Tarixda juda koʻp harbiy yurishlar asl kelib chiqishi Oʻrta Osiyo va Uzoq Osiyo dashtlaridan boʻlgan Turk-Moʻgʻul xalqlaridan boʻlgan sarkardalar tomonidan amalga oshirilgan. Lekin bu harbiy yurishlar koʻpincha bitta sarkardaning shaxsi bilan bogʻliq boʻlgan va ular qurgan imperiyalar koʻpincha ularning oʻlimi bilan bir paytda parchalanib ketgan. Agar koʻchmanchi hayot bu xalqlarga tabiatan chiniqish va harbiy yurishlarda hayratga hamda dahshatga soluvchi dadillik bergan boʻlsa, ayni paytda ushbu hayot ularga byurokratik va administrativ tizimga ega boʻlgan davlat yaratishga imkon bermasdi. Chingizxon, Atilla, Amir Temur, Shayboniyxon va boshqa sarkardalarning davlatlari ularning vafotlaridan keyin tezda inqirozga yoki parokandalikka yuz tutgan. Sunday qilib tarixiy jihatdan bu xalqlar qurgan davlatlari orasida deyarli hech qaysi biri 20-asrning boshigacha suveren mamlakat sifatida yetib kela olmadi. Yoki ular bosib olinib mustamlakalarga aylantirildi, yoki vassal qoʻgʻirchoq davlatlarga.
Yuqoridagi fikrlarga mustasno tarzda faqatgina bitta oʻzining turkiy ildiziga ega boʻlgan davlat 20-asrgacha mustaqil davlat sifatida yetib kela oldi, nafaqat yetib keldi, balki Oʻrta asrlardan bugungi zamonaviy kunimizgacha Yevropa, Yaqin Sharq va Magʻribda oʻzining geopolitik vazni bilan tarixda katta iz qoldirdi. Ushbu davlat Usmoniylar Imperiyasi boʻlib, ozining kelib chiqish tarixi, rivojlanishi, boshqaruv tizimi va hududiy boʻlinishiga koʻra tarixdagi odatiy imperiyalardan ajralib turadi. Bundan tashqari oʻzining tarixi davomida Usmoniylar imperiyasi nafaqat harbiy yurishlari bilan, balki madaniyat, ilm-fan, din va ijtimoiy-siyosiy sohalardagi yutuqlari bilan tarixda o'z o'rniga ega.
Shunday ekan keling bugun biz ushbu imperiyaning qanday qilib dunyoga kelgani, rivojlanishi va yoyilishini koʻrib chiqsak. Zero tarix bu bugungi kundagi muammolarning ildizini oʻrganish uchun eng muhim sohalardan biridir. Bugungi Turkiyaning geopolitik pozitsiyasi, Bolqon yarim orolidagi siyosiy muammolar, Yaqin Sharqdagi toʻqnashuvlar, Shimoliy Afrikadagi kelishmovchiliklarning oʻzagi Usmoniylar imperiyasiga borib taqaladi, chunki bu hududlarda bir paytlar oʻzini 4-Xalifalik deya ovoza qilgan davlat hukmronlik qilgan.