq va Shom Islomiy davlati” (IShID) deya yuritilishini ma’lum qildi. Bu bayonot guruhning faoliyati Iroq chegaralaridan chiqib, Suriyaga ham yoyilgani va endilikda, islomiy davlat qurish rejasi faqatgina Iroqni emas, balki butun boshli Shom (Suriyaning qadimgi nomi. Kengroq ma’noda butun Levant, ya’ni O‘rtayer dengizining sharqiy qismi) hududini qamrab olishini anglatar edi. Lekin al-Bag‘dodiyning ushbu bayonotini al-Nusra rahbariyati keskin rad etib, xech qanday birlashish haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi.
Xo‘sh, nega IShID va boshqa sunniy jangari guruhlar orasida birdamlik mavjud emas? Buning birinchi sababi IShID boshqa guruhlarga qaraganda ancha oldinroq al-Qoida ta’siridan chiqib ketganligidadir. Bundan tashqari Afg‘oniston va Iroq urushlari hamda Ben Lodenning o‘limidan so‘ng ancha kuchsizlanib qolgan al-Qoida o‘zining “global jihodchi” mavqeini yo‘qota boshladi. Natijada homiylarning al-Qoidaga nisbatan ishonchi susayib, yangi qudratga ehtiyoj tug‘ila boshladi. Shu tariqa IShID yangi homiylar, ayniqsa, alohida boy shaxslarning e’tiborini o‘ziga jalb eta boshladi.

Bundan tashqari IShIDning Suriyadagi guruhlar bilan koalitsiyaga kirisha olmaganining boshqa sabablari ham mavjud. Tahlilchilarning qayd etishicha, IShID boshqa jihodiy guruhlarga nisbatan shafqatsiz taktikalari bilan ajralib turadi. Sunniy jangari guruhlar yillardan buyon tashkilotni vahshiylik bilan “muqaddas jihod” obro‘siga putur yetkazishda ayblab kelishadi. Shuningdek, Suriyada IShID va al-Nusra yoda Ozod Suriya Armiyasi (OSA)ning maqsad-vazifalari ham o‘zgacha. Al-Nusra va OSA Assad hukumatini ag‘darish uchun harakat qilayotgan bo‘lsa, IShID, asosan, bosib olgan hududlarda o‘z yakkahukmronligini o‘rnatishni istaydi. Shu sababli, asosan xorijliklardan tashkil topganiga qaramay suriyaliklar IShIDdan ko‘ra ko‘proq al-Nusra Frontiga xayrihohlar.
Nega aynan Iroq?
Garchi Iroq hududida paydo bo‘lganiga qaramay, IShID o‘zining hozirgi qudratiga notinch Suriyada ega bo‘ldi. 2013-yil Suriyaning Raqqa shahrini o‘z poytaxti deb e’lon qilgan IShID o‘tgan vaqt davomida Shimoliy Suriyadan tortib Iroq-Suriya chegarasigacha bo‘lgan aksariyat hududlarni egallab oldi.
Biroq IShIDning Suriyadagi faoliyati to‘siqlarsiz bo‘lmadi. Mamlakatda mavjud hukumatga qarshi jang qilayotgan deyarli barcha kuchlar IShIDga qarshi chiqa boshladilar. 2013-yilning o‘zida IShID va boshqa isyonchi guruhlar o‘rtasida qaqshatqich janglar avjiga chiqa boshladi. Norasmiy manbalarga ko‘ra al-Nusra Fronti Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan kuchlarining deyarli yarmini IShIDga qarshi tashlashga majbur bo‘lgan. Biroq Suriyadagi qarama-qarshiliklarga qaramay, IShID mamlakat shimolidagi neft konlaridan salmoqli foyda olayotgani ishoniladi.
