Bugungi kunda Rossiyaning dunyo hamjamiyatidagi tutgan o'rni va uning Sovet Ittifoqining qulashidan keyingi holati tobora dunyo ommasini e'tiboriga tushib bormoqda. Oxirgi katta geopolitik voqealardan biri, G'arb dunyosi bilan Rossiyani Ukrainada to'qnashuvi va buni ikki tomon uchun oqibatlari haqidagi ma'lumotlar va fikrlar jahon matbuotini egallab oldi. Lekin, biz tarixdan yaxshi bilamizki Rossiyaning G'arb va boshqa qo'shni hududlar bilan to'qnashuvlari yangilik emas, balki bu holat dunyoning yangi tarixining asoslaridan birini tashkil etib kelmoqda.
Shu davrgacha biz Rossiyaning bunday o'ziga hos xususiyatini tahlil qilishga harakat qilganmiz. Ko'pchilik tomonidan Rossiya siyosatining bunday yo'nalish olishiga uning geografik joylashuvi, tarixiy shakllanishi yoki boshqaruv tizimining o'ziga xosligi sababdir deb biladi. Lekin, Sovet Ittifoqidan keyingi Rossiyadagi rus o'zligini mustahkamlashga qaratilgan siyosat ham hozirgi kundagi "Rus mantig'ini" asosiga aylanib bormoqda desak yanglishmagan bo'lamiz. Sovet Ittifoqi qulashidan so'ngi Rossiya Sovet qadriyatlarini o'z siyosatida qurol sifatida ishlatsa ham, aslida bugungi Rossiya o'zining merosxo'ridan tubdan farq qiladi, qisqaroq qilib aytganda Sovet kommunizmi ustiga qurilgan natsionalizm bugungi kunda Panslavizm va Pravoslavizmga asoslangan natsionalizmni qurish uchun asos bo'ldi. Bunday paradoksal qarashlar aralashmasi zamonaviy Rossiyada bir biriga qarama qarshi bo'lgan mafkuraviy qarashlarni birlashtirib tushunarsiz o'zlik kokteylini keltirib chiqardi. Lekin, masalaga yaqindan yondashsak, garchi bir biriga qarama-qarshi bo'lsa ham, ushbu aralashmaning asosida yagona mantiq yotadi va ushbu mantiq bir nechta yuz yillardan beri Ruslarning millat sifatida dunyoda o'z o'rnini ko'rsatib kelishlariga sabab bo'lgan. Ya'ni rus xalqida doim tashqi dushmandan qo'rquv va himoya uni o'z qo'shnilariga nisbatan agressiv bo'lishga olib kelgan.
Ushbu "biz himoyada, ular esa hujumda" mantig'ining paydo bo'lishida hozirgi kunda Rus jamiyatida tobora kuchayib borayotgan va milliy o'zlikni asosiga aylantirilayotgan Provaslaviya mazhabining roli juda kattadir. Rus davlatchiligining shakllanishida va ayniqsa uni G'arbning katolik hamda Sharqning musulmon olamlaridan alohida ajralib, o'ziga hos shakllanishida Xristianizmning Pravoslaviya mazhabi asosiy ustun bo'lib xizmat qilgan desak xato bo'lmaydi. Hatto, dinni butunlay jamiyatdan supurib tashlashni ko'zda tutgan Sovet ittifoqi ham Provaslaviya tomonidan yaratilgan "Rus mantig'i"dan qochib qutula olgan emas. Aslida, jamiyatlarni davlat ta'siridan hamda an'anaviy konservativ qarashlardan xoli etishga qaratilgan Kommunistik ideologiya ham Rus hududiga kelib davlatning rolini totalitar darajaga olib chiqilishida hamda jamiyatni o'ta konservativ tus olishida qurol bo'lib xizmat qildi.
Hozirgi kunda ham Rossiyaning G'arb dunyosi bilan kelishmovchiligi, Musulmon dunyosiga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashuvi hamda Yevrosiyo Ittifoqi kabi uyushmalarini o'zining konservativ va avtoritar qarashlari bilan sug'orishida ham Provaslav qadriyatlarini qaytadan Rus o'zligiga aylantirishga qilinayotgan harakat sabab bo'lmoqda. Endilikda Rossiya ushbu mantiqqa asoslangan holda o'z atrofiga jamiyatlari konservativ va boshqaruv shakllari avtoritar bo'lgan mamlakatlarni yig'ish bilan o'z o'rnini dunyoda mustahkamlab olmoqchi. Lekin, bu jarayonda havf shundaki, hozirgi globallashib borayotgan dunyoda konservativ qarashlarga asoslangan jamiyatlardagi konservatizmni kuchaytirilishi ularning liberal jamiyatlar bilan kesishgan joylarida juda ham chuqurlashib ketgan radikalizmni keltirib chiqarmoqda. Ushbu radikalizm, millatchilik yoki diniy-ekstremizm shakllarida ushbu jamiyatlarning davolash qiyin bo'lgan jarohatlariga aylanib bormoqda.
Ushbu video-lavhada siz "Rus mantig'i"ga juda kuchli ta'sir etuvchi Provaslaviya mazhabini hamda uning Rossiya siyosatiga ta'sirini tarixiy bosqichlari bilan tanishishingiz mumkin bo'ladi.