Ta’kidlab o‘tilgandek, o‘z vaqtida “Iroq Islomiy davlati” shafqatsiz taktikalari tufayli ta’sir doirasidan ayrilib, shuningdek, amerikalik harbiylar tomonidan siquvda ushlab turilgan edi. Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy o‘sha vaqtda guruhga qarshi bo‘lgan sunniy aholidan Sahva (Uyg‘onish) qurolli bo‘linmasini tashkil qiladi. Sahvachilar “Iroq Islomiy davlati” jangarilariga qarshi kurashish evaziga Iroq muntazam armiyasidan va hukumat doiralaridan joy olish va’dasini olishadi. Biroq 2011-yil dekabrida AQSh qo‘shinlari mamlakatni tark etgandan so‘ng al-Malikiy sunniylarga qarshi tom ma’noda qatag‘on boshlab yubordi. Bosh vazir Sahvani tarqatib yuborib, hukumatni sunniy amaldorlardan “tozalay” boshladi. Ayniqsa, 2012-yil al-Malikiy va vitse-prezident Tariq al-Hoshimiy o‘rtasida yuzaga kelgan nizo Iroqda sunniy va shia aholisi o‘rtasida navbatdagi etnik to‘qnashuv yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Mamlakat sunniylarining eng katta ta’sirga ega yetakchisi bo‘lgan al-Hoshimiyning shia al-Malikiy tomonidan quvg‘inga uchrashi hamda sirtdan o‘limga hukm qilinishi sunniylar g‘azabiga sabab bo‘ldi. Natijada ilk soni 100 mingdan ortiq bo‘lgan va va’dasida turmagani uchun al-Malikiydan g‘azabda bo‘lgan sobiq sahvachilar hamda kurdlar tomonga qochib o‘tgan sobiq vitse-prezident al-Hoshimiy tarafdorlaridan iborat katta ko‘lamdagi mavjud shia hukumatiga qarshi norozi sunniy aholi qatlami yuzaga keldi.

Aynan shu norozi sunniylar hozirda IShIDning katta qismini tashkil qilmoqda. AQSh tomonidan Iroq boshqaruvini shialar qo‘liga topshirilishidan hanuz norozi bo‘lib kelayotgan Ko‘rfaz davlatlari, ayniqsa, Saudiya Arabistoni va Qatar IShID yordamida ham al-Malikiy ham Assad hukumatini ag‘darib, mintaqada o‘ziga hayrixoh kuchlar nazoratini shakllantirish va bu orqali “azaliy dushman” – Eronga qaqshatqich zarba berishga urinmoqdalar.
Inqiroz haqiqatan sunniy-shia to‘qnashuvimi?
Hozirgi dunyo mediasida IShIDning harakatlari sunniy-shia mazhablarining navbatdagi to‘qnashuvi sifatida ko‘rilmoqda. Lekin aslida ham shundaymi?
Sunniy-shia qarama-qarshiligi tarixan mavjud bo‘lsada, Ikkinchi Jahon Urushidan so‘ng “Fitna Nazariyasi” (Conspiracy Theory) nomini olgan geosiyosiy o‘yinlar ortidan zamonaviy taktikalar yordamida sun’iylashtirilib, bo‘rtirila boshlandi. Hozirda davom etayotgan Iroq Inqirozning asl ildizlari 1916-yildagi maxfiy Sayks-Pikot kelishuviga borib taqaladi.
Britaniya va Fransiya imperializmining vakillari bo‘lgan Mark Sayks va Fransua Pikot Birinchi Jahon Urushi davom etayotgan bir vaqtda Mesopotamiyani o‘z davlatlari manfaatiga mos ravishda maxfiy kelishuv orqali bo‘lib olishdi. Ushbu yangi siyosiy xarita O‘rta Sharq mintaqasida yangi milliy davlatlar bilan birgalikda etnik nizolar, sunniy-shia ixtilofining zamonaviy bosqichi hamda Kurd Muammosini yuzaga keltirdi.
Isroil davlatining paydo bo‘lishi, Erondagi inqiloblar va Arab Bahori Sayks-Pikot kelishuvining asriy asoratlari sifatida muhrlanib qoldi. Mintaqadagi davlatlarning geostrategic manfaatlar tufayli bir-biriga dushman bo‘lib qolishi hamda tashqi kuchlarning ta’siri hozirgi IShIDning yuzaga kelishiga turtki berdi.
Davom etayotgan voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, Sayks-Pikot kelishuvi ortidan o‘z hokimiyatiga ega bo‘lgan mintaqadagi rejimlar mavjud chegaralarni asrab qolishdan manfaatdor bo‘lishsa-da, G‘arb 30 yildan buyon O‘rta Sharqda davom etib kelayotgan notinch vaziyatdan bezor bo‘lganga o‘xshaydi. Iroq-Eron urushi (1980-88), Ko‘rfaz Urushi (1990-91), Saddam Husayn hukumati bilan ixtiloflar (1991-2003), Iroq Urushi (2003-2011) va Arab Bahori (2011-hozirga qadar) G‘arb uchun yangi O‘rta Sharq strategiyasini ishlab chiqish zaruriyatiga ishora qilmoqda. Demak G‘arbga zamonaviy Sayks-Pikot kelishuvi zarur. Bir asrlik siyosiy xarita hozirga zamon talablariga javob bermay qo‘ygan ko‘rinadi. Balki shu sababli Obama hukumati al-Malikiyning harbiy yordam so‘rab qilgan murojaatiga rad javobi berib, “Hokimiyatdan ket!” ishorasini berayotgandir?...
2008-yilda Jorj Bush hukumati tomonidan AQSh qo‘shinlarini Iroqdan butunlay olib chiqib ketish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Xalqaro va ichki bosim tufayli ushbu qarorga kelgan Bush rejasini shu yili hokimiyatga kelgan Barak Obama bekor qilishga urinib ko‘rdi. Biroq hukumatdagi guruhlar bosimi ostida 2011-yilgacha qo‘shinlarni olib chiqish haqidagi qarorni kuchda qoldirishga majbur bo‘lgan yangi prezident al-Malikiy bilan keyinchalik Iroqda katta miqdordagi AQSh harbiy kontingentini qoldirish yuzasidan kelishuv imzolashga harakat qildi. Biroq Vashington ta’siriga tushib qolishdan cho‘chigan al-Malikiy Obama taklifini rad etdi. Natijada AQSh strateglari Iroqni kurdlar, sunniylar va shialar o‘rtasida bo‘lib berib, hozirgi inqirozga zamin yaratib berdilar.
Sunniy arab davlatlari va alohida qudratli shaxslar tomonidan dastaklanayotgan IShIDning faolligining ortishi ayni vaqtda yuz berayotgani ham bejiz emas. O‘tgan yili Eron hokimiyati tepasiga kelgan Hasan Ruhoniy faoliyatining bir yilligi davomida G‘arb bilan munosabatlarni iliqlashtirishga erishdi. Yadro dasturi borasida uzoq vaqtdan beri mavjud ziddiyatlarning yumshashi va Eronga G‘arb tomonidan qo‘yilgan aksariyat sanksiyalarni bekor qilinishi Saudiya va boshqa Ko‘rfaz davlatlarining ichki noroziligiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari Assad hukumatining G‘arb tomonidan yetarlicha bosimga uchramayotganligi, Damashq va Tehronning eng yirik hamkori bo‘lmish Rossiya oldida AQSh boshchiligidagi qator Yevropa davlatlarining diplomatik chekinishi sunniy rejimlarning mintaqadagi o‘z pozitsiyasini boy berib qo‘ymaslik uchun vaziyatni imkon boricha nazoratga olish uchun intilishiga sabab bo‘ldi.
IShID tomonidan Suriya bilan chegara shaharlari bir necha bor xujumga uchragan Turkiya mavjud vaziyatda na Assad, na al-Malikiy, na Ruhoniy, na Hoshimiylar va na Saud oilasini qo‘llamayapti. Turkiyaning asosiy e’tibori hozirgi kundan Iroq kurdlariga qaratilgan. Aynan kurdlar IShIDga qarshi tura olishi mumkin bo‘lgan yagona kuch sifatida ko‘riladi. O‘zining Iroqdagi Kurdiston Mintaqaviy hukumati bilan ko‘p yillik aloqasi yordamida rasmiy Anqara mavjud inqirozni o‘z chegaralaridan nari surishga harakat qilmoqda.
Iroq Inqirozidan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlat – bu, shubhasiz, Erondir. Garchi guruhlarni yashirin dastaklashda (masalan, Hezbolla) katta tajribaga ega bo‘lsa-da, rasmiy Tehron ham Assad ham al-Malikiy kabi mintaqadagi asosiy ittifoqchilarini yo‘qotishi mumkin. Bundan tashqari IShID shundoqqina Eron chegaralari yonida harakatlanmoqda. IShID va Eronni faqatgina kurdlar ajratib turibdi. Shu sababli, kurdlarning jangarilarga qarshi tura olish salohiyatini hisobga olganda, hozircha IShIDning Eronga kirib borishi anchayin mushkuldir.
IShIDning strategiyasiga ko‘ra, guruh yangidan-yangi yerlarni bosib olishni “hush” ko‘radi. Demak, al-Bag‘dodiy jangarilari bundan buyon ham bir joyda muqim o‘tirishmaydi. Lekin guruh Suriya shimoliga bora olmaydi – bu yerda Turkiyaning qudratli chegara qo‘shinlari mavjud. Sharqqa – Livan tomon yura olmaydi, sababi Assad armiyasi va IShIDga qarshi boshqa isyonchi guruhlar qattiq qarshilik ko‘rsatishi turgan gap. G‘arbga – Eron tomon yurishda kurdlar qarshiligi mavjudligi haqida yuqorida eslatib o‘tdim. Shimol tomonda esa Bag‘dod atrofida to‘plangan al-Malikiy qo‘shini mavjud. Demak yagona ehtimoliy yo‘l – janubiy-g‘arb qolmoqda. Bu yerda esa Iordaniya joylashgan.
Hoshimiylar Qirolligi – Iordaniya, AQSh va Saudiya tomonidan dastaklanishiga qarmay, uzoq vaqtdan buyon ichki ixtiloflardan aziyat chekadi. Bu yerda sunniy-shia ziddiyati yuqori darajada bo‘lmasa-da, qirollik oilasiga qarshi qabilalar o‘rtasida norozilik kayfiyati kuchli. Bundan tashqari rasmiy Amman Suriyada faoliyat yuritayotgan jihodchilar uchun o‘z hududida tayyorgarlik o‘tash imkoniyatini yaratib bergan. Saudiya va Qatar qo‘llayotgan IShIDning ko‘plab xorijiy jangarilari ham aynan Iordaniya va Suriya chegarasidagi lagerlarda harbiy tayyorgarlikdan o‘tishgan. E‘tiborli jihati IShID bilan dushmanga aylangan al-Qoida firqasi al-Nusra Fronti jangarilari ham aynan Iordaniyadan yetishib chiqadi. Suriyadagi hukumat va muholifat kuchlarining IShIDga qarshi turishi, Suriyadagi ko‘plab iroqlik jihodchilarning IShID tarkibida vataniga qaytishi natijasida guruhning asosiy kuchi Iroq hududida to‘planib qolishi, kurdlarning IShIDga nisbatan qurolli qarshiligi va al-Malikiy hukumatining ehtimoliy javob zarbalari IShIDni Iordaniya tomon o‘tib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari Hoshimiylarga qarshi kayfiyatdagi qabilalar IShID bilan ittifoqqa kirishish orqali hukumatni qo‘lga olishga urinish ehtimoli ham katta.
Sochidagi maxfiy uchrashuv(?!)
Davlatga qarashli Saudiya Axborot Agentligi (Saudia Press Agency) tarqatgan xabarga ko‘ra, joriy yilning 3-iyunida Sochi shahrida Vladimir Putin va Saudiya Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tib, unda rasmiylar Suriya masalasi bo‘yicha fikr almashishgan. Biroq tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokida yana bir maxfiy uchrashuv o‘tkazilib, unda har ikkala davlatning mushtarak manfaatlari: iliqlashib borayotgan Eron-AQSh munosabatlariga ta’sir o‘tkazish va neft narxini imkon boricha yuqori darajada ushlab turish ko‘rib chiqilgan. Ma’lumki, davlatga tegishli Lukoyl kompaniyasi Iroqning G‘arbiy Qurna-2 neft koniga katta miqdorda sarmoya kiritgan. Saudiya tomonidan dastaklanadigan IShID keltirib chiqarayotgan tartibsizliklar esa neft narxini tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shuningdek, Iroq Inqirozi uch yildan buyon yechimini topmayotgan Suriya Inqizoriga ham katta ta’sir o‘tkazishi mumkin. Bosib olingan shaharlar va harbiy bazalardan katta o‘ljalarga ega bo‘lgan IShID oddiy jangari guruhdan davlat darajasiga ko‘tarildi va endilikda eng boy jihodiy harakat sifatida e’tirof etilmoqda. Bu holat ko‘plab xorijiy jihodchilarni IShID atrofiga jalb qilishi turgan gap. Ma’lumki, Suriyada harakatda bo‘lgan jihodchi guruhlarning aksariyat a’zolari tashqaridan kelgan jangarilar hisoblanadi va hozirdanoq ularning Iroqqa ko‘chib o‘tishi kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, muholifat singari, Assad qurolli kuchlari ham xorijiy kuchlar, masalan Hezbolla va mintaqadan yig‘ilgan ko‘ngilli shialarga tayanadi. Ayni vaqtda Suriyadagi iroqlik shialarning ham o‘z vataniga qaytishi boshlangan. Pirovardida, Suriyada qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi kuchlar muvozanatida sezilarli o‘zgarish yuz berishi tayin. Ushbu o‘zgarishdan na Assad na muholifat, balki faqatgina IShID manfaatdor bo‘ladi.
Maqola boshida Iroq Inqirozida kim aybdor qabilada savol qo‘ygan edim. Javob ham maqola ibtidosida berilgan – geosiyosatda aybdor-jabrlanuvchini aniqlash imkoni yo‘q, balki bunday savol qo‘yishning o‘zi noto‘g‘ri. Lekin inqirozlarga kim ko‘proq “xissa” qo‘shayotganligini salmoqlash mumkin. Umid qilamanki, maqolani o‘qib chiqish davomida bu savolga javob topib bo‘ldingiz.